Asosiy mavzular
20 iyun 2022

Qiz bolaning o‘qishi shart emasmi yoxud balog‘at ostonasida orzulari zavol topayotganlar

Farzandim bu yil maktabni bitiryapti. Orzulari bir olam. Chel elda o‘qishni, dunyo kezishni orzu qiladi. Hozir repetitorda tayyorlanyapti. Axir  hademay institutlarga qabul boshlanadi.

Ularning sinfida o‘g‘il bolalardan ko‘ra qizlar ko‘proq. 32 o‘quvchidan 19 nafari qiz bola bo‘lib, o‘qishga ishtiyoqi baland, iqtidorlilari ko‘p edi. Bir-biri bilan kimo‘zar, raqobat muhitida o‘qishgan. Ammo shuncha qizdan atigi 2 nafari o‘qishga topshirishini eshitib, hayron bo‘ldim. “Qolganlar-chi?” deb bergan savolimga o‘g‘lim yelka qisdi…

O‘g‘lim o‘qiydigan maktab Andijonning Eski shahar qismida joylashgan. Har qaerdan ko‘chib kelgan, zamonaviy yosh oilalardan farqli o‘laroq, bu yerda tub mahalliy aholi ko‘proq. Hududdagi oilalarning aksariyatida qiz bolani o‘qitishmaydi.

Qizlari maktabni bitirayotgan onalarning “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida ko‘rishganimizda aytgan gaplari:

Ominaxon, uy bekasi, 48 yosh:

“O‘qitganim bilan menga nima foydasi bor, baribir erga bervoraman-ku. O‘qib, olim bo‘larmidi?! Maktabidan qutulib olsin, uzatamiz. Hamma sep-sidirg‘asini tayyor qilib qo‘yganman. Keyin o‘qitadimi-ishlatadimi, tushgan oilasi hal qilsin”.         

Farog‘at, uy bekasi, 52 yosh:

“Ayol kishining o‘rni uyda, eri, bolalarining oldida. Ko‘chada yurib, har xil ishlarni ko‘radi, o‘zgaradi. Qiz bola voyaga yetdimi, egasiga topshirish kerak. “Tengi chiqsa – tekinga ber”, degan gap bor. Dadasiyam, akalariyam ruxsat bermaydi o‘qishga”.                   

O‘zbekistonda gender tenglikni ta'minlashdagi olg‘a siljishlarga qaramay, qizlarning o‘qishini yoqlamaydigan, “qiz bolaning o‘rni faqat uyda, oshxonada” deb biladigan oilalar ko‘p.

Buning qator sabablari bor. Ular sirasiga ijtimoiy, madaniy va diniy omillar – qiz bola sha'nini avaylash, zamondan qo‘rqish, hech kimga ishonmaslik, ta'lim xarajatlarini qoplay olmaslik, bilim olishga imkoniyat yo‘qligi, uzatilgan xonadonida qiziga ishlashga ruxsat berilmasligi ehtimoli, erta nikoh va boshqalar kiradi.

“Uydagilar bilan gaplashing, men ham o‘qishga kiray!”

Har yili o‘rta maktablarni yuzlab iqtidorli, orzulari bir olam o‘quvchi qizlar bitiradi. Ammo ularning o‘ndan birigina o‘qishga kirishga harakat qiladi, xolos. Achchiq bo‘lsa-da, tan olish kerak: aksariyat qizlarning oliy ta'lim haqidagi orzulari armonligicha qolib ketadi.

“She'riyat – jonu dilim. She'riy kitoblar mutolaa qilishni yaxshi ko‘raman. O‘zim ham she'r mashq qilib turaman. Hech bo‘lmasa, ona tili va adabiyot muallimasi bo‘lmoqchi edim. Dadam ruxsat bermadilar.

O‘qishga kirayotgan tengdoshlarimga juda havasim kelyapti. Opa, uydagilar bilan gaplashing, hamma aytganlarini qilaman, mening ham o‘qishimga ruxsat berishsin”, deydi bu yil maktabni bitirayotgan 17 yoshli Muxlisa.

