Asosiy mavzular
19 sentyabr 2021

Edinburgdan Tsyurixgacha: “Orient Group”ni maxfiylik to‘ri bilan o‘rab olgan offshor boshpanalar

O‘zbekistonning “Orient Group” kompaniyasi bilan bog‘liq bir yillik tergov ishi shuni ko‘rsatdiki, uning O‘zbekiston prezidenti bilan oilaviy aloqasi mavjud va O‘zbekiston-Ummon investitsiya kompaniyasi bilan deyarli eksklyuziv munosabatidan foyda ko‘radi. 

O‘zbekiston-Ummon investitsiya kompaniyasi – bu ikki mijoz – O‘zbekiston hukumati va Ummon sultonligi tomonidan taqdim etilgan 200 million AQSh dollari miqdoridagi kapitalni boshqaradigan aktsiyadorlik jamg‘armasi. 

Tergov natijalarining ko‘rsatishicha, “Orient Group”ning logistika, yuk tashish va og‘ir sanoatdagi portfellari konglomeratning “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat operatori bilan ko‘p qirrali munosabatlari asosida gurkirab ketdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi “Orient Group”ga 30 million AQSh dollaridan ko‘proq sarmoya kiritishdan tashqari ayni paytda konglomeratning eng yirik korxonalari uchun asosiy xaridor hisoblanadi.

“Orient Group”ning eng yirik aktsiyadorlaridan biri Otabek Umarovning ukasi Oybek Umarov ekanini hisobga olsak, barcha dalillarni birlashtirganda murakkab savollar o‘rtaga chiqadi. 

Otabek Umarov – O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning kuyovi. U, shuningdek, Prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari hisoblanadi. 

Oybek Umarovni siyosiy ta'sirga ega shaxs deb atash mumkin. Chunki uning akasi yuqori lavozimli davlat amaldori bo‘lib, prezident oilasi bilan nikoh rishtalari mavjud. Bu belgi hech qanday qonunbuzarlikni anglatmaydi. Bu “Orient Group” va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi har qanday operatsiyani sinchkovlik bilan tekshirish uchun chuqur asosga ega ishora beradi.

Shotlandiyadagi Edinburgdan to Shveytsariyadagi Tsyurixgacha cho‘zilgan offshor maxfiylik pardasi “Orient Group” siyosiy ta'sirining to‘liq ko‘lamini tekshirishga xalal bermoqda.

O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Buyuk Britaniya, Britaniyaning Virjiniya orollari, Gibraltar, Gonkong, Birlashgan Arab Amirliklari va Shveytsariyada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalardan pora olish, noqonuniy o‘zlashtirish va pul yuvishda foydalangani aniqlanganidan so‘ng O‘zbekistonda shaffof bo‘lmagan offshor kompaniyalardan foydalanish  uzoq vaqtdan beri munozarali mavzu bo‘lib kelmoqda.

Bunga asoslangan holda “Orient Group” bilan bog‘liq har qanday offshor kompaniyalar noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanadi, degan xulosa chiqarib bo‘lmasa-da, siyosiy ta'siri va bir qator davlat idoralari bilan yaqin tijorat aloqalari bo‘lgan konglomeratdagi offshor sarmoyalar hajmi ularning manfaatdor egalari haqida dolzarb savollarni tug‘diradi.

“Orient Group” markazidagi offshor investorlar tarkibining aksariyati Shotlandiyadagi sakkizta mas'uliyati cheklangan sheriklikdan tashkil topib, ular so‘nggi o‘n yil mobaynida sobiq sovet hududida mijozlar uchun katta raqamlari bilan mashhur bo‘lib kelmoqda.

Bu mas'uliyati cheklangan jamiyatlarning beshtasi Edinburgdagi 4 Queen Street manzilida, Shotlandiyadagi 565 ta boshqa mas'uliyati cheklangan sheriklik bilan bir qatorda joylashgan. Yana ikkitasi Edinburgdagi 101 Rose Street South Lane ko‘chasida joylashgan bo‘lib, u yerda 2000 dan ortiq tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan.

Ro‘yxatga olish agentliklari Buyuk Britaniya va chet elda mijozlar uchun minglab tayyor yuridik shaxslarni yaratadigan sanoat korporativ joylari hisoblanadi. So‘nggi besh yil mobaynida bu agentlar korruptsiya va pul yuvish bilan shug‘ullanish uchun korporativ tuzilmalardan foydalanish qulayligi bilan bog‘liq xavotirlar uchun qattiq tanqidga uchradi. 

Shunga qaramay, “Orient Group” bilan bog‘liq bo‘lgan Shotlandiya cheklangan sherikliklarining hech biri noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangani haqida biror taxmin yo‘q.  

O‘zbekiston yuridik shaxslari reestriga kiritilgan ustav kapitali to‘g‘risidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Shotlandiyadagi “Orient Group” bilan bog‘liq sakkizta shirkat konglomeratga 118 million dollar miqdorida sarmoya kiritgan.

