Asosiy mavzular
22 mart 2021

Oligarxlar foydasi uchun xalq va davlat tovon to‘lagan “islohot”

O‘zbekistonda strategik ahamiyatdagi yirik korxonalarni oligarxlarning shubhali kompaniyalariga ishonchli boshqaruvga berish amaliyotining misi chiqdi. Hukumat yaqinda ularning biri bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishga majbur bo‘ldi. 

Gap o‘zbek aslli oligarxlar – Shodievlarga tegishli “SFI Management Group” kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berilgan “O‘zmetkombinat”, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va “Ikkilamchi qora metallar” AJ borasida tuzilgan shartnomalar to‘g‘risida bormoqda. 

Suratda: Qobul Shodiev (o‘ngda)

Garchi rasmiy ma'lumotda “SFI Management Group” “o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarning asosiy qismini bajargani va bu korxonalarning ochiq bozor sharoitida faoliyat ko‘rsatishga deyarli tayyor bo‘lgani” sabab shartnoma bekor qilingani aytilsa-da, kosa tagida nimkosa borga o‘xshab ko‘rinmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, joriy yil 20 yanvarda “O‘zmetkombinat”ga kutilmaganda bosh vazir Abdulla Aripov kelib, kombinat boshqaruvi raisi Jahongir Mustafoev va uning ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sergey Chaykovskiyni ishdan olgan. 

“Buning sababi juda oddiy. Barchasi korxona boshqaruvida “SFI Management Group” bo‘lgan vaqtdagi ulkan hajmdagi o‘g‘irliklarga, buning oqibatida “O‘zmetkombinat” deyarli inqiroz yoqasiga kelib qolganiga borib taqaladi”, dedi kombinatdagi manba “Eltuz”ga yo‘llagan ma'lumotda.

Bu ma'lumot ancha batafsil bo‘lgani sababli uni o‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun manbaning yozganlari asosida qisqacha bayon qilamiz:

Matiev Sherzod

“SFI Management Group”ning amaldagi xo‘jayinlari Qobul va Bobur Shodievlar uning bosh direktori Ulug‘bek Muhammedov va xavfsizlik bo‘yicha direktor Sherzod Matiev bilan birgalikda “O‘zmetkombinat” AJ va “Ikkilamchi qora metallar” AJni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. 

Hatto “Ikkilamchi qora metallar” bankrot bo‘lish darajasiga kelib qoldi, “O‘zmetkobinat” esa ko‘p milliardlik yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi. Bu mablag‘larning barchasi amalda Shodievlar to‘dasining cho‘ntagiga kirdi. 

Bunda bir vaqtlar O‘zbekiston bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Sherzod Matiev asosiy rollardan birini o‘ynadi. Shodievlarning cheksiz ishonchiga erishgan Matiev O‘zbekiston hukumati tomonidan “SFI Management Group”ga ishonchli boshqaruvga berilgan korxonalarga rahbarlarni tayinlashda hal qiluvchi ovozga ega bo‘ldi.

Xususan, “O‘zmetkombinat” “SFI Management Group” boshqaruviga o‘tgach, barcha rahbar lavozimlarga prokuraturaning sobiq xodimlari – Sherzod Matevning qo‘lida ishlaganlar, do‘stlari va tanishlari olib kelindi. Aynan ular vositasida Matiev Shodievlarga ularga ishonib topshirilgan mulkni talon-toroj qilishga ko‘maklashdi, yo‘l-yo‘lakay o‘zi ham boyidi. 

Tabiiyki, bu jarayonga korxonaga umuman aloqasi bo‘lmagan, ammo Sherzod Matievga aloqador shaxs va firmalar ham aralashgan. Shulardan biri Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida ro‘yxatdan o‘tgan, metallolomni saralash va qayta ishlashga ixtisoslashgan “WANGDA METAL” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasidir. 

Ushbu korxona nizom jamg‘armasidagi 30 foiz ulush Bahodir Abdullaevga tegishli. Asli namanganlik bu shaxs prokuraturadagi karerasini o‘sha yerda boshlagan Matievning do‘sti edi. 