She'r yoza olish baxti har kimga ham berilmagan. Bu – Alloh tomonidan in'om etilgan iqtidor. Ayrimlar zarracha iqtidori yo‘q farzandiga bor imkoniyatlarni yaratib berib, uni qo‘llab-quvvatlaydilar.

O‘qishga kirib olishi uchun kerak bo‘lsa, millionlab pul sarflaydilar. Ammo o‘z harakatim bilan o‘qishga kiraman, deb turgan yosh o‘smirning ruhini sindirish borib turgan zo‘ravonlikdir.

Ota-ona bo‘lish bolaning ustidan to‘liq hukmronlik qilish huquqini bermaydi. Lekin ayrim o‘zbek oilalarida bu illat sharqona tarbiya, milliy mentalitet niqobi bilan o‘raladi. Farzand, ayniqsa, qiz bola bo‘lsa, unga hamma narsada taqiq qo‘yiladi.

Qiz bola o‘qish, istagan kasbu hunarini tanlash, istagan joyiga sayohat qilish huquqiga ega emas. Ko‘p hollarda esa hatto o‘zi tanlagan inson bilan turmush qurishga, sevishga ham. Qonun taqiqlamagan narsalarni oila taqiqlaydi. Qiz bola ota, aka tomonidan doimiy nazoratda ushlanadi.

Diniy erkinlik – xotin-qizlarni barcha huquqlardan mahrum qilish degani emas

O‘qituvchi Shohista Yusupovaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tobora kengayib borayotgan diniy erkinlikni suiiste'mol qilayotgan oilalar ko‘payib bormoqda.

“Ayrim oilalar yuqori sinfga o‘tgan qizlarini maktabga yubormay qo‘yadilar. 30 o‘quvchi o‘qiydigan sinfda bor-yo‘g‘i 5-6 bola o‘tiradi. Davomatni tiklash uchun uyma-uy yuramiz, ota-onalarga yalinamiz. Go‘yoki farzandi biz uchun o‘qib beradigandek.

Onani-ku ko‘ndirish mumkindir, ammo otasini ko‘ndirish mushkul. Voyaga yetib, ko‘zga ko‘rinib qolgan qizini nomahram erkaklar bilan bir sinfda, ya'ni bitta xonada o‘qishini xohlamasmish. Majburiy ta'lim bo‘lgani uchungina oyda-yilda bir maktabga jo‘natadilar.

Qizlarini hatto jismoniy tarbiya darsiga qatnashtirmaydigan otalarni ko‘rib hayron bo‘laman. Ammo diniy erkinlik berilgani xotin-qizlarni barcha huquqlardan mahrum qilish, degani emas”, deydi o‘qituvchi.                                                                                         

“Bo‘lishi mumkin emas, hozir 21-asr-ku, bunday oilalar yo‘q, bo‘lsa ham juda kam”, deydiganlar ham topiladi. To‘g‘ri, bundaylar 35 millionli aholiga nisbatan juda kamdir balki. Biroq tomchi yig‘ilib, daryoga aylanganidek, bu holatlar asta-sekin ko‘payib borayotgani tashvishli hol.

Shu taxlit qizlar tushunchasi tor, faqat diniy bilimlar bilangina cheklanib qolgan ota-onalari istagining qurboniga aylanadilar. O‘qish, kelajagini yo‘lga qo‘yish o‘rniga erta uzatilib ketadilar.

Kasb tanlash borasida ham xuddi shu gapni aytish mumkin. Juda kam hollarda qizlar o‘z orzularidagi kasbni egallaydilar. Shunda ham bu oila o‘ta zamonaviy, o‘qimishli bo‘lsa. Shuning uchun o‘zbek qizlari orasida elchi, styuardessa, militsioner, uchuvchi ayollar juda kam.