Prezident Karimov davrida investitsiyalar muzlatilganidan so‘ng ehtiyotkor investorlar endigina O‘zbekistonga qaytish choralarini ko‘rishni boshlayotganda 118 million AQSh dollari ushbu sherikliklarni O‘zbekistonning uglevodorod sohasidan tashqaridagi eng yirik xorijiy sarmoyadorlari bilan tenglashtirdi.

“Orient Group” kompaniyalari O‘zbekistonga ushbu sarmoyalarni yo‘naltirgani shaffoflikka bo‘lgan ehtiyojni oshiradi.

Misol tariqasida “Binket Group”ni olsak. U 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozir “Empire Industrial Services LP” tomonidan 39 million AQSh dollari miqdorida sarmoya qilingani tufayli Markaziy Osiyodagi eng katta ichki eshiklar va shkaf mebellari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

2017 yilda amalga oshirilgan islohotlar Shotlandiya cheklangan sherikliklarida katta nazoratga ega bo‘lgan shaxslarni davlat reestrida e'lon qilishni talab etadi. Agar ushbu sub'ektlar muhim nazoratga ega bo‘lgan shaxslarni e'lon qilish uchun qonuniy majburiyatga ega bo‘lsa, ushbu deklaratsiya yuridik shaxslarni o‘z ichiga olishi mumkin.

“Empire Industrial Services LP” bu talabni ochiq-oydin buzgan holda, muhim nazoratga ega bo‘lgan yagona tashkilot deya “Empire Industrial Services Holding LP” ingliz mas'uliyati cheklangan sherikligini e'lon qildi. 

Buyuk Britaniyaning mas'uliyati cheklangan jamiyatlarida katta nazoratga ega bo‘lgan shaxslarning ochiq reestri to‘g‘risida ma'lumot berishlari talab etilmaydi. O‘zbekistondagi eng yirik individual sarmoyadorlardan birining ortida kim turganini bilishning imkoni yo‘q. 

Biz “Empire Industrial Services LP”ning “Binket Group”dagi ba'zi hamkorlarini O‘zbekistondagi yuridik shaxslarning yagona reestridagi ma'lumotlardan bilamiz. Uning tarkibiga Prezident Mirziyoev kuyovining ukasi Oybek Umarov hamda O‘zbekiston va O‘mon hukumatlari qo‘shgan davlat mablag‘lari hisobidan “Binket Group”ga 17,3 million dollar sarmoya kiritgan O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasi kiradi.

O‘zbekiston-Ummon investitsiya kompaniyasidan Buyuk Britaniyaning shaffoflik harakatlarini puchga chiqarish uchun noqonuniy usullarni qo‘llagan offshor sheriklari bilan qanday tekshiruv o‘tkazilayotgani to‘g‘risida so‘ralganda, uning investitsiya bo‘yicha direktori sarmoyalar “jiddiy tahlil, tashqi maslahatchilar tomonidan sinchkovlik bilan tekshirish va xavf-xatarni to‘liq baholash” asosida amalga oshirilganini tasdiqlaydi.

Jamg‘armaning tavakkalchilik ishtahasi yuqori ko‘rinadi.

Shuningdek, u “Scottish Limited Partnerships”, “Good Supplies LP”, “Yardrock Development LP” va “Downtown Distribution LP” bilan bir qatorda “Orient Group” kompaniyalari “Dorkomplektsnab servis”, “Bektemir metall konstruktsiyalari” va “Binokor temir-beton servis” kompaniyalariga 52,3 million dollar sarmoya kiritdi.

“Orient Group” o‘zining offshor tuzilmalari haqidagi savollarga batafsil javob bermadi.

Hozircha “Orient Group” kompaniyasining Shotlandiyadan kiritilgan 118 million dollarlik sarmoyasining asosiy manbasi sir saqlanayotganga o‘xshaydi.

Tag‘in o‘qing
3 mart 2021
Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi “Katta Karchin” MFY “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Hudud aholisiga 2019 yilda barcha xonadonlar ichimlik suv ...
23 noyabr 2020
 “Eltuz” O‘zbekistondagi eng mashhur erotik bloger, Asalxoniy taxallusi bilan tanilgan 30 yoshli Asal Xo‘jaeva bilan suhbatlashdi. Suhbatdosh intim blogerlik va jinsiy xizmat ...
29 iyun 2017
28 iyun kuni Bryusseldagi yig‘ilishda Markazi Berlinda joylashgan «O‘zbekiston Germaniya forumi» va Xalqaro Human Rights Watch tashkiloti paxta sohasidagi ...
5 iyun 2018
Prezident Mirziyoev 30 may kuni Toshkentda «Rosatom» atom energiyasi korporatsiyasi direktori Aleksey Lixachyov bilan uchrashuvida atom elektrostantsiyasini Navoiy viloyatida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...