• Foto: Chapda Shokir Ashurov, o‘ngda pora bilan qo‘lga olingan advokat Abubakir Toshev
Document UZ
5 mart 2020

Sobiq tergovchi DXX xodimlari bosimi tufayli mamlakatdan chiqib ketganini iddao qilmoqda

Samarqand tumani ichki ishlar bo‘limi sobiq tergovchisi, militsiya katta leytenanti 34 yashar Shokir Ashurov DXX xodimlari unga qarshi tuhmat uyushtirib, jinoyat ishi ochgani, shu bois mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lganini aytmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudi qaroriga ko‘ra, 2018 yil 20 avgustida Ashurov ta'magirlik va katta miqdorda pora olishda aybdor deb topilgan va 1 yil 10 oy muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm etilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Shokir Ashurov “Siyob” advokatlar hay'ati advokati Abubakir Toshev orqali “ishni gumonlanuvchi foydasiga hal qilish va'dasi bilan” viloyat SES boshlig‘i Abduhalim Ashurovdan 40 million so‘m (o‘sha kungi davlat kursi bo‘yicha 5000 dollar) pora olishda ayblangan. 

Biroq “Eltuz” muxbiriga intervyu bergan sobiq tergovchi unga ochilgan ishda qalbaki dalillar qo‘llanilgani va qo‘yilgan ayblar mutlaqo asossiz ekanini iddao qilmoqda.

Sobiq tergovchi Shokir Ashurov

SES boshlig‘ining pora taklifi

Tergovchi Shokir Ashurovning “Eltuz” muxbiriga aytishicha, 2018 yili uning qo‘liga korruptsiyada gumon qilingan Samarqand viloyati SES (sanitariya-epidemiologiya stantsiyasi) boshlig‘i Abduhalim Ashurovga taalluqli jinoyat ishi kelib tushadi. 

Dastlabki surishtiruv ma'lumotlariga tayanib, Shokir Ashurovning “Eltuz”ga bildirishicha, Abduhalim Ashurov SESga qarashli 1 gektar davlat yerini 70 ming dollarga sotgani, shuningdek, mansab vakolatidan foydalanib fuqarolarga katta miqdorda zarar yetkazgani aniqlangan. 

“Men shu pullarning egalariga qaytarilishini undan 3-4 marta talab qilganman. Bir marta u qo‘lida qora rangli paket bilan oldimga keldi. Salomlashganimdan so‘ng menga «Xonangizga bir kiraylik, sizga gapim bor», dedi. Shunda men unga «Mening siz bilan alohida gaplashadigan gapim yo‘q, siz borib moddiy zararni to‘lang, mening oldimga himoyachingiz bilan birga keling, men sizga zararni to‘lash uchun bayonnoma rasmiylashtirib beraman», dedim. Abduhalim «Iltimos, xonangizga bir kiraylik, gapim bor», deb turib oldi. Unga ro‘yi-rost «Nima, siz menga pora taklif qilmoqchimisiz, men hozir rahbariyatimni chaqiraman», deyishim bilan u orqasiga qarab ketib qoldi”, deya eslaydi Shokir Ashurov “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda.

Prokuratura tergovchisi Jahongir Ubaydullaev va u imzolagan ashyoviy dalillar haqidagi hujjat

Diktofon va belgili pullar

Sud hujjatlariga ko‘ra, Samarqand viloyati SES boshlig‘i Abduhalim Ashurov 2018 yilning 11 iyulida tergovchi Shokir Ashurov jinoyat ishini uning foydasiga hal qilish uchun undan pora so‘raganini aytib, DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. 

DXX tergovchi Ashurovni pora bilan qo‘lga tushirish uchun gumonlanuvchini diktofon va maxsus siyoh bilan pora degan yozuv yozilgan pullar bilan ta'minlagan.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi operativ bo‘limi xodimi kapitan R.Meliev va SES boshlig‘i Abduhalim Ashurov o‘rtasida diktofon topshirish va qabul qilish bo‘yicha jami 6 ta bayonnoma 3 nafar turli shaxs tomonidan to‘ldirilgan.

