• Oilaviy arxivdan: Quljonava O‘g‘iloy ikki qizi bilan
Document UZ
30 oktyabr 2019

Cud ikki bolali yolg‘iz onani uyidan haydab chiqarmoqda

31 oktyabr kuni Jizzax shahri apellyatsiya sudi 35 yashar O‘g‘iloy Quljonovaning o‘z uyidan majburiy chiqarilishi yuzasidan shikoyat arizasini ko‘rib chiqadi. Shu yilning sentyabrida Do‘stlik tumanlararo sudi bu yolg‘iz ona va uning voyaga yetmagan ikki farzandini uy-joydan majburiy tartibda chiqarish yuzasidan da'vogar Abdumalik Islomovning da'vosini qondirgan edi.

Javobgar O‘g‘iloy Quljonova voyaga yetmagan farzandlari bilan birgalikda Paxtakor tumanidagi  namunali uy-joydan «majburiy tartibda chiqarilsin», deyiladi sud raisi T.Hakimov 5 sentyabr kuni imzolagan hal qiluv qarorida.

O‘g‘iloyni uydan chiqarish yuzasidan sudning hal qiluv qarori

Uy sotilgani haqidagi tilxat

O‘g‘iloy Quljonova namunali uyni 2017 yili sobiq eri Akrom Quljonov bilan birgalikda 42 millon so‘mga xarid qilgani, bu haqda uning qo‘lida da'vogar imzolagan tilxat borligini «Eltuz»ga aytmoqda.

«Men, Islomov Abdumalik, haqiqatan ham Yangi massiv hududidagi uyimni 42.000 (qirq ikki) million so‘mga Quljonov Akromga sotdim. Ushbu xatni o‘z qo‘lim va so‘zim bilan yozdim», deyiladi 2017 yilning 6 dekabrida Abdumalik Islomov bergan tilxatda.

Islomov Abdumalik imzolagan tilxat

Quljonovaning suddagi advokati Nurik Namirovning «Eltuz»ga bergan izohiga ko‘ra, sudning bu qarori O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 112-moddasi 2-qismi, O‘zbekiston Oliy Sudi Plenumining 22.12.2006 yilgi 15-qarori 4-qismiga ziddir.

«Birinchidan, mening mijozim voyaga yetmagan ikki qizaloqning yolg‘iz onasi, ikkinchidan esa u bu uyni xarid qilgan. Da'vogar bu haqda tilxat yozib bergan. Yashagan davri uchun ham kvartira haqini oyma-oy to‘lab borgan», deydi Namirov «Eltuz»ga bergan intervyusida.

IIB xodimlari bo‘lgan qarindoshlar boshlagan mojaro

2004 yili O‘g‘iloy IIB zobiti Akrom Quljonovga turmushga chiqadi, ulardan ikki qizaloq dunyoga keladi. Eri esa uni o‘g‘il merosxo‘r tug‘ishga layoqatsizlikda ayblab, muttasil kaltaklar edi. O‘tgan yilning dekabrida navbatdagi kaltaklashdan so‘ng 6 kun shifoxonada yotib chiqadi.

O‘g‘iloyning sobiq eri, ayni paytda IIB zobiti Akrom Quljonov

Hatto ayolining homiladorligi ham erkakni to‘xtata olmaydi. Joriy yilning yanvarida navbatdagi kaltaklash payti O‘g‘iloy ikki oylik homilasini yo‘qotadi.

«Erim bilan uzoq yashamadik. Janjal oddiy, o‘g‘il tug‘mayapsan, degan gapdan chiqdi. Shu yilning yanvar oyida ajrashdik. Meni urib-urib, bitta xonaga qamab qo‘yishdi. Uydagi barcha jihozlarni katta bir mashinaga yuklab olib ketishdi. Militsiya boshlig‘i bo‘lgan qaynim (Ikrom Quljonov) mojaro ustiga yetib kelgan uchastkavoy militsiyaga ham aralashmaslikni buyurgan edi o‘shanda», deydi O‘g‘iloy.

O‘g‘iloyning fikriga ko‘ra, uning uyidan mahrum qilinishi sobiq erining o‘ch olishda davom etayotganini anglatadi. U sud mojarolari tepasida Uchtepa tumani IIB tezkor xodimi bo‘lgan sobiq eri Akrom Quljonov va uning akasi, Do‘stlik tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Ikrom Quljonov turganini iddao qilmoqda.

Uning «Eltuz»ga bildirishicha, bugungi kunda sobiq eri sudga ham ta'sir o‘tkazib, uni va voyaga yetmagan ikki qizini uysiz qoldirish taraddudiga tushishgan.

31 oktyabr kuni O‘g‘iloyning apellyatsiya shikoyat arizasi yuzasidan so‘nggi sud majlisi kutilmoqda. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 oktyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 10-qismida muxbir undan o‘z ota-bobolari tarixi haqida so‘raydi. Video: ...
9 yanvar 2020
Agar sizga yaqin bir necha oy ichida O‘zbekistonga borish nasib etsa, ko‘proq uch narsa haqida eshitishingizga to‘g‘ri keladi.  Mulozimlar ...
20 iyun 2018
O‘zbek rasmiylari 16 iyun kuni xibsga olingan AQSh vatandoshi Zokir Aliev Afg‘onistonda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, hukumat va xalqaro koalitsiya ...
14 sentyabr 2016
Nemis OAVlarida O‘zbekiston prezidenti vafotiga oid e'lon qilingan maqolalarda, asosan, Karimovning qattiqo‘llikka asoslangan uzoq yillik hukmronligining ziddiyatli merosi, bu ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...