Asosiy mavzular
3 iyul 2018

Gulnoraning pullari taqdiri: hali yakuniy qaror yo‘q

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan, ayni paytda Shveytsariyada muzlatilgan pullarni mamlakatga qaytarish borasida muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladi.

Mahalliy OAVning Bosh prokuraturaga asoslanib xabar berishicha, bu masala yakuniy yechimini topishi bilanoq tegishli rasmiy bayonot beriladi.

Bundan avvalroq Gulnora Karimovaning Shveytsariya banklarida muzlatilgan qariyb 800 million dollar pulini O‘zbekistonga qaytarish masalasi deyarli hal bo‘lgani ma'lum qilingandi.

Bosh prokuratura 2017 yil 28 iyulda tarqatgan rasmiy xabarda aytilishicha, 2015 yilda Toshkent sudi birinchi prezident Islom Karimovning qizi Gulnorani soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, talon-taroj qilish, ta'magarlik va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topgan hamda besh yillik qamoq jazosiga hukm etgan.

Unga nisbatan firibgarlik, bojxona qonunchiligini buzish, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni qonuniylashtirish kabi ayblovlar ilgari surilgandi.

Tergov versiyasiga ko‘ra, G.Karimova hamtovoqlari yordamida 12 ta davlat hududida 1,3 milliard AQSh dollari, 27,1 million funt sterling va 18,5 million frank qiymatidagi aktivlarni qonuniylashtirgan. Bu summaning 777,8 million dollari Shveytsariya hududida saqlangan.

Mana shunday xabarlar fonida Londonda yashayotgan o‘zbekistonlik tadqiqotchi Alisher Ilhomov Gulnoraning pullarini qaytarish masalasidagi ma'lumotlar noto‘g‘ri talqin qilinayotganidan yozg‘irdi.

Uning yozishicha, Shveytsariya federal hukumati bu mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarish haqida faqat dastlabki (!) qarorga kelgan, xolos.

“Bu qaror noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. U rasmiy Toshkent xohlayotgandek O‘zbekistonga hech qanday shartlarsiz pullarni qaytarib berishni anglatmaydi… Hali oldinda pullarni O‘zbekistonga qanday shartlar bilan qaytarish yuzasidan muzokaralar turibdi”, deya bildirmoqda tadqiqotchi.

A.Ilhomovning ta'kidlashicha, hozir ikki davlat prokuraturalari o‘rtasida Gulnora Karimova ishini tergov qilish bo‘yicha muzokaralar bormoqda. Ammo O‘zbekiston bu borada tegishlicha ko‘mak bermayapti.

“Chunki oshkora sud tergovi davomida ko‘p millionli korruptsion sxemalarda O‘zbekiston hukumatidagi yuqori martabali shaxslarning ismi yuzaga qalqib chiqishidan qo‘rqayotgan bo‘lishlari mumkin”, deya taxmin qiladi tadqiqotchi.

Bi-Bi-Si radiosi ham Shveytsariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga oid jinoyat ishi bo‘yicha tergov hali davom etayotganini bildirgani to‘g‘risida xabar tarqatdi.

Demak, Alisher Ilhomovning fikrlarida jon bor va so‘nggi ma'lumotlar Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi pullari O‘zbekistonga so‘zsiz qaytarilishi masalasida hali muzokaralar davom etishidan darak bermoqda.

Bundan avvalroq xorijda yashayotgan o‘zbekistonlik bir qator inson huquqlari faollari, jumladan, O‘zbekiston-Germaniya forumi vakillari Gulnoraning Shveytsariya banklarida muzlatilgan mablag‘larining rasmiy Toshkentga qaytarilmasligini talab qilib chiqqan edi.

Ularning fikricha, O‘zbekistonda ba'zi ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, hali hukumat korruptsiyaga qarshi qat'iy kurashayotgani yo‘q. Shu bois, o‘zbek xalqining korruptsion yo‘llar bilan talon-taroj qilingan boyligi yana qaytib korruptsionerlarning o‘zlariga qaytarilishi ehtimoli yuqori.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 may 2016
Farg‘ona shahrida o‘tgan “Universiada” sport musobaqalarining eng qiziq voqeasi albatta, yoshgina militsionerning mamlakat bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning yo‘lini to‘sgani ...
7 oktyabr 2015
Qudrat Bobojon www.eltuz.com Kecha tushimga Shukrullo domla kiribdi. U kishi bilan hayotda faqat bir marta muloqot qilganman. U ham ...
3 noyabr 2022
«Eltuz portali»ga kelgan navbatdagi beshta shikoyat maktubini o‘qib eshittiramiz dastlabki shikoyat Samarqanddan. “Kadastr xodimining yerni noqonuniy tarzda sotgani” haqda. ...
11 yanvar 2022
Lukashenkoning yaqin kelajakda «O‘zbekiston ham g‘alayonga sahna bo‘lishi» haqidagi gapini ikki xil talqin qilsa bo‘ladi: Birinchi talqin – «Luka ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...