Catira
25 yanvar 2018

Shu hokim ham odammi?

Hali O‘zbekiston ahli qalbida Oqto‘bada halok bo‘lgan 52 nafar yurtdoshimizning motami og‘rig‘i susaymay turib, marhumlar sha'nini haqorat qilgan Farg‘ona viloyati hokimini to‘g‘risida gap ketganda shunday savolni o‘rtaga tashlash adolatsizlik bo‘lmasa kerak.

Butun internet bo‘ylab tarqalib ketgan bu haqoratlarning hammasiga to‘xtalib o‘tish shart emas. Ammo shunday jihatlari borki, aytsang tiling, aytmasang diling kuyadi.

Avvalo, hokimning viloyat miqyosida bo‘lib o‘tgan videoselektorda aytgan gaplari davlat rahbariyatining mazkur fojea munosabati bilan ko‘rgan va ko‘rayotgan chora-tadbirlariga juda ulkan soya bo‘lib tushdi.

Endi butun xalq hukumatning bu chora-tadbirlarini minnat o‘rnida qabul qilmasligiga kim kafolat beradi?

Azador oilalarga berilgan bor-yo‘g‘i 80 million so‘m (toshloqlik har bir marhumga ming dollardan ham to‘g‘ri kelmaydi) homiylik yordamini butun boshli viloyat hokimi minnat qilib turganidan keyin yana nima deb o‘ylash mumkin?!

Yana «ta'na qilayotganim yo‘q», deyayotganiga o‘lasizmi. Ta'na, minnat bo‘lmasa, nima bu gaplar?!

Yaxshiyam cho‘ntagidan bermagan. Aks holda qolgan xalqni ham o‘lmaganiga pushaymon yedirib, terisini tiriklayin shilib olarmidi bu hokim.

Boshqa tomondan, «hokim mening odamim» deb ularning nufuzini ko‘tarishga harakat qilayotgan prezidentning ishonchiga berilgan zarba emasmi bu?

Hokim tiriklayin olovda yongan 16 nafar toshloqlikka emas, ular o‘lgani uchun «aybdor qilinishi» ehtimolidan fol ochib, «bechora uchastka noziri»ga achinyapti.

«Yozsa yozaversin», deyapti hokim matbuotdan, jamoatchilikning fikridan qo‘rqmasligini bildirib.

Bu gaplari bilan shunchalik og‘zi shaloqligiga qaramay, yana uni shu paytgacha mansabida ushlab turgan prezidentga orqa qilyaptimi?

Aslida davlat rahbarining orqasiga urilgan xanjar emasmi bu?

Hokimning haqoratlarini eshitib, bir vaqtlar Andijon voqealari haqida gapirgan yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad isyon qatnashchilarini «sho‘rvaning kir ko‘piklari», deya atagani yodga tushadi.

Har holda Xurshid Do‘stmuhammad deputat yozuvchi edi. Xalqimiz bu «erkalik»ni uni sevgani uchun ko‘tara olardi.

Lekin ish qidirib, ro‘zg‘or tashvishida o‘zga yurtlarga otlangan chog‘ida tiriklayin yonib ketgan hamyurtlariga hatto o‘limidan keyin ham bir og‘iz yaxshi so‘zini ravo ko‘rmagan vallomatning haqoratlarini xalqimiz kechirarmikin?

Qolaversa, azador xalqning yarasiga tuz sepgan bu hokimning o‘z mansabida qolish-qolmaslik masalasi xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerakligini aytayotgan davlat rahbari uchun ham bir imtihon kabidir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 iyun 2020
1989 yil may-iyun oylarida mahalliy o‘zbeklar bilan yuz bergan etnik to‘qnashuvlar davomida mesxeti turklari yashaydigan hududlar vayron etildi. Rasmiy ...
7 may 2024
7 may Radio kuni sifatida nishonlanishini hali sovet davrlaridanoq bilar edim. Ammo 7 may otalar kuni ekanini Germaniyaga hijrat ...
24 noyabr 2016
«Hurriyat» gazetasida (23.11) gazetasida «Munozara uchun mavzu» rukni ostida «Fan biznesmi yoki ilm?» sarlavhali maqola chop etildi. Maqola O‘zbekiston ...
11 noyabr 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta shikoyat maktubni o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent, Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan. ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...