Asosiy mavzular
12 sentyabr 2024

Xitoy kontslageridagi qarindoshiga adolat so‘ragan o‘zbek jinnixonada saqlanmoqda

Tepadagi bir-biriga o‘xshash ikki rasm dunyoning ikki nuqtasida suratga olingan: Uyg‘ur xalki himoyachisi Rushan Abbos 2018 yili Xitoyda izsiz yo‘qolgan opasini qidirib Bryussel shahrida plakat ko‘tarib turibdi. Ikkinchi rasmda esa o‘zbek faoli Valijon Kalonov Xitoy kontslagerida jazo o‘tayotgan qarindoshlari ozod qilinishini so‘rab, Jizzaxda shior ko‘targani aks etgan.

Besh yildirki, Rushan Abbos opasining daragini topa olgani yo‘q. U o‘z izlanishlari haqida film olib, uni dunyo bo‘ylab namoyish qildi. Valijon Kalonov bo‘lsa, oldiniga qo‘liga kishan solinib qamaldi, keyin esa go‘yoki ruhiy kasal sifatida Jizzaxdagi yopik ruhiy kasalliklar dispanserida salkam 3 yildan beri ushlab turilibdi.

Valijon Kalonov O‘zbekistonda, uning qarindoshlari esa Xitoy kontslagerida tutqunlikda qolar ekan, bir guruh o‘zbek jurnalistlari Xitoy elchixonasi hisobidan Sharqiy Turkistonga sayohat qilib, proxitoy uslubida propaganda maqolalari yozishdi.

O‘zbekiston 24 teleradiostantsiyasi bo‘limi boshlig‘i Sharofiddin To‘laganov Xitoyni ulug‘lovchi piar nashrga intervyu berib, Sharqiy Turkiston xalqi “tinchlik va o‘zaro ishonch ruhida” olamguliston yashayotganligini urg‘uladi.

Sevimli telekanali jurnalisti Dilfuza Esonova esa Qoshg‘ardagi uyg‘urlarning shart-sharoitlari yaxshi ekanligini maqtadi.

Xitoy elchixonasi hisobidan sayohat qilgan o‘zbek jurnalistlarining “maftunkor” hikoyalari BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Shinjondagi uyg‘urlar va boshqa etnik ozchiliklarga qarshi Xitoy xatti-harakatini “insoniyatga qarshi jinoyat” deb atagani ortidan yuz bermoqda.

O‘zbek jurnalistlarining xitoyparast ritorikasi rasmiy Toshkent nuqtai nazariga uyg‘un.

Joriy yil iyulida Qozog‘istonning Ostona shahriga amaliy tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoev Xitoy raisi Si Tszinpin bilan uchrashuvda O‘zbekiston tomonining «yagona Xitoy» siyosatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas ekanligini ta'kidlagan edi.

Bu uchrashuvdan oldin O‘zbekistonda turib, Sharqiy Turkistondagi uyg‘urlar haq-huquqlari haqida gapirgan jizzaxlik Valijon Kalonov “ruhiy kasal” deya tutqunlikka olinib, buning uchun o‘zbek jazo psixiatrlari xulosasi asos qilingan. Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasining 391  raqamli xulosasiga ko‘ra, Kalonovning uyg‘urlar haqidagi gapi “vasvasa” deya malakalangan.

Kalonovning fikrlari BMT oliy komissari va AQSh davlat departamentining Sharqiy Turkistonda Xitoy zulmi haqidagi bayonotlariga mantiqan o‘xshaydi.

Sovet davridagi jazo meditsinasini meros qilib olgan “ekspert vrach”lar tepadan kelgan buyurtma bo‘yicha ishlovchi mansabdorlardan farqli ravishda fikrlovchi dissidentni “jinni” deb elon qilganining o‘zi aql va mantiqqa zid xolatdir.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining 2022 yil sentyabrda e'lon qilingan hisobotiga ko‘ra, Shinjondagi “qayta tarbiyalash lageri” tizimida kamida 2017 yildan 2019 yilgacha “keng ko‘lamli o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlarning tizimli sxemasi” mavjudligi aniqlangan. BMTning avvalgi hisob-kitoblariga ko‘ra, qatag‘on qilinganlarning soni o‘n mingdan to bir milliongacha bo‘lgan uyg‘ur, o‘zbek va boshqa etnik guruhlarni tashkil etgan. Asosan etnik ozchiliklar va musulmonlar ommaviy tajovuzga uchragani haqida dalillar aniqlangan. Ular hibsga olish, majburiy mehnat ekspluatatsiyasi, jinsiy zo‘ravonlik, qiynoqlar va oilasidan ajratish kabi holatlarga duchor bo‘lgan.

