Zarbdor hokimi paxta planni bajarmagan fermerni qamadi
Ha aynan shunday! Xuddi o‘rta asr feodal sultoni kabi xokim “qama” dedi. O‘zbekyaistonda sud va ijro hokimiyati mavjudligidan behabar Bobojonovning tug‘ma ovsar mirshablari fermerni shartta qamab tashashgan. Mabodo zolim hokim Ergash Soliev bu mirshablarga “fermerni kallasini ol” desa shartta bolta bilan chopib tasharmidi. Xo‘p endi bir boshdan aytsam.
2024 yil 29 noyabr kuni Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev o‘zining ta'biri bilan aytganday “oradan 7 yil o‘tib” viloyat prokurori va boshqa rahbarlarni olib Zarbdorga kelgan. U tuman hokimiyatida fermerlar bilan yig‘ilish qilib, ularni paxta rejasini qancha foizini bajarganligi borasida birma-bir so‘roq qilgan. Yig‘ilish nihoyatda asabiy, do‘q-po‘pisa va haqoratlarga boy bo‘lganligini yig‘ilishdan keyin qon bosimi oshgan, yuragi hastalangan fermerlar tasdiqlaydi.
Xokim Ergash Sultonov o‘ris tilidagi va o‘zbekcha so‘kishlarni shu qadar ko‘p ishlatgan. Bemalol uning aljirashidan “so‘kishlar entsiklopediyasini” yaratsa bo‘ladi. Ayniqsa “dolbyob” degan so‘z eng ko‘p ishlatildi.
Mazkur yig‘ilishning avj nuqtasi paxta rejani bajara olmay, davlatdan katta qarzdor bo‘lgan zarbdorlik fermerni qamash haqidagi buyruq bilan yakunlandi. O‘zining fermerga qarata “sen paxta planini qanchasini bajarding” deya berilgan savoliga, istalgan javobini ololmagan hokim fermerni qamab qo‘yishni buyurdi va u shu zahotiyoq zaldan ichki ishlar hodimlari tomonidan qamoqqa tashlangan.
Sudsiz so‘roqsiz. “Hokim buyurdi” deb qamoqqa tashlash Bobojonov mirshablarining notavon ahvolidan darak.
Darg‘azab viloyat hokimi bu tumanga 7 yil o‘tib tashrif buyurgani sababi bu yilgi tuman paxta rejasi bajarilmagani va fermerlarning qarzdorlik holatini muhokama qilish edi. U viloyat prokurori bilan fermerlarga qo‘pol muomalada bo‘lib, ularni birma-bir so‘roq qilgan.
Paxta terimi va qarzdorligi bilan bog‘liq bunday ohangdagi yig‘ilishlar haftasiga bir necha marta tuman rahbarlari tomonidan o‘tkazilayotgani aytilmoqda. Bu yig‘ilishlar ba'zida tuman hokimiyatida, ba'zida bank idoralarida, ba'zida prokuratura, ichki ishlar idorasida yoki dalada o‘tkaziladi.
O‘tgan hafta paxtadan qarzdor fermerlar Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasiga chaqirilgan va bir necha soatlab ushlab turilgan.
So‘ngi kunlarda bo‘layotgan bu majlisbozliq va do‘q-po‘pisalardan maqsad – fermerlardan qarzni tezroq undirish. Hozirda fermerlarga 5 dekabrga qadar paxta yetishtirish ortidan orttirilgan millionlab qarzdorlikni uzish talabi qo‘yishgan. Lekin fermerlarda buncha mablag‘ni qisqa muddat ichida uzishga imkoniyat yo‘q.
“Qarzdorligi bor fermerlarning ahvoli juda og‘ir. Militsiya nechtalab fermerlarni hokimni buyrug‘iga ko‘ra 5-6 soatlab qamab qo‘yyapti. Fermerlarning uyidagi chorva mollar, uy jihozlarini olib ketishga harakatlar boshlangan. Agar fermerning mashinasi bo‘lsa, uni ham militsiya olib qo‘ygan. Endi to qarzdorlik uzilmaguncha, fermerlar azobda yashaydi. Vaqtida paxtaga suv berishlarini so‘raganimizda bizni eshitishmadi” – deydi mahalliy fermerlardan yana biri.
