Dayjest
15 may 2019

Ochish kerak bo‘lsa, hamma saytlarni ochish kerak!

Bir paytlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga o‘qishga kirayotganimda, hozirgi paytda Feysbukda ham ancha tanilib qolgan amaldorlardan biri meni suhbatdan o‘tkazish jarayonida: “Informatsion xurujlarga qarshi qanday kurashish kerak?” deb savol bergan edi. O‘shanda men: “Bunga qarshi hozirda chet el OAVlarini bloklab qo‘yib kurashayotganimizning bir tiyinlik foydasi yo‘q, bu shunchaki oyni etak bilan yopish, xolos. Hozir xalqimizning aksar qismi migrantlar, O‘zbekistonda ochilmayotgan saytlar Rossiyada, Koreyada, Yevropada, xullas, boshqa mamlakatlarda bemalol ochilaveradi va ular o‘sha informatsiyani olaverishadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda to‘silmagan ijtimoiy tarmoqlar orqali xalq ularni shundoq ham o‘qib yotibdi. Hozirgi internet asrida informatsiyadan to‘silgan xalqda unga nisbatan juda katta chanqoq bor, shuning uchun o‘zimizda so‘z erkinligini ta'minlab, shunday ochiq yangilik saytlari ochish kerakki, odamlar o‘sha chet el saytlariga shunchaki ochiq informatsiyaga qorni to‘yib qolganligi uchungina kirmay qo‘yishsin”, degan edim.

Kuni kecha O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini rahbari Komil Allamjonov Tvitter ijtimoiy tarmog‘ida oldin O‘zbekistonda to‘silgan bir qator OAVlarga qo‘yilgan to‘siqlar olib tashlangani haqida xabarlar qoldirdi. Bundan, albatta, men ham xursand bo‘ldim. Lekin bu saytlarning ichida Ozodlik radiosining nomi yo‘q edi. Ularga qo‘yilgan to‘siq hali ham saqlanib qolingan. Meni qiziqtirgan taraflaridan biri buning sababi edi. Ushbu to‘siqlar ochilgani haqidagi xabar chiqishidan oldin O‘zbekistonda haydovchilarning faqatgina “Avtotest” MChJga qarashli kurslardagina malakasini oshirishga yo‘l ochib beruvchi qonun tanqid qilingan maqolalar Uza.uz¸ Kun.uz¸ Minbar.uz saytlaridan 7 may kuni olib tashlandi))

Bu qonun haqida esa chet el matbuotlaridan BBC ham, Amerika ovozi va boshqa bir qator saytlar ham hech narsa yozishmadi. Faqatgina bitta sayt yozdi. Bilasizmi qaysiligini?)) Albatta, Ozodlik. Endi dunyoga mashhur «Forbs» jurnali yozishicha, «Avtotest» kompaniyasi hozirda O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini rahbari bo‘lib ishlab kelayotgan Komil Allamjonovga tegishli. 2014 yilda kompaniya ochilganidan so‘ng Komil Allamjonov «Forbs» jurnalisti Maykl Runiga bergan intervyusida bu haqida faxr bilan aytib o‘tgan.

(Ushbu intervyuda mening e'tiborimni tortgan tsitata: “ “I don’t like to read, so I thought that there should be something for people like me,” says Allamjonov.” Tarjima: Men o‘zim biror nima o‘qishni yoqtirmayman, men kabi o‘qishni yoqtirmaydigan insonlarga ham nimadur bo‘lishi kerakligi haqida o‘yladim, deydi Allamjonov. Bu yerda yozilgan matnlarni o‘qishni yoqtirmasligi va «Avtotest» innovatsion mahsulot ekanligi, u orqali o‘rganganda ko‘proq qonun- qoidalarni o‘qib emas, multimedia orqali o‘rganilishi nazarda tutilyapti. Meni kontekstdan yulib olganlikda ayblamasliklari uchun tushuntirib ketyapman. Ha, aytgancha… O‘qishni yoqdirmaydigan odam tavsiya qilgan 10 ta kitob qaysilar edi?))) )

Demak, bundan kelib chiqyaptiki, Ozodlikning aybi shu rahbarning monopoliyaga aylantirilgan biznesi haqidagi xabarlarni olib tashlamagani yoki umuman shu xabarlarni chiqargani bo‘lib qolmayaptimi? Nima deb o‘ylaysiz, bu narsa hozirgi paytda eng muhim islohotlardan biri deb qaralayotgan O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatda so‘z erkinligi bo‘yicha imijini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarda ham hattoki bir insonning biznes ambitsiyalari tiqishtirilayotgani emasmi?

