• Foto: Eurasianet
Asosiy mavzular
30 iyun 2021

O‘zbekiston va Tojikistonga qochib o‘tayotgan afg‘on harbiylari soni ko‘paymoqda

Tojikiston tomoni “Tolibon” ta'qibidan qochayotgan afg‘on harbiylariga boshpana taklif etmoqda, ammo O‘zbekiston rasmiylari bu borada qattiqroq pozitsiyada turibdi. 

Ikki mamlakat rasmiylarining ta'kidlashicha, Afg‘oniston hukumati qo‘shinlarining chegaradan o‘tib, qo‘shni Tojikiston va O‘zbekistondan boshpana izlash holatlari kundan kunga odatiy hodisaga aylanib bormoqda.

27 iyun kuni ertalab “Tolibon” Afg‘onistonning Kaldar tumanidagi chegara nazorat-o‘tkazish punktlariga hujum uyushtirib, 17 nafar afg‘on askarini qochishga majbur etganini xabar qildi Tojikiston davlat axborot agentligi.

Qochqin askarlar Tojikistonga Shahrituz chegara posti orqali kirdi. Shahrituz tumani mamlakatning eng janubi-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, u yerda chegara O‘zbekiston va Afg‘oniston bilan kesishgan.

Bu bir hafta ichida Afg‘oniston qurolli kuchlarining tojik zaminidan ikkinchi marta boshpana izlashga urinishidir. 22 iyun kuni ham 130 tadan ortiq askar uzoq davom etgan janglardan so‘ng Sherxon Bandar chegara nazorat-o‘tkazish punktlari orqali chekingan.

Ikki hodisa bir-biridan taxminan 70 km masofada sodir bo‘lgan. Har ikki holatda tojik chegarachilari chekingan afg‘on harbiylarini “insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik” nuqtai nazaridan qabul qilgani aytiladi. 

Afg‘on harbiylarining qo‘shni mamlakatlarga chekinishi yuzasidan O‘zbekiston qat'iy pozitsiyani egallab, ular chegaralarni ruxsatsiz kesib o‘tish orqali xalqaro huquqni buzayotganidan ogohlantirmoqda.

Rasmiy Toshkent 28 iyun kuni tarqatilgan bayonotda o‘tgan kunlarda afg‘on harbiylari O‘zbekiston hududiga o‘tishga bir necha bor uringanini bildirdi. 

Tafsiloti quruq bo‘lgan bayonotga ko‘ra, 23 iyun kuni 53 nafar afg‘on askari qurollangan holda Afg‘onistonning Sho‘rtepa tumanidan O‘zbekistonga o‘tgan.

“O‘sha kun bilan bugungi kun oralig‘ida yana bir necha bor shunday urinishlar bo‘ldi”, dedi O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov. Oxirgi urinish 26 iyunda sodir bo‘lgan.

Asadov O‘zbekistonga kirishni istagan barcha odamlar milliy va xalqaro qonunchilikka muvofiq Afg‘onistonga qaytarilgani, “O‘zbekiston chegarasining daxlsizligi har qanday holatda shubha ostida qolmasligi kerak”ligini bildirdi.

Afg‘oniston harbiylarining bunday urinishlariga javoban, chegaradagi tobora beqarorlashib borayotgan vaziyatda O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari o‘z siyosatini muvofiqlashtirishga intilayotir.

“Tolibon” Afg‘onistonning Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh Faryob, Juzjon, Qunduz, Balx, Taxlan va Badaxshon viloyatlarida sezilarli yutuqlarga erishmoqda yoki shiddatli janglarni olib bormoqda.

AQSh harbiylari Afg‘onistondan olib chiqilishi e'lon qilinganidan so‘ng toliblar harbiy xurujlar sur'atini yanada oshirdi. Aprel oyida AQSh prezidenti Jo Bayden 11 sentyabrga qadar o‘z harbiylarini bu mamlakatdan olib chiqib ketishini bildirgandi. 

Biroq AQSh rasmiylari Markaziy Osiyodagi sheriklarini agar zarurat tug‘ilsa, AQSh kuchlari Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarda ishtirok etishiga imkon beradigan bazaviy variantlarni taqdim etishga ishontirishga urinayotgani to‘g‘risida vaqti-vaqti bilan xabarlar kelmoqda. 

Ammo may oyida O‘zbekiston rasmiylari AQShning bu taklifiga jiddiy qarshi chiqqan, garchi hali noaniq bo‘lsa-da, g‘oya muhokamadan butunlay olib tashlangan edi. 

27 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 4 iyulgacha davom etadigan amaliy tashrif bilan AQShga jo‘nab ketdi. Safar haqidagi qisqacha bayonotda Komilov boshchiligidagi delegatsiyaning maqsadi haqida batafsil ma'lumot berilmagan bo‘lsa-da, kun tartibida xavfsizlik masalasi muhim o‘rin tutishi aniq.

Komilov amerikalik jurnalist Dennis Vuliga safar oldidan bergan intervyusida “Afg‘oniston muammolariga harbiy yechim yo‘q”ligini yana bir bor ma'lum qildi. 

Komilovning ta'kidlashicha, 1990 yillarda “Tolibon” Afg‘onistonning katta qismiga tatbiq etgan teokratik boshqaruvga qaytishni qabul qilish to‘g‘risida hech qanday gap bo‘lishi mumkin emas, ammo murosaga erishish kerak.

“Biz bu masalani amaldagi hukumat va harbiy muxolifat, “Tolibon” va boshqalar o‘rtasidagi o‘zaro murosaga kelish yo‘li bilan hal qilish kerak, deb hisoblaymiz”, dedi u Vuliga.

Eurasianet nashridan Eltuz tarjimasi

Tag‘in o‘qing
5 yanvar 2016
Yangi yil arafasida Feysbuk sahifasi ishtirokchilari «Toshkent go‘zali»ni tanlashdi. Aktrisa Olesya Nedobegova bu virtual tanlov g‘olibi bo‘ldi va u ...
5 dekabr 2019
Ichki ishlar vaziri general Po‘lat Bobojonov uyida gaz va elektr toki yo‘qligidan sovuqda o‘tirgan oilaga elektr isitgich sovg‘a qildi ...
8 avgust 2020
Britaniyaning Hertfordshire Press nashriyoti keng o‘quvchilar e'tiboriga o‘zbek shoirasi Xosiyat Rustamovaning “Rangin ko‘zyoshlar” deb nomlangan she'riy to‘plamini taqdim etdi. ...
15 aprel 2020
Joriy yilning apreli boshidan Toshkent ko‘chalarida BTRlarda yurib, karantin bois karnaylar orqali aholini uyda qolishga da'vat etish boshlandi. Biroq ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...