Document UZ
27 dekabr 2018

Toshkentda diniy arbob tarmoqdagi muxolifini kaltakladi

Toshkentning Nukus ko‘chasida, Mirobod bozori yaqinidagi maydonda 21 dekabr kuni poytaxtlik xonanda Dilnur Komilov qattiq kaltaklandi. Qonga botgan, og‘ir ahvolda u o‘ziga «tez yordam» chaqirishga majbur bo‘ldi va hozirda 1-respublika shifoxonasida qolmoqda.  

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, 39 yashar bemorning ahvoli ancha yaxshilangan, biroq u hamon shifoxonada qolmoqda. Chunki uning miyasi qattiq chayqalgan, burni sindirilgan, ko‘zining osti yirtilgan, badanining bir qancha joyi jarohatlangan.

Dilnur Komilov

Ma'lum bo‘lishicha, unga hujumni Islom tsivilizatsiyasi markazi xodimi 41 yashar Abror Muxtor Aliy (pasportiga ko‘ra – Abror Muxtoralievich Abdullaev) amalga oshirgan. Ta'kidlash kerak, bu mushtlashuv emas, balki yerda yotgan odamni vahshiylarcha kaltaklash bo‘lgan. 

Voqeani Toshkent shahri Mirobod tumani IIB bo‘limi surishtirmoqda. Jabrlanuvchining arizasi, shuningdek, «102» shahar xizmatiga ham kelib tushgan. AsiaTerra tahririyati Dilnur Komilov bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi va u voqea yuzasidan quyidagilarni bildirdi:

«21 dekabr kuni menga noma'lum raqamdan qo‘ng‘iroq qilgan shaxs o‘zining Abror Muxtor Aliy ekanini aytdi va ko‘chaga chiqishimni so‘radi. Biz  11.20 – 11.30 larda Mirobod bozorining orqa kirish joyida uchrashishga kelishdik. Men uni sirtdan bilganim uchun u menga chindan hujum qiladi, deb o‘ylamadim va belgilangan joyga bordim. U yerga yetib borishga ulgurmay, qo‘qqisdan qattiq zarba kelib tushdi – kimdir kuchi boricha avvaliga qornimga tepdi, keyin esa yuzimga zarba berdi.

Ko‘z oldim qorong‘ulashdi, men yiqildim, burnimdan qon kela boshladi. Ko‘zimni ochganimda ustimda o‘sha – Islom tsivilizatsiyasi markazi xodimi Abror Muxtor Aliy turganini ko‘rdim (u baland bo‘yli va shunga muvofiq baquvvat ham edi). Ahvolimga qaramay, u meni, yerda yotgan odamni oyog‘i bilan tepa boshladi, garchi men allaqachon nafas ololmay qolgan edim. U meni urarkan, kechirim so‘rashimni, «boshqa bahslashmaslik va yozmasligim»ni talab qilardi, men dam hushimdan ketib, yangi zarbalardan tag‘in o‘zimga kelardim.

Keyin uning yonida soqolli yana bir odam turganini ko‘rdim, aftidan u bungacha mashinada, sherigining harakatini chetdan kuzatib o‘tirgan edi. To‘xtamayotgan zarbalardan men bir necha bor hushimdan ketdim, biroq har safar Abror Muxtor Aliy meni yoqamdan ushlab, siltab o‘zimga keltirar, «Sen iflos, haromi, buni xohlagan joyingda isbotlayman!» deya ketma-ket zarbalar berardi.


«erkakcha gaplashish»ga chaqiriq

Kaltaklash bir soatcha, balki sal kamroq davom etdi. Vaqti-vaqti bilan odamlar kelib ajratmoqchi bo‘lishdi, biroq har safar hujumchi ularni chetga surib, o‘z haqorati uchun tegishini olyapti, der edi. Faqat butun yuzim qonga belanganidan keyingina jimgina kuzatayotgan uning o‘rtog‘i, «Kel, uni boshqa joyga olib borib, o‘sha yerda «razborka»ni davom ettiramiz», deya Abror Muxtorni mendan chetga tortishga urina boshladi.

Bir vaqt men Abrorning kimgadir qo‘ng‘iroq qilib: «Men bu yerda bitta …ni kaltaklab qo‘ydim, ishni bosti-bosti qilish kerak», deganini eshitdim. Menimcha, gap uning militsiyadagi tanishi bilan bo‘layotgan edi. Keyin uning sherigi suv keltirib, yerdagi qon izlarini yuvdi. So‘ng ikkovlashib meni mashinaga o‘tqazib, boshqa joyga olib ketmoqchi bo‘lishdi. Men qo‘limdan kelgancha qarshilik qildim va ular bu urinishni bas qilishdi. «Bu senga dars bo‘lsin. Tushunmasang, kelasi safar yomon bo‘ladi!» deya po‘pisa qilib, aftidan juma namoziga ketishdi. Garchi bozor yaqinida yashasam-da, uyga o‘z oyog‘im bilan yetib bora olmasligimga ko‘zim yetib, «tez yordam» chaqirdim va meni olib ketishdi».

