Document UZ
11 mart 2020

Faollar Gulnoraning o‘g‘irlik pullari «aylanma yo‘llar» bilan qaytarilishidan norozilik bildirishdi

Bir guruh o‘zbek faollari 11 mart kuni Shveytsariya hukumati va mas'ul idoralariga marhum prezidentning katta qizi Gulnora Karimova o‘g‘irlagan aktivlarni O‘zbekistonga shaffof va hisobdorlik asosida qaytarishni so‘rab chaqiriq yo‘llashdi.

Faollarning tashvishli chaqirig‘iga 25 fevralda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan Gulnora Karimovaning prezident Mirziyoevga yo‘llagan maktubi orqali sizgan ma'lumotlar sabab bo‘ldi.    

Gulnora Karimovaning qizi, Londonda yashayotgan Imon Instagram’dagi sahifasida e'lon qilgan maktubida Shveytsariya hukumati O‘zbekiston hukumati bilan Gulnora Karimovaning mazkur mamlakat sud organlari tomonidan 131 million AQSh dollari miqdoridagi musodara qilingan aktivlarini qaytarish masalasida muzokaralar o‘tkazayotgani haqida gapirgan.

Xatda Shveytsariya hukumati bu aktivlarni tibbiyot va ta'lim sohasidagi ijtimoiy loyihalarga berishni rejalashtirayotgani ham ta'kidlanadi.

Huquq faollari yuqorida qayd etilgan muzokaralar va Karimovaning aktivlarini qaytarish jarayoni haqida jamoatchilik Shveytsariya hukumatidan emas, balki qandaydir «aylanma yo‘llar» orqali xabar topayotganlarini bildirishgan.

«Shveytsariya bu aktivlarni O‘zbekistonga qanday yo‘llar bilan qaytarmoqchi ekanligi borasida shaffoflikning yetarli emasligi Shveytsariyaning o‘zi ishtirokida ishlab chiqilgan va 2017 yil dekabrda Vashingtonda Aktivlarni qaytarish bo‘yicha global forumda (AQBGF) qabul qilingan tamoyillarga zid keladi», deyiladi jumladan chaqiriqda.

Faollarining yozishicha, shaffoflik va mas'uliyat. O‘g‘irlik aktivlarining qaytarilishida hisobotdorlik kafolatlari to‘g‘risidagi 4-tamoyil; aktivlarning o‘g‘irlanishiga ko‘mak bergan shaxslarga ularning qaytarilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi 9-tamoyil buzilgan.

Telekommunikatsiya kompaniyalaridan ta'magirlik va pora olishda Gulnoraga sherik bo‘lgan ayrim mansabdorlar hali ham O‘zbekiston hukumatida katta lavozimlarda ishlashi va ular O‘zbekistonga qaytarilgan aktivlarni ishlatishda ishtirok etishi ehtimoli kattadir.

Shuningdek, chaqiriqda davlat boshqaruvi oliy bo‘g‘inidagi manfaatlar to‘qnashuvi, pul yuvish, daromadli shartnomalar, litsenziya va davlat nazoratidagi mulklarni noshaffof bo‘lish bilan bog‘liq qator faktlar va misollar keltiriladi.

«Shveytsariya hukumati O‘zbekiston hukumatining korruptsiyaga qarshi islohotlar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi og‘zaki va'dalariga umuman ishonmasligi kerak. Bu hukumatning va'da berishi oson, hatto u keyinchilik bajarishni «esdan chiqarib qo‘yadigan» progressiv qonunlarni ham qabul qiladi. Masalan, 2019 yilda ikki yilga mo‘ljallangan aktikorruptsion islohotlar dasturi qabul qilingan edi. Ammo oradan qariyb bir yil o‘tsa hamki, uni amalda bajarish alomatlari ko‘rinmaydi.

Bu esa so‘z va ish birligi yo‘qligiga yana bir dalildir. Shuning uchun Shveytsariya va aktivlarni saqlab turgan boshqa mamlakatlar O‘zbekistonning og‘zaki va'dalari va yozma majburiyatlariga emas, balki, birinchi navbatda, amaliy ishlariga e'tibor qaratishi kerak. Shundagina aktivlarning qaytarilishi jarayoni real o‘sish va mamlakatni barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishishga ko‘mak bo‘ladi», deya yakunlanadi o‘zbek faollarining Shveytsariya hukumatiga yo‘llagan chaqirig‘i.

Chaqiriqning to‘liq matni bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Tag‘in o‘qing
25 oktyabr 2015
Bu yil mahkum do‘stimiz Solijon Abdurahmonov 65 yoshda. 10 oktyabr kuni esa uning turmaga tashlanganiga sakkiz yil bo‘ldi. 2008 ...
5 may 2017
Shavkat Mirziyoev Qozog‘istonga 29 aprel tashrifi chog‘ida Qozog‘iston prezidenti Nazarboev bilan birga Caspian Food vinochilik xo‘jaligida bo‘ldi. Xususan uning ...
1 iyul 2019
O‘zbekistonda hokimiyat organlarining axborot makonini vertikal nazorat qilishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa axborotning yagona markazdan turib boshqarilishini ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...