Asosiy mavzular
7 may 2018

O‘zbekiston uchun AESdan ko‘ra quyosh energetikasidan foydalanish ma'qul emasmi?

Yevropaning eng rivojlangan davlatlari, jumladan, Germaniya, Osiyoda esa Yaponiya atom elektr stantsiyalari o‘rniga qayta tiklanadigan muqobil energetikaga o‘tish qat'iyatini namoyish etayotgan bir paytda O‘zbekiston AES qurish harakatiga tushib qolgan.

Mamlakatimiz Turkiya, Belarus, Eron, Misr, Hindiston, Bangladesh, Xitoy kabi AES qurish yo‘lini tanlagan ko‘rinadi.

Yaqinda Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ochilish marosimida ham shu mavzuda gapirgan prezident Shavkat Mirziyoev Rossiya bilan bu haqdagi kelishuv hatto joriy yilning o‘zidayoq imzolanishi mumkinligiga ishora qildi.

Garchi bu loyiha qiymati ma'lum qilinmagan bo‘lsa-da, ayrim manbalar uning narxi 10 milliard dollardan oshiq bo‘lishini taxminlayapti.

Aytish kerakki, O‘zbekistonning o‘z AESiga ega bo‘lish maqsadi haqida 2014 yilda, hali Islom Karimov qudratda ekanida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ammo bu niyat asta-sekin yo‘qlikka singib ketgandi.

Yangi prezident Shavkat Mirziyoev bu loyihani amalga oshirish orqali mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan yil sayin o‘sib borayotgan talabini qondirish, shu orqali energetik mustaqillikni mustahkamlash maqsadini ko‘zlayotgani aytilmoqda.

To‘g‘ri, AES bahona O‘zbekistonga ilg‘or texnologiyalar kirib keladi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, sanoat rivojlanishi tezlashadi.

Shu bilan birga, Yaponiyaning Fukusimasidagi 2011 yildagi dahshatli atom halokati bunday loyihalarga jiddiy o‘ylab, ancha ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga undaydi. Qolaversa, 1986 yildagi Chernobil AESidagi avariya hali ko‘pchilikning xotirasidan ko‘tarilgani yo‘q.

Bunday xavfidan tashqari AESni qurish juda qimmat, unga xizmat ko‘rsatish ham katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi.

Boshqa tomondan, undan olinadigan elektr energiyasining tannarxi arzon, AES atmosferaga zararli gazlar chiqarmaydi.

Elektr energiyasi tanqisligidan aziyat chekayotgan o‘zbekistonliklar orasida AES qurish loyihasini qo‘llab-quvvatlayotgan ko‘plab topilishiga shubha yo‘q.

Shu bilan birga, AES o‘rniga quyosh elektr stantsiyasi qurish foydaliroq va xavfsizroq bo‘lishi haqida o‘ylaydiganlar ham bor.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh energiyasining potentsiali qariyb 51 milliard tonna neft ekvivalentiga teng.

Tahlilchi Aziz Nosirning biz bilan suhbatda ta'kidlashicha, quyosh elektr stantsiyasi qurish narxi AESnikidan ancha arzon. Bundan tashqari, uning qurilishi tezroq amalga oshadi. Xavfsizlik jihatdan u AESdan ko‘ra to‘liq ustunlikka egaligini esa aytmasa ham bo‘ladi.

“O‘zbekiston bitmas-tuganmas quyosh energetikasi manbasidir. Bu imkoniyat turganida AES qurishga juda katta mablag‘ yo‘naltirilishini tushuntirish qiyin. Buning o‘rniga biz asosiy e'tiborni aynan quyosh elektr stantsiyalari qurishga qaratishimiz mantiqli bo‘lardi”, deydi tahlilchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AESga sarflanadigan mablag‘ga quyosh elektr stantsiyalari qurilsa, AESdagidan bir necha barobar ko‘proq elektr olish mumkin.

“O‘zbekiston quyosh energetikasidan foydalanishga ham katta e'tibor qarata boshladi. Ammo AES qurish loyihasi bu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlar ko‘lamiga ta'sir etish ehtimolini e'tibordan soqit qilib bo‘lmaydi”, dedi tahlilchi Aziz Nosir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 oktyabr 2020
«Eltuz»da e'lon qilingan maqola ortidan Namangan shahri prokuraturasi mulozimlar oldida o‘ziga o‘t qo‘ygan 35 yashar Gulandom Dedaboevaning o‘limi yuzasidan ...
5 aprel 2015
Bizning huquq himoyachilarimiz, muxolifatchilar va oddiy fuqarolar ham odatda hokimiyatdan adolat va himoya izdashadi, – ular shunchaki hokimiyat yo‘q ...
5 mart 2018
O‘zbekistonda “Damas” va “Spark” rusumli avtomobillarga ehtiyoj juda katta. Ammo mamlakat avtosalonlaridan ularni topish ancha mushkul. Shuning uchun hozir ...
19 aprel 2023
Salom qadrli muxlislar, bugun 19 aprel, e'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning navbatdagi sonini taqdim etadi. +++ Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...