Document UZ
18 avgust 2018

O‘g‘irlangan aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishga mas'uliyatli yondoshish printsiplari to‘g‘risida

Shveytsariya federal yig‘ini

Shveytsariya federal kengashi

Tashqi ishlar federal departamenti (TIFD)

Adliya va politsiya federal vazirligi

Aktivlarni qaytarish bo‘limi, TIFD

Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi, TIFD


2018 yil 8 avgust



O‘zbekiston fuqarolik jamiyati faollarining takliflari

Biz, mamlakatimiz kelajagi uchun qayg‘urayotgan o‘zbek faollari guruhi, Shveytsariya hukumati O‘zbekiston xalqidan mamlakat telekommunikatsiya sektoridagi korruptsiya oqibatida o‘g‘irlangan, so‘ng esa Shveytsariya banklarida yuvilib, yashirilgan bir necha yuz million shveytsar frankini qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishishi mumkinligi bois shu maktub orqali murojaat qilyapmiz. Biz Shveytsariya hukumatini bu aktivlarni qaytarishga mas'uliyat bilan yondashishga chaqiramiz. Biz repatriatsiyaning davlat korruptsiyasining haqiqiy jabrdiydalari bo‘lmish O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga xizmat qiladigan usullarini nazarda tutmoqdamiz. Shuningdek, ular O‘zbekistonda korruptsiya tizimini yo‘q qilishga ko‘maklashadigan usullardir.

Aktivlarni qaytarishga mas'uliyatli yondashuv


Agar o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish global va milliy miqyosda korruptsiyaga qarshi kurashishga o‘z hissasini qo‘shsa, u ishonch uyg‘otadigan qadam hisoblanadi.

O‘zbekistonda korruptsiya siyosiy, ma'muriy, yuridik, korporativ va moliyaviy institutlarning barcha bo‘g‘inlarini qamrab olgan. Hokimiyatning oliy bo‘g‘inlaridagi korruptsiya va inson huquqlarining ommaviy buzilishi o‘rtasida aniq bog‘liqlik kuzatiladi. Shuning uchun aktivlarni qaytarishda ehtiyotkor siyosat yuritish zarur. Yuqorida qayd etilgan sohalarda tizimli o‘zgarishlar amalga oshirilmay turib aktivlarni birlamchi shartlarsiz qaytarish bu mablag‘lar yana o‘g‘irlanishi, yuvilishi hamda g‘arb mamlakatlari va offshor hududlarda yashirilishiga olib kelishi ehtimoli juda yuqoridir.

Korruptsiyadan olingan daromadlarni birlamchi shartlarsiz qaytarish BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasi (KQK) mohiyati va ruhini, inson huquqlari sohasidagi xalqaro bitimlar talablarini buzadi va korruptsiyaga qarshi global kurashga putur yetkazadi. KQK o‘g‘irlangan aktivlarni ular qaysi mamlakatdan o‘g‘irlangan bo‘lsa, o‘shalarga qaytarishni talab etadi. Ammo davlat bu konventsiya talablarining o‘zi istaganlarigagina emas, balki to‘liq, jumladan, korruptsiyaning oldini olish mexanizmlarini yaratish qoidalariga ham rioya etishi kerak.  

Agar aktivlarni saqlab turgan davlat korruptsiyadan olingan daromadlarni qaytarish shartlari bo‘lajak jinoyatlarning oldini oluvchi omil bo‘lishini kafolatlay olmas ekan, unda bu restitutsiyaga mas'uliyatsiz yondashuv hisoblanadi, hatto aktivlar o‘g‘irlangan mamlakatdagi korruptsiyani mustahkamlashda hamkorlikka olib keladi.

