Elak
11 dekabr 2015

Jizzaxliklar Konstitutsiyaga qanday «tajovuz» qilishdi?

Ulug‘bek Ashur
Eltuz.com

Bugungacha olingan ma'lumotlarga ko‘ra, Aramais Avakyan va uning 4 nafar o‘rtog‘iga “O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish” (O‘zb.JK 159 modda) va “Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish” (O‘zb.JK 2442 modda) kabi moddalar bo‘yicha ayblov e'lon qilingan.

Prokuraturadagi manbaaning aytishicha, bu ish viloyat bosh prokurori Baxtiyor Abdullaevning shaxsiy nazoratida turibdi. Xibsdagi yigitlarning birontasi shu paytga qadar o‘z yaqinlariga ko‘rsatilgani yo‘q. Ular uchun keltirilgan oziq ovqat va dori darmonlar xam qabul qilinmayapti.

Eltuz ilgari xabar berganidek, 4 sentyabrdan buyon xibsda qolayotgan yigitlarning yaqinlari, “Sud yaqin 10 kunlardan so‘ng bo‘larkan” deb yurishibdi. Ular shu kungacha xibsdagi farzandlarini ko‘rishgani yo‘q.

Shuningdek, tahririyatga, sentyabr oyida MXX xodimlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan armani millatiga mansub Aramaisning qamoqxonada o‘lasi qilib kaltaklangani, uning (turmada (!) qolayotgan) sheriklari tomonidan “Biz jihodga ketdik” qabilidagi smslar chiqarilgani va ularning Konstitutsiyaga tajovuzda ayblanayotgani ma'lum.

Dabdabali shiorlar ostida

Tergovchi Sherzod Xolovning jabrdiyda mahkum yaqinlariga bergan javobi qisqa va raxmsiz bo‘ldi: “Sudgacha ko‘rmaysiz! Sudda ko‘rishingiz ham dargumon, chunki sud majlisi yopiq bo‘ladi”. Darvoqe, ular bunday javobni tergovchidan 7 dekabr kuni olishdi va shom qorong‘usining izzillagan sovug‘ida yig‘lay-yig‘lay uyga qaytishdi.

Ko‘chalarda esa bir gurux ishchilar “Qomusimiz – qonunlar ijrosining kafolati!”, “Qomusmiz – adolat negizi!” deb yozilgan shiorlarni ko‘rinadigan joylarga osish bilan band. Mamlakat, 8 dekabr – Konstitutsiya qabul qilingan kunni nishonlashga tadorik ko‘rayotgandi…

8 dekabr – O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kuni, mamlakatning barcha rasmiy matbuot saxifalari “Konstitutsiya – davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan qomusnoma”, «Konstitutsiya ozodligimiz va erkinligimizning buyuk kafolati» kabi pafosli chaqiriqlar bilan to‘lib toshayotgan bir paytda, Jizzax viloyatidagi besh xonadon a'zolari, respublika Konstitutsiyasida aniq tiniq yozib qo‘yilgan o‘z fuqaroviy xuquqlarining maxalliy xokimiyat va xuquq tartibot idoralari tomonidan toptalayotganini zor yig‘lab kuzatib turishgandi.

SNB turmasidan dahshatli “sms”lar…

Topish tutishi xaminqadar, topgan daromadlari faqat yeb ichishgagina zo‘rga yetadigan bu besh xonadon a'zolarini qon qaqshatgan voqea 4 sentyabr kuni sodir bo‘lgan, aynan shu kuni, yigitlar niqobli kimsalar tomonidan o‘g‘irlab ketilgandi. Bu to‘rt og‘aynining yana bir sherigi Furqat Jo‘raev, ulardan bir kun avval, 3 sentyabr kuni yo‘qolib qolgandi.

rasm592
Ayrim kuzatuvchilar jizzaxlik xuquq ximoyachisi O‘ktam Pardaevning hibsga olinishini ham hukumat dohil shaxslarning ayni reyderlik ishiga bog‘lashmoqda. Foto: Umida Ahmedova

O‘g‘irlangan yigitlarning yaqinlari 40 kun davomida Ichki ishlar va MXX xodimlari bilan birgalikda farzandlarini qidirib yurgan kezda, g‘oyib bo‘lgan yigitlardan “Biz Qozog‘istondamiz. Shu yerdan jixodga ketamiz. Bizdan rozi bo‘linglar” mazmunidagi SMSlar kelgandi.

