Asosiy mavzular
22 iyun 2020

Kasaba “dinozavrlari” kimning hisobidan prezidentga yoqishga harakat qilyapti?

Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida 15 iyun kuni ochilgan “Oq kema” bolalar oromgohi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi byudjeti, ya'ni ishchi-xizmatchilar kasaba uyushmalariga o‘tkazadigan mablag‘ evaziga qurilgan. 

Bu haqda “Eltuz”ga kelib tushgan shikoyat xatida yozilishicha, “federatsiya rahbari Qudratulla Rafiqov prezident topshirig‘ini bajarish uchun o‘z xodimlarining maoshini sarflagan”. 

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov Oqqo‘rg‘on tumanida. Foto: ishonch.uz

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoev topshirig‘i bilan boshlangan mazkur qurilishga Kasaba uyushmalari federatsiyasi 36 milliard so‘m mablag‘ ajratgan

“Eltuz”ga kelib tushgan shikoyat xatida bildirilishicha, aslida bunday ob'ektlarning federatsiya tomonidan qurilishi mablag‘ning maqsadsiz sarflanishi hisoblanadi. 

“Chunki bu pullar ishchilar manfaatlari uchun ishlatilishi shart. Lager va sanatoriylar qurish uchun emas. Aslida bu qurilishlar davlat va boshqa manbalar hisobidan bo‘lishi kerak”, deyiladi xatda.

Andijonning Oltinsoy tumanidagi sanatoriy ham kasaba uyushmalari a'zolari puliga qurilgan

Mahalliy matbuotda ko‘z-ko‘z qilingan “Oq kema” oromgohi Orol dengizining qurib qolgan tubida, dov-daraxt o‘smaydigan hududda barpo etilgan.  

Bunday olib qaraganda, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi faoliyatidan noroziliklar yetarlicha.

Ma'lum bo‘lishicha, karantin munosabati bilan “federatsiya va tizimlari xodimlari ikki oydan beri haq to‘lanmaydigan ta'tilga chiqarilgan. Majburiy arizalar yig‘ib olingan. Oylik berishga pul yo‘q. Lager qurishga sarflanibdi pul. Chunki prezident topshiriq bergan”. 

Kasaba Uyushmalari Federatsiyasi kengashi rayosati qaroridan

“Eltuz” tasarrufida Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratulla Rafiqov imzolagan “30 kun muddatga ish haqi saqlanmagan holda ta'tilga chiqarish to‘g‘risidagi arizalarni qanoatlantirish masalasi ish beruvchilaridan so‘ralsin va ularga bir oylik lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam to‘lansin”, deyilgan rayosat qarori mavjud.

Ammo kasaba uyushmalari xodimlariga ish haqlari to‘liq to‘lanayotgani yuzasidan aniq va batafsil ma'lumotlar yo‘q.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi kotibiyati mudiri Abdug‘afur Oqberdiev 16 iyun kuni “Eltuz” muxbiri bilan telefon orqali suhbatida kasaba uyushmasi kengashlarining barcha xodimlariga oyliklar to‘liq berilayotganini bildirdi. 

Biroq u federatsiya rayosatining yuqorida eslatilgan qarori yuzasidan izoh  berishni tashkilot yuridik bo‘limiga havola qildi. Hozircha “Eltuz” bu bo‘limdan javob ololgani yo‘q. 

Toshkent shahridagi kasaba uyushmalari idorasi xodimlaridan birining “Eltuz”ga aytishicha esa kasaba uyushmalarining respublika kengashlariga bir oylik uchun tushum pullari ajratilmagan. 

“Chunki koronavirus pandemiyasi bahonasidagi tadbirlar doirasida xodimlar ish haqi saqlanmagan holda bir oylik ta'tilga chiqarilgan.  Oylik ish haqlari byudjetga aloqador bo‘lmagan kasaba uyushmalarining ayrim bo‘limlari bundan istisno bo‘lishi mumkin”, dedi “Eltuz” suhbatdoshi.   

Uning so‘zlariga ko‘ra, federatsiya rahbariyati oddiy ishchilar manfaatini himoya qilish o‘rniga yuqorining topshirig‘ini bajarishga o‘rganib qolgan. Bu holat federatsiyaga Tanzila Norboeva rahbarlik qilgan zamonlardan buyon davom etib kelayotir. 