O‘zbekistonga aktivlarni qaytarishning taklif etilayotgan printsiplari


Aktivlarni tiklash bo‘yicha 2017 yil dekabrda bo‘lib o‘tgan global forumda qator hukumatlar, jumladan, Shveytsariya ham o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarishni tartibga solishga qaratilgan printsiplarni ma'qulladi. Jumladan, hukumat aktivlarni qaytarish ulardan foydalanishning shaffofligi va hisobdorligini kafolatlashi, bu mablag‘larni qabul qilib olayotgan mamlakatlar fuqarolari manfaatlariga xizmat qilishi, ularning korruptsiyaga qarshi kurashish imkoniyatlarini mustahkamlashi hamda mablag‘larni qaytarish va ulardan foydalanishda fuqarolik jamiyatining ishtirokini ta'minlashi zarurligini ta'kidlagandi.

Quyida biz O‘zbekistonga nisbatan bu printsiplarni qo‘llashning sakkizta asosiy tamoyilini taklif etamiz:

  1. Aktivlarni qaytarish jarayoni global va milliy miqyosda korruptsiyaga va inson huquqlari buzilishiga qarshi kurashish kontekstida ko‘rib chiqilsin va bunga o‘z hissasi qo‘shsin, shuningdek, uning ochiqlik va hisobdorlik standartlariga mos kelishini ta'minlasin.
  1. Aktivlar ular qaytadan o‘g‘irlanishining oldini olish mexanizmlarini belgilashga doir tegishli birlamchi shartlarsiz qaytarilmasin.
  1. Aktivlarning qaytarilishi, birinchi navbatda, korruptsiya jabrdiylari, bu o‘rinda O‘zbekistonning barcha aholisi manfaatlariga xizmat qilsin.
  1. O‘zbekistondagi mavjud hozirgi institutsional sharoitlarda yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lash amalga oshirib bo‘lmaydigan, uzoq muddatli, tizimli samara bermaydigan yo‘ldir. Shuning uchun O‘zbekistonda korruptsiya va inson huquqlari buzilishi ko‘lamini kamaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar jabrdiydalar manfaatlariga ko‘proq xizmat qiladi.
  1. Aktivlarni qaytarish jarayonidan O‘zbekistonning telekommunikatsiya sektorida poraxo‘rlik va ta'magirlikka, buning oqibatida pul yuvilishiga yo‘l ochib bergan institutsional shart-sharoitlarni isloh qilishni rag‘batlantirish maqsadida foydalanilsin. Quyida biz islohotlarga muhtoj beshta instituttsional sohani ko‘rsatib beramiz.
  1. Islohotlarni darhol amalga oshirib bo‘lmaydi va buning uchun bir necha yillar kerak. Shuning uchun restitutsiya jarayonini cho‘zish va uni  antikorruptsion islohotlarni o‘tkazishda erishilgan birlamchi muvaffaqiyatlar uchun mukofotlash tamoyili asosida bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim.
  1. Faqat keltirib o‘tilgan 1-6 printsiplarga rioya qilgandagina O‘zbekiston hukumati qaytarilgan aktivlardan foydalanish ustidan nazoratni olishi mumkin va shart. Ammo bunda shaffoflik, xalqaro manfaatdor tomonlar va O‘zbekiston fuqarolik jamiyati bilan maslahatlashuvni ta'minlash zarur. Fikrimizcha, bu olti printsipning amalga oshirishi O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimi nuqtai nazaridan butunlay yangicha voqelikni yaratadi va pirovardida aktivlar yana o‘g‘irlanmasligi va yuvilmasligiga bo‘lgan yetarlicha ishonchni taqdim etadi.
  1. Agar O‘zbekiston hukumati mazkur tavsiyalarni rad etsa, Shveytsariya hukumati O‘zbekiston rahbariyati yuqorida ko‘rsatilgan printsiplarni qabul qilmaguncha va ularni bajarishda olg‘a intilishni namoyon etmaguncha bu aktivlarni saqlab turishi kerak.  