Diniy arbob bilan janjal

«Abdullaev bilan bizning janjalimiz ijtimoiy tarmoqda bahslashuvdan boshlandi, bu bir yildan ortiq davom etdi. Mening o‘zim xonanda va musiqachiman, biroq keyingi yillarda menda diniy ilmga qiziqish uyg‘ongandi (garchi o‘zim masjidga bormasam ham uning mohiyatini anglamoqchi edim). Shu bois yutubda va feysbukda men o‘zini diniy ilmning bilimdoni deya tanitayotgan Abror Muxtor Aliy ismli internet-foydalanuvchisi bilan tanishdim. U onlayn-darslar olib borar, diniy mavzularda maslahatlar berar, savollarga javoblar berardi.

Komilov va Abdullaev dialogi

Avvaliga men unga hurmat bilan munosabatda bo‘ldim. Biroq asta-sekin diniy niqob ostida oddiy yolg‘onchi turganini seza boshladim. Men uning diniy aqidalarni xato talqin qilayotgani, ularning mohiyatini buzayotgani haqida bahslasha boshladim. Vaqti-vaqti bilan uning u qaysidir gunohlar uchun «shafqatsiz jazolash»ga chaqiriqlari va fikrlari bilan kelishmasligimni bildira boshladim. Bunga javoban u feysbukda va yutubda mening o‘zimni, onamni va kasbimni haqoratlab, «nohalol yo‘l bilan non topadigan haromi», «otarchi», «baxmal ishtonlik» va hokazo gaplarni yoza boshladi. 

Ayni paytda u menga qarshi o‘zining tarafdorlarini gij-gijlay boshladi – uning akkauntida yigirma mingtacha odam bor edi. U fikriga qo‘shilmaganlarga haqoratli yorliq yopishtirish, «din dushmani» deya atashni xush ko‘rardi. Oxirgi bahslarimizdan birida uning «haromdan tarqagan, onasi buzuq», degan gaplaridan keyin men chidab tura olmadim va shu ruhda javob qaytardim. Shu bilan hammasi boshlandi».

Shifoxona xodimlari, odatdagidek, zudlik bilan kaltaklanish alomatlari bilan bemor keltirilgani haqida militsiyaga xabar berishdi. So‘ngroq Dilnurning voqeaga adolatli baho berishni so‘rab (O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga, Bosh prokuraturaga, Islom tsivilizatsiyasi markaziga, Musulmonlar diniy idorasiga) arizalar yozishiga to‘g‘ri keldi. To‘g‘ri, ularning hammasi ham hali jo‘natilmagan.   


Komilov va Abdullaev dialogi

Uning so‘zlariga ko‘ra, u yuz bergan voqeani jamoatchilikka olib chiqishni istamayapti, biroq bunga uni Abror Muxtor Aliyni qo‘llab-quvvatlovchilarning ijtimoiy tarmoqda hanuz davom etayotgan tahdidlari majbur qilmoqda. O‘zining og‘ir ahvolda bo‘lishiga qaramay, Dilnur bugun nefrologik klinikada davolanayotgan kasal onasining ahvolidan ko‘proq tashvishda. «Kasal onamga qarash vazifasi mening zimmamda edi. Endi esa o‘zim shunday qarovga muhtojman. Uni tinchlantirish uchun shifoxonadan turib, zudlik bilan xizmat safariga (yangi banketida ishtirok etish) ketishga to‘g‘ri kelganini aytdim», deydi u.

Gapdan harakatga

Kaltaklangan shaxs hukumat idoralariga yozgan xatlariga hamon javob olmaganini aytmoqda. «Kuppa-kunduzi, poytaxtning qoq markazida, o‘zini dindorlarning kattasi deya biluvchi, Islom tsivilizatsiyasi markazi a'zosi bo‘lgan shaxs boshqa birovni shafqatsiz, hushidan ketguncha kaltaklashi, bu ham yetmay, «Kelasi safar yana ham yomonroq bo‘ladi!» deya tahdid solishi mumkinmi?»