Xitoydagi uyg‘urlar faqat uyg‘ur bo‘lganligi uchun tazyiq va doimiy kuzatuv ostida. Masalan, dutorda uyg‘urcha qo‘shiqlar aytadigan taniqli hofiz Abdurahim Hait millatchilikda ayblanib kontsentratsion lagerga olib ketilganligini hofiz yo‘qolib qolgani ortidan ko‘tarilgan shovqindan keyin rasmiy Pekin tasdiqladi.

Abdurahim Hait xitoy siyosati “qayta tarbiyalayotgan» minglab uyg‘urlardan biri hisoblanadi.

Rasmiy Toshkent va uning Xitoyga borib aylanib kelgan bulbuligo‘yolari Shinjon uyg‘urlarining kontsentratsion lagerlarida qiynalayotgani manzarasini guldor ko‘rpa bilan yopmoqchi. Ushbu maqola bu guldor ko‘rpani yirtib, sizga Sharqiy Turkistondagi daxshatli manzaraning bir qirrasini  ko‘rsatishni maqsad qiladi.

Valijon Kalonov uyg‘urlar taqdiriga qayg‘urgani ortidan jazolangan siyosiy tutqun

Valijon Kalonov – jizzaxlik bloger va siyosiy tanqidchi. Kalonov yangi O‘zbekiston tarixida “prezidentni internetda haqorat qilish”da ayblanib, jazoga tortishga jalb qilingani ma'lum bo‘lgan birinchi tutqun.

U 2021 yilgi prezidentlik saylovlari arafasida prezidentni tanqid qilib, saylovni boykot qilishga chaqirgan va Xitoy kontslagerida qolayotgtan qarindoshlari taqdiriga e'tibor qaratgan.

Shundan keyin, Jizzax sudi tomonidan Kalonov jinoiy javobgarlikka noloyiq deb topilib, majburiy tartibda ruhiy muolaja oliy uchun jinnixonaga qamab qo‘yildi.

Xitoy rejimining uyg‘ur va etnik o‘zbeklarga zulmini tanqid qilgan jizzaxlik faol Valijon Kalonovni ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolash muddati har safar uch oyga uzaytirilgan holda hanuz davom etmoqda. Siyosiy tutqun Jizzax viloyati Sharof Rashidov tuman sudining 2023 yil 7 noyabrda chiqargan qarori asosida hanuz panjara ortida qolmoqda.

Kalonov jinoyat kodeksining 158-3 (prezidentni ijtimoiy tarmoklarda haqorat kilish) va 244-1 (Jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish) moddalari bilan ayblangan. 2021 yil dekabr oyida Jizzax shahar sudi tomonidan Kalonov aqldan ozgan holatda ijtimoiy xavfli harakatlarni sodir etganligi aniqlanib, shunga ko‘ra qamoq o‘rniga yopiq ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy davolanishga jo‘natildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (Sharof Rashidov tumani) sudi tomonidan Kalonovning majburiy davolanish muddatini yana 6 oyga uzaytirish haqidagi so‘nggi qarori 2024 yil 6 mart kuni qabul qilingan.

Eltuzda nusxasi mavjud bo‘lgan sud ajrimida aytilishicha, «tekshiruvlar davrida bemor Kalonovning ruhiy holati yaxshilanmagani, o‘zining keyingi taqdiri borasida rejalari mavjud emasligi, o‘zini tutishi tartiblanmagani, o‘zining qilmishlariga nisbatan pushaymon emasligi aniqlangan».

Shuningdek, jazo meditsinasi shotirlari bo‘lgan “tibbiy ekspertlar” Valijon Kalonovni o‘zi va atrofidagilarga nisbatan «tajovuzkor» bo‘lishi mumkinligini “yozib berishgan”.

