Asosiy mavzular
11 sentyabr 2017

Mirziyoev tarqatgan tovuqlar tuxum qilmayaptimi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning xalqni tovuqboqar qilish tashabbusi olg‘a surilganiga ham bir jo‘janing tuxum qilish yoshiga yetishidan ko‘ra ko‘proq vaqt o‘tdi.

Prezident xalq  farovonligini oshirishni niyat qilgan bo‘lsa ne ajab. Rassom Bek © Eltuz.com

Uning topshirig‘i bilan tarqatilgan jo‘jalar bugun tuxumga kirgan, tuxum qiladigan tovuqlar esa go‘shtga topshiriladigan yoshga yetib qolganiga ancha bo‘ldi.

Lekin O‘zbekiston bozorlarida bu mahsulotlar narxi tushish o‘rniga tobora ko‘tarilib bormoqda. Holbuki, xalqni tovuqboqarlikka jalb etishdan maqsad bozorda narx-navo tushishiga erishish, aholini o‘zini o‘zi boqishiga imkoniyat yaratish edi.

Boshidanoq ko‘pchilik istehzo bilan qarshi olgan mazkur tashabbus ortida aslida ezgu niyat yotganiga ishonsa bo‘ladi. Shu yo‘l bilan prezident xalq ro‘zg‘origa yengillik kiritish, uning farovonligini oshirishni niyat qilgan bo‘lsa ne ajab.

Qolaversa, davlat xalqni boqa olmayotgan sharoitda xalqning o‘zini o‘zi boqishiga imkoniyat yaratib berish ham katta gap edi.

Afsuski, yuqorida aytganimizdek, shu tashabbus ortidan aholiga yetkazib berilgan jo‘jalar har kuni tuxum qiladigan yoshga yetganiga qaramay, ko‘zlangan maqsadga erishilmadi.

Bugun bozorlarda tuxumning ham, tovuq go‘shtining ham narxi osmonga o‘rlasa o‘rlayaptiki, hech yerga tushgisi kelmaydi.

Mirziyoev tashabbusi keng yoyilayotgan paytda davlat tomonidan arzon sottiriladigan, kattaligi bedananikidan sal yirikroq bo‘lgan tuxum narxi 330 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kelib 400 so‘mga ko‘tarildi.

Ammo hali Mirziyoev tarqatgan limonlar hosilga kirmagan. Rassom Tuz © Eltuz.com

O‘sha paytda kilogrammi 14 ming so‘m bo‘lgan butun tovuq go‘shti endilikda nomiga 18 ming, aslida esa 22 ming so‘mgacha chiqdi.

Arzon tuxumga turnaqator navbatlarni ko‘rib, sobiq sovet davrida aroqqa ur-yiqit bo‘lgan davrlar esga tushadi.

Nega tuxum va tovuq go‘shti narxini tushirishga qaratilgan bunday keng ko‘lamli tashabbusning samarasi bugungi kunga kelib ham ko‘rinmayapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Aslida ezgu niyatlar ila boshlangan tashabbus avval-boshdanoq olg‘irlar uchun yana bir imkoniyat eshigini ochib bergandi. Ular buning orqasidan ham pul topish yo‘lini «kashf» etgandi.

Avvalo, banklar tomonidan shu maqsad uchun ajratiladigan kreditlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aholining o‘ziga berilmadi. Balki shu yo‘nalishlarda ishlaydigan turli firmalarga o‘tkazib berildi. Ular esa o‘z mahsulotini bozordagidan ancha qimmat narxda aholiga pulladi.

Birinchidan, byudjet tashkilotlari xodimlari tovuq yoki jo‘jani o‘sha qimmatfurushlardan olishga majburlandi. Ikkinchidan, ta'minotchilar yoki kasalvand jo‘jalar, yoki qarigan tovuqlarni yetkazib berdi.

Natija esa Rossiyaning endilikda marhum bosh vaziri Viktor Chernomirdinning o‘sha mashhur iborasidagidek bo‘ldi – “poluchilos kak vsegda”.

Kuz ham kelib, jo‘ja sanaladigan, natijalar sarhisob qilinadigan palla boshlandi. Sarhisob esa ko‘ngilga taskin beradigan darajada emas.

Bugun bozorlarda erkin savdoda kichik tuxum narxi 500 so‘m, kattalari esa 650 so‘mdan boshlanadi.

Odatda issiq mavsumda tuxum narxi pastroq bo‘lardi yurtimizda. Bu yil esa teskarisi bo‘ldi. Hali kun salqinlashganda tuxum narxi yanada oshmasligiga kafolat yo‘q…

Tovuq kasofati bilan Rustam Azimov ishdan ketgandi. Rassom Tuz © Eltuz.com

Bu tovuqlar o‘z vaqtida bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovning ham boshini yegandi. Prezidentning aholini yoppasiga tovuqboqar qilish topshirig‘ini bajarmagani ortidan (boshqa asosiy siyosiy sabablar bilan omixta bo‘lgan holda) u ishdan quvilgandi.

Tovuqchilik ortidan issiqxonalar qurish, limon yetishtirishni ko‘paytirish tashabbusi ham olg‘a surilgandi.

Bozorda besh ming so‘m turadigan limon ko‘chatlari olg‘irlar vositasida yana o‘sha byudjet tashkilotlari xodimlariga o‘ttiz ming so‘mdan o‘tkazilgandi.

Xuddi davlat siyosatiga achchiq qilgandek, bu yil bozorlarda yangi limon hosili ham o‘tgan yilgidan ancha qimmat bo‘lib sotuvga chiqdi. Mundayroq limonning kilogrammi narxi 13 ming so‘mdan boshlanadi.

Ammo hali Mirziyoev tarqatgan limonlar hosilga kirmagan. Shunga qaramay, vaqti kelganda bu limonlarga ham tovuqning nuqsi o‘rmasaydi, degan xavotir hozirdanoq bor!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 iyul 2017
Istanbulning Pendik tumanida o‘zbek fohishalari va politsiya o‘rtasida yuz bergan qochdi-quvdida ikki ayol yaralandi. Hurriyat gazetasi muhbiri Muslim Sariyorning ...
21 sentyabr 2018
So‘nggi kunlardagi xabarlarni o‘qib, O‘zbekistonda hokimiyat idoralaridagi poraxo‘rlikka qarshi keskin kurash boshlanganga o‘xshaydi, degan xayolga borish hech gap emas. ...
13 aprel 2018
Toshkentning Uchtepa tumani aholisi bilan 10 aprel kuni o‘tkazgan muloqotida IIV o‘rinbosari, Toshkent shahri IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘raev soqol ...
18 fevral 2022
Mana fevralniyam belini sindirdik. Yana 15 kun chidab bersak bahor keladi. Balki ko‘klam kelsa prezidentga maqtov yozadigan maddoxlar bahor ...
Bloglar
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...
7 yanvar 2025
Ijtimoiy tarmoqlarda “1000kitob” loyihasi bo‘yicha turli gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Mansab talashuvi, ziyolilarning guruh-guruh bo‘lib, bir-biri ...