28 mart – kir yuvadigan mashina ixtiro qilingan kun
1797 yili AQShda dunyodagi ilk kir yuvadigan mashinaga patent olindi. Shu tariqa bundan 219 yil avval insoniyat, xususan, ayollarning kir yuvish mashaqqatidan qutulishiga imkon yaratildi.
AQShning Nyu-Hampshirida yashovchi Nataniel Briggs 1797 yilning 28 martida harakatlanuvchi chorcho‘p bilan jihozlangan yog‘och qutini eslatuvchi ilk kir yuvish uskunasiga patent oldi.
1851 yilda AQSh fuqarosi Jeyms King nog‘orasimon aylanuvchi kir mashinani patentladi. Bu mashinaning bugungi mashinalarga o‘xshashi aytiladi. Faqat u qo‘l bilan aylantirilgan.
Kaliforniyadagi oltin izlovchi uddaburron ushbu mashinalardan bir nechtasini bir yerga to‘plab, 12 ta xachir aylantirgan g‘ildirak yordamida harakatga keltirib, o‘ziga xos kirxona yarata oldi.
AQSh muhandislari mashina ichiga kir g‘ijimlaydigan o‘qlovlarni o‘rnatib, mukammallik sari yana bir qadam tashlashdi.
Bu paytga kelib Amerikada erinmagan har bir kishi “kir mashina” ixtiro qila boshladi.
1875 yilning o‘zidayoq Amerikada kir yuvish uskunalari uchun 2000 ta patent olingan.
Bugungi “oromijon” kir mashina prototipini esa 1900 yilda nemis shirkati yaratdi.
Avvaliga mashina benzinli motor bilan ishlagan bo‘lsa, 1908 yilda elektrda ishlashga o‘tdi.
1949 yilga kelib mutlaq avtomat tarzda ishlaydigan kir mashina paydo bo‘ldi.
Insoniyat qo‘lda kir yuvish kabi mashaqqatdan qutilgani uchun amerikalik muhandislardan minnatdor bo‘lsa arziydi.
Eltuz.com