Asosiy mavzular
29 iyun 2017

Jahon banki carmoyasi O‘zbekistondagi majburiy mehnatni rag‘batlantirmoqda

28 iyun kuni Bryusseldagi yig‘ilishda Markazi Berlinda joylashgan “O‘zbekiston Germaniya forumi” va Xalqaro Human Rights Watch tashkiloti paxta sohasidagi majburiy mehnatga qo‘shma hisobotini e'lon qildi.

“Jahon Banki bilan bog‘liq majburiy mehnat. Mamlakatning paxta sohasidagi muttasil qonun buzilishlari” deya nomlangan 116 sahifadan iborat yakuniy hisobot Jahon Bankining O‘zbekistondagi majburiy va bolalar mehnati aralashgan yarim milliard dollarlik loyihalarini tanqid ostiga oldi.

Majburiy mehnat va bolalar mehnatini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya qilish sharti bilan Jahon banki loyihalari moliyalashtirilganiga qaramay, O‘zbekiston hukumati loyiha hududida odamlarni, jumladan, bolalarni ishlashga majburlashda davom etayotgani aytiladi, jumladan hisobotda.

Shuningdek, hisobotda hukumat paxta dalalarida ishlashdan bosh tortganlarni ishdan haydash, nafaqalardan mahrum qilish va talabalarni o‘qishdan haydab yuborish kabilar bilan qo‘rqitib kelayotgani biliriladi.

Paxta hamma uchun majburiydir

Yakuniy hisobot, O‘zbekiston hukumati qanday qilib talabalar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, boshqa davlat tashkilotlari xizmatchilari, xususiy soha ishchilari, va ba'zan bolalarni 2015 va 2016 yillarda paxta terishga, dalalarni yovvoyi o‘tlardan tozalashga va 2016 yil bahorida chigit ekishga majbur qilgani haqidagi guvohliklarni o‘z ichiga oladi.

“Hukumat terimga chiqish haqida buyruq beradi va bu buyruqqa bo‘ysunmay bo‘lmaydi… Agar men bo‘ysunmasam, ishdan haydalaman… Biz yeb turgan nonimizdan ayrilamiz” deydi O‘zbekistonlik o‘qituvchi.

Jumladan 2015 yilning kuzida hokimiyat vakillari 47 yoshli Feruzani O‘zbekistonning eng g‘arbiy mintaqasida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida bir necha hafta davomida paxta terishga majbur qilgan.

Mahalliy rasmiylar agar u paxta terimiga chiqmasa, nabirasi uchun to‘lanadigan nafaqadan mahrum etilishi bilan tahdid qilishgani.

Ushbu amaldorlar Gulnora ismli boshqa bir ayolni ham shuncha vaqt davomida paxta terimida ishtirok etishga majburlashgan.

Gulnora garchi terimga qatnashgan bo‘lsa-da, hokimiyat vakillari unga va'da qilingan bola tarbiyasi uchun nafaqa to‘lashni rad etishgan.

Kelasi yil ham ishlab bersa bu masalaga yana qaytilishini unga va'da qilishgan.

Qonunbuzarlik kattalar bilan cheklanayotgani yo‘q

Hisobotda 2016 yilgi paxta terimi vaqtida bolalar ham paxta dalasida ishlashga majburlanganiga oid faktlar bor.

Jumladan Ellikqal'a tumanidan kamida ikkita maktab rahbariyati darslardan so‘ng 13-14 yoshli bolalarni paxta terimiga jo‘natgan.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi kuzatuvchilari paxta dalalarining birida ishlayotgan bolalarni va ularni yashirinishga da'vat qilayotgan o‘qituvchini ko‘rgan.

Bolalar nafaqalari va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lashni to‘xtatish – hokimiyatning odamlarni ishga majburlash maqsadida qo‘llayotgan jazo choralaridan bittasi, xolos.

Hokimiyat kishilarga, ayniqsa, mamlakatda eng kam maosh oladigan toifa bo‘lmish byudjet tashkilotlari ishchi-xizmatchilariga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qiladi.

Ishlashdan bosh tortadigan talabalar esa o‘qishdan haydalish, kursida qoldirish tahdidi ostida qolishadi.

Qashshoqlik – majburiy mehnatga yo‘l ochuvchi omil

O‘zbekistonda majburiy mehnatga jalb etilayotganlar, ko‘proq qashshoqlikda, past oylik, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar evaziga kun ko‘rayotganlardir.

“Chunki ular ishini yo‘qotish yoki ijtimoiy to‘lovdan mahrum bo‘lib qolishdan cho‘chiydi, birovlar ularning o‘rniga ishlashi uchun pul ham to‘lay olmaydi” deyiladi hisobotda.

Mazkur hisobotda O‘zbekiston hukumati o‘quvchilar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, byudjet tashkilotlarining boshqa xizmatchilari va xususiy sektor vakillarini 2015 va 2016 yillarda qanday qilib paxta terimiga majburlagani haqida hikoya qilinadi.

Hisobotga 2015 yilning sentyabr-noyabr oylarida, 2016 yilning aprel-iyun va sentyabr-noyabr oylarida hamda 2017 yil boshida majburiy mehnatdan aziyat chekkanlar bilan intervyular, mansabdor shaxslarning bayonotlari va oshkor bo‘lgan rasmiy hujjatlar asos qilib olingan.

Jahon banki loyihasi hududlarida…

Hisobotda ayni hududdagi kattalar va bolalar majburiy mehnatidan foydalanishga oid ko‘plab hujjatlar va dalillar keltirilgan.

Shu bilan birga, Jahon bankining O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligiga oid boshqa loyihalari ham muttasil majburiy mehnatdan foydalanish holatlariga aloqador bo‘lishi ehtimoli bildirilgan.

Chunki bunday qonunbuzarliklar sistematik tusga ega. Bundan tashqari, hisobotda Jahon bankining mamlakatdagi boshqa qishloq xo‘jaligi loyihalarida bolalar mehnatini qo‘llashning sezilarli ehtimoli mavjudligi bildiriladi.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi, jumladan har yili paxta terimi jarayonida majburiy mehnat va bolalar mehnati qo‘llanilganiga oid dalillarni Jahon bankiga taqdim etdi.

2014 yilda tuzilgan kelishuv asosida hukumatga kredit berishni to‘xtatish o‘rniga Jahon banki o‘zining xususiy sektorni kreditlash bilan shug‘ullanadigan bo‘limi – Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga investitsiya kiritish hajmini oshirdi.