Aktivlarni qaytarish uchun birlamchi shartlar sifatida isloh etilishi kerak bo‘lgan beshta soha

  1. Ochiq va raqobatli tenderlar tizimini, jumladan, chastota va litsenziyalarni taqsimlash, tovar va xizmatlarning davlat xaridi sohalarida qabul qilish va amalga oshirish. Davlat mablag‘lari, resurslari va mulklaridan foydalanish, ularni sotish va taqsimlashga taalluqli bunday xarid va kontsessiya kelishuvlariga oid barcha materiallarni e'lon qilish.
  1. Davlat xizmatchilari yuqori martabali shaxslarga shaxsiy sadoqat printsipiga emas, balki qonunga rioya qilgan holda davlat manfaatlari yo‘lida o‘z majburiyatlarini bajarishini ta'minlash uchun davlat xizmatini isloh qilish. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda barcha davlat xizmatchilari uchun manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish, ular daromadlarining to‘la oshkoraligini ta'minlash.
  1. Sud organlari va advokaturaning mustaqilligini o‘rnatish; xalqaro huquq normalariga muvofiq ravishda adolatli sudga va tegishli jarayonlarga bo‘lgan huquqqa amal qilish.
  1. Davlat va korporativ mablag‘larning oshkoraligini ta'minlash, jumladan: nufuzli xalqaro auditorlar tomonidan davlat organlari va ularning yirik korporativ pudratchilarining majburiy auditini o‘tkazish va bunday auditorlik hisobotlarini to‘liq e'lon qilish; davlat byudjetlarini jamoatchilik uchun ochiqlash va bunda eksport tushumlari va ularning taqsimlanishi haqidagi ma'lumotlarni ochiqlashga alohida e'tibor qaratish; barcha yuridik shaxslar, kompaniyalar va ularning benefitsiar egalari kiritilgan davlat reestrining ochiqligini ta'minlash.
  1. Davlat organlari ustidan, jumladan, mustaqil jamoatchilik antikorruptsiya agentligini tashkil etish hamda fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot  vositalariga (ular ta'qib va repressiyadan cho‘chimagan holda jurnalistik surishtiruvlar o‘tkaza olishi uchun) cheklovlarni bekor qilish yo‘li bilan tegishli nazoratni ta'minlash.

Qayd etish joiz, hukumatlarning bu beshta sohani isloh qilishdagi muvaffaqiyatlarini baholash imkoniyatini beradigan keng tan olingan ko‘plab xalqaro indikatorlar mavjud (qarang: Aktivlarni mas'uliyat bilan qaytarish bo‘yicha xalqaro ishchi guruh a'zolari tomonidan O‘zbekistonda islohotlarni o‘tkazishdagi yutuqlarni baholash uchun ko‘rsatkichlar to‘g‘risida tayyorlangan ilova).

Nega aynan shu beshta institutsional sektorda islohotlar o‘tkazilishi kerak?


Yuqorida qayd etilgan sohalarda korruptsiyaning oldini olish mexanizmlarining umuman yo‘qligi O‘zbekiston telekommunikatsiya sektorida o‘ta yirik miqdorda poraxo‘rlikka olib kelgan asosiy omil bo‘ldi. Shuning uchun aynan shu sektorlarda islohotlar o‘tkazilishiga O‘zbekiston hukumatiga aktivlarni qaytarishning birlamchi shartlari sifatida qarash kerak. Ammo telekommunikatsiya tarmog‘iga oid bunday holat iqtisodiyotning boshqa sektorlariga ham taalluqlidir.


Birinchidan, O‘zbekiston na chastota va litsenziyalarni taqsimlash, na davlat xaridlari masalasida ochiq va raqobatli tenderlar tizimiga ega emas. Shuni hisobga olganda, agar tegishli islohotlar o‘tkazilmasa, qaytarilgan aktivlar qaror qabul qiluvchilar va ularning yashirin mijozlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida korruptsion sxemalar bo‘yicha noshaffof kelishuvlar yordamida qayta taqsimlanishi ehtimoli juda yuqori.

