Jurnalistika universiteti rektori tarmoq tanqidiga javob berishga majbur bo‘ldi
Ikki janjal ortidan ijtimoiy tarmoq qahramoniga aylangan Sherzod Qudratxo‘jaev 17 sentyabr kuni tanqidlarga javob berdi.
U rus ayoliga: «Uyat! Uyat! Govori na uzbekskom!» deb baqirgani aks etgan videosi ortidan o‘zini oqlash uchun chiqish qildi.
Videodagi katta yoshlardagi rus ayoli unga javoban: «O‘zingning Rossiyangga yo‘qol dedi», deya iddao qiladi.
Qudratxo‘jaev o‘z videomurojaatida bildirishicha, bir oy burun olingan bu videoning bugun qo‘yilishi bejiz emas.
Video qo‘yilishidan bir kun avval Sherxod Qudratxo‘jaev ko‘rsatuvida izza qilingan o‘qituvchi va o‘quvchilarning ota-onalari uni sudga berish iddaosi bilan chiqishgan edi.
12 sentyabr kuni Qudratxo‘jaev nomi uning «O‘zbekiston 24» kanali orqali 50 va 110- maktab o‘quvchilarining kalta yubka va soch turmagi oshkora tanqid qilingan ko‘rsatuvi ortidan og‘izga tushgan edi.
14 sentyabr kuni «Citizen» nashriga bergan intervyusida Qudratxo‘jaev bu ko‘rsatuv o‘ziniki ekaniga iqror bo‘lgandi.
Shu kuni xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ham o‘quvchilar yuzini ruxsatsiz ochiq ko‘rsatish bilan kasb axloqini buzgan TV jurnalistlarini qoralagandi.
Ijtimoiy tarmoqda o‘ziga nisbatan avj olayotgan tanqidni Jurnalistika va kommunikatsiyalar universiteti rektori, ayni paytda Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jaev axborot xuruji, deya atadi.
Eltuz.com