Paxtachilikdan ko‘riladigan daromad shaffof emas

O‘zbekiston dunyoda beshinchi o‘rindagi paxta yetishtiruvchi davlatdir. Mamlakatda yetishtirilgan paxta xomashyosining qariyb 60 foizi Xitoy, Bangladesh, Turkiya va Eronga eksport qilinadi.

O‘zbekistonning bir million tonna paxta tolasi sotishdan tushadigan yillik daromadi bir milliard AQSh dollaridan oshadi.

Bu mablag‘ Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari “Qishloqxo‘jalikjamg‘arma”ga kelib tushadi. Mazkur jamg‘arma yuqori martabali amaldorlar tomonidan boshqariladi va har qanday jamoatchilik nazoratidan xolidir.

O‘zbekiston paxtasi boykot qilinganiga qaramay…

Bir necha guruhlarning O‘zbekiston paxta sektoridagi majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qarshi kampaniyasi o‘zbek paxtasini boykot qilishga olib keldi.

Masalan, tarmoqda majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanilishi sababli 274 ta kompaniya O‘zbekistonda ishlab chiqarilgani aniq bo‘lgan paxtani xarid qilmaslik majburiyatini oldi.

Shunga qaramay, Jahon banki mamlakat qishloq xo‘jaligi sektorida faol bo‘lib qolmoqda. U 2015-2016 yillarda mazkur tarmoqdagi loyihalar uchun hukumatga jami 518,75 million dollar kredit ajratdi.

2015 yil apreldan buyon Jahon banki O‘zbekiston hukumati bilan Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal'a tumanlarida qiymati 337,43 million dollar bo‘lgan irrigatsiya loyihasi doirasida ish olib bormoqda.

Ushbu loyiha hududidagi haydaladigan yerlarning 50 foizidan ortig‘ida paxta ekiladi. Jahon banki O‘zbekiston hukumatiga loyiha hududida majburiy mehnat va bolalar mehnatiga oid milliy va xalqaro huquq me'yorlarga rioya etish majburiyatini yuklagan. Bank mana shu majburiyat buzilgani yuzasidan ishonchli dalillar paydo bo‘lsa, kredit ajratish to‘xtatib qo‘yilishini bildirgan.

Jahon banki ushbu loyihani tasdiqlagan 2014 yildan buyon O‘zbekiston hukumati To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal'a tumanlarida, jumladan, loyiha hududida paxta sektorida majburiy mehnat, ayrim hollarda bolalar mehnatidan foydalanishga chek qo‘ygani yo‘q.

2015 yilgi paxta terimi mavsumidan ko‘p o‘tmay, XMK Indoneziyaning “Indorama” korporatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan, O‘zbekistondagi paxtadan ip yigiradigan eng yetakchi davlat korxonalaridan biri – “Indorama Qo‘qon tekstil” kompaniyasiga investitsiya kiritdi.

2015 yil dekabrda XMK ishlab chiqarishda faqat o‘zbek paxtasidan foydalaniladigan to‘qimachilik fabrikasini kengaytirish uchun “Indorama” korporatsiyasiga 40 million dollar kredit ajratilishini ma'qulladi.

O‘zbekistonda majburiy mehnatdan foydalanish ko‘lami va uning tizimli tusda ekani hisobga olinsa, kompaniyaning O‘zbekistondan majburiy mehnat (hech bo‘lmaganda qisman) qo‘llanilmay yig‘ib olingan paxtani sezilarli hajmda eksport qilishi imkoniyati juda kamdir. Shuningdek, bolalar mehnatidan foydalanilish ehtimoli ham ancha yuqori.

XMK ma'lumotlariga ko‘ra, “Indorama” korporatsiyasi bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanilishi ehtimolini kamaytirish maqsadida xarid qilinayotgan xomashyoni uning tayyorlanish bosqichidan boshlab kuzatib keladi. “Indorama” korporatsiyasi XMK bilan birgalikda paxta tozalash zavodlari joylashgan tumanlar bo‘yicha ehtimoliylik darajasini baholash tizimini ishlab chiqqan.

Ammo bu tizim umuman talabga javob bermaydi. XMKning odamlarga va atrof muhitga xavf tug‘diradigan loyihalarga investitsiya kiritishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida XMKda Ekologik va ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash faoliyatining samaradorligi standartlari amal qiladi. Bu standartlarga ko‘ra, mijozlar o‘z ta'minot tizimlarida majburiy mehnat va bolalar mehnati qo‘llanilishi ehtimolini aniqlashi, ularni kuzatib borishi va bartaraf etishi kerak. Faoliyat samaradorligi standartlariga muvofiq, qonunbuzarliklarga chek qo‘yish mumkin bo‘lmagan holatlarda mijoz keyinchalik asosiy ta'minot tizimini majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanmayotganini ko‘rsatib berishi mumkin bo‘lgan ta'minotchilarga o‘tkazishi lozim.

Bolalar o‘rniga kattalar majburiy mehnati

Jahon banki mamlakat ta'lim tizimini ham faol moliyalashtiradi. Bu tizimdagi majburiy mehnat va bolalar mehnati esa ta'lim olish va uning sifatiga salbiy ta'sir etadi.

Chunki o‘qituvchilar va talabalar, jumladan, bolalar paxta dalalarida ishlash uchun bir necha oylab o‘qishni to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Jumladan, global sheriklik asosida Jahon banki O‘zbekistondagi ta'lim loyihalariga qariyb 100 million dollar ajratadi.

Shu bois 2013 yildan mamlakat hukumati ishga majburlanadigan bolalar sonini sezilarli kamaytirdi.

Bunga, asosan, quyi bo‘g‘indagi davlat amaldorlarining bolalarni emas, kattalarni majburiy mehnatga safarbar etishi hisobiga erishildi.

Shunga qaramay, 2016 yilda “Hyuman rayts uotch” va O‘zbekiston-Germaniya forumi davlat tomonidan maktablar orqali tashkil etilgan bolalar mehnati qo‘llanilishiga doir avvalgi yildagidan ko‘proq holatlarni hujjatlashtirdi.

Jumladan Qoraqalpog‘istonda, Qashqadaryoning ikkita tumanidagi bolalar, shuningdek, Farg‘ona viloyatining qishloq joylarida darslarni to‘xtatib, 10-11 yoshli bolalarni paxta terimiga chiqarish faktlari aniqlangan.

