Ko‘zqarash
6 yanvar 2021

Fojea baxtsizlikka berilgan zarbaga aylansin

Tinch tururmi bu ko‘hna dunyo,
Tinch tururmi dog‘uli zamon…
A.Oripov.

Koronavirusning yangi shtampi deyilyapti. Bu qanaqasi ekan?! Yangi shtamp virus avvalgisidan tez yuqarkan, lekin ko‘p o‘ldirmas ekan. Yosh bolalarga ham yuqyapti deyishdi. Angliyada tarqalganmish. Hozirgacha 33 ta mamlakatga yetib boribdi. Ko‘p mamlakatlar qaytadan chegaralarini yopyapti. Yangi shtamp ilgari kovid bilan og‘riganlarga qaytadan yuqarmikan?! O‘zi,zo‘rg‘a shu kasaldan tuzalib olgandim, yana yuqib qolsa nima bo‘ladi?!

Qondagi virusga qarshi antitela uch oygacha saqlanarkan, so‘ng yo‘q bo‘larkan. Uch oydan so‘ng yana virusga chalinsam-a. Obbo. Ehtiyot bo‘lish kerak. Insonlarga yuqayotgan koronavirus labaratoriyada yaratilgan jangovor virus deyilyapti. Jangovor bo‘lmay har balo bo‘lsin o‘sha virus. Endi qanday yashirinamiz yangi shtamp virusdan?!

Bironta yozuvchi koronavirus degan hikoya ham yozmadi. Isajon Sulton shunaqa hikoya yozsa bo‘lardi, chunki u kishi mikrobiologiyani, viruslar olamini yaxshi biladi. Pandemiya ongimizda qanaqa evrilishlar hosil qilganini chuqur taxlil qilib maqola yozadigan jurnalistimiz ham yo‘q.

Ho‘sh,pandemiya insonni, uning hayotiy qadriyatlarini o‘zgartirdimi? Serhasham to‘y va marosimlarimiz oyog‘imizga urilgan kishan ekanligini tushinib yetdikmi? Serhasham maishiy marosimlarga sarflagan pulimizni bolalarimiz ta'limiga, oilamizdagilarning yaxshi yeb, yaxshi ichishiga ishlatsak bo‘lmaydimi? Virus semiz odamlarda og‘ir o‘tishini bildik. Demak,semizlikka qarshi kurashamiz.

Bejiz bir kunda 10 km.piyoda yurganga mukofot deyilmadi. Ishxonada bir joyda o‘tirib ishlaydiganlar ham jamoa bo‘lib ertalabki gimnastikani boshlab yubordi. Kovidga qarshi kurashadigan eng birinchi va asosiy dori immunitetimiz ekanligini ham bilib oldik. Immunitet nimadan kuchayadi? Sifatli oziq-ovqat immunitetni kuchaytiradi. Ho‘sh, bizlar yetarli miqtorla go‘sht va sut maxsulotlarini iste'mol qilamizmi? Yo‘q,etarli go‘sht va sut maxsulotlari yemaymiz. Statistikaga va anov partiya rahbariga ishonmayman, ko‘zimga,aqlimga, farosatimga ishonaman…

***

Keyingi o‘n yillikda ko‘z o‘ngimda necha chorvachilik fermer ho‘jaliklari tugatildi. Undan avval ham chorva fermer ho‘jaliklariga mahalliy hokimlar bir qism paxta ekishga majburlar edi. Yerining yarmiga paxta ekkan chorva fermer mollari sonini kamaytirishga majbur. Immunitetimizni kuchaytirish chorasini ko‘rmasak bo‘lmas, buning uchun esa tibbiy profilaktikani kuchaytirish, aholining tibbiy ongini oshirish zarur.

Tuman shifoxonalarida oddiy zamonaviy Kom. tamografiya apparatini yo‘qligi odamni hayron qoldiradi. Har bir tuman shifoxonasiga bitta-ikkitadan Kom.tomagrafi va MRT sotib olishga davlatning kuchi yetmaydimi,nahot! Tumanlarimizdagi davlatga qarashli shifoxonalar ahvoli maqtagudek emas, birodarlar. Xalqning sog‘ligiga birinchi navbatda davlat mas'ul. Chunki mazmunan davlat xalqning irodasini, hoxish-istagini aks ettiradi, manfaatlarini himoya qiladi va jamiyatda adolatni ta'min etadi.

Pandemiya sabab mehnat migrantlarimiz uchun Rossiya yopildi. Endi nima bo‘ladi? Endi o‘zbek yigitlari ish izlab qayoqqa boradi?! Hammayoq berk-ku! O‘zimizdagi ishxonalar yolchitib oylik bermasa, oylik izlab qayoqqa boriladi endi?! Korruptsiyani belini sindirish haqida ham jiddiy o‘ylash kerak. Korruptsiya pandemiyaga o‘xshagan inqiroz davrida dahshatli ichki dushmanga aylanadi.