Eng qizig‘i, Allamjonovning Tvitterda e'lon qilgan xabarlaridan keyin telegrammdagi “Qo‘shni mahalla” deb nomlangan kanalda Ozodlikka qarshi keng aktsiya boshlandi, xuddiki xalqning nega hamma ochildi-yu, Ozodlik ochilmadi, degan savoliga javob tariqasida. “Kabmindan Oybek” videoroligini hamma ko‘rdi, menimcha. Unda Ozodlik muxbiri har xil tashkilotlarga telefon qilib, o‘zini «Kabmindan Oybekman» deb tanishtirgan va informatsiya olishga harakat qilgan. Bu audioyozuvlar o‘sha tashkilotlarning o‘zidan olingan. Bu insayd ma'lumotlar «Qo‘shni mahalla»ning qo‘liga qanday tushib qolgani ham juda ko‘p savollarni uyg‘otadi…

(Ha, aytgancha, o‘sha kanalda beriladigan xabarlarning tagiga faqatgina bitta reaktsiya qo‘yishadi – layk? dizlayk? Yo‘q, qarsak! Qarsakka to‘ymagan o‘zbeklar)) Bu kanalning xabarlariga qarsak chalishdan boshqa reaktsiyangizni bildira olmaysiz. )

Men, albatta, ushbu masalada Ozodlik radiosi muxbirining xitrojop ish usulini aslo oqlamayman, lekin bir o‘ylab ko‘raylik. Xalq informatsiyaga och, lekin oldin qaysi tashkilotga Ozodlik qo‘ng‘iroq qilsa javob berishgan? Hattoki Ozodlikka intervyu berganlar ishdan haydalish, qamalish kabi qo‘rquvda bo‘lar edi avval. Yuqorida aytib o‘tgan akademiyadagi suhbatda ham Ozodlikni o‘qiysanmi o‘zing, deb savol berishgan. O‘qimasam qanday kurashishim mumkin informatsion xurujga, deb javob berganimda, bo‘ldi ketaver, deyishgan. Keyinchalik bilsam suhbatdan o‘ta olmagan emishman-da, ingliz tili va psixologik testdan “yorib” qo‘yganim uchun kirganmushman…

Demak ular ham shunchaki yopiq informatsion hududdan informatsiya olish uchun shunaqa “Troya oti” printsipiga ko‘ra ishlashgan. Boshqa iloji yo‘qligidan. Konstitutsiyamizda axborot olish huquqi va tsenzuraga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan bo‘lsa-da, O‘zbekiston informatsiyani to‘sib g‘irrom o‘ynaganmi o‘sha davrda? Bu ham shunchaki g‘irromga qarshi g‘irrom, xolos.

Yana bir qiziq holat. Oldin o‘zimizdagi OAVlar impotent bo‘lgan davrda hattoki hozirgi jurnalistlarimiz ham Ozodlikni o‘qishar edi, o‘zi informatsiya tarqatuvchi, lekin imkoni yo‘qligidan Ozodlik ularga donor edi)) Endi ayrimlariga yuqoridan buyruq bo‘lganmi deyman, Ozodlikni diskreditatsiya qilishmoqda, hattoki BiBiSi ham Ozodlikni qoralab chiqibdi)) Ming chet el saytlari bo‘lgani bilan baribir o‘zbeklar ishlaydi-da u yerda ham) Jurnalistik birdamlik degan narsa yo‘q, gadoning dushmani gado, xuli tam… «Avtotest» haqidagi xabarlarni ham yoritishmadi, BiBiSi va Amerika ovozining yuz yillik printsipariga sarkazmli salomlarim) Klassik o‘zbekcha yondoshuv – “Sizdan ugina, bizdan bugina”. Jurnalistlarni ko‘pincha ikkiyuzlamachi deyishadi, a? Lekin jurnalistlar qanday qilib monopolistdan, uning yuziga monopolistligini aytib turib, intervyu olishlari mumkin? O‘ylab ko‘rganmisiz? (Savol ritorik)