Suhbatdoshlar ayrim tumanlarda vaziyat 2015 yildagidan ham yomonlashganini qayd etishgan. Zero, 2015 yilda o‘quvchilar paxtaga chiqarilishdan oldin hech bo‘lmaganda bir-ikki soat dars o‘qirdi.

Majburiy mehnatdan foydalanishni “haspo‘shlash”ga samarasiz urinishi

Jahon banki O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektoriga ko‘p yillardan buyon investitsiya kiritib kelayotganiga qaramay, u moliyalashtirayotgan loyihalarda majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanish muammosini hal etish ko‘rsatkichlari nisbatan pastligicha qolmoqda.

Majburiy mehnatga jalb etilgan kishilar 2013 yilda Jahon bankining hisobdorligini ta'minlash bo‘yicha mustaqil mexanizm – Nazorat kengashiga shikoyat topshirganidan keyingina Jahon banki bu muammoni tan oldi. Shikoyatda bankning qishloq xo‘jaligi loyihalari O‘zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatining saqlanib qolishiga imkon berayotgani ta'kidlangandi.

Bunga javoban Jahon banki o‘zining amaldagi va taklif etilayotgan loyihalarining bu kabi mehnat qonunbuzarliklari bilan bog‘liqligi ehtimolini kamaytirishga qaratilgan qator choralar ko‘rdi. Bank hukumatga majburiy mehnat va bolalar mehnati masalalarini tartibga solishga oid milliy va xalqaro qonunchilik me'yorlariga amal qilish majburiyatini yukladi.

Shu bilan birga, u bank loyihalari amalga oshirilayotgan hududlarda mehnat amaliyotining mustaqil monitoringini ta'minlash va shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmini joriy etish majburiyatini oldi. Bu mexanizm yordamida majburiy mehnatdan jabr ko‘rgan shaxslarga shikoyat qilish va tovon puli undirish imkoniyati yaratildi.

Qonun buzilishi ehtimollarini kamaytirishga qaratilgan bunday chora-tadbirlar O‘zbekiston paxta sektorida davlat darajasida tizimli ravishda tashkil etilgan majburiy mehnat muammosini qoniqarli darajada hal etishga qodir emas. Oxir-oqibat bank o‘z zimmasiga olgan ayrim majburiyatlarni bajara olmasligini tan oldi va shuning uchun ancha kuchsiz chora-tadbirlar qo‘llashga o‘tdi.

Mustaqil monitoring o‘rniga, hukumatning aralashuvi

Masalan, Jahon banki hukumat bilan majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanish yuzasidan o‘zicha mustaqil monitoring o‘tkazish o‘rniga boshqacha yo‘l tutdi.

Jahon banki monitoringni BMTning hukumat, ish beruvchi tashkilotlar va xizmatchilar vakillaridan iborat uch tomonlama agentligi – Xalqaro mehnat tashkiloti bilan O‘zbekiston hukumati ishtirokida o‘tkazishga oid kelishuv imzoladi.

O‘z navbatida, XMT O‘zbekistonda eng asosiy mehnat huquqlari qaror topishida muhim rol o‘ynashi zarur edi. Biroq u monitoringda davlat va davlatga qaram bo‘lgan tashkilotlarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yib berdi.

O‘zbekistonda mustaqil kasaba uyushmalari yo‘qligi XMTning mamlakatdagi faoliyatini yanada kuchliroq obro‘sizlantiradi. Mavjud sharoitda majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanishga buyruq beradigan davlatga amalda o‘zini o‘zi nazorat qilish imkoni yaratiladi.

Jahon banki norasmiy ravishda bu cheklanishlarni tan olsa-da, rasman “mustaqil monitoring”ni amalga oshirayotgan organ sifatida XMTga suyanishda davom etmoqda.

Oldindan tayyorlangan “intervyu beruvchilar”

Hokimiyat vakillari odamlarni XMT bilan intervyuga avvaldan tayyorlab qo‘yayotganiga oid dalillar bu tashkilot xulosalariga ishonch yo‘qligining isbotidir.

XMT “so‘rovda qatnashganlarning aksariyati avvaldan tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lishi mumkin”ligini e'tirof etdi.

“Hyuman rayts uotch” va O‘zbekiston-Germaniya forumining ko‘plab suhbatdoshlari rahbarlar va hokimiyat organlari vakillari ularga ishsiz mahalliy fuqarolar ekani va ko‘ngilli ravishda paxta terayotganini yoki o‘qituvchi va tibbiyot xodimi emas, balki maktab va shifoxonalar farroshlari yoxud qorovullari ekanini aytishni buyurganini ma'lum qildi.

Agar kuzatuvchilar o‘zlarining qarshisida o‘qituvchilar turganini avvaldan bilsa, ular darslar tugagandan keyin ko‘ngilli ravishda paxta terayotganini aytishi kerak edi.

Mamlakatda shikoyatlarni adolatli ravishda ko‘rib chiqish mexanizmi yo‘q. Mustaqil mexanizm o‘rniga ishchi-xizmatchilarning shikoyatlari bilan ishlashga Mehnat vazirligi va davlatga qaram bo‘lgan kasaba uyushmalari federatsiyasi javobgar etib belgilangan. Bu esa ishchi-xizmatchilarda ishonchsizlik uyg‘otadi. Mazkur tizim shikoyat qilganlarga qarshi qatag‘onlarga va ko‘tarilgan muammolarga befarq qarashga yo‘l ochadi. Har ikki holat ham ushbu mexanizmga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytirdi.

Jahon banki mustaqil tashkilotlar, xususan, “Hyuman rayts uotch” va O‘zbekiston-Germaniya forumidan huquqbuzarliklarga oid dalillarni olganiga qaramay, loyiha amalga oshirilayotgan hududda O‘zbekiston majburiy mehnat va ayrim hollarda bolalar mehnatidan foydalanish amaliyotini davom ettirish orqali kreditni taqdim etish shartlarini buzayotganini tan olmayotir.

XMT ham 2015 yilda mamlakatda majburiy mehnatni qo‘llash alomatlari mavjudligi va 2016 yilda majburiy mehnatdan, jumladan, bank loyihasi amalga oshirilayotgan hududda foydalanishning doimiy ehtimollari haqida Jahon bankiga ma'lum qilgan.

