Asosiy mavzular
14 iyun 2020

Davlatning milliardi qanday qilib million bo‘lib qolgani haqida

Farg‘ona viloyatida davlatga qarashli mol-mulkning talon-taroj qilinishi, ya'ni atayin arzon narxlarda xususiy qo‘llarga o‘tishida viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning ham bevosita ishtiroki bor.

Ayni shu iddao bilan “Eltuz”ga yo‘llangan murojaat egasining bildirishicha, bu talon-tarojliklar “Farg‘ona agrokimyohimoya” hududiy aktsiyadorlik jamiyati (HAJ) mulklari bilan bog‘liq.

Murojaatda aytilishicha, HAJga qarashli “Farg‘ona kimyo” sho‘'ba korxonasining mulkchilik shaklini MChJga o‘zgartirish vaqtida “Farg‘ona agrokimyohimoya”ning ulushi 67 foiz (281 205.0 ming so‘m), “Kimyo savdo Oltiariq” ixtisoslashgan savdo korxonasi ulushi esa 33 foiz (138 794.8 ming so‘m) etib belgilangan.

Yangi MChJga esa Karomat Mamatova, ya'ni “Farg‘ona agrokimyohimoya”ning hozirgi kundagi direktori rahbar etib tayinlangan.

Qing‘irliklar keyinchalik “Farg‘ona agrokimyohimoya”ning “Farg‘ona kimyo” MChJ ta'sischiligidan chiqarilishi davrida ro‘y bergan.

Ayni shu jarayonda HAJning Yangi Marg‘ilon shaharchasida joylashgan asl bozor qiymati 2 milliard so‘mlikdan ortiq bo‘lgan bino-inshootlari va asosiy vositalari qonunga zid ravishda baholatilmasdan Karomat Mamatova ta'sischisi bo‘lgan “Kimyo savdo Oltiariq” ixtisoslashgan savdo korxonasiga balans qiymati, ya'ni 77 205.2 ming so‘m hisobiga berib yuborilgan.

Buning evaziga esa “Farg‘ona agrokimyohimoya”ga 1 ta “Lasetti” va 1 dona “Gaz 53” avtomashinalari, kontselyariya va maxsus kiyim-kechak mollari olingani to‘g‘risida soxta qaror rasmiylashtirilgan.

2018 yil 24 oktyabrda bu qing‘irlik bo‘yicha Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qonunbuzarliklar oqibatida “Farg‘ona agrokimyoximoya” HAJ aktsiyadorlari manfaatlariga 373 mln so‘m miqdorda zarar yetkazilgani aniqlangan.

Shunga qaramay, davlat mulkini talon-taroj qilishda asosiy rolni o‘ynagan HAJning o‘sha paytdagi rahbari Nosirjon Qodirov nafaqat ko‘rsatib o‘tilgan zararni qoplamagan, balki ombor binosining davlat mulkiga qaytarilishi ham ta'minlanmagan. Prokuratura esa undan keyingi direktor Abbosxon Azizovni javobgar sifatida ko‘rsatib, ishni sudga oshirgan.

Farg‘ona shahri jinoyat ishlari sudi Karomat Mamatova noqonuniy o‘zlashtirib olgan ombor binolariga umuman e'tibor qaratmagan.

“HAJga Abbosxon Azizov rahbarlik qilayotgan davrda “Farg‘ona agrokimyohimoya”ning Buvayda tumani Jaloyir qishlog‘ida joylashgan ombori binolari 183.0 mlnga sotilgan. Ular Karomat Mamatova o‘zlashtirgan omborlardan hajmi va maydoni jihatdan bir necha bor kichik bo‘lishiga qaramay, 2-3 baravar qimmatga sotilgan.

Prokuratura esa Karomat Mamatovaning bosimi ostida Abbosxon Azizov davrida Dang‘ara tumanida xususiylashtilgan 2 ta omborni noqonuniy sotilgan, deb topgan. Holbuki, keyinchalik iqtisodiy ishlar bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining apellyatsiya instantsiyasida ular qonuniy sotilgani o‘z tasdig‘ini topdi”, deydi “Eltuz”ga murojaat etgan shaxs.

Uning bildirishicha, “Farg‘ona agrokimyohimoya”ning hozirgi rahbari Karomat Mamatova (o‘sha 2 milliardlik omborni 77 millionga o‘ziniki qilgan shaxs) hamon davlat manfaatlariga zarar yetkazishda davom etmoqda.

Karomat Mamatova o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, kimyoviy vositalarni bozor bahosidan bir necha barobar qimmat narxlarda sotib olishda davom etmoqda (“Eltuz”da bu kimyoviy moddalarning nomlari va ular uchun sarflangan mablag‘ning summasi to‘g‘risida ma'lumotlar bor). Birgina 2019 yilning 3-4 oyi mobaynida bu borada tuzilgan shartnomalar qiymatining o‘zi 10-15 milliard so‘mni tashkil qiladi.

“Bu yerda juda katta “otkat” bor. Eng yomoni, ehtiyojdan ortiqcha sotib olingani bois muddati o‘tib qolgan kimyoviy vositalarning summasi bir necha mlrd so‘mni tashkil etadi. Ammo Karomat Mamatovaga hech kim chora ko‘rayotgani yo‘q”, deydi murojaatchi.

Uning murojaatida davlat mulkini talon-taroj qilish bilan bog‘liq yana bir necha holatlar tilga olinadi.

Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, bu qing‘irliklarda ishtirok etgan “Farg‘ona agrokimyohimoya” HAJning sobiq direktori Nosirjon Qodirov viloyati hokimi Shuhrat G‘anievning “qo‘g‘irchog‘idir”.

“Farg‘ona kimyo” MChJ G‘anievlarga qarashli. Yangi Marg‘ilondagi ombor bino-inshootlarining o‘ta arzon narxda sotilishi ham G‘anievning ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilgan”, deydi murojaatchi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 avgust 2023
Rassom Tuz: Azizlar mana zuvv etip xafta aylanib yana siz bilan yuzma-yuzman. Matchon Suqulish: Nichiksizlar xo‘jik birri, ham mo‘chchi oybikala. To‘y ...
19 sentyabr 2018
«Yigirma ikkita mahkum va yana shuncha voyskovoy birdaniga izo­lyator tomon chopa boshlaydilar. Voyskovoylar yo‘l bo‘yi mahkumlar­ni dubinkalari bilan savalab ...
4 sentyabr 2017
O‘zbekiston muxolifati lideri Muhammad Solih Interpol qidiruv ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda Muhammad Solihning o‘zi Eltuz muxbiriga aytib berdi. Solihga ...
27 avgust 2019
Rasman e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston YaIM qariyb 50 milliard dollarni tashkil etadi. Markaziy bank raisiga ishonsak esa YaIM ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...