Abdullaevning yozganlari

Agar bu odam o‘z diniy mashg‘ulotlarida har qanday boshqa shaxsga, ularning «noqulay» savollar bergani yoki savol beruvchining o‘zi yoqmagani uchungina agressiv hujum qilishga moyil bo‘lsa, bunday atvor va tuhmat islom dini mantig‘iga to‘g‘ri keladimi? Diniy arbobga qaysidir shaxsning qaysidir sababga ko‘ra unga yoqmagani uchun «samosud» qilish huquqi berilmagan-ku? Dunyoviy davlatda «haromi» degan haqoratli so‘z bilan kimnidir haqorat qilib, shafqatsiz kaltaklash mumkinmi? Nimaga o‘zlarini tuta olmaydigan, diniy savod asoslariga ega bo‘lmagan shaxslarning yoshlarni tarbiyalash uchun ijtimoiy tarmoqda onlayn darslar olib borishiga, minbardan turib lektsiyalar o‘qishiga ruxsat beriladi?».

Qizig‘i shundaki, ijtimoiy tarmoqda ushbu diniy «avtoritet» rahbarligi ostida, hech bir niqobsiz tarzda ko‘p ming kishilik auditoriya uchun virtual (tashviqot) darslar olib boriladi, unda diniy asosdagi zo‘ravonliklarga chaqiriqlar yangraydi. Bunday da'vatlar va o‘zgacha g‘oyani yo‘q qilish chaqiriqlari dindan boshqa biror qat'iy mafkura bo‘lmagan jamiyatda ayniqsa xatarlidir. 

Kaltaklangan ayolning advokati yozgan ariza

Bizdagi mavjud audiodagi chiqishida Abror Muxtor bunday deydi: «Bizning shariatimizga ko‘ra, biz jim turmasligimiz va hammasiga rozi bo‘lmasligimiz kerak. Biz «Chap yuzingga urishsa, o‘ng yuzingni tut», degan Iso tarafdorlari emasmiz. Biz joyida javob berishimiz, kerak bo‘lsa, jazolashimiz kerak. Buning uchun shariat bizga aniq jazo turlarini ko‘rsatgan. Tuhmatchi tayoq bilan urib jazolanadi, zinokor kaltaklanadi, ayrimlarini toshbo‘ron qilish kerak, o‘g‘rining qo‘lini kesish kerak va boshqa gunohlar uchun ham jamiyatda jazolar belgilangan. U odamlar kimki, otasining ma'lumi bo‘lmasa, ota tarbiyasini ko‘rmagan bo‘lsa, o‘z ustozlarining tarbiyasini olmagan bo‘lsa. Tabiiyki, ular jamiyatdagi «haromiylar»dir. Biz buni unutmasligimiz kerak».

Mulla Abror Muxtorni taniydiganlar uni haddan tashqari badfe'l va e'tirozlarga, tanqidchilariga mutlaqo toqatsiz deb ta'riflashadi. U ko‘pincha salga o‘zidan ketib, «mushtlashuv»ga o‘tishga moyilligini aytishadi. Shu yilning fevralida «Eltuz» mustaqil sayti u o‘zining yosh, uchinchi xotini – 21 yashar Saodatxon A'zamxo‘jaevani xomilador qilib, so‘nggi oyi yetganida ko‘chaga haydagani haqida yozgan edi. O‘sha paytda Abror Muxtor Aliy Toshkentdagi «Minor» masjidi imom xatibi, marhum Anvar qori Tursunovning o‘rinbosari bo‘lib ishlardi. Ushbu voqeadan so‘ng u ishdan olingan edi.

Agar sobiq imomning o‘rinbosari shaxsiy sahifasiga kirib o‘qiydigan bo‘lsak, u holda «nusxa ko‘chirgandek» uning tarafdorlari o‘tirganini ko‘rish mumkin. Hatto hozir, Dilnur bilan bo‘lgan voqeadan keyin ham radikal kayfiyatdagi bu nusxalar jabrlanganga hamdardlik o‘rniga uning sha'niga iflos gaplarni yozishda davom etishmoqda. Bu izohlar aftidan «ustoz»larining iznisiz yozilayotgani yo‘q: «To‘g‘ri qilibdi, dinga qarshi yozolmasliging uchun [seni] o‘ldirish, tilingni va qo‘lingni kesish kerak edi!». Garchi jabrlangan shaxs dinga qarshi emas, ular da'vat qilayotgan zo‘rovonlikka qarshi yozgan edi.

«Ustimda turib, bor kuchi bilan meni teparkan: «Men – madaniyatli odamman. Kechirim so‘ra!» deb baqirardi», – deya eslaydi kaltaklangan musiqachi.