Majburiy mehnat holatlaridan Jahon bankining ko‘z yumishi

O‘zbekistonga asosiy kreditlarni taqdim etishni to‘xtatish o‘rniga Jahon banki hukumatning majburiy mehnatga chek qo‘yishga qaratilgan sa'y-harakatlarini tan oldi.

“Hukumat juda sekin va ehtiyotkorlik bilan bo‘lsa-da, chora-tadbirlar ko‘ryapti. Bu esa uning milliy qonunchilik va xalqaro majburiyatlarga rioya qilishga samimiy sodiqligidan darak beradi”, deya bayonot berdi Jahon banki.

Bank vakillari huquq sohasidagi o‘zgarishlar, hukumatning XMT bilan hamkorligi, majburiy mehnat va bolalar mehnati masalalari bo‘yicha ta'lim berishning kengayishi, paxta yig‘im-terimini mexanizatsiyalash va'dasi, hukumatning paxta ekiladigan maydonlarni qisqartirish rejasi, shuningdek, 2016 yilda kamida bitta mansabdor shaxs majburiy va (yoki) bolalar mehnati to‘g‘risidagi qonunlari buzgani uchun ishdan bo‘shatilgani haqidagi ma'lumotlarga e'tibor qaratdi.

Shu bilan birga, bank XMT ma'lumotlariga ko‘ra 2014-2015 yillardagi mavsumda paxta terimiga chiqishdan bosh tortgan kishilar soni ikki barobar ko‘payganini qayd etdi.

O‘zgarishlar qanchalik muhim bo‘lmasin, qo‘yilgan qadamlardan birortasi majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanishning bank qo‘llab-quvvatlovi bilan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan bog‘liqligi muammosini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etmaydi. Bu esa bank va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi kelishuv shartlarining buzilishi hisoblanadi.

Huquq himoyachilariga tahdid va qatag‘onlar

2015-2016 yillarda O‘zbekiston-Germaniya forumi kuzatuvchilari hamda inson huquqlari va mehnat huquqlariga rioya etilishi yuzasidan monitoring o‘tkazadigan boshqa kishilar doimiy ta'qib va tazyiqlar tahdidi bilan ro‘baro‘ keldi.

Ba'zi tumanlarda mahalliy hokimiyat organlari, jumladan, militsiya, prokuratura va mahalla qo‘mitalari vakillari kuzatuvchilarni so‘roqqa chaqirdi, ularni noqonuniy va “zararli” faoliyatda aybladi, ularga jinoyat ishi qo‘zg‘ash, ishdan haydash va boshqa jazolar qo‘llash bilan tahdid qildi, ayrim holatlarda esa ular yiqqan ma'lumotlarni musodara qildi. Mahalliy ichki ishlar organlari va hokimiyatning markaziy organlari vakillari kuzatuvchilarning huquqni himoya qilish bilan bog‘liq harakatlarini o‘zboshimchalik bilan chekladi.

2015 yilda tazyiqlar misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Hokimiyat kuzatuvchilarning tadqiqotlar o‘tkazish va ma'lumotlarni XMT va boshqa xalqaro institutlarga yetkazishiga to‘sqinlik qilish maqsadida o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, tahdid qilish, qadr-qimmatni yerga uruvchi qo‘pol muomalada bo‘lish va boshqa jazo choralarini qo‘lladi.

Kuzatuvchi Dmitriy Tixonov mamlakatdan qochib ketishga majbur bo‘ldi.

O‘ktam Pardaev esa ikki oyni hibsda o‘tkazib, keyin shartli qamoq jazosiga hukm qilindi. Hukmda belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa-da, militsiya xodimlari Pardaevga unga nisbatan harakatni cheklash va komendantlik soati joriy etilganini aytdi. Shuningdek, huquq-tartibot xodimlari uning qarindoshlari va yaqinlarini ham kuzatuvga olib, ularni qo‘rqitdi.

Ozodlikka chiqish shartlarini buzish O‘ktam Pardaev uchun qayta qamoqqa tushish xavfini tug‘diradi. Uning fikricha, bu inson huquqlari buzilishi haqida xabarlar tarqatgani uchun undan o‘ch olinishiga asos bo‘lishi mumkin.

2016 yilda O‘zbekiston-Germaniya forumining yagona kuzatuvchisi – Yelena Urlaeva ochiq ishlashda davom etdi.

U zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlari, jumladan, kuzatuvga va o‘zboshimchalik bilan hibsga olinish va tazyiqqa uchrash kabilarga duch keldi.

2017 yil 1 martda militsiya yana bir bor Yelena Urlaevani hibsga oldi. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, u kaltaklanib, haqoratlangandan keyin militsiya uni majburiy davolash uchun jinnixonaga (asab kasalliklari shifoxonasiga) jo‘natgan.

U shifoxonadan 23 mart kuni qo‘yib yuborilgan. Yelena Urlaeva uni Jahon banki va XMT vakillari bilan uchrashishga to‘sqinlik qilish maqsadida ushlashganiga ishonadi.

Jahon bankining irrigatsiya loyihasi amalga oshirilayotgan Qoraqalpog‘istonda hokimiyat vakillari O‘zbekiston-Germaniya forumining o‘z ishini oshkora olib bormayotgan boshqa bir kuzatuvchisini va uning oila a'zosini monitoring o‘tkazishda shubha qilib so‘roqqa tutdi va qo‘rqitdi. Xuddi shu hududda xavfsizlik kuchlari xodimlari boshqa bir mustaqil kuzatuvchini muayyan muddat ushlab turdi.

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi majburiy mehnatdan foydalanish faktlari va O‘zbekistonda mehnat munosabatlari monitoringini o‘tkazishga uringan shaxslarga ko‘rsatilayotgan munosabatlar yuzasidan xavotir bildirdi.

“Hyuman rayts uotch” va boshqa tashkilotlar bankka kreditlash va zaym berish shartnomalariga bank loyihalari amalga oshirilayotgan hududlarda majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanishni fuqarolik jamiyati vakillari va jurnalistlar hech qanday to‘siqlarsiz monitoring qilishini, shuningdek, kuzatuvchilar, ularning suhbatdoshlari va shikoyat yo‘llagan shaxslarga qatag‘onlarni to‘xtatishni ko‘zda tutuvchi alohida modda kiritish bo‘yicha bir necha marta tavsiya bergan. Jahon banki bu tavsiyalarni rad etgan.