2018 yil boshidan 2019 yil avgustgacha Sherzod Matiev ushbu qo‘shma korxona bilan 10 ming tonna metallolom oldi-berdisi qilish orqali qariyb 5 milliard so‘mni o‘z cho‘ntagiga urgan. Aslida bu pul “Ikkilamchi qora metallar”AJning haqi edi.

“O‘zmetkombinat” “SFI Management Group”ning ishonchli boshqaruviga berilgandan keyin metallolom topshiruvchi birorta tadbirkor Sherzod Matievning roziligisiz kombinat bilan shartnoma tuza olmadi. 

Bunday shartnomalar faqat “tanlangan” korxonalarga nasib etdi. Ular “Ikkilamchi qora metallar”ni chetlab o‘tib, metallolom topshiruvchilardan mahsulotni past narxda olib, “O‘zmetkombinat”ga to‘g‘ridan to‘g‘ri qimmat narxlarga sotishni yo‘lga qo‘ydi. 

Mana ularning nomlari: “BUISNESS SMART GROUP” MJCh, “ARGAYL” MJCh, “DOOZY WORKING” MChJ, “CHINOZ FERRUM” MJCh. Ulardan faqat so‘nggisi Sherzod Matiev bilan bevosita bog‘liq. 

Qolganlarining rahbarlari va ta'sischilari sifatida boshqa kishilar ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, aslida ular bir odamga – Anvar Rahmatullaevich Nurxo‘jaevga tegishli. Ular bir kishiga qarashliligini ko‘rsatuvchi jiddiy fakt shuki, davlat ro‘yxatida barchasining elektron pochtasi manzili bir xil ko‘rsatilgan – wallrus1987@mail.ru

Anvar Nurxo‘jaev esa har mavridi kelganida o‘zining Hafiz ismli kuratori prezidentning kuyovi Oybek Tursunovning akasi Ulug‘bek Tursunovning yaqin do‘sti va yordamchisi ekanini eslatishni unutmaydi.

“O‘zmetkombinat”ni talon-toroj qilish sxemasi juda oddiy. “ARGAYL” MJCh misolida aytganda, u “Ikkilamchi qora metallar”ni chetlab o‘tgan holda kombinatga yuqori likvidli lomning har tonnasini 2 150 000 so‘mdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzadi.

Aslida esa aholidan tonnasi 900 000 so‘mga sotib olinadigan past sifatli metallolomni yetkazib beradi. Bu ishlarning barcha Matievning ko‘rsatmasi bilan bajariladi albatta. 

Buning ustiga, yuk mashinalariga avval shag‘al va shlak (toshqol – metall eritishdan qolgan qotishma) ortilib, ustiga nomiga metall parchalari tashlanib, yuqori likvidli mahsulot sifatida o‘tkazilgan. 2019 yil avgustdan 2020 yil yanvar oxirigacha shunday qing‘irliklar qilingan. Natijada bugungi kunda kombinat hududida og‘irligi 5 ming tonnaga yaqin shlak tog‘i paydo bo‘ldi, kombinatning o‘zi esa ko‘p milliardlik ziyon ko‘rdi.

Bundan tashqari, “tanlangan” korxonalar qoidaga zid ravishda kombinatning tayyor mahsulotlarini oldindan to‘lovsiz oldi. Bu esa ko‘p milliardlik debitorlik qarzlarini vujudga keltirdi. Hozir kombinat bu qarzni undirishga muvaffaqiyatsiz urinib yotibdi. 

Kombinat rahbariyati o‘zgargandan so‘ng tashqaridan boshqarish tizginini yo‘qotgan Sh.Matiev o‘z hamtovoqlariga eksklyuziv shartnomalar muddatini uzaytirish endi o‘zining vakolatidan chiqqanini bildirib, ularga yangi rahbarlar bilan til topishish yo‘llarini o‘zlari izlashini tavsiya qilgan.

