Asosiy mavzular
12 oktyabr 2018

Andijonda askarlar harbiy xizmatni paxta dalasida o‘tashmoqda

O‘zbekiston harbiy qismlaridan biridagi askarning «Eltuz»ga bildirishicha, ular vaqtli harbiy xizmatni Andijon viloyati dalalarida paxta terish bilan o‘tashmoqda.

Yotoqda paxta terayotgan va kunlik terimga borib kelayotgan terimchilar orasida 1 yillik harbiy xizmatdagi askarlar, 5 yillik shartnoma asosida ishlaydigan harbiy xizmatchilar va hatto 1 oylik harbiy xizmatga chaqirilganlar ham bor.

Ayniqsa, 1 oylik xizmatga chaqirilganlar harbiy xizmat davri boshlangandan buyon paxta termoqda, 1 oylik xizmat o‘tovchilarning ayrimlari aynan paxta terimi mavsumi uchun chaqirilgan.

«Xo‘jaobod tumani dalalarida ayni kunda 400 ga yaqin askar paxta teryapti. Umuman, Andijondagi barcha harbiy qismlardan askar va xizmatchilar paxta terimiga yuborilgan», – deydi harbiyga chaqirilib, paxta terimida qolayotgan askar.

Uning bilirishicha, ulardan paxtaga borishni xohlash yo xohlamasligi xaqida so‘rab o‘tirilmagan. «Eltuz» manbasining aytishicha, ular umumiy buyruqqa ko‘ra, “ko‘ngilli bo‘lib yordam berish” niqobi ostida paxta dalasiga yuborilganlar.

«Biz Ulug‘nor tumani dalalarida paxta teryapmiz. 100 kg dan kunlik norma belgilangan. Lekin buncha paxtani terishning iloji yo‘q, hozirda 60-70 kilo atrofida paxta teryapmiz, xolos. Normani bajarmaganlar harbiychasiga jazolanadi. Shuning uchun yonimizda paxta terayotgan ilg‘or terimchi opalardan 1 kg paxtani 800 so‘mdan sotib olamiz va qo‘shib topshiramiz. Paxta terayotganimizga 20 kundan oshdi. 2-3 kundan so‘ng harbiy qismga ketib safga tayyorgarlik ko‘ramiz va harbiy qasamyod qabul qilamiz, qarabsizki, xizmat tugaydi. Eng yomoni, harbiy xizmat deganda paxta yig‘im-terimi haqidagi taassurotlar bilan qolamanmi endi, deb alam qilyapman. Afsus, bunday bo‘ladi, deb o‘ylamagan edim», deydi ismi-sharifini aytishni xohlamagan askarlardan biri.

Xo‘jaobod tumani adirlarida paxta terayotgan askarlardan birining ma'lum qilishicha, 7-8 oktyabr kunlari havo juda sovib ketgan, qor aralash yomg‘ir yoqqan.

Yog‘in tinganidan so‘ng ular yana dalaga paxta tergani yuborilganlar. Askarlar sovuqda qorinlari tez-tez ochib ketayotganligi va to‘ymayotganidan nolishgan.

Ayrimlar uyidan non va ovqat olib kelishlarini so‘rab qo‘ng‘iroq qilganlar.

«Paxta yig‘im-terimi biz uchun qachongacha davom etishi ma'lum emas», – deydi dalada qolayotgan askar yigit.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 dekabr 2017
1 dekabr kuni Toshkent shahri sudida odam savdosida ayblanib, 10 yilga qamalgan 28 yashar Sherali Mahmudov shikoyati bo‘yicha appelyatsiya ...
22 mart 2024
Mana xafta aylanib siz bilan yuzma yuzman millat. MS: Nichiksizla, xo‘jik brri, mo‘chchi oybikala. Og‘o tozoliqladan so‘llang. O‘lgan qotqon ...
7 iyul 2017
Xiva yodgorliklari 19 may kungi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tag‘in «rekonstruktsiya» qilinadigan bo‘ldi. Qarorga ko‘ra Xiva xonining yozgi «Nurillaboy» ...
23 sentyabr 2020
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi 13-maktab direktori, 47 yashar Nurbek Turdievning jasadi 31 avgust kuni maktab hojatxonasida osig‘liq holda topildi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...