Tabiiyki, bunday SMSga yo‘qolib qolgan yigitlarning yaqinlari ishonishmagan va qidiruvda davom etishgan. Oradan 40 kun o‘tgachgina, ya'ni 14 oktyabr kuni, yigitlarni o‘g‘irlanganlar viloyat Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimlari ekanligi va yigitlarning barchasi shu idoraning xibsxonasida ekanligi ma'lum bo‘ladi.

O‘g‘irlangan yigitlarning oila a'zolari, viloyat MXX tergovchisi Dilmurod Bolbekov imzosi bilan, “Farzandingiz 4 sentyabr kuni xibsga olingan” mazmunidagi bildiruvnoma olishgan.

Tasvirlab bo‘lmas shok xolatiga tushgan ota onalarning “Nega endi 4 sentyabr kuni xibsga olingan farzandlarimizni 40 kun davomida MXX va militsiya bizlar bilan birgalikda qidirdi?

Qanday qilib farzandlarimiz xibsxonada turib, bizga qozoq telefon nomerlaridan “Biz jixodga ketdik” degan SMS yo‘llashdi? O‘g‘illarimizni nima qilishmoqchi?” qabilidagi xaqli savollari xozirgacha javobsiz qolayapti.

Mahkumlar kaltaklangan va ularning yoniga qarindoshlari qo‘yilmayapti

Xibsda saqlanayotgan Aramais Avakyanning rafiqasi Shirin Tursinova, turmush o‘rtog‘i o‘g‘irlab ketilgan 4 sentyabrdan buyon har kuni viloyat MXX va Ichki ishlar bo‘limiga qatnaydi. Biroq, bugunga qadar u eri bilan uchrashtirilgani yo‘q.

“Ko‘rsatishmayapti. Erta keling, narigi xaftaga keling deb vaqtni o‘tkazishyapti. Shaharda esa “Aramaisni qiynab o‘ldirishibdi” degan mish mishlar yuribdi” deydi Shirin yig‘lab.
Yaqinda Toshkentdan olib kelingan advokat Laylo Abdullaevaga, va nixoyat xibsga olinganlar bilan uchrashishga izn berildi. Advokatning tergov izolyatoridan olib chiqqan xabari juda xam qo‘rqinchli edi. “Advokat Aramaisni va uning 3 nafar o‘rtog‘ini ko‘ribdi.

Aramais oqsoqlanib yuribdi ekan. Badanlarida ko‘kargan va mo‘mataloq bo‘lgan joylar bor dedi. Boshqalari xam o‘tirsa turolmas, tursa o‘tirolmas ahvolda ekan” dedi Aramais Avakyanning onasi Flora Sakuns.

Bu esa, advokat Laylo Abdullaevaning gaplarida jon borligini, ya'ni yigitlar xibsxonada noinsoniy qiynoqlarga tutilganini bildiradi. Nima uchun bu 5 nafar yigit bir kunda, kuppa kunduzi o‘g‘irlab ketilib, xibsga olindi? Ular xaqiqatdan xam O‘zbekistondagi konstitutsion tuzumga tajovuz qilganmidilar?

rasm594
Paxtakor tumani xokimi Sobir Qarshiboev

Reyderlik. Hokimning ishqi baliq hovuzidami edi?

Xibsga olinganlarning yaqinlarining aytishlaricha, hammasi Paxtakor tumanida yashaydigan Aramais Avakyanning baliq xovuzidan boshlangan. Furqat Jo‘raev, Akmal, Temur ismli yigitlar Aramaisning baliq xovuzida birga ishlashgan. Dilshod Alimov esa ijaraga olingan Neksiya avtomashinasida Aramais va uning brigadasidagi yigitlarni xizmatini qilib yurgan.