2015-2016 yillarda Jahon banki O‘zbekiston hukumati bilan ehtimoliy qatag‘onlar mavzusini muhokama qilganini bildirgan. Shunga qaramay, qatag‘onlar to‘xtamadi, bank ham kuchaytirilgan javob choralari ko‘rishga harakat qilmadi.

O‘zbekiston hukumati qo‘yishi kerak bo‘lgan qadamlar

Bugungi hukumat marhum prezident Islom Karimov 26 yillik hukmronligi davrida amalga oshirib kelgan qatag‘onlarni meros qilib olgan.

Mamlakatning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoev hokimiyatning fuqarolar oldidagi hisobdorligini kuchaytirishga va'da berdi va O‘zbekiston ijtimoiy hayotining muhim jabhalari, jumladan, iqtisodiyot va adolatli sud tizimida islohotlar yo‘qligini tan oldi.

Biroq, bir necha siyosiy mahbuslarning ozod etilganiga qaramay, O‘zbekistonda inson huquqlari vaziyati achinarliligicha qolmoqda.

Rahbariyat almashinuvi – mamlakatdagi inson huquqlari vaziyatidan tashvish bildirayotgan hukumatlar va xalqaro moliya tashkilotlari uchun bosim o‘tkazish va O‘zbekistonda majburiy mehnatning barcha ko‘rinishlarini tag-tomiri bilan sug‘urib tashlash, huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilish uchun juda qulay fursatdir.

Korruptsiya va mehnat huquqbuzarliklariga botib qolgan paxta tarmog‘ini isloh qilish Shavkat Mirziyoev va'da qilgan hisobdorlikka erishish yo‘lida sezilarli qadam bo‘lar edi.

Biroq Shavkat Mirziyoevning shu paytgacha egallab kelgan lavozimlardagi faoliyati hisobga olinsa, uning va'dasi katta umid uyg‘otmaydi.

2003-2016 yillarda bosh vazirlik lavozimida u paxta yetishtirish sohasini nazorat qilgan, bundan avval esa hokim lavozimida paxtachilikka ixtisoslashtirilgan hududlar – Jizzax va Samarqand viloyatlarini boshqargan.

U 2016 yilda, prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lib turgan va paxta ishlab chiqarish ustidan nazoratni saqlab turgan vaqtda ham paxta yig‘im-terimida odamlarni jazo tahdidi bilan ommaviy ravishda majburiy mehnatga safarbar qilish kuzatilgan.

Mazkur hisobotda ta'kidlanganidek, hukumat zaruriy islohotlarni o‘tkazishi, shu orqali majburiy mehnat muammosini yo‘q qilish maqsadiga sodiqligini, jumladan, paxta sohasida majburiy mehnatni sezilarli darajada qisqartirish va bolalar mehnatiga chek qo‘yish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida yanada keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish yo‘li bilan majburiy mehnatni yuzaga keltiruvchi sabablarni bartaraf etish orqali namoyish qilishi mumkin edi.

Asosiy qadamlar esa majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanishni taqiqlovchi qonunlarga rioya etish va ularni bajarish, hokimiyatning barcha organlariga kishilarni majburiy mehnatga safarbar etishni to‘xtatish haqida ko‘rsatma berish, mustaqil jurnalistlar va huquq himoyachilariga hech qanday qatag‘onlardan xavfsiramay paxta tarmog‘ini erkin monitoring qilishiga imkon yaratish kabilar bo‘lishi mumkin edi.

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi uchun navbatdagi qadamlar

Hukumat Jahon banki bilan kelishuv doirasida bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan loyiha hududida majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanmaslik to‘g‘risidagi va'dasini bajarmaguncha Jahon banki O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va irrigatsiyasini moliyalashtirishni to‘xtatishini kerak.

Xuddi shunday, XMK ham majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanmagan holda paxta terilayotganini isbotlaguniga qadar O‘zbekiston paxta tarmog‘iga investitsiya kiritishni to‘xtatishi shart.

Bundan tashqari, Jahon banki va XMK O‘zbekistondagi loyihalari bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan mehnat sharoiti va inson huquqlari sohaasidagi boshqa muammolarni hujjatlashtiradigan va yoritadigan kuzatuvchilarga nisbatan qatag‘onlarni bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi lozim.

Bu institutlar qatag‘onga uchrash holatlarini puxta kuzatib borishi, ularga qarshi oshkora va faol kurashishi, jumladan, inson huquqlari sohasidagi muammolar haqida xabar berayotgan kishilarni qo‘rqitish va ularga kuch qo‘llashga javobgar bo‘lgan barcha shaxslar javobgarlikka tortilishi va bunday holatlar tekshirilishi uchun hukumatga bosim o‘tkazishi kerak.

Shuningdek, ular ehtimoliy huquqbuzarliklarni mustaqil tekshirib ko‘rishi va qatag‘on oqibatida yetkazilgan zararni qoplab berish tartibi ustida ishlashi zarur.

Shu bilan birga, Jahon banki va XMK o‘z investitsiyalariga qandaydir bog‘liq bo‘lgan barcha qatag‘on holatlari hamda bu yuzadan ko‘riladigan javob choralari haqida oshkora va muntazam xabar berishi turishi shart.

Bank hukumatdan Jahon banki guruhi loyihalari amalga oshirilayotgan barcha hududlarda mustaqil jurnalistlar, huquq himoyalari, boshqa shaxslar va tashkilotlarning majburiy mehnat, bolalar mehnati va inson huquqlari buzilishiga doir boshqa holatlar bo‘yicha monitoring o‘tkazishi va yoritishiga imkon yaratishini talab qilish maqsadida O‘zbekistonga oid loyihalar bitimlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi kerak. Bitimlar doirasida bank hukumatdan loyihalar amalga oshirilayotgan hududlarda inson huquqlari buzilishini monitoring qilgani, shikoyat yozgani va kuzatuvchilar bilan suhbatlashgani uchun hech kim jabr ko‘rmasligiga kafolat olishi lozim.

TAVSIYaLAR

Jahon bankiga:

• Hukumat Jahon banki loyihalari amalga oshirilayotgan hududlarda majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanishni to‘xtatmaguncha O‘zbekiston hukumatiga qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya loyihalariga mablag‘ ajratish va kelajakda moliyalashni to‘xtatsin.

