Asosiy mavzular
21 may 2019

21 may – Kremlning “o‘zbeklar ishi” atalmish fitnasini qoralagan Andrey Saxarov tug‘ilgan kun

Andrey Saxarov 1921 yilning 21 mayida Moskvada tug‘ildi. Vodorod bombasini ixtiro qilgan, internet kelajagi haqidagi gipotezani ilgari surgan Saxarov pirovardida inson haq-huquqlari kurashchisiga aylandi. Saxarov SSSR parlamenti minbaridan turib Kremlning “o‘zbeklar ishi” degan fitnasini qoralab chiqqan edi.

O‘zbekistondan saylangan deputatlar, jumladan, Islom Karimov zalda nafaqat mum tishlashgan, balki o‘zbeklarni himoya qilgan bu sarkashni “qoralash ma'rakasi” boshida ham turishgan edi.

Uyda chiqarilgan savod. Vodorod bombasi va Nobel mukofoti

Jamoat arbobi va dissident sifatida faoliyat yuritgan Andrey Saxarov (1921-1989) fizik olim, vodorod bombasi yaratuvchisi sanaladi.

Nobel mukofoti sohibi (1975) A.Saxarov boshlang‘ich ta'limni uyda oldi, fizika va matematikani otasidan o‘rgandi. Yettinchi sinfdan maktabga bordi va 1938 yilda uni a'lo baholar bilan yakunladi.

Moskva universitetining fizika fakultetini bitirgach, uni 1942 yili Mudofaa vazirligi ixtiyoriga yubordilar.

Bo‘lg‘usi olim 1942 yildan Ulyanovskdagi patron zavodida ixtirochi-muhandis lavozimida ishlay boshlaydi va ilk ixtirolarini qiladi. 1944 yilda esa Fanlar akademiyasining Fizika instituti aspiranturasiga kiradi va Nobel mukofoti laureati akademik I.Ye.Tamm rahbarligida ilmiy izlanishlar olib boradi.

1948 yilda endigina nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan A.Saxarovni termoyadro quroli muammolari bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar guruhiga qo‘shadilar.

U 1950 yildan boshlab I.Ye.Tamm bilan hamkorlikda boshqariluvchan termoyadro reaktsiyasi ustida ishlaydi. Ushbu tadqiqotlarning natijalari I.V.Kurchatov tomonidan 1956 yilda Xaruellada (Buyuk Britaniya) o‘tkazilgan konferentsiyada bayon qilinadi.

A.Saxarov 1952 yilda o‘ta kuchli magnit maydonlari hosil qilish uchun magnit kumulyatsiyasi g‘oyasini, 1961 yilda impulsli boshqariladigan termoyadro reaktsiyasini hosil qilish uchun lazerdan foydalanish g‘oyasini ilgari suradi.

A.Saxarov kosmologiyaga oid qator asarlarning («Olamning barion asimmetriyasi», «Olamning ko‘p bosqichli modellari», «Olamning kosmologik modeli»), maydon nazariyasi va elementar zarrachalarga doir ilmiy ishlarning muallifiga aylanadi. Buning oqibati o‘laroq, 1953 yilda uni mamlakat FA haqiqiy a'zosi etib saylaydilar.

Saxarov – inson huquqlari faoli

Saxarovning siyosiy faoliyati 1956-1962 yillarda boshlandi. Aynan ana shu davrda uning o‘z printsiplariga sodiqligi yaqqol namoyon bo‘la boshladi.

Olimning asosiy printsipi ilm-fanning insoniyatga, taraqqiyotga xizmat qilishi zarurligi bilan bog‘liq edi. Ushbu printsipga zid bo‘lgan har qanday ijtimoiy voqelikni qattiq qoralaydi.

Shu yillari u atmosferada yadro sinovlari o‘tkazishga qarshi nutqlar so‘zlaydi. U uch muhitda (atmosfera, koinot va okeanda) yadro sinovlari o‘tkazishni taqiqlash haqidagi Moskva shartnomasining tashkilotchilaridan biriga aylanadi.

Olim 1966 yili Lisenko va uning maktabiga qarshi chiqadi. 1966 yilda Stalin shaxsiga sig‘inishning qayta tiklanishiga qarshi tayyorlangan jamoaviy xatga hammualliflik qiladi.

A.Saxarov 1968 yilda «Progress, birgalikda tinch hayot kechirish va intellektual erkinlik haqidagi mulohazalar» nomli essesini yozadi.

Bunda sotsialistik va kapitalistik tuzumlarni o‘zaro yaqinlashtirish va shuning bilan sayyorada tinchlikni saqlab qolish zaruriyatini asoslab beradi. G‘arbda bu kitobning umumiy tiraji 20 millionga yetadi. Kitob nashr qilingan vaqtdan boshlab A.Saxarov «Arzamas-16» yopiq shahrida olib borilayotgan maxfiy tadqiqotlardan chetlashtiriladi.

Saxovatli odam edi

1969 yildan A.Saxarov Fizika institutidagi tadqiqotlarini davom ettira boshladi. O‘sha yili u o‘zi yiqqan mablag‘larini (139 ming so‘m) Moskvada onkologik markaz qurilishiga hadya etadi.

1970 yilda esa Inson huquqlari qo‘mitasi tuzishda ishtirok etadi. Keyingi yillarda A.Saxarov mamlakatdagi siyosiy mahbuslar va inson huquqlarini yoqlab chiqadi.

U axborot olish va tarqatish huquqi, so‘z erkinligi, vijdon erkinligi, o‘z mamlakatini tark etish va unga qaytib kelish erkinligi, mamlakat ichkarisida yashash joyini erkin tanlash huquqini himoya qiladi.