“Aramais bundan ikki yil avval Paxtakor tumanida 2 ta xovuz ochib, u yerda baliq xo‘jaligi tashkil qilgandi. O‘zidagi bor yo‘q mablag‘ni shu xovuzga tashladi: tozalatirdi, bir necha ming dollar topib, hovuzga Chinoz tumanidan mayda baliq urug‘larini keltirdi, baliqlarni boqdi.

Ikki yil ichida xovuzdagi baliqlar kata-katta bo‘ldi va juda ko‘payib ketdi. Ikki xovuzda taxminan 70 – 80 tonna baliq bor edi. O‘g‘lim bu yil baliqlarni sotishni boshlamoqchi edi. Lekin bir kunda uni va uning qo‘lida ishlaydigan yigitlarni o‘g‘irlab ketishib, qamab qo‘yishdi. Ularga qo‘yilayotgan ayblar mutlaqo asossiz” deydi Aramaisning onasi Flora Sakuns.

Furqat Jo‘raev va Dilshod Alimovning onalari ham aynan shu fikrda. Ularning aytishlaricha, Paxtakor tumani xokimi Sobir Qarshiboev, katta foyda keltirishi aniq bo‘lgan xovuzni o‘zining yaqinlaridan biriga olib bermoqchi bo‘lgan. 2014 yil ichida shu xovuzga qorovullik qilgan Jizzaxlik yigitlardan biri, Aramaisning baliq xo‘jaligiga Paxtakor tumani hokimi tez-tez kelib turganini aytadi.

“Avvaliga u “horma – bor bo‘l!”, deb kelib ketib yurdi. Keyin esa u Aramais bilan soatlab nimalarnidir gaplashadigan bo‘ldi. Bu davomli suxbatlar janjal bilan tugaydigan bo‘ldi. Xokim bova Aramaisga “Seni turmada chiritaman!” deb baqirganini eshitgandim. Aramais xam unga qarab qattik so‘kingan edi” deydi baliq xo‘jaligining sobiq qorovuli.

Aramais va xokim o‘rtasidagi so‘nggi janjal shu yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan. Qorovulning aytishicha, baliq xo‘jaligidagi chayla oldidagi janjalda xokim Aramaisga qarab «Xa onangni…!» deydi.

Qoni qaynoq armani yigit esa bu xaqoratga munosib javob bergan: xokimga tik qarab «Onamni tinch qo‘y, eshshak. O‘zingni onangni…!» degan. Oradan 4 oy o‘tar o‘tmas Aramais va uning sheriklari kuppa kunduz kuni katta ko‘chadan, niqobli kimsalar tomonidan o‘g‘irlab ketiladi.

Shunday qilib, Jizzax xokimiyati vakillari, viloyat MXX va Ichki ishlar boshqarmasi bilan xamkorlikda, jamiyatga va davlatga foyda keltirishi aniq bo‘lgan bir xo‘jalikni yo‘q qilishdi, uning egalarini esa zindonga otishdi.

Xovuzdagi baliqlar nima bo‘ldi dersiz? Aramais Avakyan va uning brigadasi a'zolari g‘oyib bo‘lganidan so‘ng, ertasigayoq xovuzdagi baliqlar kimlardir tomonidan o‘g‘irlab ketildi.

rasm593
«Endi aytingchi, davlatni yiqitish shu aroqxo‘rga qoldimi?” deydi Furqat Jo‘raevning qarindoshlaridan biri. Foto: Furqatning oilasiga berilgan MXX xabarnomasi

“Ashaddiy islomchi”ga aylantirilgan Aramais va uning hamshisha ulfatlari

Endi Aramais va uning brigadasi yigitlari Konstitutsion tuzumga qarshi bosh ko‘tarmoqchi bo‘lgan shakkoklar! “Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzib, ularga rahbarlik qilgan va ularda ishtirok etgan” bir guruh fanatiklar bo‘lib chiqmoqda.

