Asosiy mavzular
7 aprel 2020

Kartoshka pishsa, qishloqda kambag‘al qolmaydi

Koronavirus sharoitida ko‘rpaning qatidagi pullar asta xarj bo‘lyapti. Kambag‘al uch-to‘rt so‘m pulini taxmonga yig‘ilgan yangi ko‘rpaning qatida yoki uyi ichiga solingan sholcha yoki polosning ostida saqlaydi. Yettinchi sinf o‘quvchisi maktabga kelgan ko‘chma tsirk tomoshasiga kiraman deb dadasidan beso‘roq (chamasi o‘sha payt dadasi uyida bo‘lmagan) ikki ming so‘m oladi. Ajabki, keyinroq bolaning dadasi ko‘rpa qatidan ikki ming so‘m yo‘qolganini sezadi va «Sen oldingmi?» deya qistovga oladi. Bola ikki ming so‘m olganini tan oladi. Bundan g‘azablangan ota bolasini pul o‘g‘irlading, deb molday kaltaklaydi. Kaltak zarbi va alamga chiday olmagan bola molxonaga kirib o‘zini osib o‘ldiradi. Dada ichib ko‘chada yumalab qoladigan alkash edi. Hech qancha o‘tmay alkash ota mast holatda velosipeddan kallasi bilan betonga yiqilib o‘ladi.

Alkashning xotini esa voyaga yetmagan uch bolasi bilan beva qoladi! Uning to‘rtta farzandi bor edi, o‘g‘il farzandi esa, yuqorida aytganimdek, o‘zini osib o‘ldirdi. Ayol oshin ishlab bolasini boqardi (kunlik haq evaziga dala ishlarini qiladigan ayolga Farg‘onada oshin deyiladi. Yaponiyada suratga olingan TV serial qahramonining ismidan olingan. Serial qahramoni ozgina pul evaziga dalada ishlaydi. Tahr.)

Boyoqish bola boqaman deb Toshkonga ham mardikorchilikka borib kelgan.

Tilga olganimdek, og‘ir sharoitda yashaydigan oshin ayollar minglab topiladi.

O‘tgan kuni boshqa bir oshin ayolga tilpon qildim. «Ishga chiqyapsizlarmi?» deb so‘radim. Bir gektarga yaqin yerimga loviya ektirmoqchi edim. «Hech kim ishga aytmayapti. Hozir tuman markazidamiz. Birorta ish topilar deb keldik», dedi oshin ayol.

O‘tgan kuni xayriya markazi deyilgan raqamiga tilpon qilib
muhtojlarga yordam berish tartibi haqida qiziqdim. Markaz Farg‘ona shahrida joylashgan ekan. Men bilan tilponda gaplashgan yigitchaning aytishicha, markazning tumanlarda bo‘limlari yo‘q ekan, » pryamoy Farg‘onada turib yordam beramiz. Produktalarni avval dizinpeksiya qilib, so‘ng o‘zimiz yetkazib beramiz», dedi. Yana uning e'tiroficha, 1197 mahalliy qisqa raqamga muhtojligini ayon aylab tilpon qilgan odamning sharoiti avval mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, so‘ng yordam ajratilar ekan. Yaxshi. Lekin bitta noqis tomoni bor. Hamma gap shundaki, Farg‘ona shahri bizning tumandan 100 km uzoqda. Bunaqa uzoq joydan mutaxassis kelishi, so‘ng moddiy yordam yetkazib berish noqulay emasmikan?! Balki xayriya markazlari qiynalib qolgan oilalarga yordam ko‘magini yetkazishning oqilona yo‘lini tashkillashtirayotgandir. Nima bo‘lganda ham hozirgi sinov davrida kamxarj oilalar qiynalib, umidsiz bo‘lib qolmasin deymiz. «Opa, bu kunlar o‘tar-ketar, ketingni kuygani qoladi», degan gapni esladim.

Pandemiya sharoitida kunda topganini kunda yeydiganlar qiynalib qoldi.

Magazinchi yigit: «Savdo kamaydi. Odamlarda pul qolmadi», dedi.
Rasmiy va norasmiy yo‘lda hozirgi sharoitda qiynalib qolganlarga oziq-ovqat tarqatilyapti. Yaxshi ish.

Lekin men yashaydigan hududdagi qishloqlarga negadir ehsonchilar produkta ko‘tarib hech kelmadi.

Nazarimda ehsonchilar bir-biriga ehson qilayotgan bo‘lsa kerak.
Biz tomondayam ko‘rininglar, yog‘ va makaron ko‘targan ehsonchilar. Bizdayam muhtoj oilalar yetarli.

Ehsonlaringni internetda piar qilishlaringni yoqtirmayman.

Mana, masalan, qishlog‘ingizda, mahallangizda, ko‘changizda kim kambag‘alligini, qiynalib kun ko‘rishini, shu kunlardagi majburiy karantin sabab yanayam qiynalib qolganini, hech kim aytmasa ham, bilasiz. Agar shu qiynalib qolgan mahalladoshingizga moddiy yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lsangiz, birovga aytmay, suratga olmay, indamaygina, xohlasangiz naqd pul, xohlasangiz oziq-ovqat ko‘rinishida yordam beravering, bu ishni hech kim taqiqlamaydi.
Avvalo, agar opa-singlingiz, aka-ukalaringiz orasida muhtojlar bo‘lsa, dastlab o‘shalarga moddiy ko‘mak bering.

Men, masalan, muhtoj emasman, lekin shunday bo‘lsa ham Toshkondan o‘g‘il-qizlari keldi, qiynalib qolmasin degan o‘yda singillarim ikki marta non yopib berdi, onam esa go‘sht, mayiz, yong‘oq ilindi, eng kichik singlim:» Pul zarur bo‘lsa, ayting!» dedi.

