Asosiy mavzular
18 aprel 2017

Bahodir Fayz: Erdo‘g‘onning o‘zbek muridlari sevinmasa ham bo‘ladi

Oxirgi yillarda aksariyat o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz orasida Putin, Ramzan Qodirov va Erdo‘g‘on kabi avtoritar liderlarga hayrixohlik ortib borayotgani kishining diqqatini o‘ziga tortadi.

Bu liderlarni bir biriga bog‘laydigan mushtarak xususiyat – demokratiyaga bo‘lgan nafrat, tanqidlarga toqatsizlik, xalqning diniy va milliy tuyg‘ularini qitiqlash evaziga qozoniladigan populizmdir.

Aldov, soxta va'dalar, tahdidlar bilan «kuchli lider» profilini yaratish, zamonamizning modern sultonlariga hos udum.

Demokratik printsiplarga asoslangan dunyoviy jamiyat bilan siyosiy islom populizmi orasida, qabriston sukunatini eslatuvchi soxta barqarorlik va'dalari bilan tamal insoniy hurriyatlar orasida tanlov majburiyati, demokratik davlat qurish istagida bo‘lgan jamiyatlar uchun tahlikalidir.

Diktatura yaratgan zehniyat

Vatandoshlarimizdagi o‘z «jallodiga oshiqlik» sindromini tariximiz, madaniyat va urf odatlarimiz kabi millat ongini shakllantiruvchi omillarni ham nazarda tutgan holda, umumiyatla chorak asrlik diktatura iskanjasida insho bo‘lgan jamiyat zehniyati bilan izohlash mumkin.

Afsuski, endilikda Karimov davrining mahsuli bo‘lgan bu jamiyat, 90-chi yillarning boshlarida hukumat-muholifat munosabatlarida va ziyolilar o‘rtasida ko‘tarilgan “o‘zbeklar demokratiyaga tayyormi?” degan yoqimsiz ritorik savol bilan yana yuzlashmoqda.

Vatandoshlarimizning dindor, muhofazakor qatlamlarida tarqalayotgan Populist Erdo‘g‘on sevgisi, “odil sulton” , avtoritar lekin “dini butun imonli musulmon” hukmron bo‘lgan tuzum tanlovi, demokratiyani faqatgina saylovlardan iborat emasligini, saylovlar faqatgina modern demokratik tuzumlarda butunning bir parchasi ekanligining dalilidir.

Saylov demokratik rejimlarning ilk bosqichidir va bu bosqich halqqa hizmat maqomi hisoblangan iqtidorga erishish bilan tugaydi.

Iqtidordagi hukumatning olinayotgan qarorlar va ijrolari bilan, farqli qarashlardagi jamiyatning turli kesimlari orasida kin, adovat urug‘larini ekmasdan, ularga birlikda huzurli yashash sharoitlari taqdim etmog‘i lozimdir.

Agar iqtidordagi hukumat saylov natijalariga tayanib, jamiyatning qolgan qismiga zug‘um qilishga intilarkan, faqatgina o‘z yondoshlarining vakili ekanligini dalolati demakdirki, bunday siyosiy tuzulma mashruiyatini yo‘qotadi va jamiyat inqirozga yuz tutadi.

Saylangan iqtidorning jamiyat qatlamlariga, e'tiqodi, siyosiy ijtimoiy o‘rnidan qat'iy nazar bir hil masofada bo‘lishi xalqning ham iqtidorga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Aks holda davlat va jamiyat o‘rtasidagi muvozanat Turkiya o‘rnagida bo‘lgani kabi tarafkashlik omillariga tayanib qoladi.

Vatandoshlarimiz nazarida Erdo‘g‘ondagi dindorlik darajasi asosiy kriteriya o‘laroq qabul qilindi va Erdo‘g‘on hukumatining yillardan beri davom etayotgan antidemokratik uyg‘ulamalariga ko‘z yumildi.

Bu yondashuv aslida biz o‘zbeklar zehniyatida yashiringan siyosiy islom va dunyoviylik mafkuralari to‘qnashuvining namoyon bo‘lishidir.

Sababi dindor, «iymonli» , «odil podshoh» ko‘rinishidagi bir liderni ideallashtirib, ichimizdan chiqqan , bizlardan biri qabul etib mafkuraga aylantirdik, tasavurimizdagi dindor, islom ummati yo‘lboshchisi qoliplariga uyg‘unlashtirdik.

Mashruiyati yo‘q saylov

Erdo‘g‘on sevgisi, erdo‘g‘onizm mafkurasi, demokratiyani manzilga eltuvchi tramvayga mengzagan makiavelist zehniyatni yanada avj oldirdi.

Bu soxtakorlik va samimiyatsizlik, «Maqsadga , manzilga yetib olguncha demokratik barcha usullar halol, lekin uyog‘ini o‘zimiz bilamiz» mantig‘i kelajakda orzu etayotganimiz – demokratik o‘zbek jamiyati uchun ham ogohlantiruvchi ishoratdir.

Bugungi kunda Turkiya Konstitutsiyasi atrofida bo‘layotgan tortishuvlar, aniqrog‘i parlamentar demokratiya usulidan prezidentlik boshqaruv usuliga o‘tish jarayoni Turkiya yaqin tarixini bilmaydigan, Turkiyani turk seriallari orqali tanigan, «Muhtasham Sulaymon» oshig‘i Erdo‘g‘onning sodda o‘zbek muridlarini yana ham jazavaga tushirdi.

Erdo‘g‘on dastakchilarining o‘zgartirilayotgan konstitutsiyani Turkiya davlati uchun, Turk demokratiyasi uchun qanday salbiy oqibatlarga sabab bo‘lishini anglash, bu tuzum to‘ntarishi mohiyatini tushunish ularning fahm farosatlari doirasiga kirmasligini bilamiz.