Ikkinchidan, litsenziya berish evaziga telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora talab qilgan Gulnora Karimova bir o‘zi emas, balki ko‘plab davlat amaldorlari va idoralari bilan til biriktirgan holda harakat qilgan. Uning buyrug‘i bilan bu amaldorlar litsenziyalar ajratgan, uning talablariga ko‘nmagan shaxslar va kompaniyalarga qarshi harakatlarni amalga oshirgan va bunda uning otasi, sobiq prezident Islom Karimovga shaxsiy sadoqati nuqtai nazaridan ish tutgan. Bu esa O‘zbekistonda homiylik tizimining davlat xizmati qanday ishlashi va ishlashda davom etayotgani hamda manfaatlar to‘qnashuvining butunlay yo‘qligiga ta'sirini ko‘rsatib turibdi. Shuningdek, bu davlat xizmatlarining huquqiy mexanizmlarga tayangan holda korruptsiyalashgan amaldorlar tomonidan bo‘ladigan bosimlarga qarshi turish va jamiyat manfaatini himoya qilish imkoniyatlari yo‘qligini namoyon etadi.

Uchinchidan, g‘arb telekommunikatsiya kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z faoliyatining birlamchi davrlaridayoq sud tizimi hamda biznes manfaatlari va mulkiy huquqlarini himoyalashning milliy mexanizmlariga tayanish o‘rniga yashirin aloqalarni va yuqori martabali mahalliy amaldorlar bilan kelishuv yo‘lini izlagani e'tiborni tortadi. Biz g‘arb kompaniyalari mamlakatda qonun ustuvorligi yo‘qligidan yaxshi xabardor bo‘lgani va nohalol o‘yin qoidalariga mos ravishda harakat qilganini tushunamiz.

To‘rtinchidan, O‘zbekistondagi davlat va korporativ moliya tizimi juda noshaffof. Na davlatga, na uning asosiy korporativ pudratchilariga o‘z moliyaviy faoliyatining obro‘li auditorlar tomonidan tekshirilishini ta'minlash majburiyati yuklangan. Bundan tashqari, davlat byudjeti hukumat tomonidan nazorat qilinadigan eksport tushumlaridan daromadlarni aks ettirmaydi. Masalan, hukumat majburiy mehnat va inson huquqlarining keng ko‘lamda buzilishi vositasida paxta sektoridan olingan daromadlarni jamiyatdan yashirib keladi. Bu daromadlar prezident atrofidagi ayrim odamlar tomonidan nazorat qilinadigan va uning shaxsiy ko‘rsatmasiga ko‘ra ishlatiladigan byudjetdan tashqari yashirin hisob raqamlariga kelib tushadi. Aktivlarni O‘zbekistonga birlamchi shartlarsiz qaytarish davlatga olingan mablag‘larni hisobdorligi bo‘lmagan byudjetdan tashqari jamg‘armalarga o‘tkazish va bu aktivlarni davlat byudjetining daromad qismiga qo‘shmaslik imkoniyatini berishi ehtimoli yuqori.


Beshinchidan, mamlakatda davlat organlari faoliyatini kuzatuvchi mustaqil monitoring va nazorat institutlari, xususan, hukumatdagi korruptsiya holatlarini aniqlash va ularning oldini olish huquqiga ega mustaqil antikorruptsion davlat agentligi yo‘q. Shuningdek, O‘zbekistonda uyushgan mustaqil fuqarolik jamiyati ham mavjud emas. U 2004 va 2007 yillar oralig‘ida yo‘q qilingan. Bundan tashqari, qatag‘onlardan qo‘rqmasdan davlat organlaridagi korruptsiya amaliyotini o‘rganadigan, hujjatlashtiradigan va oshkor etadigan, jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazadigan mustaqil matbuot yo‘q. Ilgari bunday korruptsiya holatlari haqida xabar tarqatishga uringan faollar va jurnalistlar qiynoqlarga solindi va uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Garchi bu kabi jurnalistlar va faollarning ayrimlari yaqinda qamoqxonalardan ozod etilgani ijobiy holat bo‘lsa-da, ular to‘liq reabilitatsiya qilinmadi, demak davlat hamon ularni jinoyatchi sifatida ko‘radi. Ular nohaq ozodlikdan mahrum etilgani va sog‘liqlaridan ayrilgani uchun davlatdan tovon puli ham olgani yo‘q.