Shundan buyon Anvar Nurxo‘jaev barcha lomni “Pod'yomik” AJning Yashnobod tumanidagi hududiga olib kelib to‘kmoqda. Ayni paytda bu yerda qariyb 15 ming tonna metollolom to‘plangan. U bu mahsulotni Chirchiq shahrida qurilayotgan, 2021 yil mayda ishga tushadigan yangi zavodga sotishni mo‘ljallamoqda. 

Shodievlar to‘dasi jinoiy boyishning boshqa yo‘llarini ham o‘ylab topgan.

Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan hisobotda 2020 yilning 9 oyi davomida xorijga 325 ming tonna, shundan Afg‘onistonga 84 ming tonna, Tojikistanga 50 ming tonna, Qozog‘istonga 10 ming tonna, jami 144 ming tonna metall mahsulotlari eksport qilingani aytiladi. Qolgan 181 ming tonnasi qaerga ketdi? 

Javobi quyidagicha. Ular affillangan ofshor kompaniyalar – “DIKAM”, “SOFIA”, “URTA OSIYE”, “BORNOVA” va “AZIA SKAY” xususiy korxonalari vositasida jinoiy yo‘l bilan o‘zlashtirilgan. 

Masalan, 2020 yil 1 iyulda “O‘zmetkombinat” AJ Qozog‘istonning Turkiston viloyati Sariog‘och tumanida ro‘yxatga olingan “DIKAM” XK bilan qora metall prokatini to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish haqida shartnoma tuzgan. Garchi kombinat mahsulotini birjadan tashqari sotishi taqiqlanganiga qaramay, qonunchilikdagi “tuynuk”lardan foydalanilgan. 

Xususan, to‘lovni shartnoma bo‘yicha kontragent bo‘lmagan uchinchi tomonidan amalga oshirish imkoniyati belgilangan. Shuningdek, tovar O‘zbekiston hududida turli ob'ektlar qurilishi uchun jo‘natilayotgani, xorijga chiqarilishi va qayta sotilishi mumkin emasligi ko‘rsatilgan. 

Shu yo‘l bilan, mahsulot kombinat hududidan olib chiqib ketilgan va O‘zbekistondagi bozorlar orqali aholiga sotilgan. Tabiiyki, bundan “O‘zbmetkombinat”, uning timsolida davlatga juda katta zarar yetkazilgan. 

Bu jinoiy harakatlar ortida Dilmurod Po‘latov (Oybek Tursunovning do‘sti), rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning kuyovi bo‘lmish Erkin Narzievning kuyovi Shohruh Nosirxo‘jaevning ukasi Farrux Nosirxo‘jaev turibdi. 

Bugunga kelib Shodievlarning metallolom va qora metall prokati savdosi bo‘yicha noqonuniy biznesiga chek qo‘yildi. Ammo ularning o‘rniga O‘zbekiston iqtisodiyoti flagmanlaridan biriga ko‘z olaytirgan boshqalar paydo bo‘ldi. 

“O‘zmetkombinat”dagilarning so‘zlariga ko‘ra, hozir lom tayyorlash va qayta ishlash biznesi bosh vazir Abdulla Aripov va uning kuyovi qo‘liga o‘tgan. Zavoddagi boshqa ishlarni esa ko‘pchilikka ma'lum “ERIELL Group” kompaniyasi boshqaryapti.

Ayni paytda bir vaqtlar “SFI Management Group” kompaniyasining ishonchli boshqaruviga berilgan barcha korxonalarda jiddiy tekshiruvlar ketmoqda. O‘z navbatida, “SFI Management Group”da ham mojaro boshlangan. Jumladan, “O‘zmetkombinat” va “Ikkilamchi qora metallar” AJlarni shu ko‘yga solgan Sherzod Matiev kompaniyadan sharmandalarcha ishdan haydalgan.

O‘z vaqtida Shodievlar ishonchini qozongan bu odam aslida xo‘jayinlari burni tagidan milliardlarni o‘maradigan oddiy kalamush bo‘lib chiqdi. Lekin Shodievlar buni juda kech angladi”…

Qaytar dunyo…mi?

