Catira
25 yanvar 2018

Shu hokim ham odammi?

Hali O‘zbekiston ahli qalbida Oqto‘bada halok bo‘lgan 52 nafar yurtdoshimizning motami og‘rig‘i susaymay turib, marhumlar sha'nini haqorat qilgan Farg‘ona viloyati hokimini to‘g‘risida gap ketganda shunday savolni o‘rtaga tashlash adolatsizlik bo‘lmasa kerak.

Butun internet bo‘ylab tarqalib ketgan bu haqoratlarning hammasiga to‘xtalib o‘tish shart emas. Ammo shunday jihatlari borki, aytsang tiling, aytmasang diling kuyadi.

Avvalo, hokimning viloyat miqyosida bo‘lib o‘tgan videoselektorda aytgan gaplari davlat rahbariyatining mazkur fojea munosabati bilan ko‘rgan va ko‘rayotgan chora-tadbirlariga juda ulkan soya bo‘lib tushdi.

Endi butun xalq hukumatning bu chora-tadbirlarini minnat o‘rnida qabul qilmasligiga kim kafolat beradi?

Azador oilalarga berilgan bor-yo‘g‘i 80 million so‘m (toshloqlik har bir marhumga ming dollardan ham to‘g‘ri kelmaydi) homiylik yordamini butun boshli viloyat hokimi minnat qilib turganidan keyin yana nima deb o‘ylash mumkin?!

Yana «ta'na qilayotganim yo‘q», deyayotganiga o‘lasizmi. Ta'na, minnat bo‘lmasa, nima bu gaplar?!

Yaxshiyam cho‘ntagidan bermagan. Aks holda qolgan xalqni ham o‘lmaganiga pushaymon yedirib, terisini tiriklayin shilib olarmidi bu hokim.

Boshqa tomondan, «hokim mening odamim» deb ularning nufuzini ko‘tarishga harakat qilayotgan prezidentning ishonchiga berilgan zarba emasmi bu?

Hokim tiriklayin olovda yongan 16 nafar toshloqlikka emas, ular o‘lgani uchun «aybdor qilinishi» ehtimolidan fol ochib, «bechora uchastka noziri»ga achinyapti.

«Yozsa yozaversin», deyapti hokim matbuotdan, jamoatchilikning fikridan qo‘rqmasligini bildirib.

Bu gaplari bilan shunchalik og‘zi shaloqligiga qaramay, yana uni shu paytgacha mansabida ushlab turgan prezidentga orqa qilyaptimi?

Aslida davlat rahbarining orqasiga urilgan xanjar emasmi bu?

Hokimning haqoratlarini eshitib, bir vaqtlar Andijon voqealari haqida gapirgan yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad isyon qatnashchilarini «sho‘rvaning kir ko‘piklari», deya atagani yodga tushadi.

Har holda Xurshid Do‘stmuhammad deputat yozuvchi edi. Xalqimiz bu «erkalik»ni uni sevgani uchun ko‘tara olardi.

Lekin ish qidirib, ro‘zg‘or tashvishida o‘zga yurtlarga otlangan chog‘ida tiriklayin yonib ketgan hamyurtlariga hatto o‘limidan keyin ham bir og‘iz yaxshi so‘zini ravo ko‘rmagan vallomatning haqoratlarini xalqimiz kechirarmikin?

Qolaversa, azador xalqning yarasiga tuz sepgan bu hokimning o‘z mansabida qolish-qolmaslik masalasi xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerakligini aytayotgan davlat rahbari uchun ham bir imtihon kabidir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 noyabr 2016
Shanba ertalab joni uzilgan Abdulla Oripov toshkentliklar kommunist-mozor deb aytadigan Chig‘atoy qabristoniga oldin rejalangani kabi seshanba kuni xam, keyinchalik ...
2 may 2023
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 30 aprel kuni kechqurun Turkiya razvedka kuchlari tomonidan “Islomiy davlat” guruhi yetakchisi Abulhusayn Al-Qurayshiy ...
24 oktyabr 2015
N. Imomov Eltuz.com … Musoqul chol har kungidek qirda qishloqni tomosha qilib o‘tirardi. – Buncha hansiraysan? – Qodirboy mallaning ...
29 noyabr 2017
28 noyabr kuni O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri 61 yoshli Galina Saidova hamda O‘zbekiston tashqi savdo vaziri 57 yoshli Elyor G‘aniev ...
Bloglar
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...
8 avgust 2024
«Arabiston tuprog‘ida bola tug‘ish» maqsadidagi xotinlar va ularni yetaklab ketayotgan erkaklar. Arabistonda o‘qilgan sha'riy nikohga ...