“Federatsiya boshqaruviga ishdan urilgan, allaqachon pensiyaga chiqib ketgan qadimgi “dinozavrlar” kelib qolgan. Yangicha ishlash yo‘q. 

Kasaba uyushmalari federatsiyasi vakillari «xotin qizlar muammosiga bag‘ishlangan tadbir»da. foto: kasaba.uz

Rafiqov tashkil etayotgan har bir tadbir dabdababozlik. Bularning barchasi ishchi-xizmatchilar kasaba uyushma uchun ish haqidan ajratayotgan bir foiz pul evaziga bo‘lmoqda. 

Aslida xalqning qancha puli yig‘ilgani va qaerga sarflanayotgani ochiq ma'lumot bo‘lish kerak. Lekin kasaba uyushmalarida bular sir saqlanadi”, dedi suhbatdosh. 

Uning ta'kidlashicha, aslida o‘sha bir foiz tarmoq kasaba uyushmalari ixtiyoriga tushib, muayyan bir qismi keyin federatsiyaga o‘tkazilishi kerak. Ammo O‘zbekistonda barcha mablag‘ avval federatsiyaga tushib, keyin tarmoq tizimlariga taqsimlanadi.

Qolaversa, kasaba uyushmalarini o‘z vakolatiga kirmaydigan ishlarga jalb etish juda avj olgan. 

“Kasaba uyushmalari hozirgi kunda ish beruvchining o‘yinchog‘iga aylanib qolgan. Biz ijtimoiy hamkorlik asosida ishlaymiz, deb ko‘ksiga urishadi. Ishchilar himoyasiga ish tashlashlarni tashkil etish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas”, deydi “Eltuz” suhbatdoshi. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, federatsiya tarkibida 14 ta a'zo tashkilot bo‘lib, ularning 12 tasiga may va iyun oylari uchun ish haqi to‘lashga pul ajratilmagan. 

Haqiqitan ham, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi faoliyatiga chuqurroq nazar tashlasangiz, bu nodavlat tashkilotmi yoki davlatga qarashli idorami, degan savol tabiiy ravishda paydo bo‘ladi.

O‘sha “Oq kema” oromgohi qurilishi masalasida ham bu jihat yaqqol ko‘zga tashlanadi: Xo‘sh, prezidentning nima haqi bor nodavlat tashkilotga bunday katta mablag‘ sarflanadigan ob'ektni qurish topshirig‘ini berishga? 

Mahalliy matbuot tarqatgan quyidagi xabar ham hali eskirgani yo‘q:

O‘zbekiston va Qozog‘iston kasaba uyushmalari federatsiyalari vakillari Qozog‘istonning Maqtaorol tumanida. foto: kasaba.uz

“Joriy yilning 17 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyati Maqtaorol tumaniga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi va Qozog‘iston kasaba uyushmalari federatsiyasi delegatsiyalari vakillari tashrif buyurib, Sardoba suv omboridagi texnogen falokat oqibatida suv toshqinidan zarar ko‘rgan hudud aholisiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatdilar».

“Axir bu yana qanaqa maynavozchilik? Kasaba uyushmalari federatsiyasining ishchi-xizmatchilar pulini sarf qilishga nima haqi bor? Federatsiya xayriya fondi emas-ku”, deydi kasaba uyushmalari idorasi xodimi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 fevral 2021
Ehtimol boshqa oilada dunyoga kelganida u mashhur turk rassomi sifatida ulug‘langan va san'at tarixi zarvaraqlarida muhrlangan bo‘lar edi. Biroq ...
28 mart 2017
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida mamlakat ta'lim tizimining abgor ahvoli haqida nisbatan tanqidiy maqolalar chop etilyapti. Haqiqatan ham ...
4 oktyabr 2015
“Yoshlar” telekanalida efirga uzatilayotgan “Senga oshiqman” (Ishani) serialini O‘zbekiston Ommaviy axborot vositalari monitoring markazi zararli, deb topdi.
21 fevral 2021
Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi Do‘smat qishlog‘ida yashovchi Ulug‘bek Murodov Senat raisasi Tanzila Norboeva bergan va'dasini bajarmagani xususida ijtimoiy tarmoqda ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...