2018 yil 14 yanvarda feysbukda Bekobod metallurgiya kombinati mehnat jamoasi nomidan prezident Shavkat Mirziyoevga murojaatnoma e'lon qilingandi. 

Bu murojaatnoma “O‘zmetkombinat” AJ 2017 yilda “SFI Management Group” kompaniyasi ishonchli boshqaruviga o‘tganidan so‘ng Shodievlar manfaati yo‘lida Sherzod Matiev kombinat bilan aloqador o‘nlab tadbirkorlarni Bosh prokuratura yordamida qatag‘on qilganiga oid. 

Murojaat mualliflarining bildirishicha, o‘sha yili Bekobod metallurgiya kombinati bilan bog‘liq jinoyat ishini tergov qilishda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Mustafoev, uning o‘rinbosari Maqsud O‘rolov, tergovchilar Ulug‘bek Umarova va Sanjar Fayziev o‘ta qabih va shafqatsiz usullardan foydalangan. 

Bu ish 2017 yil avgusti oxirida, Mirziyoev kombinatga kelib, uni xorijiy investorning ishonchli boshqaruviga berishga tayyorlash haqida topshiriq berganidan so‘ng boshlangan. 

Xullas, shundan so‘ng o‘tkazilgan audidorlik tekshiruvi natijasida kombinatning bir qancha mansabdor shaxslari hibsga olinib, shafqatsiz tarzda so‘roqqa tutilgan. 

Oradan ko‘p o‘tmay, 2017 yil 20 oktyabrdan boshlab esa kombinat bilan metall oldi-sotdisini amalga oshirib kelgan ko‘plab firmalar rahbarlari ham birin-ketin hibs etilgan. Ularga nisbatan ruhiy va jismoniy qiynoqlar qo‘llanilgan. 

Tergovchining ko‘rsatmasi asosida tergov sirini oshkor etmaslik bahonasida ularning advokatlar va yaqinlari bilan uchrashuviga ham ruxsat etilmagan. Hatto ayblanuvchilarning ba'zilari advokatdan voz kechish to‘g‘risida ariza yozishga majburlangan. 

Bu orada yuqorida homiylari bo‘lgan 12 ta “tanlangan” korxonaga nisbatan ayblovlar bekor qilingan. Holbuki, ular ham boshqa korxonalar bilan bir xil faoliyat yuritgan. 

Ushbu murojaat e'lon qilingandan so‘nggi voqealar kombinat bilan metall oldi-sotdisi jarayoni “begona” korxonalardan tutkul tozalanib, to‘laligicha Sherzod Matiev va unga aloqador firmalar qo‘liga o‘tganini tasdiqlanmoqda. 

Qiziq, endi Sherzod Matievning o‘zi ham metall oldi-sotdilaridan, “SFI Management Group” kompaniyasi esa kombinatni ishonchli boshqarishdan chetlashtirilgandan so‘ng bu jinoiy harakatlarga bosh-qosh bo‘lganlar jazolanrmikin? 

Har holda, bu qaytar dunyo-ku! 

“Eltuz”

Tag‘in o‘qing
10 iyun 2016
Mustaqillikning 25 yillik to‘yi oldidan boshlangan ura-ura maqolalar orasidan «Xalq so‘zi»da chop etilgan «Taraqqiyotimizning asosiy mezoni» to‘g‘risidagi lavha ham ...
7 iyun 2016
O‘zbekiston telekanallarida mamlakat iqtisodiyotining «qudrati», «imkoniyatlari», dunyoda salkam eng rivojlangan ekani to‘g‘risida eshitsangiz ajablanmang. Chunki 20 yildan oshdiki, faqat ...
27 may 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 52-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) Musulmonlarning joriy fojiasi islomga qattiq ...
9 may 2017
9 may kuni Shomahmudovlar haykali qayta ochildi. Toshkentlik taxlilchi Anvar Nazir fikriga ko‘ra, bu haykal sovet davrini qo‘msagan o‘zbekistonliklar ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...