• Tegishli qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya loyihalariga yangidan mablag‘lar ajratishdan oldin O‘zbekiston hukumatidan quyidagilarni talab qilsin:

a)  barcha davlat amaldorlari va hokimiyat nomidan ish ko‘radigan fuqarolarga kishilarni va muassasalarni majburiy mehnatga qatnashishga majbur qilmaslik haqida ko‘rsatma berishni;

b)  jurnalistlar, huquq himoyachilari va boshqa shaxslar jazolanishdan xavfsiramay monitoring bilan shug‘ullanishi uchun mustaqil monitoringga ruxsat berishni;

c)  qishloq xo‘jaligidagi majburiy mehnat va bolalar mehnatining tub sabablarini bartaraf etishni, shuningdek, Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanadigan davlat byudjetlariga qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining barcha xarajat va daromadlarini kiritish choralarini ko‘rishga qaratilgan, aniq muddatlar ko‘rsatilgan reja tuzish tashabbusini ko‘rsatishni;

• Jahon banki loyihalari amalga oshiriladigan hududlarda mustaqil kuzatuvchilar monitoring o‘tkaza olishini ta'minlash, kuzatuvchilarni, shikoyatchilarni, kuzatuvchilar bilan hamkorlik qiluvchilarni, huquqbuzarliklar haqida xabar berish mexanizmlaridan foydalanuvchilarni jazolashga taqiq qo‘yilishiga erishish uchun irrigatsiya, qishloq xo‘jaligi va ta'lim sohalaridagi loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga qo‘shimchalar kiritsin. Mablag‘lar faqat mustaqil huquq himoyachilari, jurnalistlar va boshqa kuzatuvchilar jazolanishdan xavfsiramay, cheklovlarsiz ishlashi sharti bilan ajratilishini ochiq va tegishli tartibda talab qilsin.

• Monitoringga hokimiyatdan to‘la mustaqil bo‘lgan, puxta tadqiqot o‘tkazadigan hamda qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va ta'lim loyihalari amalga oshiriladigan hududlarga asosiy mehnat konventsiyalariga rioya etilishi haqida hisobot beradigan tashqi tashkilotni jalb etsin. Bunday monitoring:

a) fuqarolik jamiyatining mustaqil tashkilotini jalb etgan holda o‘tkazilishi;

b) paxta sohasidagi bahorgi tayyorgarlik mavsumi, terimga tayyorgarlik va paxta yig‘im-terimi davridagi majburiy mehnat va bolalar mehnatini qamrab olishi;

s) meva-sabzavotchilikdagi majburiy mehnat va bolalar mehnatini qamrab olishi kerak. 

• Shikoyat topshirishning maxfiylik kafolatlangan va hamma foydalana olishi mumkin bo‘lgan mexanizmini yaratsin hamda loyihalarni amalga oshirish hududlarida yoki ular bilan bog‘liq hududlarda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga jalb etilgan barcha shaxslarni, jumladan, yuridik va moliyaviy himoyalashning samarali vositalarini ta'minlasin.

Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK)ga:

• Zayomchilar paxtani majburiy mehnat va bolalar mehnati qo‘llanilayotgan dalalardan olmayotganini isbotlamaguncha O‘zbekiston paxta sektoridagi barcha investitsiya loyihalariga mablag‘ o‘tkazishni to‘xtatsin.

• O‘zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarayotgan kompaniyalarga, ular ish uslubini o‘zgartirmaguncha yoki ilgari yo‘l qo‘ygan xatolarini tuzatmaguncha, mablag‘lar ajratmasin.

• Jahon banki guruhidan mablag‘ oladigan O‘zbekiston banklarida:

a) ular o‘z xodimlarini paxta dalalarida ishlashga yoki o‘z o‘rniga mardikor yollashga majburlagani; 

b) ular o‘z xatti-harakatlari va investitsiyalari bilan paxta tarmog‘idagi huquqbuzarliklarni, jumladan, majburiy mehnat va bolalar mehnatini qo‘llab-quvvatlagani yoki bu muammoni chuqurlashtirganini aniqlash maqsadida mustaqil audit o‘tkazsin va uning natijalarini e'lon qilsin. 

• Audit xulosalariga asoslangan holda banklardan zaruriy islohotlar o‘tkazishni talab qilsin.

Jahon banki ijrochi direktorlari kengashiga:

• Jahon banki va XMK rahbariyatiga yuqorida qayd etilgan tavsiyalar bajarilishi va ijrosining borishi haqida kengashga hisobot taqdim etishi yuzasidan farmoyish bersin.

• Kengashga O‘zbekistondagi barcha loyihalar bo‘yicha majburiy mehnat va bolalar mehnati ehtimolini baholash hisobotlari taqdim etilishi yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rsin. Bank investitsiya kiritadigan sohalarda majburiy mehnat va bolalar mehnati tizimli ravishda qo‘llaniladigan hududlarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalarni tasdiqlamasin. Majburiy mehnat va bolalar mehnati qo‘llanilgan holda tayyorlangan mahsulotlardan foydalangan va foydalanayotgan korxonalarga investitsiyalarni ma'qullamasin.

O‘zbekiston hukumatiga:

• XMTning ratifikatsiya qilingan konventsiyalari talablarini bajarish maqsadida majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanishni taqiqlovchi milliy qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilsin.

• Majburiy mehnatni, xususan, paxta sektoridagi majburiy mehnatni qoralovchi yuqori darajadagi ochiq siyosiy bayonotlar bersin hamda barcha ish ko‘ngilli ravishda bajarilishi va adolatli haq to‘lanishi lozimligini aniq qayd etsin.

• Barcha darajadagi davlat amaldorlari va hokimiyat nomidan ish ko‘radigan fuqarolardan odamlarni ishga chiqishga majburlashga chek qo‘yishni talab qilsin.

• Mustaqil jurnalistlar, huquq himoyachilari, boshqa shaxslar va tashkilotlarga jazolanishdan xavfsiramay majburiy mehnat va bolalar mehnati qo‘llanilishi bilan bog‘liq masalalarni hujjatlashtirish va yoritish imkoni berilsin.