Bizning aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishning birlamchi sharti sifatida yuqorida qayd etilgan beshta sohada jiddiy islohotlar o‘tkazishga chaqirig‘imiz hukumatga nisbatan qarama-qarshilik sifatida ko‘rilmasligi kerak. O‘zbekiston siyosiy rahbariyatining o‘zi bu va boshqa sohalarda islohotlar o‘tkazishini bildirdi va bir qancha ijobiy qadamlar tashladi. Masalan, davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi. Endi uni qabul qilish va ijro etish kerak. Shuningdek, 2018 yil mart-aprel oylarida Bobomurod Abdullaev va boshqa uch fuqaro sudlanganda adolatli va ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tgani kuzatildi. Ammo bular sanoqli holatlar. Bundan tashqari, garchi jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazishga botinmayotgan bo‘lsa-da, o‘zbek matbuotida uyg‘onish kuzatilyapti. Bu ijobiy holatlar hozircha fundamental yoki ortga qaytmaydigan o‘zgarishlarni anglatmaydi va ularni yetarlicha deb bo‘lmaydi. Bu masalada nafaqat O‘zbekiston hukumatining yangilanishlar to‘g‘risidagi va'dalari, balki barqaror va davomiy islohotlar yo‘li hamda davlat boshqaruvining zamonaviy standartlarini joriy etish zarurati kerak.

Hukumat korruptsiyaga qarshi islohotlarning to‘laqonli hujjatlarini qabul qiladimi, bundan ham muhimi, qabul qilingan qonunlarning amalda so‘zsiz bajarilishini ta'minlaydimi, hali bunga aniqlik kiritish kerak bo‘ladi. Biz qayd etilgan beshta sohani isloh qilishdagi har bir sezilarli olg‘a siljish aktivlarning bir qismini qaytarish yo‘li bilan rag‘batlantirilishi va bu biz taklif etayotgan dasturlar to‘la amalga oshmaguncha davom etishi kerak, deb hisoblaymiz. Aktivlar restitutsiyasiga bosqichma-bosqich, aniq natijalarga asoslangan bunday yondashuv  mamlakat hukumatining islohotlar o‘tkazish va'dasiga, jumladan, 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga mos keladi.

Nega aktivlar Bot jamg‘armasi modeli bo‘yicha qaytarilmasligi kerak?


Biz “Qozoqgeyt” ishi bo‘yicha Qozog‘iston xalqiga 115 million dollarni qaytarish kanali sifatida 2009 yilda Bot jamg‘armasi tuzilganini to‘g‘ri qaror deb hisoblaymiz. Ammo 2012 yilda Shveytsariyadan Qozog‘istonga 48 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ning qaytarilishi aktivlarni repatriatsiya qilishning ishonchli bo‘lishi printsiplari nuqtai nazaridan o‘zini oqlamadi.

Bu mablag‘ning Yoshlar korpusi loyihasi uchun ajratilgan 21,76 million AQSh dollari miqdoridagi qismining qanday berilgani va foydalanilgani bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvlar mazkur loyiha muvofiqlashtiruvchisi mamlakat siyosiy elitasi tomonidan nazorat qilinadigan tashkilotlar konsortsiumi bo‘lganini ko‘rsatdi.  Konsortsiumni mamlakat prezidentining o‘zi ham siyosatchi bo‘lgan qizi Darig‘a Nazarboeva boshqaradi. Hukumatga aloqador bu konsortsium loyiha muvofiqlashtiruvchisi sifatidagi xizmatlari uchun 465 000 dollar olgan.

