Document UZ
17 yanvar 2024

Tabiat dushmanlari ekologiya vazirini aybdor qilmoqchi

Umri kresloda mudrab o‘tadigan falaj o‘zbek parlamenti ilkis «tirilib» ekologiya vaziriga qarab prezident aytmoqchi «vovullabdi».

Kesakdan uchqun chiqishiga ishonsam ham o‘zbek deputatlarining biror muammo yuzasidan o‘zidan bilib biror amaldorni tergashiga ishonmayman.

Rasmiy xabar mana:

«Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida axborot olish uchun ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovni parlamentga taklif etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.»

Ya'ni tomiga musappo osmon aks etkan oboy yopishtirilgan o‘zbek parlamentining bu qo‘g‘irchoq deputatlari Toshkentning chang to‘zonga to‘lgani uchun ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovni aybdor qilishmoqchi.

Mashxur ertakdagi yog‘ochdan yasalgan qo‘g‘irchoqlarni ipidan tortib o‘ynatadigan odamning nomi Karabas Barabas.

Xo‘sh o‘zbekdeputatlarini o‘ynatayotgan Karabas Barabas kim?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan uch kun oldin O‘zbekiston prezidentiga yaqin manba Eltuz muxbiri bog‘lanib A 80 benzini iste'moldan chiqarilishi¸ tsemzavodlarga qimmat filtr o‘rnatilishi va o‘ris ovchilarining qizil kitobdagi hayvonlarni O‘zbekistonga kelib ov qilishi taqiqlanganini istamaydigan qudratli gurux ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovni «o‘rtadan olib tashlab o‘rniga ilmiliq odam qo‘yish» harakatida ekanligini aytgan edi.

Manbaning aytishicha¸ O‘zbekistonning yashil energiyaga o‘tishiga qarshi bu yarim kriminal gurux bosh rahbariyat qo‘llovidan mosuvo bo‘lgani uchun turli yo‘llar bilan o‘z niyatini amalga oshirishga tirishmoqda.

Agar o‘zbek parlamenti ekologik ahvolni buzgan amaldorni tergash niyati bo‘lganida ishni eng avvalo energetika vazirini Jo‘rabek Mirzamahmudovni qizil gilamga chaqirishdan boshlashi kerak edi.

Aynan shu mulozim yashil energiyaga o‘tish o‘rniga ko‘mirni targ‘ib qilish uchun yolg‘on yashiq gaplarni aytib yuribdi.

«Yevropa davlatlari ham energetik resurslar kamaygani hisobiga ko‘mirga o‘tishni boshladi. Va bu tendentsiya faqat O‘zbekistonda emas, hamma joyda bo‘lyapti», – dedi Energetika vazirligi bo‘lim boshlig‘i.

Aslida esa Yevropa va AQShda ko‘mir iste'moli kamaygan. Ko‘mir yoqish Yevropada yildan yilga kamayib boryapti,

Ko‘zini baqraytirib turib yolg‘on gapirgan energetika vazirligi mulozimiga 2023 yilda ko‘mir iste'moli AQShda 21 foizga va Yevropa Ittifoiqida 23 foziga kamaygani haqida eslatish joiz.

Bu Ukraina urushi bois yuzaga kelgan energiya defitsiti fonidagi ko‘rsatkich.

2023 yili yashil energiya deb aytadiganimiz qayta tiklanadigan tizim Germaniyada iste'mol qilinadigan elektr energiyasining yarmidan ko‘pini ta'minladi.

2023 yili Germaniyada shamol parraklari rekord darajada 113,5 milliard kVt/soat elektr ishlab chiqardi.

Quyosh panellarining quvvati esa rekord darajadagi 12 GVtga yetdi.

Bu 2022 yilga nisbatan 84 foizga ko‘pdir.

Zamonaviy atom elektr stantsiyalarining quvvat bloklari odatda 1 GVt quvvatga ega ekanligini taqqoslash uchun eslasak foydali bo‘ladi.

O‘zbekiston esa qadim zamondagi kabi ko‘mir yoqib yotibdi. (Umuman yonadigan nima bo‘lsa yoqishyapti)

Bugungi kunda O‘zbekistonda 12 ta IES , shu jumladan, ko‘mirga ixtisoslashgan «Angren» va «Yangi Angren» issiqlik elektr stantsiyalari chiqarayotgan zahar zaqqum oqibatida odamlar orasida bronxilal astma¸ qon bosimi oshishi va rak kasali ko‘paymoqda. .

O‘zbekistonda ko‘mir yoqishni targ‘ib qilayotgan Energetika vazirining intilishi faqat ekologik muammoga olib kelmaydi.

Asl maqsad O‘zbekistonni Rossiyaga energetik qaram xolida ushlab turish.

Bu esa mamlakat siyosiy istiqboli uchun jiddiy xatar.

Siyosiy xokmiyat butog‘i bo‘lgan parlamentni havotirga solishi kerak omil bu aslida.

Mutahasislarga ko‘ra¸ O‘zbekiston havosinining ifloslanishiga ko‘mir va mazut yoqilishidan tashqari xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan A-80 markali benzin ishlatilishi ham sabab bo‘lmoqda.

Hatto 2014 yilda Rossiya ham voz kechgan va xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga me'yoridan ortiq zararli gaz chiqarmoqda.

Aynan ekologiya vazirligi A-80 markali benzinni iste'moldan chiqarilishi tashabuskoridir.