• Mustaqil jurnalistlar, huquq himoyalari va boshqa faollarining ta'qib qilinish, tazyiq o‘tkazilish yoki ularning professional faoliyatiga yoxud fikr va so‘z erkinligiga noqonuniy aralashish bilan bog‘liq har qanday harakatlardan amaliy, samarali himoyalanishini, shuningdek, uyushmalar erkinligi huquqini ta'minlash uchun zudlik bilan choralar ko‘rsin. Bu kabi xatti-harakatlarni puxta va mustaqil tekshirishni, aybdorlarni javobgarlikka tortish va jazolashni, shuningdek, jabrlanuvchilarga samarali huquqiy himoya vositalari taqdim etilishini kafolatlasin.

• XMTning hukumat tomonidan 2016 yil oktyabrda ratifikatsiya qilingan Uyushmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoyalash to‘g‘risidagi 87-konventsiyasini to‘liq bajarsin.

• Qishloq xo‘jaligida majburiy mehnatning sabablarini bartaraf etishga qaratilgan, aniq muddatli rejani tuzish tashabbusini ko‘rsatsin. Unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilsin:

a) qarzdorlik hamda davlatga paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish rejasini bajarmaganlik uchun fermerlarga nisbatan jarima choralari qo‘llashni bekor qilish; 

b) paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xarid narxlari uni ishlab chiqarish tannarxi, jumladan, ko‘ngilli mehnatga bozor narxlaridan kelib chiqib haq to‘lash xarajatlarini aks ettirishini va paxtani xarid qilishda davlat monopoliyasidan asta-sekin voz kechishni ta'minlash;

c) qishloq xo‘jaligida moliyaviy shaffoflikni oshirish, jumladan, Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanadigan davlat byudjetlariga qishloq xo‘jaligi xarajat va daromadlarini kiritish choralarini ko‘rish; bu sektorda to‘lanadigan soliqlar davlat byudjetiga tushishini ta'minlash. 

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ga:

Mamlakatda mustaqil kuzatuvchilar hech qanday cheklovlarsiz va xavfsiz ishlashini eng yuqori darajada, oshkora talab qilish; bu hukumat halolligining eng muhim ko‘rsatkichi va XMTdan yordam ko‘rsatilishining sharti ekanini bildirsin. XMTning O‘zbekiston bo‘yicha barcha hisobotlarida mustaqil kuzatuvchilarga hujumlar masalasini ko‘tarsin.

Jahon banki topshirig‘iga ko‘ra o‘tkazilayotgan monitoringni to‘xtatsin va buning o‘rniga o‘zining O‘zbekistondagi asosiy missiyasi – fundamental mehnat huquqlarini qaror toptirish va barcha insonlar uchun munosib mehnat sharoitini yaratish dasturlarini ishlab chiqishga e'tibor qaratsin.

Qishloq xo‘jaligi ishchilari manfaatlarini himoya qiluvchi Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, mehmonxona, restoran, xizmat ko‘rsatish, tamaki va aralash tarmoqlar xizmatlari kasaba uyushmalarining xalqaro birlashmasi (IUF)ni XMTning O‘zbekistondagi faoliyatini rejalashtirish va ish uslublarini ishlab chiqishga jalb etsin.

“Indorama” korporatsiyasiga va O‘zbekiston faoliyat yuritadigan boshqa to‘qimachilik kompaniyalariga:

• Xo‘jalik faoliyatining barcha tegishli shakllarida inson huquqlariga rioya etilishi yuzasidan aniq-tiniq siyosatni qabul qilsin, e'lon qilsin va joriy etsin.

• Kompaniyalarning ta'minot tizimida inson huquqlariga amalda mavjud va ehtimoliy salbiy ta'sirlarni aniqlasin va baholasin; salbiy ta'sirlarni, ayniqsa, majburiy mehnat, bolalar mehnati va mehnat huquqlaridagi boshqa qonunbuzarliklarni bartaraf etsin va kamaytirsin. Agar kompaniya O‘zbekistondagi o‘z ta'minot tizimidagi majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanishning sezilarli ehtimollarini bartaraf eta olmasa, O‘zbekistondan paxta xarid qilishdan voz kechsin.

• Majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanish amaliyoti saqlanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ta'minot shartnomalarida mehnat xarajatlarini mos ravishda aks ettiradigan narxlar va shartlar kiritilishini ta'minlasin.

• “Indorama” korporatsiyasining ta'minot tizimida muntazam va puxta ichki va tashqi monitoring, jumladan, rejadan tashqari tekshiruvlarni tashkil etsin. Mehnat huquqlari borasida tayyorgarlikdan o‘tgan malakali, tajribali mustaqil kuzatuvchilarni jalb qilsin. Xizmatchilar va fermerlar bilan yuzma-yuz, maxfiy suhbatlarni tekshiruvlar vositasi sifatida qo‘llasin. Ichki va tashqi monitoring natijalarini e'lon qilsin.

• Paxta yetkazib beruvchi barcha xo‘jaliklar haqidagi ma'lumotlarni ishlab chiqarish hajmi va u yerda mustaqil kuzatuvchilar qachon tekshiruv o‘tkazgani ko‘rsatilgan holda muntazam ravishda e'lon qilib borsin.

• Inson huquqlariga salbiy ta'sirlar bartaraf etilishini tekshirsin va bu haqda ochiq hisobot taqdim etsin.

• Odamlar mehnat huquqlari buzilishi va inson huquqlari buzilishiga oid boshqa holatlari haqida hech kimdan xavfsiramay shikoyat qilishi mumkin bo‘lgan nufuzli va samarali mexanizmnini yaratsin. Mehnat va boshqa huquqlari buzilgan jabrlanuvchilarga huquqiy himoya va jazolanishdan, jumladan, hokimiyatning qiyin, holdan toydiruvchi da'volari va jinoiy ayblovlaridan tegishli himoyani kafolatlasin.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tijorat banklariga:

• Xo‘jalik faoliyatining barcha tegishli shakllarida inson huquqlariga rioya etilishi yuzasidan aniq-tiniq siyosatni qabul qilsin va joriy etsin.

• Barcha investitsiya loyihalarida inson huquqlariga amalda mavjud va ehtimoliy salbiy ta'sirlarni aniqlasin va baholasin; salbiy ta'sirlarni, ayniqsa, majburiy mehnat va bolalar mehnati, fermerlarni majburlash va mehnat huquqlaridagi boshqa qonunbuzarliklarni bartaraf etsin va kamaytirsin. Banklar o‘zlari majburiy mehnatni qo‘llash va inson huquqlarining boshqa buzilishlari ehtimoli sezilarli bo‘lishining oldini olishga qodir bo‘lgan faoliyatnigina moliyalashtirsin.