“Xaridlar to‘g‘risidagi olish cheklangan ma'lumotlarga ko‘ra, – deb yozadi surishtiruv mualliflari, – oshirilgan narxlardagi reklama materiallari, hukmron partiyaning yoshlar qanoti uchun mukofotlar, targ‘ibot vazifasini bajaruvchi materiallarga xarajatlar qilingani aniqlandi. Ijrochilarni tanlab olish prezidentning davlat mafkurasini qo‘llab-quvvatlovchi davlat mansabdorlari va siyosatchilar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqariladigan hukumatga aloqador tashkilotlardan amalga oshirilgan”. Bu esa qaytarilgan aktivlar korruptsiyadan jarb chekkanlarga emas, balki Qozog‘iston elitasi va hukmron partiya foydasiga sarflanishiga olib kelgan”.


Biroq O‘zbekistondagi bugungi vaziyat Bot modeli bo‘yicha xayriya jamg‘armasi tuzish variantini oshkoralik va hisobdorlik, aktivlarni mas'uliyat bilan qaytarish printsiplarini buzmagan holda amalga oshirish imkonsiz ekanini ko‘rsatadi. Hukumatdan mustaqil bo‘lgan bunday jamg‘armaning faoliyat ko‘rsatishi uchun hali mamlakatda sharoit mavjud emas.

Birinchidan, Bot jamg‘armasi Qozog‘istonda o‘z faoliyatini mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlarga grantlar ajratish yo‘li bilan amalga oshirdi. O‘z navbatida, ular kam ta'minlangan oilalarga moliyaviy va texnikaviy yordamlar ko‘rsatdi. O‘zbekistonda NNTlar sektori umuman yo‘q. 2004 yildan 2007 yilgacha bo‘lgan davr oralig‘ida fuqarolik jamiyatining nisbatan mustaqil tashkilotlari hukumat tomonidan yo‘q qilindi, buning oqibatida O‘zbekistonda uyushgan mustaqil fuqarolik jamiyati hozircha mavjud emas. Karimov rejimi repressiyasi tufayli ayni paytda O‘zbekistonda xuddi Bot jamg‘armasi kabi aholiga xizmatlar ko‘rsatuvchi yoki bu mablag‘lar qanday ishlatilayotganini mustaqil monitoring qiluvchi mustaqil tashkilotlar yo‘q.

Ikkinchidan, qayd etganimizdek, O‘zbekistonda davlat xaridlari uchun shaffof tenderlar va jarayonlar yo‘qligi sababli qaytarilgan mablag‘lar hukumatga yaqin shaxslarga manfaatli bitimlar vositasida yashirin sxemalar orqali yo‘naltirilishi va shu yo‘l bilan yana qayta o‘g‘irlanishi va yuvilishi ehtimoli yuqori. Toshkentdagi qurilish va ta'mirlash ishlarida manfaatli shartnomalar berish bo‘yicha bunday yashirin kelishuvlarga biz hozir ham yetarlicha duch kelyapmiz.


Uchinchidan, davlat mablag‘lari sarflanishi tizimi ochiq bo‘lmasa, hukumat qaytarilgan aktivlarni ishlatishda o‘yin qilishi ehtimoli yo‘q emas. Masalan, u qaytarilgan aktivlar yo‘naltiriladigan sohalardagi davlat moliyaviy ta'minotini qisqartirishi yoki bekor qilishi mumkin. Ichki moliyaviy oqimlarni bunday yo‘naltirish tufayli xayriya dasturlari vositasidagi ehtimoliy restutitsiya O‘zbekiston xalqiga kerakli natijani bermaydi.

