Catira
25 yanvar 2018

Shu hokim ham odammi?

Hali O‘zbekiston ahli qalbida Oqto‘bada halok bo‘lgan 52 nafar yurtdoshimizning motami og‘rig‘i susaymay turib, marhumlar sha'nini haqorat qilgan Farg‘ona viloyati hokimini to‘g‘risida gap ketganda shunday savolni o‘rtaga tashlash adolatsizlik bo‘lmasa kerak.

Butun internet bo‘ylab tarqalib ketgan bu haqoratlarning hammasiga to‘xtalib o‘tish shart emas. Ammo shunday jihatlari borki, aytsang tiling, aytmasang diling kuyadi.

Avvalo, hokimning viloyat miqyosida bo‘lib o‘tgan videoselektorda aytgan gaplari davlat rahbariyatining mazkur fojea munosabati bilan ko‘rgan va ko‘rayotgan chora-tadbirlariga juda ulkan soya bo‘lib tushdi.

Endi butun xalq hukumatning bu chora-tadbirlarini minnat o‘rnida qabul qilmasligiga kim kafolat beradi?

Azador oilalarga berilgan bor-yo‘g‘i 80 million so‘m (toshloqlik har bir marhumga ming dollardan ham to‘g‘ri kelmaydi) homiylik yordamini butun boshli viloyat hokimi minnat qilib turganidan keyin yana nima deb o‘ylash mumkin?!

Yana «ta'na qilayotganim yo‘q», deyayotganiga o‘lasizmi. Ta'na, minnat bo‘lmasa, nima bu gaplar?!

Yaxshiyam cho‘ntagidan bermagan. Aks holda qolgan xalqni ham o‘lmaganiga pushaymon yedirib, terisini tiriklayin shilib olarmidi bu hokim.

Boshqa tomondan, «hokim mening odamim» deb ularning nufuzini ko‘tarishga harakat qilayotgan prezidentning ishonchiga berilgan zarba emasmi bu?

Hokim tiriklayin olovda yongan 16 nafar toshloqlikka emas, ular o‘lgani uchun «aybdor qilinishi» ehtimolidan fol ochib, «bechora uchastka noziri»ga achinyapti.

«Yozsa yozaversin», deyapti hokim matbuotdan, jamoatchilikning fikridan qo‘rqmasligini bildirib.

Bu gaplari bilan shunchalik og‘zi shaloqligiga qaramay, yana uni shu paytgacha mansabida ushlab turgan prezidentga orqa qilyaptimi?

Aslida davlat rahbarining orqasiga urilgan xanjar emasmi bu?

Hokimning haqoratlarini eshitib, bir vaqtlar Andijon voqealari haqida gapirgan yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad isyon qatnashchilarini «sho‘rvaning kir ko‘piklari», deya atagani yodga tushadi.

Har holda Xurshid Do‘stmuhammad deputat yozuvchi edi. Xalqimiz bu «erkalik»ni uni sevgani uchun ko‘tara olardi.

Lekin ish qidirib, ro‘zg‘or tashvishida o‘zga yurtlarga otlangan chog‘ida tiriklayin yonib ketgan hamyurtlariga hatto o‘limidan keyin ham bir og‘iz yaxshi so‘zini ravo ko‘rmagan vallomatning haqoratlarini xalqimiz kechirarmikin?

Qolaversa, azador xalqning yarasiga tuz sepgan bu hokimning o‘z mansabida qolish-qolmaslik masalasi xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerakligini aytayotgan davlat rahbari uchun ham bir imtihon kabidir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 may 2019
Internetning o‘zbek segmentini stakan deb qarasak, bu stakan ichida vaqti-vaqti bilan to‘fonlar yuz berayotganini kuzatamiz. Ëki Matbuot agentligi bu ...
17 noyabr 2016
«Hurriyat» gazetasida (16.11) «Talaba-jurnalistga maktublar» ruknida chop etilgan maqolada muallif bo‘lajak hamkasblariga «Jurnalistning tayanch nuqtasi»ni topib berishga urinadi. U ...
11 noyabr 2019
«Eltuz» nashri «Yozarning sasi» ruknida taniqli o‘zbek shoirasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 67 yashar Qutlibeka Rahimboevaning millat va ...
5 dekabr 2016
«Otasi» o‘lib, yetim qolgan O‘zbekiston telekanallari noyabr oyida asosiy e'tiborini saylov mavzusiga, undan ham muhimrog‘i saylovda 88,6 foiz ovoz ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...