Aholining muhtoj qatlamiga davlat tomonidan ajratilgan va saxovatli insonlar tomonidan ehson qilingan mablag‘larning qanchasi maqsadga yetib borgani, qanchasini olg‘irlar o‘zlashtirganini birov hisoblab ko‘rdimi? Shaharliklar, badanlaring nozik ekan, nisbatan yaxshi sharoitlarda yashasalaring-da, koronavirusdan sizlar ko‘proq zarar ko‘rdilaring, qishloq odami virusni oson o‘tkazdi. Demak, shaharliklar, o‘z hayot tarzlaringni tanqidiy taxlil qilishlaring kerak. Fojia baxtsizlikka berilgan zarbaga aylansin. Ya'ni, oddiy til bilan aytsak, duch kelganimiz pandemiya jamiyatimizdagi illat va marazliklarni bartaraf etishimizga katta turtki bersin.

Pandemiya sabab talaba o‘g‘il-qizim ancha vaqt qishloqda yashadi. O‘qishlar onlayn deyildi. Lekin qishloqda tezkor internet qani?!

Virus so‘zi lotin tilida zahar degan ma'noni bildiradi. Demak yeb turgan oshimiz (hayotimiz) ga zahar solindi, uni to‘kib tashlayolmaymiz, chunki yegani boshqa ovqatimiz yo‘q? Nima qilmoq kerak?! Ichamiz shu zaharlangan ovqatni! Faqat zaharni tanamizga salbiy ta'sirini kamaytiradigan tadbirlarga e'tibor qaratishimiz lozim, shundagina kamroq zarar ko‘ramiz.

Odamlarning fikrini va dunyoni o‘zgartirolmaysan, shuning uchun olomonga gap uqtiraman deb chiranma, deyishadi ayrim nodon odamlar. Diktatorlarning maddohlari butun boshli xalqning fikrini o‘zgartira oladi-ku! Tuppa-tuzuk xalqlar mafkuraviy targ‘ibot ta'sirida qonxo‘r, mamlakat boyliklarini talon-taroj qilgan, minglab insonlarni qashshoqlikka duchor etgan diktatorni haloskorimiz, elboshimiz, yurtboshimiz deya qo‘shiqlar kuylay boshlaydi-ku. Ho‘sh, ularning fikri qanday o‘zgardi? Axir dunyoni, inson fikrini o‘zgartirib bo‘lmas edi-ku! Shunday ekan, demak insonlarni yaxshilikka, erkinlikka, orli, nomusli bo‘lishga undash ijobiy natija beradi, albatta.

O‘tgan kungi postlarimga bir FB do‘st: chiranmang, dunyoni o‘zgartirolmaysiz, deb yozibdi. Men u bilan bahslashmadim, bahsni yoqtirmasligim bor gap. Fikrlar ochiq aytilmaydi, chala aytiladi. Yarim haqiqat chala tug‘ilgan chaqaloqqa qiyos, yashab ketishi, yashaganda ham to‘liq yashashi gumon. Fikrlarni, haq so‘zni chala aytilishiga sabab nima? Balki haq so‘z deb aytilayotgan fikrlar voyaga yetmasdan, pishmasdan tug‘ilishga shoshilayotgandir. Yo ob'ektiv reallikdagi havf-xatar sabab atay chala fikrlayotgandirmiz.

Chala haqiqat bilan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Haqiqatning chala joyini yolg‘on bilan to‘ldirish mumkin… Bugun tongda o‘zimga shu savolni berdim: – Nega chala fikrlaysan, aytayotgan haqiqating ham chala? Bu savolimga o‘zim nima deb javob berdim? Javobni o‘ylayapman, keyinroq aytaman…Meksika chegarasiga yetib olay, dermidi?!

Ëzuvchi Raximjon Rahmat fikrlari edi

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2016
«O‘zbekenergo» gapni «mamlakat energetika xavfsizligi, eksport majburiyatlari va elektr energiyasiga tobora ortib borayotgan ehtiyojlarni qondirish uchun «O‘zbekenergo» tizimidagi elektr ...
11 yanvar 2018
9 yanvar kuni MXX tergov hibsxonasida uch oydan ortiq qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaev xotini, onasi va farzandlari bilan uchrashdi. ...
23 fevral 2018
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xodimi 23 fevral kuni telefonda «Eltuz» muxbiriga sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirovning hibsga olinmaganini, ...
3 fevral 2020
Adliya vazirligining kengaytirilgan hay'at yig‘ilishida notariuslarga diniy talablar qo‘yilgani haqida 2 fevral kuni O‘zA xabar berdi. «Ularga qonuniy ishlash ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...