Asosiy mavzular
15 may 2017

Ahmadboyga 40 ming dollar bergan ayol shikoyati

Chinozlik «Ahmadboy» nomi bilan mashhur bo‘lgan Ahmad Tursunboev tomonida tashkil etilgan moliyaviy piramida faoliyatiga barham berilganiga ham bir yilga yaqinlashib qoldi.

U o‘tgan yilning 15 iyunida hibsga olinganidan buyon bu moliyaviy piramidaga pul tikkan minglab fuqaroning mablag‘lari taqdiri haligacha noma'lumligicha qolmoqda. Ularning o‘z mablag‘larini qaytarishga bo‘lgan urinishlari ham natija berayotgani yo‘q.

Moliyaviy piramidadan jabr ko‘rganlardan biri O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga ariza bilan murojaat qilib, o‘z mablag‘lari qaytarilishiga yordam so‘radi.

Quyida biz bu arizani muayyan qisqartirish va tahrirlar bilan e'tiboringizga havola etamiz.

“Pul bizga sex ochish uchun kerak edi…”

«Men, Mamlakat Mo‘minova, O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘qligi, mamlakatda ishsizlik hukmronlik qilayotgani sababli turmush o‘rtog‘im Zoirjon Mo‘minov bilan oilaviy ravishda Rossiya Federatsiyasiga borib, ishlab pul topib, yurtimizda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldik. Dastlab turmush o‘rtog‘im bilan 2006 yili Moskva viloyatining Litkarino shahridagi “Gera” MChJga qarashli o‘g‘it ishlab chiqarish va qadoqlash zavodida ishlay boshladik. Ishimiz og‘ir, lekin maoshimiz, yotoq sharoitlarimiz yaxshi edi. Turmush o‘rtog‘im bilan har oy 2500-3000 AQSh dollarini uyga pul jo‘natib turdik. 2007 yilda katta o‘g‘lim Sherzodbek (1981 yilda tug‘ilgan)ni ham ishlash uchun o‘z yonimizga chaqirdik. U alyuminiydan lift uchun kerakli jihozlar yasash zavodida payvandchi bo‘lib ishlay boshladi. Uning oyligi ham 1000-1200 AQSh dollariga teng edi.

Qisqasi, biz oilaviy 11 yil ishladik. Shu yillar davomida uy-joy qildik, ortgan pullarimizni to‘plab, Marhamatda nogironlar (kar-soqovlar) uchun korxona qurmoqchi bo‘ldik, ya'ni poyabzal ishlab chiqarish sexi ochmoqchi edik. Men Moskvada xitoylik Ki Tsey degan tadbirkor bilan suhbatlashib, undan sex uchun yordam berishligini so‘radim. U menga sex va jihozlar uchun 80 ming AQSh dollari kerakligini aytdi. Bizning jamg‘armamiz bunga yetmagani sababli men O‘zbekistonga borib, sharoitni o‘rganib, sex uchun joyni aniqlab, pulni jamg‘arib so‘ng unga xabar berishimni bildirdim.

Nima qilishni bilmay turganimizda ikkinchi o‘g‘lim Dilshodbek (1987 yilda tug‘ilgan) Chinozda Ahmadboy degan yangi boy chiqqani, tadbirkorlarga yordam berayotgani, 3-4 yildan buyon u bilan hamkorlik qilayotganlar o‘zini tiklab olganini aytib qoldi. Aldanib qolmaymizmi, degan istiholani aytganimdan keyin o‘g‘lim: «Oyi, men borib o‘z ko‘zim bilan ko‘rib keldim, qonuniy bo‘lmasa, eshik oldida davlat soqchilari, militsiya xodimlari turarmidi?! Qonuniy bo‘lganligi uchun 4 yildan oshiq vaqtdan beri u o‘z ish faoliyatini yurgizyapti ekan. Shuningdek, davlat organi hisoblanmish huquq- tartibot xodimlarining o‘zlari unga sharoit yaratib berib qo‘riqlab turibdi-ku!? Agar noqonuniy bo‘lganida edi, ular allaqachon soliq tomonidan, o‘sha ichki ishlar tomonidan javobgarlikka tortilgan bo‘lar edi», dedi.

Bu gaplardan keyin biz avvaliga Ahmadboyga oz-ozdan pul berib, bir yillik natijasiga qarab, natijasi yaxshi bo‘lsa, sex qurish imkoniga ega bo‘lamiz, deb o‘yladim.

