Asosiy mavzular
18 avgust 2021

Qozog‘iston va O‘zbekiston jamoatchilik ishonchini qozonmagan vaktsinalar bilan tajriba o‘tkazmoqda

Markaziy Osiyoning yirik davlatlari koronavirusga qarshi chuqur o‘rganilmagan vaktsinalardan foydalanmoqda. Ularda tanlov bormi?

To‘qqiz oylik global emlashdan so‘ng G‘arbning badavlat mamlakatlari revaktsinatsiyaning mohiyati haqida bahslashayotgan va dunyoning qashshoq aholi qatlamlari pandemiyani sekinlashtirish maqsadida yetarli dozani olish uchun kurashayotgan bir paytda Markaziy Osiyoning ikkita mamlakati vaktsina bo‘shlig‘ini yopishga harakat qilmoqda. Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham klinik tadqiqotlar ma'lumotlari cheklangan vaktsinalar tarqatilmoqda.

Vaktsinadan qo‘rqayotgan aholini emlashga ishontirish muammo bo‘lgan bir vaqtda har ikki mamlakat rasmiylari o‘zlarining katta yutuqlari bilan maqtanish uchun statistikadan foydalanmoqda.

Aniqroq aytganda, vaktsinalarning, xoh u Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan bo‘lsin, xoh Xitoyda, xavflilik darajasi haqida hech qanday dalil yo‘q.

G‘arblik ayrim ekspertlar hukumatlar og‘ir vaziyatda ekanini to‘g‘ri qabul qilishmoqda.

“Men boshqacha bo‘lishini xohlardim, lekin yo‘qdan ko‘ra bori yaxshi, – deydi Tennesi shtatidagi Vanderbilt universiteti tibbiyot markazidagi COVID tadqiqoti loyihasi vakili, virusolog Sanjay Mishra.

Klinik sinovlar bu tarzda ishlamasligi kerak. Ammo biz bo‘shliq qoldirdik. AQSh, G‘arb va Hindiston qilishlari mumkin bo‘lgan ishlarida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Agar vaktsina ishlab chiqish poygasini global harakat deb bilishsa, ular boshqa mamlakatlarga ham vaktsinalar berishlari mumkin edi”.

“Xitoy-o‘zbek” vaktsinasi

Fevral oyida O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqa hech bir joyda mavjud bo‘lmagan Xitoy vaktsinasi O‘zbekiston uni sinovdan o‘tkazishda yordam bergani sharafiga qayta nomlanganini e'lon qildi.

“Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi “ZF-UZ-VAC 2001”ga “UZ”ni qo‘shib, O‘zbekistonga 1 va 2-bosqich klinik sinovlarini o‘tkazgani uchun minnatdorlik bildirdi. (Xitoy chet elda sinovlar o‘tkazishi kerak edi, chunki o‘tgan yili juda kam xitoyliklar kasal bo‘lgan).

7000 ko‘ngilli ishtirokidagi sinovlarning uchinchi bosqichi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, o‘zbek nazoratchilari dorini xavfsiz deb hisobladi va bir necha hafta o‘tgach, favqulodda ruxsatnoma bergan birinchi mamlakat bo‘ldi (hozircha faqat Xitoy qo‘shildi).

Innovatsiya vaziri o‘rinbosari mahalliy jurnalistlarga u va oilasi in'ektsiya qilinganini hamda o‘zlarini yaxshi his etayotganini ta'kidladi. Bu nafaqat “to‘liq xavfsiz”, balki “97 foiz” antitanacha ishlab chiqarishda samarali bo‘lgan. (Ta'sirli tuyuladi, lekin vaktsinaning samaradorligi bu tarzda o‘lchanmaydi).

“Xitoy-o‘zbek” in'ektsiyasi tanish usuldan foydalanadi: koronavirusni qoplaydigan oqsillardan birini yuborish, tanaga virusni tanishni va infektsiyaga qarshi kurashishni o‘rgatish. Bu 60 kun davomida olinadigan uch dozani talab qiladi. Innovatsiya vazirligi shu oyda mahalliy ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirayotganini bildirdi.

