Maktab o‘qituvchisi: Paxta terimi – umumxalq hashari, degan gapga qo‘shilmayman
2017 yilgi paxta terimida «Umumxalq hashari» shiori ostida byudjet idoralari xodimlari, jumladan, o‘qituvchilar mehnatidan tobora kengroq foydalanilmoqda. Sirdaryo viloyatidan kelgan maktubda maktab o‘qituvchisi ular shahar xalq ta'lim bo‘limi nazorati ostida paxtaga chiqarilayotgani, «paxta terimi vaqtida o‘quvchilarning tarbiyasi, bilimi izdan chiqishi» haqida yozadi. «Eltuz» nashri maktubni chuqur tahrirsiz, biroq muallifga zarar yetkazmaslik uchun ismi-sharifini ko‘rsatmasdan e'lon qilmoqda.
Sirdaryo viloyatidan kelgan maktub
Kasbim o‘qituvchi, maktabda dars beraman. Paxta terimi sentyabrning ilk haftasida boshlandi. Endi yangi o‘quv yili boshlangan edi hamki, paxta daragi haqida eshitdik. Terim taxminan 6-7 sentyabrdan noyabrgacha davom etdi. Asosiy terim tugagani uchun 2 noyabrlarda terim tugadi. Ammo hozir 1-chorak yakunlandi. O‘quvchilar bir hafta qisqa ta'tilda bo‘ladi. Yana hamma o‘qituvchilarga ommaviy terim davom etishi ehtimoli bor. Chunki har yili shunday bo‘ladi.
Terimdan hech bir xodim ozod etilgani yo‘q. Oilaviy juda og‘ir avholda yashaydigan hamkasbimiz bor. Eri vafot etgan. Bolalariga yolg‘iz ona bo‘lib qaraydi. Yosh farzandlari bo‘lgani uchun u bir necha marta sharoiti haqida maktab direktoriga tushuntirdi.
Yosh bolalarini uyda yolg‘iz tashlab keta olmasligin aytib, terimdan yengilliklar berishini so‘radi. Ammo maktab rahbari ham o‘zidan “kattalar” oldida javob berishini aytib, hech bo‘lmasa, 10-15 kun dalaga chiqib berishini so‘radi. O‘sha hamkasbim bolalarini qo‘shnilariga tashlab, bir amallab dalaga chiqdi. O‘zining o‘rniga odam yollashga ham qurbi yetmaydi.
Boshqa hamkasblarimiz agar dalaga borish ilojini qilisha olmasa yoki istamasa, o‘rniga odam chiqarishi mumkin. Muhimi, rahbarga gap tegmasa, o‘sha odam dalaga chiqib, normani bajarsa bo‘ldi. Agar mardikor saharlab vaqtida yetib kelmasa yoki dalada paxta termay yursa, unda direktor o‘z xodimi bilan gaplashib, masalani hal qilishini yoki xodimdan o‘zi dalaga chiqishini talab qiladi. Shu paytgacha terimdan bosh tortganlarni ko‘rmadim.
To‘g‘ri, o‘zim ham bunday ishlardan charchayman, norozi bo‘laman. Ammo rad eta olmayman. Sababi mendan katta yoshdagi pedagoglarning sukut saqlashidir. Ular indamay turib, bu haqida men og‘iz ochsam, hech kimga, ayniqsa, direktorga yoqmasligi aniq.
Paxta terimi vaqtida daladagi nazoratni shahar xalq ta'lim bo‘limi xodimlari olib borishdi. Ular shu ishida bir necha yillardan beri ishlaydi. Har yili shular paxta terimida bosh-qosh bo‘lib yuradi.
Terimchilar har kuni soat 6 dan kech soat 5-6 gacha ishlardi. Uyga qaygunimizcha soat 7-8 bo‘lib ketardi ba'zan. Ikkinchi terimdan esa soat 7 dan kechki soat 4 gacha dalada bo‘lardik. Dam olish kunlari terim vaqtida bo‘lmaydi. O‘qish 6 kun bo‘lsa, yettinchi kun yakshanbada barcha o‘qituvchilar ommaviy terimga yuborilardi.
Men o‘zim o‘rtacha 30-40 kg paxta tera olaman. Normani ko‘pincha bajara olmasdim. Shu sababli doim direktorim meni so‘kib, urishib, daladaligimda telefon qilib, normani talab qilardi. Qancha tinmay mehnat qilsam-da, normani bajarish menga qiyin. Paxta juda yengil bo‘ladi. Ko‘pchilik sheriklarim ham normani “toza” bajarmasdi. Har xil qing‘ir yo‘llarini topib olishgan. Maqsadi rahbardan gap eshitmaslik. Paxtaning orasiga og‘irroq bo‘lsin deb suv quyardi, kesak yoki tuproq soladi. Ayniqsa, oxirgi terimlarda dalada paxta qolmaganidan etagimizga ko‘sak terib olib, usti va tagini paxta bilan o‘rab topshirdik. Nima qilaylik axir? Dalada paxta yo‘q.