Ayni paytda qurolsizlanish muammolari yuzasidan ma'ruzalar qiladi va «sotsialistik lagerda» yagona professional ekspert sifatida tan olinadi.

Nobel berilganida uy qamog‘ida edi

1975 yilda A.Saxarov o‘zining «Mamlakat va jahon haqida» nomli kitobini nashr ettiradi. O‘sha yili unga Nobel mukofoti beriladi.

Norvegiyadagi Storting Nobel qo‘mitasining 1975 yil 10 oktyabrdagi taqdimnomasida bunday deyiladi: «Saxarov shuni qat'iy ishonch bilan e'tirof etadiki, inson huquqlarining daxlsizligigina haqiqiy va uzoq muddatli xalqaro hamkorlik tizimining poydevori bo‘lib xizmat qilishi mumkin».

A.Saxarov esa o‘z nutqida tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlarining chambarchas bog‘liqligini uqtiradi.

Internet bashoratchisi

1974 yilda Andrey Saxarov internet kelajagi haqida aniq prognoz aytgan edi.

“Kelajakda, ehtimol, 50 yil o‘tgach, jahon axborot tizimi (vsemirnaya informatsionnaya sistema — VIS) yaratilishini taxmin qilaman.

Bu tizim yordamida qachondir, qaerdadir nashr etilgan har qanday kitob yoki maqolani istalgan vaqtda topib o‘qish, xohlagan ma'lumotni olish mumkin bo‘ladi.

So‘rov yuborish uchun jahon axborot tizimining uzatuvchi va qabul qiluvchi alohida kichkina qurilmalari, axborot oqimini boshqaruvchi dispetcherlik punktlari, simli va lazerli liniyalar, minglab sun'iy aloqa yo‘ldoshni o‘z ichiga jamlagan robitaviy kanallar bo‘ladi.

Bu tizimning qisman ishga tushirilishi ham har bir insonning hayotiga, bo‘sh vaqtiga, aqliy va badiiy ijodiy kamol topishiga katta ta'sirini ko‘rsatadi.

Ko‘plab zamondoshlarimizning asosiy axborot manbai bo‘lgan televizordan farqli o‘laroq, JAT har kimga axborotni tanlashda eng yuqori erkinlikni taqdim qiladi va har bir kishidan faollik talab qiladi”.

Saxarov mo‘ljalni kechroq olgan ko‘rinadi. Internet 1990-yillardanoq jamiyat hayotiga kirib keldi.

Surgun

1980 yilning 22 yanvarida A.Saxarov Moskvadan uzoqdagi Gorkiy yopiq shahriga surgun qilinadi.

O‘sha yili SSSR Oliy Sovetining farmoni bilan A.Saxarov uch marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1955, 1956, 1962) unvonlaridan, Ministrlar Sovetining qarori bilan Davlat (1955) va Lenin (1956) mukofotlaridan mahrum etiladi. Bu keskin choralar A.Saxarovning Afg‘onistonga sovet qo‘shinlari kiritilishi munosabati bilan qilingan tanqidiy chiqishlariga javob edi.

Biroq A.Saxarov Gorkiyda ham o‘z faoliyatini to‘xtatmadi. Uning «Termoyadro urushi xavfi» nomli maqolasi, L.Brejnevga yozgan ochiq xati katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Gorkiyda A.Saxarov o‘z oilasining DXQ (KGB) tomonidan ta'qib qilinayotganiga norozilik bildirib ikki bora ochlik e'lon qiladi va har safar majburan ovqatlantiriladi.

1981-1982 yillarda DXQ uning esdaliklari va kundaliklarini, ko‘pgina qo‘lyozmalarini yo‘q qilib yuboradi.

Muzaffar qaytish

1986 yilning dekabrida A.Saxarov Gorkiy surgunidan Moskvaga qaytariladi.

1987 yilning 14-15 fevral kunlari «Yadro qurollarisiz dunyo va qurolsizlanish uchun» nomi ostida o‘tkazilgan xalqaro forumda so‘zga chiqadi va qurollarni qisqartirishga doir o‘z takliflarini aytadi.

Biroq totalitar tuzum hali-hanuz erkin fikrlashga odat qilgan kishilarni tinglashga odatlanmagan edi. Tez orada akademik ustiga mag‘zava ag‘darish yangidan boshlanadi.

Bu mag‘zava ag‘darish ma'rakasi O‘zbekistonda ham davom etdi. Jumladan, O‘zbekistondan saylangan deputatlar respublika muammaolari haqida gapirish o‘rniga akademik Saxarovni haqoratlash bilan band bo‘lishdi.

1989 yilning 14 dekabrida Saxarov o‘zining Moskvadagi uyida yurak xastaligidan vafot qildi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 may 2020
Sardobadagi to‘g‘onning urib ketishi, pastdagi qishloqlarning suv olishi bu – isitma yoki ta'bir joiz bo‘lsa, aysbergning uchi, xolos. Keling, ...
8 sentyabr 2017
O‘tgan oyda MTRKda ro‘y bergan voqealar Bulgakovning «It yurak» qissasi qahramoni professor Preobrajenskiyning mashhur gapini eslatadi. «Fan hali hayvonni ...
18 mart 2020
Rassom Kirpi
Bloglar
23 noyabr 2021
Yangi milliy kutubxona qurilishi (yangi milliy teatr qurilishi ham) yangi va yap-yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz ...
21 noyabr 2021
Siyosatchi bo‘lish¸ siyosatga kirish bugungi O‘zbekistonda boshni kundaga qo‘yish bilan barobar. Bu haqda Jahongirga yozuvdim ...
11 noyabr 2021
Xalqaro jurnalist «Agneshkaxon voqeasi» ko‘p savollarga javoblarni ochib berdi. Kelinglar, jonajon akkreditatsiyadan boshlaymiz. Aynan ularni ...