Biroq 2012 yildan buyon tergovda ishlayotgan IIB katta leytenanti Shokir Ashurov “Eltuz”ga DXXning bu tuzog‘i amalga oshmaganini aytadi:

“2018 yilning 28  iyuli edi. Soat taxminan 10.30 larda oldimga himoyachi Abubakir Toshev va gumonlanuvchi Abduhalim Ashurov kelishdi. Men atay xonamdagi kamerani yoqib qo‘ydim va ular jinoyat ishi materiallari bilan tanishdilar. Shu vaqtda gumonlanuvchi Abduhalim Ashurovdan “Nima uchun meni DXX xodimlariga pora bilan ushlab bermoqchi edingiz”, deb so‘radim, shunda u o‘zini jinniga solib “Boshim og‘riyapti, boshim og‘riyapti, suv beringlar, mazam bo‘lmayapti”, deb xonadan chiqib ketdi”.

Lekin, Shokir Ashurovning iddaosiga ko‘ra, natijadan qanoatlanmagan DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tezkor vakillari bilan til biriktirgan Abduhalim Ashurov ayni pora berish amaliyotini endi o‘zining advokati Abubakir Toshevga qo‘llashadi. 

2018 yilning 31 iyulida advokat Toshev o‘z xonasida Abduhalim Ashurov tomonidan go‘yoki tergovchi Ashurov uchun atalgan  5000 dollar bilan qo‘lga olinadi. 

DXX tezkor guruhi vakili Mirzobek Mahmudov va DXX guruhi belgilagan pullar ekspertizasi

Soxtalashtirilgan audioyozuvlar

Shokir Ashurov DXXning unga qarshi dalillari soxtaligi haqida gapirarkan, jinoyat ishiga pilingatsiya qilingan audiomateriallar o‘rniga tahrir qilingan SD disklar tirkalganiga e'tiborni qaratadi.

Hozirda Niderlandiyaga yashayotgan va qurilish korxonalaridan birida bo‘yoqchi bo‘lib ishlayotgan sobiq tergovchisi Shokir Ashurov korruptsiyaga botgan DXX xodimlari o‘z faoliyatlariga xalaqit qilmasligi uchun o‘zini atay chiqarib yuborganini ham iddao qiladi.

«Eltuz» yuqoridagi jinoyat ishini o‘rgangan Samarqand prokuraturasi organlari ishonch telefonlariga 2-4 mart kunlari qo‘ng‘iroq qildi.

DXX tezkor guruhi vakillarining kontaktlarini topishga va jinoyat ishining boshqa guvohlari bilan bog‘lanishga ham harakat qildi. 

Biroq «Eltuz» hozircha ulardan biror javob ololgani yo‘q. Demak, mavzu ikkinchi taraf uchun ham ochiq qoladi. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 avgust 2020
Uzoq ko‘rmagan va siz uchun aziz bo‘lgan yaqiningiz eshikni qoqmasdan ochib kirib, qarshingizdagi stulga kelib o‘tirdi. Siz unga qaraysiz, ...
21 fevral 2021
Turkmanistonda 14 yoshli dzyudochi Sulaymon Tursunboev jangda prezidentning qarindoshiga «yutqazib berish»dan bosh tortgani uchun o‘ldirildi. Fojea fevral oyining boshlarida ...
8 sentyabr 2018
«O‘zbekkontsert» qoshidagi badiiy kengash 5 sentyabr kuni bir qancha o‘zbek artistlari kliplarini mahalliy TV kanallarida ko‘rsatishni taqiqladi. Ular ichida ...
4 may 2020
Sardoba to‘g‘oni o‘pirilishi yuzasidan tergovni Davlat xavfsizlik xizmati olib bormoqda. Fojeaning ehtimoliy aybdorlari ustidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi (Mansabga ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...