Catira
17 iyul 2018

Andijon knyazi

Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaevning nafaqat qonunchilikni, balki eng yuqori darajada berilgan buyruqlarni ham nazar-pisand qilmayotgani haqida ko‘p va xo‘p yozildi.

Uning nega bunday zo‘rligi sabablari haqida ko‘pgina tahlillar, fikr-mulohazalar bildirildi.

Lekin Dilmurodboy jamoatchilik fikrini ham, hukumatning topshiriqlarini ham bir tiyinga olayotgani yo‘q.

Xususan, kuni kecha bu hokim maktab direktorlariga o‘qituvchilarini ta'tildan chaqirib olib, mahallalardagi yoshlarni ro‘yxatga olish topshirig‘ini bergani haqida xabarlar tarqaldi.

Holbuki, yaqindagina bosh vazir Abdulla Aripov maktablarni hokimliklar tazyiqidan qutqarish maqsadida ularni hokimlar nazoratidan chiqarish haqida topshiriq bergandi.

Bundan avvalroq esa Vazirlar Mahkamasi ta'lim va sog‘liqni saqlash sohasi, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, talabalar va ta'lim muassasalari o‘quvchilarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat'iy intizomiy choralar qo‘llanilishi haqida qaror qabul qilgan edi.

Agar bu hokim prezidentning aytgan gaplarini ham, Vazirlar Mahkamasining topshiriqlarini ham nazarga ilmayotgan, o‘zini xonlardek, o‘rislar aytmoqchi, mahalliy knyazlardek tutayotgan ekan, u rahbarlik qilayotgan hududdagi korxona va tashkilotlar, muassasalar rahbarlarining ilojsizligiga hayron qolish shart emas.

Zero, og‘zi shaloqligi sababli intizomiy jazoga tortilgani, keyin ham bosh vazir tomonidan so‘nggi marta ogohlantirilganiga qaramay, “knyazligi”dan qaytmayotgan Dilmurod Rahmatullaev haqida yana qanday gap
aytish mumkin?!

Eng yomoni, mahalliy xonning bunday xatti-harakatlaridan so‘ng aholining markaziy hukumatga nisbatan ishonchiga putur yetmoqda.

Maktab direktorlaridan birining: “Men nima ham derdim, bizning shahar hokimi bosh vazirdan ham zo‘r”, degan e'tirofi bu so‘zlarimizga dalil bo‘ladi.

Aslida bittagina shahar hokimining bunday ishlari markaziy hokimiyat inqirozidan darakdir.

Bu yerda ikki anglashma mavjud. Birinchisi, bosh vazirning, demakki markaziy hukumatning majburiy mehnat va maktablarni hokim nazoratidan chiqarish topshirig‘i joylardagi hokimiyat vakillariga qaratilgan emas.

Bu shunchaki hukumatni xalqparvar ko‘rsatish uchun foydanilgan usul bo‘lib, Karimov davrida ham muvaffaqiyat qo‘llangan.

Ikkinchi anglashmaning mohiyati shundaki, Andijon hokimi eng yuqorining dilidagi siyosatni amalga oshiryapti, xolos. Shuning uchun u o‘zining boshqaruv uslubida sobit.

Bu o‘rinda jamoatchilikda, nazarimizda, bitta yo‘l qolmoqda. O‘zbekiston hukumati petitsiyalarga yo‘l berdi. Demak, Andijonning hokimini “mahalliy knyaz” unvonidan mahrum etish yo‘lida petitsiya boshlash kerak.

Balki jamoatchilikning bu harakati hukumatni o‘z qadrini bilishga majbur etar…

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 sentyabr 2023
Islom Karimov avgustdagi putch va O‘zbekiston mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qilganidan keyin ham SSSR tarafdori bo‘lib qolgan. Ayni ikki voqeadan ...
19 iyun 2019
O‘zbekistonda mahalla raisi tili bilan mamlakat poytaxti Toshkentda fuqarolarni ro‘yxatga olish tizimini yanada kuchaytirish, xususan, mahalladan ma'lumotnoma olish amaliyotini ...
6 iyun 2022
“Pop tumani hokimligida yolg‘onchilik, yerlarni talon-taroj qilish avj olgan. Tanish-bilishchilik kuchaygan, tadbirkor fermerlarning yer maydonlari noqonuniy tortib olingan”. Bu ...
19 fevral 2024
O‘zbekistonda  litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun 6 ta xususiy oliy ta'lim maskani litsenziyasi bekor qilindi. Oliy ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...