Siyosiy talab ortidan jinnixonaga yo‘llanma

Mirziyoevning Xitoy siyosatini, xususan “Yagona Xitoy” g‘oyasini qo‘llaganini tanqid qilgan Valijon Kalonov 2019 yili O‘zbekiston prezidentining Xitoyga tashrifidan keyin YouTube tarmog‘ida chiqish qilib, “o‘zbek xalqi uyg‘urning egizagidir va zulmga ko‘z yumib, amalda bu zulmga sherik bo‘lgan Mirziyoevga boykot e'lon qilaman” deya bayonot bergan edi.

Mirziyoev rejimi “o‘yin tugab yana Karimov formatiga” qaytilgani Kalonovni qamoqqa tashlagani ortidan yuzaga chiqdi.

Rushan va Gulshan hikoyasi

Rushan (Ravshan) Abbos Sharqiy Turkistonda tug‘ilgan uyg‘ur qizi. Hozirgi paytda AQShda yashab, butun kuch va salohiyatini Xitoy zulmi ostidagi uyg‘urlar haq-huquqlarini himoya qilishga safarbar qilgan faol. Uning bu faolligi ortidan Xitoy rejimi 2018 yili  Rushanning pensiya yoshidagi vrach opasi Gulshanni 20 yilga kamadi. Rushan Abbosning aytishiga ko‘ra, opasi uning tanqidiy chiqishlari ortidan hibsga olingan.

“Opamni go‘yoki terrorizmda ayblab qamashdi. Bu tuxmat. Uning “jinoyati” uyg‘ur bo‘lgani va mening opam bo‘lgani. Opam Gulshanni mening Vashingtonda qilgan chiqishimdan olti kun o‘tib qamashdi. Vashingtonda men Xitoyning uyg‘urlarga qarshi genotsid siyosatini qoralab, Xitoydagi kontslagerlar daxshatini tasvirlab bergandim”.

Rushan mana besh yildirki opasini Xitoy qamog‘idan ozod qilish uchun kurashmoqda. Yaqinda Rushan Bryussel, Amsterdam va Berlindagi siyosatchi va diplomatlarga Shinjondagi uyg‘urlar taqdiri haqidagi filmni namoyish qildi.

Rushan bir amallab Xitoy qamog‘idan chiqib G‘arb yoki AQShga kelgan sobiq tutqunlar bilan uchrashib “opamni ko‘rmadingizmi” deb so‘rab surishtiradi. Dunyoda bo‘ladigan katta tadbirlar, masalan, yaqinda Parijda o‘tgan olimpiada oldidan ham u dunyo liderlariga murojaat qilib, zulmkor Xitoyga qarshi xalqaro bosim o‘tkazishga chaqirdi. Pekinda o‘tadigan qishki olimpiadani boykot qilish talabi ham Gulshanga tegishli.

«Eng kamida Yevropa davlatlari Xitoyga diplomatik boykot qiladi degan umidim bor. G‘arb liderlari Xitoydagi tadbirga bormasin. Agar borishsa, bu Si Tszinpin rejimining genotsid siyosatini oqlash bo‘ladi. Xitoy hukumati uyg‘urlarni, xalqimning ishonchini, madaniyatini bosqin qilmoqda. Uyg‘ularning Sharqiy Turkistondagi bir parcha yerga tarixiy egalik huquqi uchun bu genotsid davom etmoqda”. 

Paradoks shuki, mega davlat bo‘lgan dev Xitoy zulmiga qarshi sinchalak qushidan kichik Gulshan kurash olib bormoqda. Shuningdek, u Qozog‘istondagi uyg‘ur diasporasi va liberal jamoatchilikka o‘z filmini namoyish qildi.

Sho‘rginang qursin seni, jonim Sharqiy Turkiston

O‘zbek matbuoti Sharqiy Turkistonda Xitoy zulmi, xitoycha tarbiya kontslagerlari haqidagi mavzuni umuman yoritmaydi. Sharqiy Turkiston qayg‘usi o‘zbek adabiyotida ham kam tilga olinadi. O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning ko‘p tomli asarlarida ham uyg‘urlar mavzusida birorta she'r yo‘q. Lekin 1991 yili Abdulla Oripov uyg‘ur shoiri Bug‘do Abdullo taklifi ortidan Urumchiga safar qilgan va shakllanib kelayotgan Xitoy zulmini ko‘rib daxshatga tushganini tor doiralarda gapirgan edi.