• Xodimlarni paxta terishga majburlamasin va ulardan o‘z o‘rniga mardikor yollashni talab qilmasin.

• Majburiy mehnat, bolalar mehnati va boshqa huquqbuzarliklar ehtimoli mavjud investitsiya loyihalarini muntazam va puxta ichki va tashqi monitoringdan o‘tkazishni, jumladan, rejadan tashqari tekshiruvlarni tashkil etsin. Mehnat huquqlari borasida tayyorgarlikdan o‘tgan malakali, tajribali mustaqil kuzatuvchilarni jalb qilsin. Xizmatchilar va fermerlar bilan yuzma-yuz, maxfiy suhbatlarni tekshiruvlar vositasi sifatida qo‘llasin. Ichki va tashqi monitoring natijalarini e'lon qilsin.

• Odamlar bankning investitsiya loyihalarida mehnat huquqlari buzilishi va inson huquqlari buzilishiga oid boshqa holatlar haqida hech kimdan xavfsiramay shikoyat qilishi mumkin bo‘lgan nufuzli va samarali mexanizmni yaratsin. Jabrlanuvchilarga ularning mehnat va boshqa huquqlari buzilgan taqdirda huquqiy himoyani va o‘ch olinishidan tegishli himoyani kafolatlasin.

Qarama-qarshi ta'sir

Paxta yetishtirish sohasida bolalar mehnatidan foydalanishi tufayli O‘zbekistonga qarshi bir necha tashviqot kampaniyalari tashkil etilib, hatto bu mamlakatga boykot e'lon qilish chaqiriqlari ham bo‘lgan. Shunga qaramay, Jahon banki va uning xususiy sektorni kreditlovchi tarmog‘i bo‘lmish Xalqaro moliya korporatsiyasi O‘zbekiston hukumati va kompaniyalariga paxta sohasidagi manfaatli loyihalar uchun yarim milliard dollardan ortiqroq miqdorida mablag‘ ajratgan va bu mablag‘ qishloq xo‘jaligi sektoriga daromad keltirmoqda.

“Biz paxta terimidan voz kecha olmaymiz” nomli hisobotda O‘zbekiston hukumati 2015 va 2016 yillarda talabalar, o‘qituvchilar, tibbiy xodimlar, boshqa davlat idoralari xizmatchilari va xususiy soha vakillarini paxta yig‘im-terimida qatnashishga hamda 2016 yil bahorida ularni paxta dalalaridagi chopiqqa va yaganaga majbur qilgani haqida so‘z yuritiladi.
Hisobotga majburiy mehnatdan jabr ko‘rganlar bilan intervyular, hukumatdan sizdirilgan hujjatlar va hukumat rasmiylari bayonotlari asos qilib olingan. Unda Jahon banki loyihasiga kirgan bitta hududda kattalar va bolalar majburiy mehnatidan foydalanish holatlari hujjatlashtirilgan, shuningdek, Jahon bankining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan boshqa loyihalari ham muntazam davom etib kelayotgan majburiy mehnat holatlari bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli yuqori ekani, chunki bunday huquqbuzarliklar tizimli tusdaligi ko‘rsatib beriladi. Bundan tashqari, hisobotda Jahon bankining mamlakat qishloq xo‘jaligigi boshqa loyihalarida bolalar mehnatini qo‘llash ehtimoli sezilarli darajada yuqoriligi bildirib o‘tiladi. Shu bilan birga, O‘zbekistondan katta miqdorda paxta xarid qilayotgan kompaniyalar, hech bo‘lmaganda qisman majburiy mehnatdan foydalanib yetishtirilgan mahsulotni olayotgani ehtimoli yuqoridir.

Mazkur hisobotda aytilishicha, hukumat ko‘p hollarda amaldorlari vositasida o‘z fuqarolarini ular paxta dalalarida ishlashdan bosh tortgudek bo‘lsa, ishdan bo‘shatish, qonun bo‘yicha olishga haqli bo‘lgan bolalar uchun nafaqalar va boshqa to‘lovlardan mahrum etish yoki maktab, kollej va universitetlardan haydash bilan tahdid qilib keladi.

O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini, ayrim hollarda bolalarni paxta dalalarida majburan ishlatish amaliyotiga chek qo‘ymaguniga qadar Jahon banki ushbu mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasini moliyalashtirishni to‘xtatishi lozim. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish orqali Jahon banki amalda hukumatning suiiste'mol qilish faktlarini yashirishga zamin yaratib, mas'ul kompaniyalar va hukumatlar o‘rtasida O‘zbekistondagi inson huquqlari borasidagi holat yuzasidan chalkashliklar keltirib chiqaryapti.

Tag‘in o‘qing
24 aprel 2019
Adliya vazirligining o‘z telegram kanali orqali yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish yoxud o‘tkazish tartibini buzish javobgarlikka tortilishga ...
30 aprel 2018
Shvetsiya poytaxti Ctokholm shahrining shimolida joylashgan Akalla mavzeida 30 aprel kuni terror akti rejalaganlikda gumon qilingan uch toshkentlik va ...
10 oktyabr 2017
Prezidentligining dastlabki davrida o‘zini islohotchi sifatida ko‘rsatgan Mirziyoevning shahdi bugun ancha so‘ngan, obro‘-e'tibordan tushgan ko‘rinadi. Bu ayniqsa jurnalist Bobomurod ...
17 iyul 2018
Milliy xavfsizlik xizmatining Afg‘onistondan o‘tgan 405 kilogramm narkotikni saqlashda ayblanib, 2016 yili 20 yilga qamalgan 42 yoshli podpolkovnigi Bahrom ...
Bloglar
28 may 2020
Bosh prokuratura koronavirus tarqalishi silsilasini aniqlash oson bo‘lishi uchun fuqarolardan kundalik tutishni so‘raganida ba'zilar buni ...
25 may 2020
“Bi-Bi-Si” radiosi o‘zbek xizmati jurnalisti Muhammad Solihga: “Koronavirus pandemiyasi payti shunday chiqish qilishingiz o‘rinlimi? Buning ...
18 may 2020
1914 yilning 18 mayi deya tarix yozilgan bu surat markazida turgan Abdullabekning evarasi, shu kunlarda ...