«Ahmadboy bir tiyinimizga ham hiyonat qilgani yo‘q …»

Mening Ahmad Tursunboevga hech qanday adovatim yo‘q. Chunki u pullarimizni xuddi qonuniy bankdagi kabi pasportlarimizdan nusxa olib, kompyuterga kiritib, qo‘limizga pul-mablag‘imizni olganini tasdiqlovchi maxsus jeton berdi. Eng asosiysi, u bizning bir tiyinimizga ham xiyonat qilgani yo‘q!

Masalan, 2016 yil 8 yanvarda 10 500 (o‘n ming besh yuz) AQSh dollari berib jeton oldik, ammo televizorda jurnalistlar ovoza qilganlaridek hech qanday tilxat yozganimiz yo‘q. Shaxsan men «Ahmadboy pullarni tilxat yozdirib oladi», degan shov-shuvga qarshiman. O‘sha pulni kelasi oy shu kundan boshlab oyma-oy 6 oy davomida 875 AQSh dollaridan qilib berib turdi.

Ahmadboyga ishonganimizdan keyin 2016 yil 8 mart kuni biz unga yana 40 million o‘zbek so‘mi berdik. Ahmadboy aldamasdan, bizga oyma-oy 4 oy davomida 8 million berdi. Ahmadboyga ishonchimiz ortganidan keyin unga yana 7 ming AQSh dollarini topshirdik, bu safar ham oyma-oy 4 oy davomida 1400 (bir ming to‘rt yuz) dollar oldim.

2016 yil 20 mart kuni yana 7 ming AQSh dollari topshirib, oyma-oy 3 oy davomida 1400 (bir ming to‘rt yuz) AQSh dollari olib turdik.

2016 yil 8 aprelda yana 500 (besh yuz) AQSh dollarini topshirdik, uch oy davomida 100 AQSh dollaridan olib turdik.

2016 yil 24 may kuni 17 500 (o‘n yetti ming besh yuz) AQSh dollari va 8 million o‘zbek so‘mi topshirdik, lekin bunga foiz olmadik. Jami olgan foizimiz 15350 (o‘n besh ming uch yuz ellik) AQSh dollari va 32 million o‘zbek so‘mi bo‘lgan edi. Bu mablag‘larning hammasini biz o‘zimiz yana Ahmad Tursunboevga ko‘payib qaytsa ish boshlaymiz, degan maqsadda qaytarib topshirdik. U bizni majbur etmagan….

“Davlatning o‘zi g‘irromlik qildi…”

2016 yil 24 may kuni biz doimgidek shartlashuv asosida 10 ming AQSh dollarini, 8 iyunda esa 17500 (o‘n yetti ming besh yuz) AQSh dollarini hamda 8 million o‘zbek so‘mi olishimiz kerak edi. Lekin bizning o‘z qo‘limiz bilan topshirgan jami 42500 (qirq ikki ming besh yuz) AQSh dollari, 48 million o‘zbek so‘mi va qo‘shimchasi bo‘lgan 27500 (yigirma yetti ming besh yuz) AQSh dollari va 8 million o‘zbek so‘mi bo‘lgan pullarimiz qaytarilmadi.

Umumiy olganda 70 ming AQSh dollarim va 56 million o‘zbek so‘mimni davlat olib qo‘ydi. Chunki Ahmad Tursunboev davlat tomonidan noqonuniy ish qilgan deb topilishi oqibatida barcha fuqarolarning, jumladan, bizning pullarimizni ham davlat o‘z tasarrufiga o‘tkazib yubordi. Shu kundan boshlab qon bosimi kasaliga uchradim, ko‘p joylarda davolandim, foydasi bo‘lmayapti.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Nega 4 (to‘rt) yil davomida xalqning ishonchini oqlab, vaqtida o‘z mijozlarining hojatini chiqargan bu odam birdaniga hibsga olindi? Xo‘p, agar A.Tursunboevning bu hotamtoyligi amaldagi qonunchilikka zid kelsa, unda nega davlatimizning jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi organlari hisoblanmish, birinchi o‘rinda, Milliy xavfsizlik xizmati vakillari, huquq-tartibot xodimlari, prokuratura va hokazolar unga darhol chora qo‘llamadi?

Demak, xohlaymizmi, xohlamaymizmi, har kimda o‘z-o‘zidan bu yerda davlat biz fuqarolarning pullarini tortib olish uchun A.Tursunboevdan bir xo‘rak sifatida foydalangan ekan, degan shubha kelib chiqadi.

Bugun biz bir davlat organining qilgan xatosi tufaylimi yoki loqaydligimi, yoxud jinoyati tufaylimi, ikkinchi bir davlat organiga bor budimizni boy berib o‘tiribmiz.

