Asosiy mavzular
13 noyabr 2017

Mehnat migrantlari eksporti strategik maqsad bo‘lmasligi kerak

O‘zbekistonlik 1 milliondan ortiq mehnat migrantlari Sankt-Peterburgda ishlayotgani rasman tan olindi.

Demak, RFning O‘zbekistonga masofa jihatdan undan-da yaqinroq poytaxti Moskvada ishlayotganlar soni o‘z-o‘zidan bundan ancha ko‘pligi ma'lum bo‘ladi.
Butun Rossiya miqyosida olib qarasak va rasmiy ma'lumotlardan kelib chiqib taxmin qilsak, besh milliondan ortiq yoki shunga yaqin yurtdoshimiz ushbu mamlakatda rizqini termoqda.

Hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, marhum prezident, bir vaqtlar O‘zbekiston ahli, har holda ko‘pchiligi payg‘ambardek ko‘rgan Islom Karimov ularni dangasalar o‘laroq ta'riflagandi.

Shukronachilar partiyasiga a'zo bo‘lmasak-da, xalqimiz uchun shukr qilamizki, yangi rahbariyat ularning qonuniy ishlashi, qonuniy manfaatlari himoya qilinishi yo‘lida dastlabki qadamlarni qo‘ymoqda.

Bu yaxshimi yoki yomon? O‘zbekistondagi hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni hisobga olganda, hukumatning bu qadami mantiqli ko‘rinadi.

Zero, millionlab yurtdoshlarimiz tirikchilik ilinjida o‘zga yurtlarga yo‘l olar ekan, mamlakat taraqqayoti uchun zarur bo‘lgan millardlab dollar mablag‘ olib kirar ekan, ularning xorijdagi ijtimoiy, kerak bo‘lsa, siyosiy himoyasini kuchaytirish eng zaruriy choralardan biri bo‘lishi shart.

Ko‘rilayotgan choralar, sa'y-harakatlar yangi hukumatning bu haqiqatni tushunib yetayotganidan dalolat berib turibdi.

Lekin bu chora-tadbirlar faqat yaqin istiqbolga mo‘ljallab amalga oshirilishi kerakligini esdan chiqarmaslik kerak.

Chunki «o‘tmishi buyuk, kelajagi porloq» deya bong urayotganimiz mamlakatimiz uchun mehnat migrantlari hisobiga yashash yarashmaydi.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistondan Yaponiyaga, Polshaga mehnat migrantlarini jo‘natish yo‘lga qo‘yildi.

Viza tartibi yo‘qligi, chiqish qulayligi uchun Rosssiya, Qozog‘iston, hatto qo‘shni Qirg‘izistonda ishlayotgan vatandoshlarimiz haqida gapirmasak ham bo‘ladi.

Janubiy Koreya esa hamyurtlarimizning eng katta orzusiga aylangan. Bu mamlakatda ham minglab o‘zbekistonliklar mehnat qilmoqda.

Ammo biz xorijga har qancha ishchi kuchi jo‘natib, ularning har tomonlama himoyasini qanchalik kuchaytirmaylik, xohlaymizmi, xohlamaymizmi, bu bizning iqtisodiy qudratimiz sustligi timsoli bo‘lib qolaveradi.

O‘zimizni Xitoyga qiyoslamaylik. Xitoyda 1 milliard 300 million aholi bor. Demakki, bu mamlakat har qancha taraqqiy etmasin, ishchi kuchi baribir oshiqchaligicha qolaveradi.

Qolaversa, boshqa mamlakatlarda xitoyliklar sonini ko‘paytirish rasmiy Pekinning siyosiy quroli ekanini unutmasligimiz kerak.

Boshqa tomondan, maydoni jihatdan O‘zbekistondan qariyb ikki barobar kichkina, aholi soni jihatdan esa to‘rt barobardan ziyod bo‘lgan Yaponiya bizniki kabi mamlakatdan ishchi kuchi izlamoqda.

Nazarimizda, hukumatimizning o‘zbek mehnat migrantlarining og‘irini yengil qilish, imkon qadar ularni rivojlangan davlatlarga borishiga yo‘l ochishga intilishi bugungi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib qaraganda ancha maqbul yo‘ldir.

Lekin bu harakatlar, fikrimizcha, O‘zbekistonning strategik maqsadi bo‘lishi kerak emas.

Hukumatning strategik maqsadi yaqin yillar davomida mamlakatda munosib va raqobatbardosh ish o‘rinlari tashkil etish, buning uchun iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarni yuzaga keltirish, aholining ishchanlik qobiliyatidan mamlakat ichida foydalanishi zarur.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 yanvar 2023
Qadrli muxlislar. E'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning 2023 yilgi ilk sonini taqdim etadi.+++2022 yilda eng ko‘p tilga olingan o‘zbek vatandoshi ...
1 mart 2019
O‘zbekiston Moliya vazirligining ma'lum qilishicha, mamlakatda deputatlar va senatorlar 1,56 mln so‘m (186 dollar), vazirlar 1,727 mln so‘m (205 ...
10 may 2020
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 9 may kuni Toshkentda Xitoydan taklif qilingan haykaltaroshlar tarafidan “neostalinizm” uslubida barpo etilgan G‘alaba bog‘ini ...
29 oktyabr 2018
Prezident Mirziyoev 29 oktyabr kungi farmoyishi bilan bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzaevni g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...