“Qizimni uzatsam, eri o‘zi boqib oladi!”

Keyingi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, jamiyatdagi rolini kuchaytirish, oila institutini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘paygan.

Ayniqsa, xotin-qizlar ta'limiga e'tibor o‘sgani seziladi. Hozirgi vaqtda talabalarning qariyb 47 foizdan ortig‘ini aynan ular tashkil etadi.

Biroq uydagi zo‘ravonlik, oiladagi tengsizlik masalalari hamon dolzarbligicha qolmoqda. Ayollarning oiladagi o‘rnini, kelinlarning huquqini, qizlarning bahosini oshirishda muammolar talay.

Zo‘ravon erlar, molparast qaynonalaru jabrdiyda kelinlar haqidagi materiallar hamon mediaolamni bezamoqda.

Ota-onalar odatda qizlari o‘rniga o‘g‘illarining ta'lim olishiga ko‘proq ahamiyat beradi. “Qizimni uzatsam, eri o‘zi boqib oladi!” degan qarash bor ko‘pchilikda.

“O‘g‘lingni o‘qitib – erkakni tarbiyalaysan, qizingni o‘qitib – millatni”

Maktabda a'lo baholarga o‘qigan, aqlli, tirishqoq dugonam bo‘lardi. Ota-onasi uning o‘qishga kirishiga rozi bo‘lishmagan. Maktabni bitirib, eng birinchi turmushga chiqqan dugonam ham shu qiz bo‘ladi.

Turmushi davomida uch o‘g‘il ko‘rdi. Toparmon-tutarmon eri avtohalokatga uchrab, vafot etdi. Yosh juvon voyaga yetmagan uch norasida va keksa qaynona bilan qolaverdi. Hunari, hech qanday kasb-kori yo‘q. Rosa qiynaldi, maktabga farrosh bo‘lib ishga kirdi.

Men qizlarini yo o‘qitmay, yo ishlatmay, yosh turmushga uzatib yuborayotgan ota-onalarga duch kelsam, har safar shu dugonam taqdiri haqida gapirib beraman. Axir ertaga nima bo‘lishini, taqdir boshimizga qanday kunlar solishini bilmaymiz-ku!..

“O‘zbekistonda ayol kishining ilm bilan shug‘ullanishi uchun to‘siqlar oilada ko‘proq, deb o‘ylayman, – deydi biologiya fanlari doktori Xurshida Ubaydullaeva. – O‘g‘lim meni boqadi, qiz bola esa birovning xasmi, boshqa oilaga ketadi, deb o‘ylaydiganlar kam emas.

To‘g‘ri, farzandni uyli-joyli qilish ham farz, ham qarz. Lekin farzandlarni – qiz bolami, o‘g‘il bolami – o‘qitish tarafdoriman. Bu qiz bolani o‘z kelajagi uchun ham, farzand tarbiyasi uchun ham o‘qitish kerak.

Farzand tarbiyasida o‘qigan va o‘qimagan ayolning farqi baribir seziladi. Mayli, qiz bolani turmushga uzatgandan keyin sharoiti ishlashni taqozo etmas. Lekin o‘qimishli qiz farzand tarbiyasini boshqacharoq olib boradi. Jamiyat uchun kerakli kadrlarni ham shu qizlar dunyoga keltirib, tarbiyalaydi”.

Donishmandlarning bir gapi bor: “O‘g‘lingni o‘qitib – erkakni tarbiyalaysan, qizingni o‘qitib – butun millatni”. Biz qizlarimizni o‘qitib, butun bir jamiyatni tarbiyalovchi, bo‘lajak onalarni o‘qitamiz. Ma'naviyatli, o‘qimishli ayolning farzandi esa, albatta, komil inson bo‘lib yetishadi.

Baxt nima o‘zi?

Keyingi 2 yil davomida o‘quv markazida yoshlarga jurnalistikadan saboq berib kelaman. Taniqli jurnalist bo‘lib dunyo kezishni niyat qilgan yoshlarning deyarli 70 foizini qizlar tashkil etadi.