Axir bu pullar bizning qiynalib, musofir yurtlarda ishlab topgan pullarimiz edi-ku?! Nega pullarimiz davlat tomonidan olib qo‘yiladi?!

Agar Ahmadboy g‘ayriqonuniy faoliyat yuritgan bo‘lsa, marhamat, uning o‘ziga amaldagi qonun asosida chora ko‘rilsin! Nima uchun fuqarolarning pul mablag‘lari o‘z egalariga qaytarib berilmayapti?!

Ahmadboyni badnom qilayotgan jurnalistlarga e'tiroz

Jurnalistlar 2016 yil yoz kunlarining birida hali tergov qilinib, sud tomonidan aybi isbotlanmagan fuqaro Ahmad Tursunboevning haq-huquqini bemalol buzib, uni g‘irt jinoyatchiga chiqardi-qo‘ydi. Zero, Konstitutsiyaning 26-moddasida ayb yoki jinoyat sodir etgan shaxsga sud jarayonida sudyadan o‘zga bir shaxs aybdor deb hukm o‘qishga haqqi yo‘qligi ta'kidlab o‘tilgan.

Qoyil-e! Mana sizga o‘zbek jurnalistlarining faoliyati! Aslida ular fuqarolarning hayotida yuz berayotgan mushkulotlar haqida, ayniqsa, aholi o‘rtasidagi ishsizlik to‘g‘risida har kuni «Ahmad vasvasasi» deganga o‘xshagan ko‘rsatuvlar tayyorlab efirga uzatsa, qanday yaxshi bo‘lardi-a! Chunki biz fuqarolar aynan ana shu ishsizlik sabab yurtimizni tashlab, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon bo‘lib yuribmiz. Oilamizdan uzoqda, bir marta keladigan bu hayotda musofirchilikda umrguzaronlik qilish axir bizga havas emas-ku?! Ana shuning uchun chetga bormaylik deb, biz ham pullarimizni ko‘paytirib tadbirkorlik qilamiz, deb Ahmadboyga o‘z pullarimizni ishonib topshirgan edik.

Yana bir bor aytaman, Ahmadboy pullarimga biror marta ham xiyonat qilmadi, aksincha, menga ularni ko‘paytirib berdi-ku!?

O‘zbekistonda fuqarolar nega davlat bankiga omonat sifatida pul qo‘ymaydi? Sababi, avvalo, banklar o‘z vaqtida fuqaroga zarur bo‘lganda o‘sha pullarini naqd shaklda chiqarib bera olmaydi. Ikkinchidan, fuqaroning pullari davlat omonat banklarida Ahmadboyga berilgani kabi tez va ishonchli ko‘paymaydi.

Marhamat, jurnalistlar mamlakatimiz, jumladan, fuqarolar hayotida yuz berayotgan o‘tkir muammolarni yoritsin. Afsuski, o‘zbek OAV vakillari tom ma'nodagi to‘rtinchi hokimiyat emas! Chunki gazeta-jurnallarni varaqlasang yoki televidenie-radioning qulog‘ini burasang, kechasi-yu kunduz diring-diring musiqa yoxud faqat yutuqlarimizni ovoza qilishdan o‘zga narsa yo‘q.

Maktabda ishlab yurgan chog‘larimda yuqoridan tekshiruvchilar kelsa, hech qachon yutuqlarimizni maqtab ketmas edi. Aksincha, ularning topib olgan bitta mashhur gaplari bor edi: – Yutuqlarimiz o‘zimizniki, lekin biz bugun sizlarning kamchiliklaringizni o‘rgangani kelganmiz. Shuning uchun bizdan xafa bo‘lmaysiz.

Istagim shuki, OAV vakillari hech kimdan qo‘rqmasdan yurtimizda bo‘layotgan muammolarni tez-tez jamoatchilikka e'lon qilib tursin. Turmushimizdagi yutuqlarimizni hayot o‘zi ko‘rsatib turibdi. Bizga uni hadeb reklama qilish shart emas. Bizga davlat byudjetini kalamushdek kemirib yeyayotgan rahbarlarning qilmishlarini fosh qiluvchi tanqidiy reportajlar kerak. Oshkora tanqid yo‘qmi, demak, mamlakat iqtisodiyotida rivojlanish ham bo‘lmaydi. Rivojlanish yo‘qmi, demak, biz fuqarolar pul topaman deb Rossiya yoki Qozog‘iston tomonlarga eski xaltamizni yelkamizga ilib xatarli safarga yo‘l olishga majbur bo‘laveramiz!

Biz o‘zbeklarni u yerlarda rus yoki qozoqlar quchoq ochib kutib olmaydi, albatta. Aksincha, biz u yerlarda mardikormiz, afsus!

