Las-Vegas masjidlari
Las-Vegas – gunohlar shahri. Aholisi yarim million, daromadi kazino va qimordan keladigan bu shaharda bir nechta masjid bor, bugungi kunda yana bittasi qurilmoqda.
AQShning g‘arbiy shtati bo‘lmish Nevada ma'muriy markazi Las-Vegasda qurilayotgan bu bino shahardagi o‘ninchi masjiddir.
Bundan tashqari, shaharda Islom akademiyasi va bir qancha islomiy markazlar bor.
Kaftdek shaharchadagi cherkovlar soni ham shundan ko‘p emas, biroq sayyohlar bu shaharga ibodat qilish uchun emas, ko‘proq ko‘ngil ochish, qimorga pul tikish uchun kelishadi.
Siz ko‘rayotgan bu shahar Basra yoki Bag‘dod emas, bu Las-Vegas.
To‘g‘rirog‘i, sharq ertaklaridagi Bag‘dodni eslatuvchi ulkan qimorxonaning bir bezagi.
Sirti yopiq, illyuziyali shaharlar nusxasidagi, o‘z musaffo osmoniga ega kazinolarda kun va tun almashgani sezilmaydi.
Qum va pul ustiga qurilgani aytiladigan shaharda liberal Amerikaning boshqa shtatlariga nisbatan ham ancha erkin hayot hukmron. Bu erkinlik yomonlar uchun ham, yaxshilar uchun ham teng taqsimlangan.
Shaharning gunohlar shahri deya atalishi ham bejiz emas. Las-Vegasning barpo bo‘lishida mafiyaning hissasi katta. Biz shahardagi ilk kazinolardan biri «Flamingo» qarshisidamiz. Uning egasi, o‘sha paytdagi gazetalarning yozishicha, ashaddiy gangster Baksi Sigel chindan ham pulni qum kabi qazib olgan shaxslarning biri bo‘lgan.
Butun mamlakat bo‘ylab pul tikiladigan o‘yinlariga chek qo‘yilgan bir vaqtda Bagsining o‘yin majmualari qurish g‘oyasini ko‘pchilik shunchaki tentaklik deya baholagan edi.
Jumladan, Bagsi bilan oldi-berdisi bo‘lgan mafiyaga ham Sigelning Las-Vegas kazino va otellariga sarmoya yotqizayotgani yoqmaydi.
1947 yilning 20 iyunida Bagsi Sigel otib o‘ldiriladi.
Uning o‘limidan keyin kazino g‘oyasi Las-Vegasda rivoj topadi, liberal qonunlar hukmron shaharga sayyohlar oqimi ham, pul oqimi ham ortadi.
1952 yildan 1957 yilgacha mafiya va bankir-mormonlarning puliga o‘nlab kazinolar quriladi. Hozirgi kunda biznesning bu turi Las-Vegasning asosiy daromad manbaidir.
Jahonning qimor, kazino va karta o‘yinlari markazi sanalgan Las-Vegasda saksondan ziyod kazino, bir necha ming o‘yin paviloni va ularga xizmat ko‘rsatuvchi hashamatli otellar mavjud.
Ilk bor azart o‘yinlarga 1915 yili izn berildi. O‘sha yili karta o‘yinlari assortimenti ko‘paytirildi. Ilk avtomatlar o‘rnatildi. Dastlabki slot mashinalarida yutuqlarga sigara va spirtli ichimliklar kabi buyumlar qo‘yilgan edi.
Butun mamlakat bo‘ylab axloqsizlik alomati sanalgan qartabozlik, tezkor nikoh, qoidasiz janglarga pul tikish, o‘g‘irlik va qon to‘kish bu shaharda keng rivoj topdi.
Biroq diniy mutaassiblar va ku-kluks-klan kabi irqchi sektalar ta'siri ostida 1919 yili azart o‘yinlar taqiqlandi, ayni holat shahar iqtisodining cho‘kishiga, kriminal guruhlarning qurolli qarshiliklariga sabab bo‘ldi.
1931 yilning 19 mayida Nevada shtatidagi azart o‘yinlariga tag‘in ruxsat beriladi.
Taqdirning gardishi bilan bu loyihaga mablag‘ni hech qachon kazino o‘ynamagan, yaxshi tarbiya ko‘rgan Tobin ismli nevadalik tikadi. Loyihadan tushgan pullarga u maktablar qurish mumkinligini aytadi.
Butun AQSh bo‘ylab qimorxonalar, pul tikiladigan o‘yinlar taqiqlangan bir davrda Nevada liberal qonunchiligi odamlarni ayni o‘yinlarga jalb etish g‘oyasi bilan chiqadi.
Maktablardan tashqari Nevadaning jiddiy iqtisodiy muammosi – energiya va suv tanqisligini hal qilishi mumkin bo‘lgan Huver Dam to‘g‘oni uchun katta pul kerak edi.
O‘sha yili hukumat shahardan 40 chaqirim naridagi toshloq sahroda Mid suv ombori va qudratli gidroelektrostantsiyani qurishga kirishadi.
Besh yilga cho‘zilgan to‘g‘on qurilishining yuzlab ishchilari og‘ir mashaqqatli mehnatdan so‘ng hordiq chiqarish va yanada ko‘proq pul topish uchun shahar kazinolariga chopishadi.
Shahar qisman va tom ma'noda Amerika orzusi qanotida kelgan mardikor ishchilarning kazinoga tikkan behisob pullari evaziga qad ko‘taradi.
Pul orzumandlari orasida musulmonlar ham ko‘pchilik. Shahardagi tungi klublar, behisob kazinolar yonida Ahlul Bayt, masjid As Sabur, masjidi Tavhid, Ibrohim kabi masjidlar qad ko‘taradi.
Bir zamonlar katolik dini taqiqlariga qarshi qon va kazinolar isyoni bilan javob bergan shaharda din erkinligi ham cheklanmaydi.
Biroq gunohlar shahrining masjidlari islomofoblar g‘ashini keltirmaydi, deyish qiyin. Masalan, 2015 yili masjidlardan biriga cho‘chqa go‘shtini tashlab ketishgan, bu yuzadan shahar politsiyasi jinoyat ishi ochgan edi.
Masjidlarga qarshi xurujlar xavfi yo‘qmi? Yangi qurilayotgan masjidga yon qo‘shni bo‘lgan Xulio ismli nasroniyni suhbatga tortamiz.
«Aksincha. Men uchun yonimizda shunday masjidning qurilgani juda yaxshi».
Xulio asli katolik, biroq yosh bolalari bilan qimorxonadan ko‘ra masjid yonida yashashni afzal ko‘rishini aytadi.
Eltuz.com