Uning kuzatishicha, so‘nggi ikki yil davomida (diniy targ‘ibotga nisbatan qator cheklovlar bekor qilinganidan so‘ng) mamlakatda shariat qonunlarini joriy qilish talablari borgan sari qattiqroq yangray boshlagan. Bu talablarga qo‘shiluvchilar yana ham ko‘proq, biroq ular hozircha aralashmay, kutib turishibdi. Rasmiy diniy idorani nazoratda ushlashni hukumat hozircha eplayapti. Biroq «nazoratsiz» diniy arboblar ko‘lami qo‘rqinchli darajada kengaymoqda va ular o‘z talablarini qo‘yish uchun qulay fursatni kutishmoqda.

Yarashtirish uchun jo‘natilgan «choparlar» 

Dilnur shifoxona palatasida qolarkan, uni ko‘rishga nafaqat do‘stlari va qarindoshlari, balki mutlaqo notanish odamlar ham kelgan.«21 dekabr kuni kechqurun huquq-taribot idorasi xodimlari mening arizamni qabul qildi, 23-kuni esa menga yashash joyimdagi uchastka noziri qo‘ng‘iroq qildi (yaqin kunlarda sud tibbiy ekspertizasi natijalari chiqishi kerak edi). Tezgina allaqanday «o‘rtakashlar» ham faollashib qolishdi. Turli odamlar, hatto diniy idoradan ham kelishdi. Kimdir yordam, kimdir hatto «yarashish» uchun pul ham taklif qildi. «Janjalga diniy tus berish kerak emas», deya maslahat berishdi. Bu chindan ham tegishli motivga ega diniy samosud emasmi? Eng yoqimsiz tomoni – tag‘in jazosiz qoldirish ko‘zlanmoqda: «Baribir yutqazasan, imom Abrorning «organ»larda «krishasi» bor», deyishdi. Biroq men rad etdim.

Militsiyadan menga ma'lum bo‘lishicha, imomni Mirobod TIIVga chaqirishgan, bu yerda u butun aybni menga to‘nkab, o‘zini oqlashga uringan: «Mening onamni so‘kdi», degan. Haqorat qilishni o‘zi boshlaganini, tabiiyki, bo‘yniga olmagan. Hatto u arizasini mendan oldin yozishga ulgurgan. Hatto diniy yo‘nalishdagi ekstremistik elementlar bilan kurash olib borayotganini qo‘shimcha qilishni ham unutmagan», – deydi Dilnur Komilov.

Dilnur Komilov sahnada

Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi paytlarda bir necha bor unga qarshi tahdidlar bo‘lganiga qaramay, ularni jiddiy qabul qilmay kelayotgan edi. Abror Muxtor Aliy va uning tarafdorlari barcha ateistlarni «kofir» deya e'lon qilib, ularning barchasini o‘ldirish kerakligini aytib kelishgan. Tarmoqdagi yozishmalaridan birida hatto uning o‘z ro‘yxatidan aniq ismlar keltirib, o‘z tarafdorlarini «kofirlarni toshbo‘ron qilish»ga ochiq chaqirgani yozuvlari saqlangan. Muxtor Aliy ayniqsa sahna maydonlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlarga toqatsiz bo‘lib, «sanitar tozalash» joiz odamlar sirasiga, uning mantig‘iga ko‘ra, qo‘shiqchilar va musiqachilar kiradi.

Dilnur Komilov hamkasblari bilan

Ta'kid joiz, bu yo‘sinda u, taassufki, yolg‘iz emas. AsiaTerra o‘z o‘quvchilarini Toshkentdagi Mirza Yusuf masjidi imomi Rahmatullo Sayfuddinovning yumoristlarni «xalq va millat osoyishtaligini buzuvchi qora kuchlar», deya atagani haqida xabardor qilgan edi.

AsiaTerradan olinib Eltuz tomonidan tarjima qilindi

Tag‘in o‘qing
22 yanvar 2018
52 kishining hayotiga nuqta qo‘ygan avtobusdagi yong‘indan 4 kun o‘tib o‘zbekistonlik muhojirlar yana qozoq dashtlarida muammoga duch keldi. 41 ...
20 iyul 2018
Nukus muzeyida 16 iyulga o‘tar kechasi zanglagan quvurdan oqqan suv mashhur futurist rassom Aleksandr Shevchenkoning «Chelak ko‘targan ayol» rasmiga ...
24 may 2016
Buxoroning so‘kong‘ich hokimlaridan birini majlisda bir urib yiqitgan olotlik fermer Bahodir Sharipov nomi elga ovoza bo‘ldi. Ayrim manbalar, hususan ...
26 dekabr 2018
2018 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning tashqi qarzi qariyb 16 milliard dollarni tashkil etdi va YaIMning qariyb 40-45 foiziga yaqinlashdi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...