Jizzax viloyati Milliy Xavfsizlik xizmati idorasi tergovchilari Dilmurod Bolbekov va Sherzod Xolovlar, ushbu “jinoiy ish”ga “Islomiy ekstremistik” rangini berishga shunchalik xarakat qilishibdiki, xattoki Aramais Avakyanning xristian diniga mansubligini xam unutishibdi.

Uning rafiqasi Shirin Tursinovaning aytishicha, uylarini tintuv qilish paytida topilgan “Namoz o‘qishni o‘rganaman” risolasini va “Qashqirlar makoni” turk filmi yozilgan disklarni diniy ekstremistik ash'yolar sifatida “jinoiy ish”ga tikib qo‘yishgan.

“Kitobchani men bir vaqtlar kitob do‘konidan sotib olgandim, vaqti kelsa namozni o‘rganish uchun. Filmni esa bozordagi ochiq savdodan sotib olgandik. Men tergovchiga bu xaqda aytsam u “Buni sudda aytasiz” dedi” deydi Shirin.

Keyinchalik tergovchi “Nomoz o‘qishni o‘rganaman” kitobini Shiringa qaytib beradi. Lekin, kitobning titul varoqlari, ya'ni qaysi bosmaxonadan, qaysi yili chiqarilgani xaqidagi ma'lumotlar yozilgan varoqlari yirtib olingan edi. Furqat Jo‘raevning yaqinlari xam unga qo‘yilgan ayblovdan xayratdalar.

“Furqat namoz o‘qimasdi. Yonimizdagi do‘kondan nasiyaga aroq olib icharkan. Qamalganidan keyin do‘kondor qidirib keldi va aroqni o‘zidan 170 ming so‘mlik qarzi borligini aytdi. Endi aytingchi, davlatni yiqitish shu aroqxo‘rga qoldimi?” deydi Furqat Jo‘raevning qarindoshlaridan biri.

Dilshod Alimovning yaqinlari esa, Dilshodning savodi yo‘qligini, u xattoki o‘z ismini xam xatolar bilan yozishini aytishdi.

O‘ktam Pardaevning hibsga olinishidagi muhtamal sabablar

Ayrim kuzatuvchilar jizzaxlik xuquq ximoyachisi O‘ktam Pardaevning hibsga olinishini ham hukumat dohil shaxslarning ayni reyderlik ishiga bog‘lashmoqda.

Huquq himoyachisi Aramais Avakyan va uning sheriklarining ishi bo‘yicha anchagina ma'lumotlarni qo‘lga kiritgandi. Xibsga olingan yigitlarning ota onalari xam huquq ximoyachisi bilan yaqindan xamkorlikni boshlashgandi. 16 noyabr kuni Jizzax militsiyasi O‘ktam Pardaevni ham xibsga oldi…

Bugun Paxtakor tumani va Jizzax viloyatidagi ushbu voqeadan xabardorlarning barchasi “Aramais va uning sheriklari reyderlik qurboni bo‘lishdi” deyishyapti. Yigitlarni hibsga olganlar esa, voqeani butunlay boshqa bir o‘zanga burib yuborishgan.

Tag‘in o‘qing
21 yanvar 2020
Professor Kristian Lasslett O‘tgan haftada Gulnora Karimovaga nisbatan «yopiq eshiklar ortida» yangi jinoiy ayblovlar bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi. Karimovaning ...
25 aprel 2017
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, Chinoz va Quyi Chirchiq tumanlari Ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari birdaniga almashtirildi. Kuni kecha Toshkent ...
13 sentyabr 2016
Agar Siz yoki yaqinlaringizni paxta terimiga qatnashishga majburlashsa, agar Sizdan paxta terimiga bormaslik uchun pul talab qilishsa, marhamat, bu ...
18 mart 2024
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyat maktubini o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Buxoro, Toshkent va Andijon viloyatlaridan kelgan. Dastlabki ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...