Mirziyoev yuradigan yo‘lni supurgan o‘qituvchi «KamAZ» tagida qoldi
Prezident kelishi oldidan yo‘lni tozalashga olib chiqilgan samarqandlik o‘qituvchi, 23 yoshli Diana Yenikeeva 14 mart kuni «KamAZ» mashinasi tagida qolib halok bo‘ldi.
O‘sha kuni Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab o‘qituvchilarining yo‘l tozalayotgani aks etgan suratlar va ayrim hujjatlar «Eltuz» nashriga kelib tushdi.
Bu surat va hujjatlarda o‘qituvchilarning surunkali majburiy mexnatga jalb qilingani o‘z isbotini topadi.
Ayni paytda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi Diananing majburiy mehnat qurboni bo‘lganini rad etdi.
«O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari, jumladan, Diana Yenikeeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan», deyiladi 18 mart sanasi yozilgan va “Eltuz” nashrida nusxasi mavjud bo‘lgan raddiyada.
Biroq Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari M.Muzaffarov va viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Q.Saidov imzolagan hujjatning keyingi abzatslaridayoq «hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan», degan gap inkor etiladi.
«Shahar-tumanlar markazi, mahallalar, guzarlardagi xiyobonlar, ko‘chalar atrofi va ariqlar chetlari tozalanishi, daraxt va gul ko‘chatlari ekilishi bor gap», deya uqtiriladi hujjatda.
Hokimlikning bildirishiga ko‘ra, bu holat «mamlakatda mart-aprel oylari obodonlashtirish oyligi, deb e'lon qilingani ham «Tozalik bor joyda, baraka bor» naqlining amaliy ifodasidir».
O‘zbekiston prezidentining viloyatlarga tashrifidan oldin mahalliy hokimliklarning “xo‘ja-ko‘rsin” tadbirlari va supurib sidirishlarga, asosan, o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari jalb qilinmoqda.
Rassom Kirpi
Eltuz.com