Va nihoyat, biz aktivlardan korruptsiyaga qarshi islohotlarni kuchaytirishda foydalanish korruptsiya qurbonlari manfaatlari va O‘zbekistonning uzoq muddatli taraqqiyoti nuqtai nazaridan yanada foydaliroq bo‘ladi, deb hisoblaymiz.

Nadejda Otaeva, Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi, Le-Mans, Frantsiya, n.atayeva@gmail.com

Umida Niyozova, O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi, Berlin, Germaniya, umida.niyazova@gmail.com


Yodgor Obid, sobiq siyosiy mahkum, Avstriya rezidenti


Dilya Erkinzoda, o‘zbek siyosiy qochqini, Shvetsiya rezidenti


Ulug‘bek Haydarov, jurnalist, sobiq siyosiy mahkum, Kanada rezidenti


Alisher Obidov, siyosiy qochqin, Norvegiya rezidenti.


Qator mahalliy o‘zbek faollari ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo ularning xavfsizligidan xavfsirash nuqtai nazaridan ismlari oshkor etilmaydi.

Ilova

Aktivlarni mas'uliyatli qaytarish bo‘yicha xalqaro ishchi guruh

O‘ZBYeKISTONDA KORRUPTsIYaGA QARShI ISLOHOTLARDA O‘SIShGA ERIShISh INDIKATORLARI

Shveytsariya va O‘zbekiston hukumatlari Gulnora Karimovaning O‘zbekiston xalqidan o‘g‘irlangan va Shveytsariya banklarida yashirilgan aktivlarini qaytarish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda. O‘zbekiston fuqarolik jamiyati faollari mazkur aktivlar yana o‘g‘irlanmasligi, balki O‘zbekiston fuqarolari farovonligini oshirishga ishlatilishi kafolatlanishi uchun aktivlarni qaytarishning birlamchi sharti sifatida bu haqdagi bitimga O‘zbekiston institutlarining isloh qilinishi majburiyati to‘g‘risidagi punkt kiritilishiga chaqirmoqda. Ular ko‘zda tutayotgan islohotlar BMT, Jahon banki va boshqa donorlarning hukumatlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi kelishuvlariga qo‘shiladigan talablarga mosdir.

Xalqaro hamjamiyat hukumatlar bunday islohotlarni amalga oshirishda erishgan yutuqlarni baholash uchun bir qator indikatorlar ishlab chiqqan. Quyida O‘zbekiston faollari aktivlarni qaytarish sharti sifatida taklif etayotgan islohotlarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlarni baholash indikatorlari sanab o‘tiladi. Biz Shvetsariya va O‘zbekiston hukumatlarini ushbu mezonlarni aktivlarni qaytarish to‘g‘risidagi kelishuvga kiritishga qat'iy chaqiramiz. Ular aktivlarning qaytarilishi sharti sifatida O‘zbekistonning real islohotlarni amalga oshirishi uchun ambitsiyali va real maqsadlar to‘g‘risida kelishib olishi kerak.

  1. Oshkora va raqobatli tenderlar tizimini yaratish.

Jahon bankining davlat xaridlari sohasidagi ko‘rsatkichlarning yillik hisoboti har bir mamlakat tenderlarning ochiqligini va adolatli raqobatni ta'minlashda xalqaro standartlar tomon qanchalik odimlayotganini ko‘rsatib beradi. Gruziyadagi Axborot erkinligi rivoji instituti Yevroosiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda mazkur mintaqa davlatlari ushbu standartlarga qanchalik erishganini baholash metodologiyasini ishlab chiqdi.

