Catira
3 fevral 2020

Hokimto‘ra, yangi to‘ningiz qulluq bo‘lsin!

O‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilishda uzoq yillar jonbozlik ko‘rsatib kelgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov “Xalq ta'lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. 

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan bu yangi “to‘n”ni shaxsan vazirning o‘rinbosari hokimning “elkasiga yopdi”. 

Sh.Abdurahmonovga bu ko‘krak nishoni 2019 yilda viloyatda “maktablarning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga qo‘shgan hissasi uchun” berildi. 

Avvalo, aytish kerakki, hokim maktablarni o‘z hisobidan jihozlagani yo‘q. Barcha ishlar davlatning puliga qilingan. 

Qolaversa, viloyat hokimining xalq ta'limi sohasiga munosabati borasida har doim ham iliq gaplarni eshitmaganmiz. 

Masalan, 2017 yilda byudjet tashkilotlari xodimlarini paxta terimiga majburiy chiqarishni jinoyat degan Andijon viloyati hokimi o‘qituvchi va tibbiyot hamshiralarini yana dalaga haydayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. 

Bunga javoban hokimning matbuot xizmati ular ixtiyoriy ravishda, vijdon amri bilan paxtaga chiqayotgani haqida safsata sotgandi. 

2018 yilda esa Shuhratbek Abdurahmonov “ma'naviyat hashari” uyushtirib, byudjet tashkilotlari, jumladan, o‘qituvchilarning ham bir kunlik ish haqini hokimlikning maxsus hisob raqamiga o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishi bilan tilga tushgandi.  

2019 yilda viloyatda o‘qituvchilar va o‘quvchilar nafaqat majburiy mehnatga majbur qilingani, balki ular futbolga chipta olishga ham majburlanayotgani shov-shuv bo‘lgandi. 

Shu o‘rinda “qo‘ylarga qorovullikka tayinlangan bo‘rilar”ni rag‘batlantirish xuddi bugungi davlat siyosatining bir qismiga aylanayotgandek taassurot uyg‘onadi. 

2019 yil Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev uchun ancha og‘ir kelgandi. Uning orqa-oldiga qaramay qo‘l ostidagilarni so‘kayotgani yozilgan audiolar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek tarqab, obro‘siga ancha soya solib qolgandi. 

Hatto bu og‘zi shaloqligi masalasi Senatda ko‘rilish darajasigacha borib yetgandi. 

Ammo shuncha qilmishlariga qaramay, o‘tgan yili davlat rahbari uni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlab, barchani ajablantirgan edi. 

Agar davlat siyosati shu bo‘lsa, unda bir o‘rinli taklif bor.

Keling, prezidentdan maqtov olish uchun metroni pala-partish qurib, hatto quruvchilar o‘limiga “hicsa qo‘shayotgan” Ochilboy Ramatovga “Metroquruvchilar g‘amxo‘ri”, amaldorlarni ariq suviga tushirib qo‘ygani bilan tanilgan, keyinchalik Qashqadaryo viloyati hokimi martabasi bilan siylangan Zoir Mirzaevga “Rezina etik sotuvchilar ko‘makdoshi”, minglab mehnat migrantlarning aldanishiga yo‘l ochayotgan mehnat va bandlik vaziri Nozim Husanovga “Xususiy migratsiya agentliklari homiysi“ ko‘krak nishonlarini beraylik. 

Rag‘batning bu kabi ko‘rinishi amaldorlarni “xalqqa yanada yaqinlashtirarmidi?!”

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 avgust 2018
O‘zbek turmasida eng uzoq qolgan jurnalist Muhammad Bekjon kitobining navbatdagi bobida Jasliq koloniyasidagi har shanba o‘tkaziladigan hammom kuni, mahbuslarni ...
19 avgust 2021
Erdo‘g‘on hukumati qozog‘istonlik “Dikiy” (“Yovvoyi”) laqabli kriminal avtoritet Arman Jumageldievni hibsga olishni so‘radi, biroq Nazarboev hukumati o‘zining cho‘ntak “o‘g‘ri”sini ...
23 fevral 2016
Sobiq harbiy, iste'fodagi keksa podpolkovnik, 77 yoshli Botir Shermatovich Toshmuhammedov 1976 yildan buyon mudofaa kuchlariga qarashli ikki xonali uyida ...
15 mart 2023
«Brilliant qo‘l» kinofilmi qahramoni chet elda «it odamga do‘stdir» «bizda esa domkom do‘stdir» deydi. O‘zini «domkom» yoki «etajkom» deb ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...