Men, ahmoq, blogerlardan xafa bo‘lib yuribman, blogerlarning ko‘pi “ruchnoy bloger” bo‘lib ketmoqda deb. Oldin jamiyatning oldi fikrli yigit-qizlari, jamiyat fikri liderlari bo‘lib xalqni, yoshlarni kritik fikrlashga o‘rgatdik, keskin, ochiq, erkin fikrli bloglar bilan chiqib, auditoriya qozondik, O‘zbekistonning fikrlovchi yangi avlodini yaratishda ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shdik, lekin so‘nggi paytlarda ko‘pchilik blogerlar qo‘ldan don yeb, don bergan qo‘lga o‘rganib qolyapti, deb afsuslanib yurgan edim. Aslida butun boshli OAVlar, mustaqil chet el OAVlari ham hattoki qo‘lga o‘rgatilib, ustiga egar tikilayotganda sizlarni kechirsa bo‘ladi. Hammaga birday yoquvchi narsa yozishni boshlagan kuningiz siz jurnalist hisoblanmaysiz. Shu daqiqadan boshlab siz shou-biznesda faoliyat yurityapsiz.

Ochish kerak bo‘lsa, hamma saytlarni ochish kerak, o‘zimizdagi jurnalistlarning ham tilini qisish, ularga ko‘rsatma berish kerakmas. Yolg‘on xabar tarqatsa, javobgarlikka tortish kerak. Iloji bo‘lsa, Ozodlik kabi saytlarga umuman imkon qoldirmasdan, o‘zimizning milliy jurnalistikani kuchaytiraylik. So‘z va fikr erkinligi to‘liq ta'minlansin. Tematikasi bir xil hamma saytlarni ochib qo‘yib, bittasidan xafa bo‘lib ochmaslik, bolaligimizda bog‘chada bizni xafa qilgan o‘rtog‘imizga «katta bo‘lsam, seni to‘yimga aytmayman», deb araz qilganimizni eslatyapti)) Vsem absolyutno mir.

Ey, grajdanin nachalnik, a korona ne jmyot?
Eto lojka dyogtya v vash lipovыy myod
Mojet ya durak i razobyu ob etu stenu lob
No ne po mne xavat eto fuflo, tak-to…
(Basta)

Yuqoridagi fikrlar avtorning shaxsiy sub'ektiv baholash fikrlari bo‘lib, absolyut haqiqat bo‘lishga talabgor emas. O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonovdan esa nima uchun Ozodlik sayti hali-hamon blokda qolayotgani yuzasidan rasmiy chiqish kutib qolamiz.

Nurbek Alimov
Feysbuk blogeri

Tag‘in o‘qing
8 yanvar 2019
Shvetsiyada terrorchilikni moliyalash va teraktlar tayyorlashda gumon qilingan olti nafar o‘zbek ustidan sud 7 yanvar kuni ertalab Ctokgolm okgrug ...
13 sentyabr 2018
Toshkent shahrining jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida 12 centyabr kuni sobiq O‘zbekiston bosh prokurori 66 yashar Rashid Qodirov ...
17 oktyabr 2023
Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy”, “Baxti Yangiabadskiy” taxalluslari bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullaev 14 oktyabr kuni o‘zining 52 yoshini Qibraydagi uyida ...
12 oktyabr 2017
Prezident Mirziyoev 10 oktyabr kuni Sochida o‘tgan MDH davlat rahbarlari kengashi majlisiga yana milliarder Alisher Usmonovning samolyotida bordi. O‘zbekiston ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...