Ammo O‘zbekistondagi «benzin mafiyasi» bundan katta moliyavay zarar ko‘radi. Shu bois bu «mafiya» turli yo‘llar bilan xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan A-80 markali benzin taqiqiga to‘g‘anoq bo‘lmoqda.

Mol achchig‘i jon achchig‘i A-80 benzini keltirayotgan pul daryosi qurishini istamaganlarning g‘azabini tushunmaiz.

Lekin nega ular boyishi uchun xalq rak kasalga chalinishi kerak.

Nega O‘zbekiston havosi toza bo‘lib uglevod qaramligidan qutulib yashil energiyaga o‘tilishi uchun kurashayotgan vazirlik tashabbusi bo‘g‘ilmoqda?

Nega shubhali qurilish shirkatlari¸ tsement zavaodlari va yerlarning cho‘lga aylanishiga sabab bo‘lganlarni hech kim tergamaydi?

Bu ritorik savol javobini bir chetga qo‘yib ekologik muammoning siyosatga ta'siri hqiada tarixiy ekskurs qilsam.

Asnoda O‘zbekistonning ilk muxolif harakati nimadan boshlanganini eslatib qo‘ysam.

1987 yili kosmonavat va SSSR xalq deputati Vladimir Jonibekov tashabbusi bilan Bo‘stonliqda xarbiy kimyo zavodi quriladigan bo‘ldi.

Kosmonavtning niyati yaxshi edi. Urush paytida o‘zini asrab olgan qishloqda zavod ochilsa¸ ish o‘rni ko‘payadi¸ hayot farovon bo‘ladi deb o‘ylagandi.

Ammo ximiya zavodi mo‘risidan chiqqan zahar zaqqum Toshkent viloyati va Toshkent shahri havosi buzishi haqida o‘ylamagandi bu fazogir yurtdoshimiz.

O‘sha vaqtda yozuvchi Dadaxon Nuriy (1943 – 2021) atrof-muhit muammolariga bag‘ishlangan «Bo‘stonliqda nima gap?» va boshqa qator maqolalar yozib muammoga e'tibor qaratgan edi.

Nuriy maqolasidan so‘ng, SSSR Mudofaa vazirligi Bo‘stonliqda harbiy zavod qurish rejasini bekor qildi.

Bo‘stonliqni himoya qilgan yozuvchilar esa bu g‘alabadan ruxlanib O‘zbekiston tabiatini asrash «Birlik» harakatini tuzishdi. Bu harakat pirovardida siyosiy kuchga aylandi.

Nima demoqchiman? O‘zbekistonda tor bir qatlam millat salomatlgi va ekologiyasini yomonlashtirish evaziga boyimoqchi bo‘lsa buni so‘rab surishtiradiganlar albatta topiladi.

Taroziga yurt salomatligi qo‘yilgan paytda bir xovuch tujjor manfaati tosh bosmasligi kerak.

1984—1989 yillar italiyon rejissyor Damiano Damiani, suratga olgan «Sprut» (ital. La Piovra) filmida mafia emas balki unga qarshi kurashayotgan davlat odami komissar Korrádo Kattáni (ital. Corrado Cattani) ijobiy qaxramon sifatida tomoshabin sevgisiga sazovor bo‘ladi. Lekin shu filmdagi eng yovuz mafiozi ham Italiya davlat va millatiga musibat keltiradigan jinoyatga qo‘l urishdan voz kechadi. Kinoda dunyodagi uran chiqindilari uchun Sitsiliyadagi tog‘larda go‘riston tashkil qilinsa mafia bobolariga katta pul va'da qilingan epizod bor. O‘zi tug‘ilgan yurtning radiaktiv chiqindi go‘ristoniga aylanishini istamagan mafia o‘g‘riboshisi bu «yuki og‘ir» taklifni rad qiladi.

Endi tasavvur qiling qandaydir o‘zbek o‘g‘riboshisi yoki odiy mulozimning ko‘mir yoki arzon benzindan keladigan mablag‘dan quruq qolmasligi uchun nimalar qilishini?

gAmmo bu mulozimlarni ikkinchi xokimiyat tartibga chaqira olmasa bu ishni Eltuz ya'ni to‘rtinchi hokimiyat qiladi.

Yashil energiya dushmanlari ayni paytda el yurt salomatligi dushmani ekanligini aytish yana Rassom Tuz zimmasiga tushdi.

Dengizda shamol ko‘tarilarkan, bu shamol kimningdir yelkanini shishirib manziliga eltadi. Kimningdir kemasi esa shamolga chiday olmay g‘arq bo‘ladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 aprel 2020
Hikoyani Absattorning o‘z tilidan eshitamiz. – Ko‘zimni ochsam, kimdir boshini parashaga egib o‘qchib -o‘qchib qusyapti. Qusiqlari ustimga sachradi. (So‘kinadi) ...
15 noyabr 2023
Direktor shapaloq “tilpo‘ni yo‘q” ota onalardan maktab saytiga pul talab qildi. Smartfonga qurbi yetmaydigan, bolasining bilimini tekshira olmaydigan bunday ...
6 mart 2017
Asta-sekin tili chiqayotgan O‘zbekiston telekanallarining ayrim dasturlarida bugun jamiyatni qiynayotgan ayrim muammolar haqida aytila boshlandi. Ammo TVlarning tili chuchuk ...
25 aprel 2018
O‘zbek milliy kinosini shakllantirgan mashhur rejissyor Shuhrat Abbosov 25 aprel kuni 87 yoshida olamdan o‘tdi. So‘nggi soatlarda «Eltuz»ga ma'lum ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...