Tergan paxta uchun pul oldim. 100% to‘liq deb bo‘lmaydi. Eng oxirgi 10 kunlikni ana-mana beramiz, deb aldab yurishibdi. Haliyam bergani yo‘q.
Paxta terimi vaqtida o‘quvchilarning tarbiyasi, bilimi izdan chiqadi. Birinchi chorakni behuda yo‘qotamiz. Darslar nomiga o‘tiladi. Paxta butunlay tugagandan keyin bolalar tugul o‘zim qiynalaman. Chunki 2 oylik dasturni o‘zlashtirish, ularning ongiga singdirish hammaga qiyin bo‘ladi. Bu bitta fandan emas. Hamma fan chala-chulpa bo‘lib yotadi. Terim vaqtida darslar o‘tilgan bo‘ladi. Ammo bitta o‘qituvchi emas, bitta fandan har xil o‘qituvchi kiraverishi bolalarga yomon ta'sir qiladi.
Yil davomida terimdan boshqa har oyda 2-3 marta shanbaliklar bo‘lib turadi. Bahorda har haftada bir marta bo‘ladi. Ko‘cha supurish, daraxtlarni oqlash, Navro‘z yaqinlashsa parkni tozalash, daraxt shoxlarini tartibga keltirish kabi yumushlarni qilamiz.
Paxta terimi – umumxalq hashari, degan fikrga qo‘shilishni istamasdim. Ammo hukumat shunday deb turgandan keyin men nima ham derdim. Demak, umumxalq hashari bo‘lsa kerak-da.
Oilamizdan terimga ikki kishi chiqqan bo‘lsak, paxtadan daromad ko‘rganimiz yo‘q. Tergan 30-40 kg paxta puli dalaga olib boradigan mayda-chuyda yeguliklarga ketardi. Ba'zida normani bajarish uchun yonimdan pul sarflab, oramizda eng ko‘p teradiganlardan paxta sotib olib, toroziga topshirardim. Issiqda ba'zan paxta terishga umuman holim bo‘lmasdi. Shunaqa paytlari boshqalardan paxta sotib olib, taroziga topshirardim. Shunday xarajatlarga o‘z hisobimdan 40-50 ming so‘m sarflagan bo‘lsam kerak.
Paxtaga chiqishni istamasam, kimgadir shikoyat qilishning iloji yo‘q. O‘z boshimga g‘avg‘o orttirib nima qilaman?! Hech kimga murojaat qilmadim. Menimcha, bu masalada hech kim menga yordam bera olmasdi ham. Agar bitta menga yordam qilsa, yana kimdir, keyin yana boshqasi xohlab qoladi. Xullas, bu hozircha iloji yo‘q masala.
Oilamdan men va qayinsinglim terimga chiqdi. Ikkimiz ham davlat ishida ishlaganimiz bois dalaga borishga majbur bo‘ldik.
Maktabimizdan ayrim o‘qituvchilar mardikor yollashdi. Kuniga ular mardikorga 20-25 ming so‘m to‘lardi. Bu ular o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida bo‘ladi. Kimdir bundan ham qimmatga odam yollagan. O‘qituvchilar mardikorni tanishlari orqali, ishsiz qo‘ni-qo‘shnilarini topib chiqarishardi. Mardikorlar ham kuniga 20-25 ming so‘m va tergan paxta pulini olib, pul ishlab olishi mumkin edi.
Terim vaqtida uyma-uy uchastkavoy, prokurorlar va turli tashkilot xodimlari yurdi. Uyda ishsiz o‘tirgan aholini terimga jalb qilish bo‘yicha topshiriq olishgan bo‘lishsa kerak. Shunaqalar eshikni taqillatib kelaverib, asabga tegardi. Mahallamizda tez-tez suv o‘chib qolardi. Balki bu ham terim bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
Majburiy mehnatga qarshi choralar yozilgan yo‘riqnomani ko‘rdim. Unda kasaba uyushmasiga murojaat qilishimiz mumkinligi yozilgandi. Lekin maktabimizdagi kasaba uyushmasi xodimi ham dalada yurdi. U ham majburligidan dalaga chiqdi. Buni o‘zi bot-bot aytib turardi. O‘ziga yordam berolmagan odamdan men qanday yordam so‘rashim mumkin?!
Bir pedagog prezidentning virtual qabulxonasiga maktub yozgan ekan. Majburiy mehnat sodir bo‘layotganini xabar qilib, undan yordam so‘ragan. Shundan so‘ng o‘sha xodimni hokimiyatga chaqirib olib, rosa ma'ruza o‘qishibdi. Paxta – bu milliy boyligimiz, o‘qituvchi bo‘lib shunday yozishni uyalmaysizmi, deyishibdi. Oxirida o‘sha xodimdan hammasi yaxshi, anglashmovchilik bo‘ldi, qabilida xat ham yozdirib olishibdi. Bularni eshitgandan keyin hech bir harakat foydasiz ekanligini yanada tushunib yetasiz.
Eltuz.com