O‘quv kursini bitirgach, ularning kelgusi taqdiri nima bo‘ldi, o‘qishni davom ettirish uchun institutga tashladimi yoki biror joyda ishlayaptimi, deb qiziqib boraman. Ammo o‘quv kursini bitirgan ko‘plab o‘quvchi qizlarimning orzulari, yuqorida aytganimdek, balog‘at ostonasida zavol topadi.

Paxtaobodlik Muharramoy, Andijon shahridan Ruxshona, izboskanlik Fotima, marhamatlik Mohichehra, oltinko‘llik Gulbora… Bu qizlar ana shunday iqtidorli, “o‘qiyman” degan qizlar edi.

Ularga jurnalistikada ustozlarimdan o‘rgangan bor bilimlarimni o‘rgatdim, amaliyotga birga olib yurdim. Reportaj tayyorlash, jurnalist etikasi, xalqaro standartlar bo‘yicha dars berdim.

Afsuslanarlisi, ularning birortasi ham jurnalistika yo‘nalishini tanlay olmadi. Bunga milliy mentalitet, oilaviy sharoit, ota-onalarning qarshiligi yo‘l qo‘ymadi.

Yaqinda yoshlar o‘rtasida “Sizningcha baxt nima?” degan so‘rovnoma o‘tkazdim. “Maqsadlar sari intilishing – baxt!”, “Baxt – bu sevgan kasbingni egallab, mutaxassisliging bo‘yicha insonlarga xizmat qilishing!”, “Sog‘liq, boylik, tinchlik-xotirjamlik – men uchun baxt!”, “Insoniyatga, jamiyatga kerakli shaxs bo‘lish – eng katta baxt!” degan ta'riflardan boshim ko‘kka yetdi.

Afsuski, ayrim yoshlar baxtni faqat turmushga chiqib, uvali-juvali bo‘lish, xullas, faqat oila qurish bilan bog‘lashdi. Ularning tanlovini hurmat qilaman, qaysidir ma'noda bu to‘g‘ri ham. Chunki oilasiz baxt – to‘kis emas.

Lekin aksariyat qizlarning o‘qish, o‘z kelajagini qurish haqidagi o‘ylash o‘rniga ertaga birovning oilasiga tekin xizmatkor bo‘lib ketish ehtimolini orzu qilishlari achinarli. Chunki o‘zbek oilalarida kelinni xizmatga olishlari, hamma yumushni kelin bajarishiga odati hol sifatida qaraladi.

Men esa qizlarning ham yuksak cho‘qqilarni zabt etishlari, ilmli, ma'naviyatli inson bo‘lib yetishishlari tarafdoriman. Komil inson esa, albatta, o‘z tengini topib, u bilan baxt qura oladi.

Muazzam Sobirjon qizi

Tag‘in o‘qing
26 iyul 2016
Qamchiq dovonidagi tunnel bahona Oqsaroyga yo‘nalgan paxta oqimi yanada kuchaydi. Butun O‘zbekiston matbuoti bugun shu qurilishni amalga oshirganlarga emas, ...
8 may 2017
3 may – Jahon matbuot erkinligi kuniga bag‘ishlab “Oltin qalam” mukofotlarini topshirish marosimi jurnalistlar va ayrim nashrlar e'tiroziga sabab ...
29 noyabr 2016
Chirchiqlik 41 yoshli Dilorom Amirxamzaeva ismli ayol, eri, MXX podpolkovnigi bo‘lgan To‘raboy Amirxamzaev uni bolalari bilan uyidan haydab chiqargani ...
12 avgust 2019
(Prokurorlarning ochiq xati to‘liq va stilistika saqlangan holda e'lon qilinmoqda)  Muhtaram Shavkat Miromonovich Mirzieev, xalqsevar yurtboshimiz, murojatimiz boshida Sizga, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...