Gitler Germaniyasida xizmat qilgan toshkentlik qissasi
Bolaligimizda Do‘stjon dadamning Ulug‘ Vatan urushi ishtirokchisi ekanligidan faxrlanardik. Har 9 may bayrami arafasida dadamni maktabga va boshqa majlislarga chaqirishardi. Bu uchrashuvlarda dadam urush tug‘risidagi esdaliklarini hamma bilan baham ko‘rardi.
Qo‘shni uyda yashaydigan dadamning tug‘ishgan akasi Kerimbay bobomning ham urushga qatnashganidan xabarimiz bor edi-yu, lekin u hech shu bayramlarga taklif qilinmasdi. O‘zi ham urush esdaliklarini aytmasdi.
Sababini sal esimiz kirganda bildik. Kerimboy bobom nemislar tuzgan Turkiston legioni xizmatida bo‘lgan ekan.
«Dadam bilan bobom bir biriga qarshi jang qilgan» deb Perneboy akam hazil qilardi.
Bobom shuning uchun sovet turmasida o‘tirib chiqqan. U vaqtda boshidan o‘tganlarini gapirishga qo‘rqishardi.
Sovet yillari O‘zbekfilm suratga olgan «26 chi otilmasin» badiiy filmi chiqqan paytlar Turkiston legioni va Mustafo Cho‘qay, Vali Kayum, Boymirza Xayit tug‘risida gapira boshlashdi. Ularga, vatan xoinlari degan tamg‘a qo‘yila boshlandi.
Mustaqillik yillari yaqin tariximizga boshqacha ko‘zqarash va boshqacha fikr mulohaza yuritishga imkon berdi.
Hayotining so‘nggi yillarida bobom (u 2001 yili vafot qilgan) menga o‘z hayoti to‘g‘risida biroz gapirib bergandi.
Bunga 1997 yili bobom ikkalamiz, sovetlar qatag‘onidan qochib 1933 yili vafot etgan, otam Jobayning Talas va Piskom tog‘lari orasida vaqtincha ko‘milgan hokini olib kelib, Bo‘stonliqdagi qabristonga dafn etishimiz sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Otamiz chor davrida to‘rt saylov biy (sudya) bo‘lgani bois sovetlar quvginiga uchragan.
Bobomning esdaliklarida, 1941 yili urush boshlanganida Minsk shahri yaqinida armiyada xizmatda bo‘lgani, va nemislar bir xafta ichida butun diviziyasini asirga olganini gapirib berdi.
Polsha qamoqxonasida juda og‘ir ahvolda yotganida, o‘sha yili avgust oyida tuzilgan va Mustafo Cho‘qay raisligidagi Musulmon komissiyasi bobomni kamoqxonadan chiqarib, omon olib qolgan.
Bobomning yaxshi savodi bo‘lgani uchun, Mustafo Cho‘qay bobomni Qozog‘istonning Sirdaryo (xozirgi Janubiy Qozog‘iston) va O‘zbekistonning Toshkent viloyati bo‘yicha turmadagi musulmon harbiylarini ozod qilish va ulardan tuzilajak Turkiston legioni qatoriga qo‘shish vazifasiga javobgar qilib tayinlaydi.
Bobom tez orada nemis tilini o‘rganadi. Va butun urush davrida Yevropa davlatlarini oralab Turkiston legionida xizmatda bo‘ladi.
Bobomning ta'rifiga ko‘ra, Mustafo Cho‘qay nemis tilida ona tilidagday gapirgan va nemislardan qo‘rqmasdi, Turkistonliklar orasida juda obro‘li edi derdi.
Chunki u «Turkiston jumhuriyatini tuzamiz va ozod bir davlat bo‘lamiz», deb odamlarga dalda berar ekan.
Mustafa Cho‘qay 1941 yilning 27 dekabrda vafot etganiga qadar, Polsha va Ukrainadagi nemis turmalaridan turkstonliklarni ozod qilishga bosh bo‘lgan. Qizig‘i, u vaqtda nemislar turkistonliklarni tatarlar deyishgan ekan.
Urush tugagach bobom Frantsiyada bo‘ladi va amerikaliklar ularning roziligisiz sovetlarga berib yuboradi.
Bobom vataniga kelishi bilanoq, sovetlar turmasiga 25 yilga qamaladi.
Irkutsk o‘rmonlaridagi azoblarni eslarkan. «Kattakon daraxtlarni qo‘l arra bilan kesardik. Shu o‘rmonlarda o‘ligimiz qolib, hech kim uni topa olmasa kerak deb o‘ylardik», derdi u.
Biroq u 1956 yilgi Xrushchev siyosati natijasida ozod bo‘lib, vatani Bo‘stonliqdagi Kapal qishlog‘iga qaytdi.
Kolxozda oddiy ishchi bo‘lgani bilan, bobom butun Chirchiq, Keles va Sirdaryo bo‘yi aholisi orasida obro‘li kishi edi.
Shu yerdagi xalqlar shajarasini u chuqur bilardi. 2001 yili vafot etdi va Bo‘stonliq tumani Dumaloq qishlog‘i mozoriga qo‘yildi.
Saparbay Jubaev
Ostona shahri.9 may 2017 yil
Eltuz.com