Bugungi kunga qadar millionlab o‘zbekistonlik bu dorini olishgan. Avgust oyi boshiga kelib O‘zbekiston 10,5 million doza vaktsina import qildi. Deyarli barcha harbiylar bir necha dozani qabul qilishgan. Biroq uning xavfsiz yoki samarali ekanini aniqlash uchun 3-bosqich ma'lumotlari hali yo‘q.

Innovatsiya vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzovaning aytishicha, 3-bosqich ma'lumotlarining yetishmasligida g‘ayrioddiylik yo‘q.

“Hatto [Rossiyaning] Sputnik [V] ham 3-bosqich sinovlarini tugatmagan, – dedi u Eurasianetga. – Ko‘plab vaktsinalar uchun 3-bosqich sinovlari hali yakunlanmagan va jarayon davom etmoqda. Ya'ni bu jarayon faqat bizda davom etayotgani yo‘q”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 3-bosqich sinovlari natijalari kelasi oy e'lon qilinadi.

“Bu g‘ayrioddiy tuyulsa-da, biz qila oladigan eng yaxshi narsa – bu rasmiylar o‘z ishini to‘g‘ri bajarayotganiga ishonch hosil qilish”, dedi Vanderbilt universiteti vakili Mishra.

QazVac

Butun dunyo olimlari COVID-19ga qarshi vaktsinalar ishlab chiqarishga kirishgan bir paytda Qozog‘iston Davlat biologik xavfsizlik ilmiy-tadqiqot instituti ham tashish oson bo‘lgan inaktiv vaktsinani (immun javobini yaratish uchun in'ektsiya qilingan o‘lik virusni) yaratish vazifasini o‘z zimmasiga oldi.

27 yanvarga kelib, Sog‘liqni saqlash vazirligi mahalliy QazVac (“QazCovid-in” deb ham ataladi)ni ikki dozadan so‘ng “96 foiz samarali”, deb e'lon qildi. Bu 1-bosqich tadqiqotlari tugashidan uch oy oldin edi.

1 aprelga kelib prezident Qosim-Jomart To‘qaev vaktsinani amaliyotda qo‘llash sustligidan g‘azablanib, agar oy oxirigacha bu jarayon tezlashtirilmasa, sog‘liqni saqlash vaziri va boshqa yuqori lavozimli amaldorlarni ishdan bo‘shatish bilan tahdid qildi.

26 aprelda QazVacning ommaviy tarqatilishi boshlandi. Birinchilardan bo‘lib sog‘liqni saqlash vaziri emlandi.

“Bu mutlaqo xavfsiz ekanligi isbotlandi”, deb e'lon qildi bosh vazirning veb-sayti va QazVac “Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining [emlash] kuzatuv tizimiga kiritilgani”ni qo‘shimcha qildi.

Qozog‘iston rasmiylari JSST nomini ommaviy tilga olishni xush ko‘radi. May oyi oxirida prezident tashkilot rahbari doktor Tedros Adhan Gebreesusga telefon qilib, QazVac haqida gapirib berdi, deb xabar qilmoqda davlat matbuoti. U buning “96 foiz samarali” ekanini ta'kidladi. Ammo JSST ishlab chiqilayotgan vaktsinalarni kuzatadi (hozir 110 ta), bu tasdiq belgisi emas.

Qozog‘istonlik shifokorlar noqulay vaziyatda qolishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Covid-19 haqidagi savollarga javob beradigan shifokorlar guruhi – Medsupportkz iyun oyi boshida ishlab chiqaruvchilar klinik sinov ma'lumotlarini e'lon qilmaguncha, vaktsinani tasdiqlay olmasligini bildirdi. Guruh, shuningdek, 96 foizlik da'voga shubha bildirdi.

Keyin vaktsinani ishlab chiqqan laboratoriyani nazorat qiluvchi ta'lim va fan vaziri Asxat Aymagambetov aralashdi. U 11 iyun kuni QazVacni omma oldida himoya qilgan holda ikkita xalqaro tibbiy jurnal tadqiqotlarning 1 va 2-bosqich sinovlari natijalarini tekshirayotganini xabar qildi.