Ikki yil oldin ijtimoiy tarmoqlardagi «Abdulla Oripov she'riyati» guruhi volonterlari Abdulla Oripovning ta'qib sabab yo‘q qilingan uyg‘urlar haqidagi she'rini yozilganidan 31 yil o‘tib e'lon qilishdi. Bu guruh ko‘ngillilariga tasanno.

O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning (1941–2016) hali biror bir to‘plam yoki matbuot nashrida chop etilmagan «Sharqiy Turkiston» nomli she'ri edi bu.

1991 yil may oyida Abdulla Oripov Urumchi shahriga safar qilgan. Uyg‘ur o‘lkasiga safari davomida Abdulla Oripov «Sharqiy Turkiston» nomli she'r yozadi. Ammo mahalliy politsiya she'r haqida surishtira boshlagach, shoir yangi asari qo‘lyozmasini yirtib, yo‘q qilishga majbur bo‘ladi. Keyinroq she'rning bir nusxasi boshqa qo‘lyozmalar orasida qolib ketgani ma'lum bo‘ladi. Bundan xabar topgan shoir rafiqasiga qo‘lyozmani yashirib qo‘yishni tayinlaydi. «Sharqiy Turkiston» she'ri oradan 31 yil o‘tib, 21 mart – ulug‘ alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy hamda Abdulla Oripov tavallud topgan kunda e'lon qilindi.

Sharqiy Turkiston

Men seni avval boshdan

Yetuk deb o‘ylagandim.

Bobolardan qolgan

Bitik deb o‘ylagandim.

Oqsoq bo‘lsang-da seni,

Tetik deb o‘ylagandim,

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston,

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Na otayu onani

Tanimay qolibsan sen,

Kimsa bilmas manzilga,

Yo‘lingni solibsan sen,

Balki bu safar qaltis

Horibsan, tolibsan sen.

Sho‘rginang qursin sening,

 Jonim Sharqiy Turkiston,

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Bolang kelsa bezrayib,

Tilini ham bilmaysan,

Birovga-ku yuqtirmay,

O‘zingga ham yuqmaysan.

Dehqonsan-u, zaminga

Biror nihol suqmaysan.

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Mehmon kelsa izida

To‘rtta-beshta izi bor,

Bu elning na g‘ururi        

Va na aytar so‘zi bor.

Gohi-gohi shoirning

Yig‘lab turgan ko‘zi bor,

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Ha, bir zamon sening ham

Yurgan yo‘ling oq edi,

Lekin birov u dedi,

 Bunisi bundoq dedi.

Rahmon osh pishirganda,

Oqibat shayton yedi.

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Ahvolingga qarab men

Yig‘ladim bugun netay,

Har nechuk jigarimsan

Men yurak qayga ketay.

Iqbolingni axtarib,

Ka'baga toki yetay.

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Asl-asl insonlar

Quchog‘ingda bor balki,

Oh, qandayin daholar,

Bee'tibor, xor balki.

Diydiyoni o‘ziga

Bilishadi or balki.

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston,

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

1991 yil 9 may

Urumchi

Tarixiy bilgi

Sharqiy Turkiston hududida tarixan uyg‘urlar va kam sonli boshqa millatlar – qozoq, qirg‘iz va o‘zbeklar yashab kelgan.

XVI-XVII asrlarda bu hududda Uyg‘ur xonligi, ya'ni Ërkent davlati bo‘lgan. 1759 yilda o‘sha paytda Xitoyda hukmronlik qilayotgan Qing sulolasi Sharqiy Turkistonni bosib olib, hududni mustamlakaga aylantiradi. Uzoq davom etgan qarshilik harakatlari natijasida 1864 yili Manjur-Xitoy qo‘shinlari quvib chiqarilgan va uyg‘urlar “Yettishahar” nomi bilan yangi mustaqil davlatini tiklagan. Lekin bu mustaqillik uzoq davom etmaydi. 1876 yilda Xitoy qo‘shinlari yana bostirib kirishdi. 8 yillik qonli urushdan keyin Sharqiy Turkiston hududi Xitoy tarkibiga qayta qo‘shib olinadi va bu yerlarga “yangi chegara” ma'nosini anglatuvchi Sinsyan yoki Shinjon nomi beriladi.

