Asosiy mavzular
4 mart 2019

“Har bahorda shu bo‘lar takror…” Yana Zulfiya mukofoti haqida

Ha, yana yozamiz, yozaveramiz. Toki bu mukofot o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadni ado etmaguncha, ya'ni yosh qizlarning kelajakka motivatsiyasini oshirishga xizmat qilmaguncha yozaveramiz. Hozircha u motivatsiyani tushiryapti…

Erta-indin g‘oliblar ro‘yxati e'lon qilinadi. Lekin keng jamoatchilik tanlov jarayoni qanday o‘tganini bilmaydi, ro‘yxatni ko‘rib, kimlarnidir taniydi yo tanimaydi. Keyin ijtimoiy tarmoqda norozi ishtirokchilarning chiqishlari boshlanadi: jarayon nohaq o‘tgani, korruptsiyalashgani, g‘oliblikni falon pulga sotib olish mumkinligi va hokazo iddaolar avjiga chiqadi.

Xullas, bahorning ilk kunlaridagi mavsumiy-an'anaviy mojaro pallasi yaqin. Bu faqat yiqilib kurashga to‘ymaganlarning odatiy janjali, o‘tadi-ketadi deb qo‘yaverish ayrim qitmir savollarga ko‘z yumishdek bo‘lib tuyulyapti-da.

Zulfiya nomidagi mukofot – imtiyozi ko‘p mukofot. Yana yosh qizchalarga, tavakkaliga, kredit sifatida beriladigan mukofot.

Endi o‘ylab ko‘raylik: qariyb 20 yildan beri berilgan shu kreditlarning qanchasi qaytdi? Ya'ni mukofot olgan 300 dan ortiq qizdan bugun nechtasi ilg‘or ayolga aylandi? Qancha olima, deputat, rahbar, chempion, tadbirkor… ayol yetishib chiqdi ulardan? Mamlakatimizning gender tenglik bo‘yicha xalqaro reytingdagi pozitsiyasini ko‘rdinglarmi? Biz shu mukofot orqali qizlarni rag‘batlantiryapmiz, ulardan kelajakda yetakchi, ilg‘or ayollar yetishib chiqishiga zamin yaratyapmiz, deb o‘zimizni aldamayapmizmi?

Birgina OTMga imtihonsiz davlat grantiga qabul qilinishining o‘zida qancha gap bor. Bir necha yillar avval, adashmasam, Alisher Nazar shu imtiyoz bekor qilinishini taklif etgandi. Lekin taklif ijtimoiy tarmoqdagi qizg‘in bahslardan nariga o‘tmadi.

Ammo Zulfiya mukofoti atrofidagi mojarolarni o‘rgansangiz, hamma yo‘llar negadir shu imtiyozga olib boraveradi.

Chunki tajribadan bilamizki, qaerda imtiyoz bo‘lsa, korruptsiya o‘sha yerni bexato topib boradi. OTMga kirish naqadar qiyinligini ham bilamiz.

Shu sababli ham ikkita muhim masalani hal qilib olishimiz kerak.

Birinchi masala – mukofotning maqsadga muvofiqligi. Bizga bu mukofot kerakmi? Balki ushbu mablag‘dan boshqa samaraliroq usulda foydalanib qizlarimizni rag‘batlantirarmiz? Qizlar uchun imtiyozli ta'lim grantlari, biznes kreditlar, oliy o‘quv yurtlari qoshida oilali talaba qizlarning farzandlari uchun bog‘chalar va hokazolarga sarflarmiz.

Yo‘q, bu davlat mukofoti, u katta ramziy ma'no tashiydi, u bizga kerak, deydigan bo‘lsak, unda chindan ham ramziy mukofot bo‘lsin. Zulfiya nomidagi mukofot tashigan RAMZ qadrli bo‘lsin, uning imtiyozlari emas (ko‘ramiz, shunda ushbu mukofot atrofida hozirgidek ajiotaj bo‘larmikin).

Ikkinchi masala – tanlov jarayonining shaffofligi. U maksimal darajada bo‘lishi kerak. Tanlov uchun mas'ul tashkilotlar hozirgacha jarayonni shaffoflashtirish borasida biron harakat qilganlarini shaxsan men ko‘rmadim. Aslida xalqning puliga o‘tadigan har qanday tanlov jamoatchilik nazorati ostida kechishi kerak.

Takliflarim:
1. Ishtirokchilarning hujjat topshirishini elektron shaklga o‘tkazish.

2. Tanlovni onlayn tarzda o‘tkazish (buning uchun maxsus portal ochish). Bunda istagan inson ishtrokchining sahifasiga kirib qilgan ishlari, portfoliosi, biografiyasi, erishgan natijalarini ko‘rishi, tanlov jarayonidagi suhbatlar va boshqa sinovlarni kuzatishi mumkin bo‘lsin.

3. Tanlov hay'ati tarkibi va baholash jarayoni ham ochiq bo‘lishi kerak.

4. G‘oliblarning grant asosida o‘qishga kirishi masalasini yana ko‘rib chiqish lozim.

Xullas, ozodlikka chiqqan Sharq ayollari adolat istaydur.

Bloger Shahnozaxon

relaxed @shahnozxon

Tag‘in o‘qing
30 may 2018
Xorazmlik shoir Mahmud Rajab va yana uch nafar shaxs 29 may kuni viloyat prokuraturasiga chaqirildi. Maxmud Rajab «Eltuz» muxbiri ...
3 dekabr 2018
“O‘z gazingni o‘zgaga berib, tappi yoqqan o‘zbegim”, deya sovet davrini yomonlagan xalqimiz o‘zining zamonaviy tarixida ham gazga yolchimayapti. O‘zbekistonda ...
15 oktyabr 2018
Ijtimoiy tarmoqda Jurnalistika universiteti rektori, Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jaevning paxta terayotgani aks etgan fotosuratlar paydo bo‘ldi. Birinchi rasmda ...
6 yanvar 2021
Tinch tururmi bu ko‘hna dunyo, Tinch tururmi dog‘uli zamon… A.Oripov. Koronavirusning yangi shtampi deyilyapti. Bu qanaqasi ekan?! Yangi shtamp ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...