Chunki hayollarida, ideallarida xalifaga aylangan islomchi liderini umrbod taxtda ko‘rish yagona orzulari xolos.

Shundoq ham de fakto sultonga aylangan Erdo‘g‘on yakka hokimligini, mutloq iqtidorini rasmiylashtiruvchi bahslarga sabab bo‘lgan ziddiyatli referendum yakunlandi, natijalar kutilayotganidek, 51 foizlik ovoz bilan Erdo‘g‘on foydasiga hal bo‘ldi.

Erdo‘g‘onning 51 foizlik bu g‘alabasi shundoq ham oxirgi yillarda avtoritarlashishga ulgurgan iqtidori uchun bir yutuq emas albatta. Davlatning barcha moddiy imkonlari, kuch va richaglari, diniy jamoatlar , qo‘lbola mediya, hokimligu vazirliklar, masjidlar, va tadbirkorlar referandumda «Ha» ovozi chiqishi uchun qo‘llanildi.

Qarshi jabhadagilarga vatan hoini, terrorchi tamg‘asi urildi. Davlat propaganda mashinasi Hitler Olmoniyasining propaganda vaziri Gebbelsning ruhiga fotiha o‘qitajak darajada yolg‘on, qo‘rquv va bosimlar bilan targ‘ibot olib borildi.

Hullas, totalitar rejimlarda saylovlar qanday ko‘rinishda bo‘lsa Turkiyada ham shu tusda amalga oshdi. Bu sharoitda, cheksiz davlat imkonlariga ega bo‘lgan va bu imkonlarni suiste'mol etish darajasida foydalangan Erdo‘g‘on va hukumati eng kamida 80 foiz ovoz olishi ham mumkin edi.

Huquqiy perespektivadan qaralganda 51 foizlik ko‘pchilik ustunligi albatta legitimdir. Ammo masalaning sotsiologik jihati ham borki, iqtidorini mustahkamlash uchun ikki qutbga ayrishtirilgan, xalqi bir biriga dushman etilgan bir jamiyatda, har ikki kishidan birining qarshiligiga qaramasdan konstitutsiyaviy tuzum o‘zgarishini hech bir mashruiyati yo‘q.

Bu o‘zgarishlar ham Turkiya jamiyatining butun siyosiy ijtimoiy kelishuv-konsensusga borilmasdan, xalqqa yetarli darajada ma'lumot ulashilmagan holda amalga oshirildi.

Yaqin kelajakda uchun, barqarorlik, kuchli davlat, kuchli iqtisod vadalari bilan Erdo‘g‘on iqtidorining umri uzaytirildi. Ammo ayni vaqtda Turkiya demokratiyasi uchun ta'miri qiyin bir jarayonga ham start berildi.

Prezident vakolatlarini kengaytirish, hokimiyatning barcha tizginlarini bir odam hukmiga berilaroq davlat boshqaruvida kuchlar ayrilig‘ini ta'minlovchi ijro, qonun chiqaruvchi parlament va adliya tuzimlari Erdo‘g‘on hukmiga havola etildi.

Bu antidemokratik o‘zgarishlar Yevropa ittifoqi bilan bo‘lgan munosabatlarga ham buyuk zarba berdi. Ittifoqqa Turkiyaning a'zolik muzokaralari ortiq homhayol, erishib bo‘lmas orzu.

Hurriyat umidi

Turkiya siyosiy sahnasida yuzaga chiqqan butun bu negativ manzaraga qaramasdan referendum natijalari kelajak uchun umid berdi, Turkiyaning sanoatlashgan, oliy ma'lumot saviyasi yuksak bo‘lgan shaharlarida dunyoviy demokratik davlat istovchilar demografiyasi oydinlik kunlari uchun bir chiroq va yo‘lchi yulduzdir.

Bu qo‘rqinch shartlarda demokratik, sekulyar jumhuriyat tarafdorlarinig 49 foizlik ovozi kelajak uchun bir UMID.

Oydinlik Turkiya uchun, demokratik qadriyatlar, millat hurriyati uchun hali ham Mustafo G‘ozi Poshsho Kamol Ota Turkning «Hokimiyat qaydsiz, shartsiz millatga oiddir» shiori kuchda ekanligining namoyishi bo‘ldi.

Dunyo ko‘zi o‘ngida Turkiyaning, Turk millatining Erdo‘g‘ondan buyuk ekanligi isbotlandi.

Bahodir Fayz
O‘zbek muxolifati haqidagi kitob muallifi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 yanvar 2019
O‘zbekistonlik huquq faoli Yelena Urlaeva 21 yanvar kuni o‘zining 62 yoshga to‘lgan kunini O‘zbekiston Bosh prokuraturasi binosi oldida hokimlarning ...
20 dekabr 2018
«Bojalar» guruhi solisti Jahongir Poziljonov 18 dekabr kuni siyqasi chiqqan «digidon-digidon» qolipidagi «Selfi» deb atalgan yangi klipini tarmoqqa qo‘ydi. ...
6 noyabr 2019
Yaqinda “Sharq ziyokori” kitob do‘konidan ulug‘ rus yozuvchisi Lev Tolstoyning “Jaxon bestsellerlari” ( aslida “jahon” bo‘lishi kerak) turkumi ostida ...
8 iyun 2016
O‘zbek telekanallaridan ko‘rib bildikki, sportda ham yutuqlarimizning son-sanog‘i yo‘q ekan. Telekanallarning bu sohaga e'tibori ham zo‘r. Axir sportimiz erishayotgan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...