Sharqiy Turkistondagi milliy ozodlik harakatlari XX asrda ham davom etgan. O‘zgarish va katta siyosiy jarayonlar kechayotgan bir paytda bu hududga kelib qolgan Alixonto‘ra uyg‘ur xalqining milliy-ozodlik harakatiga qo‘shiladi. Xalq orasida yurtni ozod qilish g‘oyalarini faol targ‘ib qilgani sababli, u 1937 yilda Xitoy ma'murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. Sog‘uniy qamoqda 4 yil qolib ketadi. Bu davrda ham u ozodlik harakatini g‘oyaviy jihatdan faol tarzda qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. 1941 yilda adliyaviy taftish natijasida Alixonto‘ra ozod qilinadi.

Shundan keyin Alixonto‘ra boshliq sharqiy turkistonliklar yurtni ozod qilish uchun umumxalq kurashini boshlab yuborishadi. 1943 yilda “Sharqiy Turkiston Ozodlik Tashkiloti” tuziladi. 1944 yil 7–10 noyabr kunlari G‘uljada bo‘lib o‘tgan qurolli qo‘zg‘olon natijasida g‘alaba qilinadi. Chan Kayshi va gomindanchilar armiyasi ketma-ket janglarda mag‘lub etiladi va ular chekina boshlaydi.

1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e'lon qilinib, Alixonto‘ra Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylangan. Milliy qo‘shinni tuzish, uni qurollantirish va tarkibini mustahkamlash ishlarining tashabbuskori sifatida Alixonto‘ra qo‘shin bosh qo‘mondoni etib tayinlangan va unga “marshal” oliy harbiy unvoni berilgan.

Sharqiy Turkistondagi isyonni sovet hukumati ham qo‘llab-quvvatlagan edi. Lekin jumhuriyat tashkil etilganidan keyin ko‘p o‘tmay Alixonto‘ra va Stalin o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi. Alixonto‘ra Stalinning Urumchiga yurishni to‘xtatish haqidagi buyrug‘iga qarshi chiqadi, lekin armiyadagi aksariyat yetakchilarning fikri bilan yurishni to‘xtatib, sovetlar vositachiligida Xitoy bilan muzokaralarga rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmaydi.

Sharqiy Turkiston jumhuriyati tuzilganidan 19 oy o‘tib, 1946 yil 10 iyunida jumhuriyat va Xitoy rasmiylari o‘rtasida Urumchida tinchlik bitimi imzolanadi. Bitim tuzilganidan keyin sanoqli kunlar ichida KGB Alixonto‘rani o‘g‘irlab ketadi. Siyosatchi yashirin va majburiy tarzda Toshkentga olib kelinib, uy qamog‘iga tashlanadi.

Shu tariqa Sharqiy Turkiston Xitoy qo‘lidagi asir o‘lkaga aylanganicha qoldi.

Video: https://youtu.be/eIIcr1x7q38?si=5Y9gI7MIGWSXOxu8

Tag‘in o‘qing
1 may 2015
Islom Karimov O‘zbekistonga 1989 yildan rahbarlikni boshlagan. 24 yil avval. Juda ham qadimdan. Bu vaqt ichida u ancha qartayib ...
5 iyul 2019
Yusuf Juma 1958 yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tavallud topgan. Buxoro pedagogika institutini tamomlagan. Birinchi she'riy to‘plami «Haqiqatning oltin ...
17 aprel 2023
1970 yilning boshida «Bitlz»ni tark etganidan so‘ng Pol Makkartni (McCartney) o‘zining ilk yakkaxon albomini chiqardi. Bu vaqtga kelib «Bitlz» ...
24 noyabr 2023
Toshkentda o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan professional boks kechasi tadbirkor-mafiozi G‘ofir Rahimovga xalq nazaridan chetda qolmaganini ko‘rsatish uchun yaxshina bir fursat ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...