  1. Layoqatli, mustaqil va nosiyosiy davlat xizmatlarini yaratish.

Jahon bankining davlatlarning muvaffaqiyatlari to‘g‘risidagi yillik ma'lumotlari va ularning institutsional bahosi mamlakatlar davlat xizmatchilarining xizmatlarini ob'ektiv baholash, shuningdek, bu xizmatchilarning davlat xizmatini o‘tash chog‘ida siyosiy neytrallik printsiplarini qanchalik saqlashini ko‘rsatib beradi. Professorlar Piter Evans i Jeyms Raux milliy miqyosda davlat xizmatlarining sifatini baholash metodologiyasini ishlab chiqdi. Bu metodologiya olimlar va siyosatchilar tomonidan davlat xizmatlaridagi byurokratiyani baholashda keng foydalaniladi.

  1. Adolatli sud muhokamasi va tegishli huquqiy jarayonlarga bo‘lgan huquqqa rioya etilishini ta'minlovchi mustaqil sud tizimini yaratish.

Gyoteborg universitetining V-Dem loyihasi har yili mamlakatlarni ijroiya hokimiyati konstitutsiyani qanchalik hurmat qilishi va sud qarorlarini ijro etishi, sud tizimi qay darajada mustaqil ishlashi mumkinligi nuqtai nazaridan baholab boradi. “Jahon yustitsiyasi” loyihasi va “Bertelsmann transformatsiyasi indeksi” hukumatlar qonun ustuvorligi tamoyillariga qanchalik amal qilishiga baholarni har yili e'lon qiladi.

  1. Davlat va korporativ moliya tizimining ochiqligini ta'minlash.

Shveytsariya, Yevropa Ittifoqi hukumatlari va Xalqaro moliya jamg‘armasi kiradigan sheriklik “Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik tuzilmasi (PEFA)”ni ishlab chiqdi. U moliyani boshqarishning davlat tizimi ochiqligi va samaradorligini tizimli baholashning umum tan olingan usuli hisoblanadi. “Ochiq byudjet hisoboti”da byudjet to‘g‘risidagi ma'lumotlarning ochiqligiga, byudjetni tuzishda davlat moliyasi tizimining hisobdorligi va moslashuvchanligiga ko‘maklashuvchi boshqa usullar baholanadi. “Soliq odil sudlovi tarmog‘i” tomonidan boshqariladigan “Moliyaviy sirlar indeksi” korporativ tuzilmalar ochiqligini baholashning xalqaro tan olingan mezonlarini ta'minlaydi.

  1. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yich mustaqil agentlik tuzish yo‘li bilan hisobdorlikni mustahkamlash hamda fuqarolik jamiyati faoliyati va ommaviy axborot vositalari erkinligi uchun shart-sharoitlarni ta'minlash.

Har yili Jahon banki turli manbalardan keyinchalik “hisobdorlik va fikr bildirish erkinligi” shkalasiga kiritiladigan ma'lumotlarni to‘playdi. Ular mamlakatlar fuqarolari o‘z hukumatlarini saylashda qay darajada ishtirok etishi mumkinligini, o‘z fikrini bildirish va xususiy ko‘ngilli uyushmalar tuzishda qanchalik erkinligini, ommaviy axborot vositalari erkinligi qanchalik cheklanganligini ko‘rsatadi.

Tag‘in o‘qing
18 oktyabr 2018
18-19 oktyabr kunlari  O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Buxoro viloyati chegarasida qurilishi rejalangan atom elektr stantsiyasining ...
11 oktyabr 2019
Ko‘zimni ochsam, BMT anjumanida o‘tiribman. Oldimda O‘zbekiston bayrog‘i. Bo‘ynimga osilgan beyjikni aylantirib qarasam, O‘zbekiston vakili emishman. Ammo o‘tmish bilan ...
30 noyabr 2020
O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ida bolalar mehnatiga barham berilishi, kattalar majburiy mehnatining sezilarli darajada kamayishida O‘zbekiston inson huquqlari forumi (sobiq O‘zbekiston-Germaniya ...
16 dekabr 2016
Konstitutsiyada prezident faqat ikki marta saylanish huquqiga ega ekani belgilanganiga qaramay, O‘zbekistonning marhum rahbari 25 yil davomida lavozimidan ketmay, ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...