Asosiy mavzular
22 oktyabr 2018

Hukumat narxlarni muttasil oshirishni rejalashtiryapti

Yaqin kunlarda O‘zbekistonda qimmatchilik boshlanishi haqida aholi o‘rtasida shu kunlarda ancha keng tarqalgan xavotirning asossiz emasligini hukumatning o‘zi tasdiqladi.

Hukumat portalida elektr energiyasi, gaz va benzin narxi oshishi haqidagi qaror loyihasi e'lon qilindi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda eng ommabop bo‘lgan Ai-80 markali benzin narxi 16 noyabrdan hozirgi 3800 so‘mdan 4000 so‘mga oshiriladi. Elektr energiyasi narxi esa 1 KVt soat uchun amaldagi 228 so‘mdan 331 so‘mga, 2019 yil 1 iyundan esa 370 so‘mga yetadi.

Gaz narxi esa avvaliga 1 noyabrda, keyingi safar 2019 yil 1 iyundan qimmatlashishi rejalashtirilgan.

“Bu hali boshlanishi,- dedi Iqtisodiyot vazirligi xodimi “Eltuz” bilan suhbatda. – Bundan keyin energiya manbalari narxi doimiy oshib borishini kutavering”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish uchun hukumatdan narxlarni bosqichma-bosqich oshirib borishni talab qilmoqda.

“XVJ o‘zi kredit bermoqchi bo‘lgan barcha rivojlanayotgan davlatlarga shunday shart qo‘yadi. Shuning uchun agar biz islohotlar o‘tkazishda bu jamg‘armaning kreditlariga suyanishni istasak, uning talablariga bo‘ysunishga majburmiz”, dedi vazirlikdagi manba.

“E'tibor bergan bo‘lsangiz, prezidentimiz endi hokimiyat tepasiga kelganda imkon qadar narxlarni oshirmaslikka harakat qilib keldi. Lekin endi bu siyosatdan voz kechiladi”, dedi manba “Eltuz”ga.

Bundan avvalroq mahalliy OAVda O‘zbekistonda energiya manbalari, ya'ni elektr energiyasi, gaz, benzin narxi boshqa davlatlarnikidan ancha arzonligi haqida ketma-ket maqolalar bosila boshlagandi.

Endilikda bu maqolalar jamoatchilik fikrini shakllantirish, ya'ni aholini  qimmatchilikka tayyorlash maqsadida chop etilgani oydinlashdi.

Chunki hukumatning narxlar oshishi haqidagi qarori loyihasi aynan shu kabi maqolalar ko‘paygandan so‘ng e'lon qilindi.

Bundan avvalroq Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini amaldagi 14 foizdan 16 foizga ko‘targandi.

MB bu o‘zgarishning sabablaridan biri sifatida “ma'muriy tartibga solinadigan narxlarning kutilgan darajaga nisbatan yuqoriroq oshirilishi, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining bozor sharoitlariga moslashtirilishining kutilayotganligi”ni ko‘rsatib o‘tgandi.

Ta'kidlash kerakki, energiya manbalari narxining bir qarashda arzimas oshirilishi ichki bozorda sezilarli qimmatlashuvga olib keladi. Bu har doim kuzatilib kelinayotgan holat.

Shuning uchun energiya manbalari narxining navbatdagi qimmatlashuvi ham oziq-ovqat, kiyim-kechak, turli kundalik mahsulotlarning narxi sezilarli darajada oshishiga sabab bo‘lishini kutish mumkin.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Eltuz.com
Tag‘in o‘qing
14 sentyabr 2016
Nemis OAVlarida O‘zbekiston prezidenti vafotiga oid e'lon qilingan maqolalarda, asosan, Karimovning qattiqo‘llikka asoslangan uzoq yillik hukmronligining ziddiyatli merosi, bu ...
16 iyun 2021
Avtobusni traktor shatakka olgan holda ketyapti. Yo‘lda avtobus haydovchisi salonga yarim yalang‘och raqqosa qizlarni chiqarib oladi… “Abdulla G‘arib prodakshn”, ...
19 sentyabr 2024
Amerikaning ikki shovvoz vatandoshi Tomas Gaskel Allen (Thomas Gaskell Allen) va uning do‘sti Uilyam Luis Saxtleben (William Lewis Sachtleben) ...
8 iyun 2016
O‘zbek telekanallaridan ko‘rib bildikki, sportda ham yutuqlarimizning son-sanog‘i yo‘q ekan. Telekanallarning bu sohaga e'tibori ham zo‘r. Axir sportimiz erishayotgan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...