Eurasianet o‘tgan hafta vazirning ofisiga qo‘ng‘iroq qildi va u qaysi tibbiy jurnallarni nazarda tutgani haqida javob ololmadi.

“QazVac bilan bog‘liq muammo shundaki, bu vaktsina haqida ma'lumot yo‘q. Hukumat uning qanday ishlab chiqilgani va klinik sinovlar natijalari haqida batafsil ma'lumot bermayapti, – dedi Medsupportkz shifokorlaridan biri Bo‘tako‘z Kaukenova Eurasianetga. – Aholi bu doridan shubhalanmoqda va buning juda ko‘p sabablari bor”.

Qozog‘istonda qo‘llaniladigan 10,8 million dozalik vaktsinalarning aksariyati Sputnik V bo‘lib, u mamlakatda litsenziya asosida ishlab chiqariladi. QazVacning roli to‘liq aniq emas. Taxminan bir oy oldin rasmiylar undan atigi 120 ming doza ishlatilganini aytishgan, yana 25 ming doza Qirg‘izistonga yuborilgan.

Shifokorlar skeptitsizmga qarshi

Markaziy Osiyoda vaktsinalar borasidagi ishonchsizlik pandemiyadan oldin allaqachon muammo edi. Bu erkin ommaviy axborot vositalari kamligi, ta'lim tizimi zaifligi va hokimiyatga tizimli ishonchsizlik bo‘lgan mintaqadagi ijtimoiy tarmoqlarning g‘iybatlari bilan bog‘liq.

Bu yozda Qozog‘istonda bepul emlanish mumkin bo‘lgan bir paytda soxta vaktsina pasporti uchun pul to‘layotgan o‘nlab odamlar qo‘lga olindi. Joriy oyda O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘rov ko‘rsatdiki, respondentlarning 36 foizdan ko‘prog‘i emlashdan bosh tortishadi. So‘rovda individual vaktsinalar haqida ma'lumotlar keltirilmagan, biroq mart oyida o‘tkazilgan yana bir tadqiqotning ko‘rsatishicha, o‘zbekistonliklarning atigi 8 foizi xitoy-o‘zbek vaktsinasiga rozi.

Ammo agar hukumat ko‘rsatkichlari to‘g‘ri bo‘lsa, har ikki davlat ham vaktsina ta'minotida qo‘shnilaridan ancha oldinda, ikkalasi ham mintaqadagi vaktsinalar bo‘yicha keng qamrovli talablarni kiritdi.

Mishra singari mutaxassis uchun, “delta” varianti butun dunyodagi kasalxonalarni qamrab olayotganini hisobga olsak, kutishdan ko‘ra vaktsina olish yaxshiroqdir.

“Rostini aytsam, G‘arbda emlashlarning hech biri an'anaviy tartibda o‘tkazilmagan, – dedi u. – Agar vaktsinalar “har qanday sharoitda virus tarqalishini sekinlashtirsa, bu juda yaxshi”.

Manba: Eurasianet.org

Tag‘in o‘qing
29 oktyabr 2018
O‘zbekistonda majburiy mehnatni tashkil etishning asosiy ijrochilari kuchishlatar tuzilmalar, ya'ni asosiy faoliyati qonunni himoya qilish bo‘lgan idoralardir. Bu idoralarni ...
8 noyabr 2018
Bu yilgi paxta mavsumida Farg‘ona vodiysida ZAGSdan o‘tmoqchi bo‘lgan yosh kelin-kuyovlardan paxta terib berish talab qilinmoqda. Dang‘aralik yosh kelin-kuyovlardan ...
31 iyul 2018
O‘zbekistondagi «Toshturma», Ukrainadagi «Obolon» turmasidan har bir kamerada «loxmach»lari va «kozyollari» borligi bilan farq qiladi, deya eslaydi Muhammad Bekjon ...
4 fevral 2019
Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev o‘tgan hafta matbuot anjumanida Tashkent City qurilishiga o‘zining shirkati investorlik qilayotanini tasdiqladi. «Bu mening ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...