Bu yil paxta terimi mavsumida fermerlar terimchi topishda qiyinchilikka duch keldi. Paxta terish mashinalariga talashib, fermerlar bir-birlarini urgan holatlar ham sodir bo‘lgan. Lekin fermerlar qo‘l terimini afzal ko‘rishadi. Buning sababini esa qo‘lda terilgan paxta yuqori navga qabul qilinishi va yaxshiroq to‘lov qilinishi bilan asoslashadi. Ammo qo‘l terimi uchun terimchilar son bu yil keskin kamaygan. Bu borada fermerlardan biri shunday deydi:
“Hali ham paxtasi to‘liq terib olinmagan dalalar bor. Lekin terimchi yo‘q. Bu paxtani terdirishdan fermerga naf yo‘q. Agar terimchi topib, kilosini 2500 so‘mdan terdirsa, bu paxtani xlopzavod uzog‘i bilan 4500 so‘mga oladi. Chunki keyingi terimlar paxta punktlari past sortga baholaydi. Shu sababli fermerlar endigi paxtani terdirishdan faqat zararga kiradi. Biz vaqtdan yutqazib qo‘ydik. Sentyabrda terimchilarga 1200 so‘mdan to‘lash haqidagi qarordan keyin odamlar terimga chiqmadi. Bu o‘tgan yilgi narxdan ham past edi. Sentyabr oyida deyarli terimchilar paxtaga chiqmadi. Oktyabrda terim narxi oshganida esa biz bir oyni qo‘ldan boy bergan edi. Keyinroq terim narxi 2500 so‘mga chiqqan bo‘lsada, sovuq kunlar boshlangani bois, aholi dalaga chiqmadi”.
Shuningdek, fermerlar fyuchers shartnomasida ko‘rsatilgan narxlar paxta terimi mavsumiga kelib o‘zgartirilganidan norozi bo‘lishmoqda. Yil boshida paxta kalsterlari bilan birja orqali tuzilgan shartnomalarda paxta narxi 8200-8500 so‘mga baholangan edi. Biroq terim boshlangach, bu narxlar 6500 so‘mga tushirilgani va narx masalasida muhokamalar boshlangan. Garchand, 1000 so‘mdan subsidiya qo‘shib berilishi haqida fermerlarga tushuntirish berilgan bo‘lsada, bu narx ularning paxta yetishtirish uchun qilgan xarajatlarini qoplamaydi. Buning ortidan esa fermerlarda katta miqdordagi qarzdorliklar paydo bo‘lib, ularga buni zudlik bilan to‘lash talablari qo‘yilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda Jizzax viloyati Zarbdor tumanida fermerlar paxta hosili bilan bog‘liq qarzdorlik sabab qattiq tazyiqlarga duchor bo‘lmoqda.
Fermerlarning aytishlariga ko‘ra, tumanda paxtachilikka asoslangan taxminan 300 ta fermer xo‘jaliklari mavjud.
Paxta terimi oxirlashib, bu yil terimchilar topishda nihoyatda qiynalgan fermerlar deyarli har 2-3 kunda tuman mutasaddilari, tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar bo‘linmasi, tuman soliq qo‘mitasi va bank rahbarlari ishtirokidagi Zarbdor tuman hokimiyatiga yig‘ilishga chaqirilmoqda. Asosiy mavzu – paxta terimi tugagan va tumandagi deyarli 45-50 foizga yaqin fermerlar paxta hosilini qarzdorlik bilan yakunlagan. Fermerlar yil boshida klaster bilan fyuchers shartnoma tuzib, paxta yetishtirgan. Va turli sabablarga ko‘ra ulap shartnomadagi rejani bajara olishmagan va katta qarzdorlik hosil bo‘lgan. Buning eng asosiy sabablaridan biri esa tumanda fermerlarga paxtani o‘z vaqtida sug‘orish uchun yetarlicha suv berilmagani bilan bog‘liq.
Fermerlarga paxtani sug‘orish uchun yetarlicha suv berilmayotgani, tuman rahbarlariga bu masalani ko‘targan fermerlar esa bosimlarga, tazyiqlarga duchor bo‘lgani haqida Eltuz yoz oylarida xabar qilgan edi.
Eltuzga murojaat qilgan Zarbdorlik fermerlar bug‘doy va paxtani sug‘orish uchun suv tanqisligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar borligidan shikoyat qilishgan edi. Sug‘orish suvi yetishmasligi oqibatida ko‘plab fermerlar 2024 yilgi bug‘doy rejasini bajara olmagan va bu muammo paxta hosiliga ham ta'sir ko‘rsatishidan xavotir bildirishgandi. Ularning xavotirlariga asos borligini bugungi vaziyat yaqqol namoyon qilmoqda. Suv berilmadi, paxta yaxshi yetilmadi, istalgan hosil rejasi to‘lmadi, va oqibatda fermerlar shartnomada belgilangan rejani bajara olmadi, kamiga katta qarzdorlikka kirdi.
“Bu yilgi vaziyat o‘tgan yilgidan keskin farq qiladi. O‘tgan yili paxta hosilidan daromad ko‘rgan fermerlar bor edi. Bu yil deyarli tumandagi deryali 40-50 foiz fermerlar paxta rejasini bajara olmadi. Qolganlari esa yo uchma-uch rejani bajargan, yoki mutassil bosimlardan qo‘rqib paxta sotib olib rejani yopdi” – deydi ismi sir qolishini so‘ragan zardborlik fermerlardan biri.