Asosiy mavzular
7 may 2018

O‘zbekiston uchun AESdan ko‘ra quyosh energetikasidan foydalanish ma'qul emasmi?

Yevropaning eng rivojlangan davlatlari, jumladan, Germaniya, Osiyoda esa Yaponiya atom elektr stantsiyalari o‘rniga qayta tiklanadigan muqobil energetikaga o‘tish qat'iyatini namoyish etayotgan bir paytda O‘zbekiston AES qurish harakatiga tushib qolgan.

Mamlakatimiz Turkiya, Belarus, Eron, Misr, Hindiston, Bangladesh, Xitoy kabi AES qurish yo‘lini tanlagan ko‘rinadi.

Yaqinda Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ochilish marosimida ham shu mavzuda gapirgan prezident Shavkat Mirziyoev Rossiya bilan bu haqdagi kelishuv hatto joriy yilning o‘zidayoq imzolanishi mumkinligiga ishora qildi.

Garchi bu loyiha qiymati ma'lum qilinmagan bo‘lsa-da, ayrim manbalar uning narxi 10 milliard dollardan oshiq bo‘lishini taxminlayapti.

Aytish kerakki, O‘zbekistonning o‘z AESiga ega bo‘lish maqsadi haqida 2014 yilda, hali Islom Karimov qudratda ekanida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ammo bu niyat asta-sekin yo‘qlikka singib ketgandi.

Yangi prezident Shavkat Mirziyoev bu loyihani amalga oshirish orqali mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan yil sayin o‘sib borayotgan talabini qondirish, shu orqali energetik mustaqillikni mustahkamlash maqsadini ko‘zlayotgani aytilmoqda.

To‘g‘ri, AES bahona O‘zbekistonga ilg‘or texnologiyalar kirib keladi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, sanoat rivojlanishi tezlashadi.

Shu bilan birga, Yaponiyaning Fukusimasidagi 2011 yildagi dahshatli atom halokati bunday loyihalarga jiddiy o‘ylab, ancha ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga undaydi. Qolaversa, 1986 yildagi Chernobil AESidagi avariya hali ko‘pchilikning xotirasidan ko‘tarilgani yo‘q.

Bunday xavfidan tashqari AESni qurish juda qimmat, unga xizmat ko‘rsatish ham katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi.

Boshqa tomondan, undan olinadigan elektr energiyasining tannarxi arzon, AES atmosferaga zararli gazlar chiqarmaydi.

Elektr energiyasi tanqisligidan aziyat chekayotgan o‘zbekistonliklar orasida AES qurish loyihasini qo‘llab-quvvatlayotgan ko‘plab topilishiga shubha yo‘q.

Shu bilan birga, AES o‘rniga quyosh elektr stantsiyasi qurish foydaliroq va xavfsizroq bo‘lishi haqida o‘ylaydiganlar ham bor.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh energiyasining potentsiali qariyb 51 milliard tonna neft ekvivalentiga teng.

Tahlilchi Aziz Nosirning biz bilan suhbatda ta'kidlashicha, quyosh elektr stantsiyasi qurish narxi AESnikidan ancha arzon. Bundan tashqari, uning qurilishi tezroq amalga oshadi. Xavfsizlik jihatdan u AESdan ko‘ra to‘liq ustunlikka egaligini esa aytmasa ham bo‘ladi.

“O‘zbekiston bitmas-tuganmas quyosh energetikasi manbasidir. Bu imkoniyat turganida AES qurishga juda katta mablag‘ yo‘naltirilishini tushuntirish qiyin. Buning o‘rniga biz asosiy e'tiborni aynan quyosh elektr stantsiyalari qurishga qaratishimiz mantiqli bo‘lardi”, deydi tahlilchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AESga sarflanadigan mablag‘ga quyosh elektr stantsiyalari qurilsa, AESdagidan bir necha barobar ko‘proq elektr olish mumkin.

“O‘zbekiston quyosh energetikasidan foydalanishga ham katta e'tibor qarata boshladi. Ammo AES qurish loyihasi bu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlar ko‘lamiga ta'sir etish ehtimolini e'tibordan soqit qilib bo‘lmaydi”, dedi tahlilchi Aziz Nosir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 mart 2021
Andijon shahrida yashovchi B.B. qizida OIV (odam immun tanqisligi virusi) aniqlangani bo‘yicha “Eltuz”ga murojaat qildi.  Unga ko‘ra, hozir 17 ...
23 iyun 2016
Farg‘ona viloyatining aksariyat banklarida jo‘natma pullarini berish juma kunigacha to‘xtatildi. Bank xodimlari buning sababini valyutaning tugab qolgani bilan izohlamoqda. ...
21 may 2019
Andrey Saxarov 1921 yilning 21 mayida Moskvada tug‘ildi. Vodorod bombasini ixtiro qilgan, internet kelajagi haqidagi gipotezani ilgari surgan Saxarov ...
2 noyabr 2017
31 oktyabr kuni Nyu-Yorkda pikapdagi erkak velosiped yo‘lakchasida sakkiz nafar odamni bosib o‘ldirdi. 12 odam jarohatlandi. Jinoyat terakt deya ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...