Mehr ko‘zda, deydi dono xalqimiz. Biroq yillar davomida ota-onasini ko‘rmay ulg‘ayotgan farzandlarimiz qalbida yaqin kelajakda bizga nisbatan mehrga joy qolarmikin!

Jurnalistlar hali aybi sudda isbotlanmagan Ahmadboyga osilmay, aksincha, ishsizlik atalmish muammoga bot-bot murojaat qilsalar, foydadan xoli bo‘lmasdi menimcha!

Mayli, Rossiyani qo‘ya turaylik, o‘zbek fuqarosi Qozog‘istonga borib mardikor bo‘lib ishlayotganini OAV vakillari hisoblanmish jurnalistlar biron marta o‘z dasturlarida yoritdilarmi?! Yo‘q, albatta. Qozog‘iston o‘zi bir qip-qizil cho‘li biyobon bo‘lsa-yu, unda nega birorta ham qozoq fuqarosi Rossiyaga borib ishlamaydi? O‘zbekistonimizni esa biz o‘zbeklar jannatga o‘xshatamiz, biroq birorta rus yoki qozoq fuqarosi bizga o‘xshab mardikor bo‘lib O‘zbekistonda ishlayotganiga guvoh bo‘lmaymiz! Ajabo, jannatda pul bo‘lmaydi, deganlari rostga o‘xshaydi.

Janob jurnalistlar mana shunaqangi dolzarb mavzularda tanqidiy ko‘rsatuvlar tayyorlab, xalqimizning ko‘zini ochib, bilimlarimizga bilim qo‘shsa, ayni muddao bo‘lardi. Biroq o‘zbek jurnalistlarimiz sud hali aybdor deb topmagan Ahmadboyga o‘xshaganlarga o‘z hukmlarini o‘qiyversalar, demak, hali biz bilmagan, Konstitutsiyadan ham yuqori turadigan qonun-qoidalar bor ekan-da, deb o‘ylanib qolasan kishi.

Qonunga nisbatan qonun posbonlarining hurmatsizligi

Men yangi Prezidentimiz e'lon qilgan «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»dan ilhomlanib, 2016 yil 18 dekabrda uning virtual qabulxonasiga, ya'ni portalga 12096016 raqam bilan ro‘yxatga olingan murojaat yo‘lladim. Bir oy kutdim, yana qo‘ng‘iroq qildim. U yerdan murojaatim ichki ishlar organlarida ko‘rib chiqilishi haqida javob oldim. 2 oy o‘tib yana qo‘ng‘iroq qildim, foydasiz bo‘ldi. Uchinchi qo‘ng‘irog‘imdan so‘ng 2017 yil 6 mart kuni meni Toshkent ichki ishlari boshqarmasiga chaqirishdi (telefon raqami: +998712330994). Meni qabul qilgan kapitan Obidjon degan yigit arizamni yozib oldi va jeton nusxalaridan ham olib qoldi. U yerda menga muammo Navro‘z bayramigacha hal qilinishi va milliy xavfsizlik tasarrufiga o‘tkazilishiga va'da berishdi. Ammo hanuz javob yo‘q.

Bu kabi salbiy holat fuqarolarning murojaati bo‘yicha qabul qilingan qonunlarga nisbatan aynan qonun posbonlarining oshkora hurmatsizligi hisoblanmaydimi?!

Shuning uchun men sizlardan yana bir bor iltimos qilaman, bu ishni adolatli hal etilishiga amaliy ko‘maklaringizni ayamasangiz!

Mamlakat Mo‘minova
22 aprel 2017 yil
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 sentyabr 2023
Salom qadrli muxlislar. Eltuz portaliga kelgan so‘nggi beshta maktubni o‘qiymiz. Ular O‘zbekistonning Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Xorazm  viloyatlaridan kelgan. ...
27 iyul 2017
Telekanaldan yoshlar «hidini chiqarish» uchun «boshliq» qilib tayinlangan xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning ketganligini har kim har hil talqin qilmoqda. ...
13 yanvar 2023
O‘zbek kinosi shimoldagi «urishqoq» davlat emas, balki Garbdagi taraqqiyparvar davlatlar bilan hamkorlik qilayotgani quvonarli holdir. Sal oldin VGIKning filiali ...
18 iyul 2018
“Biz fermerlikning eng yaxshi davrlarini o‘tkazib qo‘ygan ekanmiz. Bu yilgi ahvolimiz shunday dalolat bermoqda”. Bu qashqadaryolik bir fermerning e'tirofi. ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...