Document UZ
6 iyun 2018

Huquq faoli Eshonqulovani Navoiy viloyatida ushlab so‘roq qilishdi

Majburiy mehnat monitoringi bo‘yicha 4 iyun kuni Navoiy viloyatlariga borgan jurnalist Malohat Eshonqulova uchastka noziri kapitan Odil Qurbonov tomonidan ushlanib so‘roq qilindi.

Foto: Ichimlik suv quduqdan olinadi

Faolning «Eltuz» ga bildirishicha, Navoiy viloyati Konimex tumanida mahalliy hokimiyatning «Obod mahalla» deb atalgan «tadbiri»ni kuzatgani huquq-tartibot xodimlari ta'qibiga sabab bo‘lgan.

Kuchishlatar tizim xodimlari nazorati ostida g‘aznachilik, o‘rmon xo‘jaligi, moliya boshqarmalari, elektr tarmoqlari korxonasi, tumangaz, «Mahalla» fondi bo‘limi kabi byudjet tashkilotlari qishloqdagi uylarning poydevori va darvozalarini bir xil qizg‘ish rangga bo‘yashga jalb qilingan edi.

E'tiborli tomoni, huquq faoliga ko‘ra, bu gal majburiy mehnat tadbiriga o‘qituvchi va shifokorlar jalb etilmagan.

Foto: Ichimlik suv 3 kilometrdan tashib olib kelinadi

Eshonqulova tasodifan borib qolgan qishloqda ish qizg‘in pallaga kirgan bo‘lib, rejaga ko‘ra, tuman hokimi, prokurori, militsiya boshlig‘i, soliq nazorati boshlig‘i va ularning o‘rinbosarlari byudjet tashkilotlarini o‘zaro bo‘lib olishgan edi.

«Ularning har biriga 10-15 tadan xonadon bo‘lib berilib, yuqorida aytganimday, poydevor va darvozalarni ohak aralash qizil surik rangga bo‘yash, daraxtlarni esa ohaklash topshirilgandi.

Bu ommaviy tadbirga Konimex tumani prokurori o‘rinbosari Salimjon akaning shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lib o‘tiribdi.

Darvoqe, prokurorning o‘zi obodonlashtirish bilan mashg‘ul ekan, tuman obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi boshlig‘i hozir qaerda ekanligini bir tasavvur qilib ko‘ring», deydi Eshonqulova.

Shuningdek, Eshonqulova qishloqda ichimlik suv bilan ta'minlash masalasini surishtirgan. Uning «Eltuz»ga bildirishicha, Osiyo taraqqiyot banki Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarini ichimlik suv bilan ta'minlash uchun katta mablag‘ ajratgan edi.

«Ko‘pchilik bilmasligi mumkin, O‘zbekistonning beshta viloyati ichimlik suv tanqis deb e'tirof etilgan hududlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, Navoiy viloyati shular jumlasidan. Konimex tumani markazi Navoiy shahridan 25-30 km uzoqlikda joylashgan bo‘lishiga qaramay, bu tuman chekka qishloqlari u yoqda tursin, hattoki tuman markazida ham ichimlik suv mavjud emas.

Foto; Eshonqulova ayni suratlarni olgani uchun ta'qib qilingan

Bundan tashkari, ko‘p qavatli uylarda kanalizatsiya ham yo‘q. Balki tuman rahbarlari ichimlik suv bo‘lmagandan keyin kanalizatsiyaga ham hojat bo‘lmasa kerak, degan hulosaga kelgan bo‘lishi ehtimol», deydi Eshonqulova.

Uning surishtirishicha, aholi har kuni ertalab va kechqurun 2 km masofadan suv tashib keladi, bu ahvol 4-5 yildan beri davom etib keladi. Suv ham 1 yoki 2 soat davomida beriladi.

Huquq faoli bo‘layotgan ishlarni tasvirga tushirib, intervyu olish jarayonida bir fuqaro kiyimidagi noma'lum shaxs zimdan kuzatib yurganini sezgan.

Keyin bu shaxs ular o‘tirgan mashinaga o‘tirib, Malohatning kimligi, qaerdan kelgani, bu yerda nima qilayotganini surishtira boshlagan.

Keyinchalik bu odamning tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari ekani ma'lum bo‘lgan.

Eshonqulovaning militsiya tomonidan ta'qib qilinishi deyarli har yili kuzatiladi.

Misol uchun, 2017 yilning 15 oktyabrida Samarqandda, 2016 yilgi paxta mavsumida Buxoroda, 2015 yilning oktyabrida esa Xorazmda mahalliy militsiya xodimlari majburiy mehnat faktlari to‘plangan fleshkani qidirib, Malohat Eshonqulova va uning hamkasbi Yelena Urlaevani tahqirli tarzda yechintirib, tintuv qilishgandi.

Hozirda qo‘yib yuborilganini, harqalay ilgarigidek yechintirib tekshirishlar bo‘lmaganini xabar qilgan huquq faolining keyingi taqdirini «Eltuz» nashri o‘rganishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 aprel 2018
Karimov davrida shahar chekkasiga chiqarib tashlangan Shomahmudovlar haykali yana eski joyiga qaytarilmoqda. Haykallar 9 may kuni «Istiqlol» (sobiq «Xalqlar ...
10 oktyabr 2023
Rossiya qamog‘idan jo‘natilgan videoda 25 yashar toshkentlik yigit Shahzod Yusupov Rossiya federal politsiyasi xodimlari unga tuhmat qilib, mashinasiga narkotik ...
18 oktyabr 2022
Qashqadaryo viloyat Nishon tumani Xalq ta'limi bo‘limiga qarashli maktab o‘quvchilari shanba yakshanba kunlari paxta terimiga chiqarildi. «Ta'lim sifatining yo‘qligiga ...
10 noyabr 2017
Bu yil O‘zbekistonda majburiy terimchilar – pedagog, tibbiyot xodimlari va boshqa turli kasblardagi byudjet va xo‘jalik korxonalari xizmatchilari paxta ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...