Asosiy mavzular
3 dekabr 2018

O‘zidan chiqadigan gaz va elektrga yolchimayotgan xalq

“O‘z gazingni o‘zgaga berib, tappi yoqqan o‘zbegim”, deya sovet davrini yomonlagan xalqimiz o‘zining zamonaviy tarixida ham gazga yolchimayapti.

O‘zbekistonda aholi va sanoat korxonalarining gazga ehtiyoji ortib borayotgan, bu ehtiyojni qondirish katta muammoligicha qolayotgan bir paytda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Xitoyga gaz yetkazib berishni yanada ko‘paytirish tadorigini ko‘ryapti.

Kompaniya mutasaddilarining ma'lum qilishicha, hozir “O‘zbekneftgaz” neft-gaz sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini ishlab chiqyapti. Bu kontseptsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri esa “O‘zbekiston-Xitoy” gaz quvurining 4-liniyasini qurish bo‘ladi.

Bundan tashqari, kontseptsiyada tabiiy gazni chuqur qayta ishlash, ikkita neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish masalalariga ham asosiy e'tibor qaratilgan.

Bu rejalardan ko‘rinib turibdiki, mamlakat aholisini quvurlar orqali tabiiy gaz bilan to‘liq ta'minlash masalasi hali-beri hukumat uchun ustuvor vazifaga aylanadiganga o‘xshamaydi.

Buning natijasida sifatsiz, yonishidan ko‘ra tutashi ko‘proq bo‘lgan ko‘mirni yoqib, is gazidan zaharlanish holatlari ko‘paymoqda. Ko‘miri bo‘lmaganlar esa hali ham tappi yoqib kun ko‘ryapti.

Oqar gaz bilan ta'minlanmagan aholi punktlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish borasidagi ishlar o‘lda-jo‘lda. Qog‘ozda ishlar besh, aslida esa gaz yo‘qligidan aholining fig‘oni falakda.

Bu yoqda elektr energiyasi bilan ta'minlashda ham ijobiy o‘zgarishlar kam. Hukumat esa Afg‘onistonga elektr yetkazib berishni ko‘paytirish tashvishini qilyapti.

Yaqinda Talimarjon issiqlik elektr stantsiyasidagi nosozlik sabab respublikaning juda ko‘p hududlarida o‘zi shunday ham katta muammo bo‘layotgan tok o‘chirishlar miqyosi bir necha barobar ko‘paydi.

Avtoritar boshqaruv usuli uchun tinimsiz tanqid qilinib kelinayotgan Imomali Rahmon birinchi navbatda o‘z aholisini ta'minlash uchun O‘zbekistonga elektr uzatish hajmini qisqartirsa, biz o‘zimizning xalqimizni o‘ylamay, uni “jafokash qo‘shni”ga pullash ilinjidamiz.

Natijada rivojlantiramiz deb og‘iz yirtayotganimiz kichik va o‘rta biznes bugun ishlamay o‘tiribdi. Chunki tok yo‘q.

Elektr bo‘lmasa, ishlab chiqarish bo‘lmaydi, ishlab chiqarish bo‘lmasa, odamlar ishsiz qoladi, ishsizlar oylik olmaydi, ro‘zg‘or qaqshaydi…

Bu zanjirli reaktsiya uzluksiz davom etadi. U xalqni yanada qashshoq qiladi, turmushni og‘irlashtiradi, mamlakat taraqqiyotiga g‘ov bo‘ladi.

Gaz o‘rniga tappi yoqqan, 21-asrda ham qora chiroqqa kuni qolgan xalqqa esa buyuk kelajak, farovon hayot va'da qilish hamon davom etmoqda.

Bu va'dalarni eshitib, sovet davridagi mashhur fantastik film esga tushaveradi. 25 yil davomida o‘sha kinodagidek “biz sizni baxtiyor qilamiz”, deb aqlimizni to‘mtoqlashtirib kelishdi.

Bugun ham biz shunday gipnoz ostidamiz go‘yo. Bizni baxtiyor qilmoqchi bo‘lganlarning o‘zlari baxtiyorlikka erishganiga ancha bo‘ldi.

Gazimizni Xitoyga, elektrimizni Afg‘onistonga sotganlar yanada baxtiyorlashib boraveradi, biz esa baxtiyor kunlarimiz kelishiga ishonib yashayveramiz…

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 aprel 2016
Dori darmon muammosi O‘zbekistonda ayniqsa aholiining eng davolanishga ko‘proq muhtoj va ijtimoiy nochor qatlami qariyalar uchun hayot momot masalasi ...
12 dekabr 2019
Abduvali Qutbiddin umrining so‘nggi yillarida sal “buzilmoqchi”, maddohlik qilib ko‘rmoqchi ham bo‘ldi. Ammo ancha-muncha kechikkanini angladi chog‘i, “qiyshanglashga” astoydil ...
13 sentyabr 2024
RT: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana hafta aylanib siz bilan birgaman.  MS: Nichiksizla xo‘jik brri, mo‘chchi oybikala. Andijonda  ...
7 iyun 2016
O‘zbekiston telekanallarida mamlakat iqtisodiyotining «qudrati», «imkoniyatlari», dunyoda salkam eng rivojlangan ekani to‘g‘risida eshitsangiz ajablanmang. Chunki 20 yildan oshdiki, faqat ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...