Ko‘zqarash
24 iyul 2017

G‘afur Rahimovmas, siyosiy dissidentlar yurtga qaytishi kerak

Xalq orasida yirik ishbilarmondan ko‘ra ko‘proq kriminal avtoritet sifatida tanilgan G‘ofir Rahimovning tug‘ilgan kuni munosabati bilan internetda u haqda ko‘plab maqolalar berilmoqdaki, kampaniyabozlikning hidi keladi. Foto: 1991 yil, deputat Nasrullo Sayyid Davlat bayrog‘ini taqdim qilish tadbirida.

Bu maqolalar mualliflari orasida ziyoli, taniqli jurnalist va yozuvchilar qatorida hatto bir vaqtlar Islom Karimovga, endi esa amaldagi prezidentga maddohlik qilayotgan shaxslarni ham uchratasiz.

G‘afur Rahimovning kriminal faoliyati haqida ABC news kanali tayyorlagan filmdan skrinshot

Bu maqolalarni bir nuqta birlashtirib turadi. Ularning hammasida G‘ofir Rahimov jasur va mard xalq manfaatini o‘ylaydigan, qo‘li ochiq, adolatli inson sifatida ta'riflanadi.

Bizning bu ta'riflarga va ta'kidlarga e'tirozimiz yo‘q. Agar maqolalardagi gaplar haqiqatan ham rost bo‘lsa, bu kabi insonlarning qadriga yetish, ezgu ishlarini targ‘ib qilish o‘rinli bo‘ladi.

Qolaversa, G‘ofir Rahimov shaxsi, uning faoliyati haqida turlicha qarashlar mavjudki, ochiqdan-ochiq «paxtakor»lik qilayotgan ziyolilarimiz haybarakallachilik dengizida suzayotganda tarozining pallasiga ko‘z tashlab qo‘ysa, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Masalaning boshqa jihati ham bor. Nega biz xalqimiz, vatanimiz uchun undan ham ko‘ra foydaliroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ayni paytda muhojiratda yashab, yurt havosiga, tuprog‘iga zor qolayotgan boshqa taniqli shaxslarning O‘zbekistonga qaytishi talabi bilan ana shunday kampaniyalar uyushtirmayapmiz?

Ismi biz aytmasak ham elga mashhur yurtdoshlarimiz hisoblanmish muxolifat yetakchilari mard, jasurligini ko‘rsatmaganmi, vatan manfaatini G‘ofir Rahimovdan kamroq o‘ylaganmi yoki ular shu yurt uchun undan qolishmaydigan ishlar qilmaganmi?

Nasrulla Saidov vatanga qaytishga ruxsat bering, deb qon yig‘lab yuribdi. U yuqorida biz ishora qilgan shaxslar kabi katta mavqega ega bo‘lmasa-da, o‘z yurti uchun qayg‘urgan, qayg‘uryapti, xalqimga yordamim tegsin, deb o‘zini o‘tga-cho‘qqa urgan.

Karimov taxtdan ketsa, men uchun vatanga yo‘l ochiladi, deb umid qilgan Yusuf Juma hali ham AQShdan yurtiga qayta olgani yo‘q.

Avtoritar rejim zug‘umi tufayli O‘zbekistonga kela olmayotgan mashhuru nomashhur yuzlab, minglab ana shunday ziyolilar, ishbilarmonlarimiz bor.

To‘g‘ri, ularning vatanimizga qaytishiga yo‘l ochish chaqirig‘i bilan bir-ikkita maqolalar berildi. Afsuski, ular soni kriminal avtoritet va ishbilarmon haqidagi maqolalar miqdori oldida urvoq ham bo‘lmaydi.

O‘zbekiston o‘zgarishlarga yuz burayotgan ayni davrda mana shu vatandoshlarimizni yurtga qaytishiga yo‘l ochish chaqiriqlarini ham ommaviy kampaniya darajasiga chiqarish vaqti yetmadimikin?!

G‘ofir Rahimov O‘zbekistonga qaytsa, iqtisodiyotni, sportni rivojlantirish uchun balki yordami tegar. Lekin uning siyosiy o‘zgarishlarga ochiqcha bosh qo‘shishiga ishonadiganlar kam.

Chunki u boshqa toifadagi inson. U, kampaniyabozlikka yo‘g‘rilgan maqolalarda ham ta'kidlanganidek, ishbilarmon. U biznesi uchun har qanday rejim bilan til topishib ketaveradi. Bu rejimning yo‘rig‘iga yursa bas.

Siyosiy o‘zgarishlar haqida talablar qo‘ya oladiganlar esa boshqa toifa. Bugun O‘zbekiston ana shunday toifaning (bular safiga turli radikal qarashdagi, konstruktiv muloqotga tayyor bo‘lmaganlarni qo‘shish fikridan yiroqmiz) qaytishiga muhtoj.

G‘ofir Rahimov haqida yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘paygan maqolalarni o‘qib, ana shunday fikrlar uyg‘ondi…

Jasur Sardor
O‘zbekistonlik hamkorning taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 aprel 2024
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raxbariyati ustidan navbatdagi shikoyat maktubi Eltuzga yetib keldi. Uni tag‘in O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasida faoliyat yuritib, qozoni ...
15 yanvar 2024
Prezident Mirziyoev 12 yanvar kuni Havfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida o‘zbek mediyasi uchun milliy kontent yaratish zarurati haqida gapirdi. «Biz O‘zbekiston ...
9 avgust 2021
Rassom Tuz
20 iyul 2016
Odatdagidek, bu ishga, ya'ni g‘o‘za nihollarini chekanka qilish ishlariga ham byudjet tashkilotlari xodimlari – bog‘cha opalar, o‘qituvchilar, shifokor va ...
Bloglar
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...
7 yanvar 2025
Ijtimoiy tarmoqlarda “1000kitob” loyihasi bo‘yicha turli gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Mansab talashuvi, ziyolilarning guruh-guruh bo‘lib, bir-biri ...