Demak, hozirgi qiyinroq sharoitda aka-uka, opa-singil, qarindosh-urug‘lar bir-birining holidan xabardor bo‘lishi lozim. Birodarlar, ahillik muhim.

Karantinning dastlabki kuniyoq to‘satdan ehson yordamida o‘zlarini piar qiladigan tiplar paydo bo‘ldi va kimgadir nimadir berganini suratlarga olib olamga doston qilishni boshlab yuborishdi. Ularning ehson tarqatish jarayoni esa karantin talab va qoidalariga mutlaqo zid edi. Shunaqa rasmlarni ko‘rdim internetda. Birodarlar, juda tez yuqadigan tojvirus xuruj qilgan paytda birovning uyiga ehson beraman deb galalashib borib bo‘lmaydi. Sakkiztalaring muhtojga bir qop un ehson qilish jarayoni sakkiz tomondan suratga olib internetga joylashlaring qiziq.

Ehson yo‘li hamisha ochiq. Yaqinlaringiz, qadrdonlaringiz, mahalladoshlaringiz orasida kimlar moddiy nochor ekanini yaxshi bilasiz, avvalo, o‘shalarga yordam bering. Sizlar bo‘lsa sakkiztalaring bir qop unni kimgadir ehson qilayotganlaringni videoga olib hujjatli film qilyapsizlar.

Yana takrorlayman. Yaqinlaringiz, mahalladoshlaringizga xohlagancha yordam beravering va bu yordamingizni E. Bositxonovaning qulog‘iga yetib boradigan darajada piar qilmang.

Rostdan muhtoj oilalar bor. Hozirgi karantin sharoitida qiynalib qolgan oilalar ham yetarli. Oshinlarim: » Pul tugadi. Ishga chaqiring!» deb tilpon qilyapti.

Aprel oyi oxirida kartoshka pishadi va qishloqda kambag‘al qolmaydi.

Qishloq odami kartoshkani ikkinchi non deydi.

Odatda kartoshka ekmasdim. Chunki uyimda kam ovqat pishiraman, asosan, katta hovlida, onamning uyida ovqatlanaman. Bitta qorinni eplash oson.

Lekin bu yil onam kartoshka va pomidor ek, deb bir necha bor ta'kidladi. Xo‘p, dedim-u, ekmadim. Oxiri onam uyimga kelib, tepamda turib majbur kartoshka ektirdi.

Kartoshka ekkan paytim karantin haqida gap-so‘z yo‘q edi.

Kutilmaganda «paq» etib karantin e'lon etildi va o‘g‘il-qizim Toshkonni tark etib qishloqqa qaytdi.

Kartoshkalarim ancha bo‘y cho‘zib qoldi, aprel oyi oxirida kovlab, iste'mol qilsa bo‘ladi. Pomidor va qalampir ham ekdim.

Shaftolilarim chaman gulladi. Hovlimda o‘tgan yildan yigirma tupga yaqin uzumim mevaga kirdi. Mingdan ziyod olmam shu yildan mo‘l hosil beradi, deb umid qilaman.

May oyi boshida tut ham pishadi. Afsus, qishloqlarimizda shirin oq tutlar deyarli qolmadi, o‘tin qilib sotildi, yangi nihollar ekilmadi. Dalalarda xashaki tutlar qolgan. Bitta-ikkita ipak qurti uchun kesilmay qolgan tutni topib mevasini yeymiz. Har yil nabira qizimga bir joylardan topib tut yegizdiraman.

– Opoqi, tut yeyman! – deb qichqiradi nabiram.
– Yuring!- deyman.

Qaniydi shu tojlivirus balosidan kerakli xulosa chiqara olsak, yerga, daraxtlarga, tabiatga muhabbatimiz ortsa, bekorchi hashamlarni kamaytirsak, kamroq maqtansak, ozroq so‘zlasak, ko‘proq yaxshi ishlarni qilsak, orqamizdan tonnalab sassiq axlat qolmasa, umrimiz chirik ipdan ham omonat ekanligini anglasak, orzu va niyatlarimiz dunyoning o‘tkinchi va bevafoligiga mos bo‘lsa.
Asli butun insoniyat bitta kemada! Mamlakatlar o‘zaro urushib bir-birini suvga cho‘ktiraman deyishi noto‘g‘ri, pirovardida hamma cho‘kadi.

Bugun ham bog‘da, tomorqada mehnatga andarmon bo‘ldim. O‘g‘il kitob-daftardan bosh ko‘targani yo‘q. Matematika. » Karantin qachon tugarkin?»- so‘rab qo‘yadi ba'zan.

«Koronavirusga issiq ta'sir qiladimi? Kunlar isisa yo‘qoladimi?»- deb qiziqadi.

«Ha,- deb o‘zimcha tushintiraman unga. – Virusning yuza qismi yog‘ bo‘ladi, quruq va issiq havoda quriydi va o‘ladi», deb o‘zimcha tushuntirmoqchi bo‘laman.

Kartoshka pishig‘iga yetib olsak, bas, u yog‘i oson!

Rahimjon Rahmat
muallifning feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
7 noyabr 2022
Bugun 7 noyabr, bu kun SSSRning eng asosiy bayrami sifatida nishonlangan. Bugun O‘zbekistonda bu tantana mutlaqo unutilgan, ba'zi qari-qartanglargina ...
14 noyabr 2023
Xorazm bir vaqtlar zardushtiylik poytaxti bo‘lgan. Zardushtiylar muqaddas kitobi – “Avasto”da bayon qilingan voqealar asosan, “Arianam Vayja” mamlakatida, ya'ni ...
14 may 2022
1938 yil 9 may kuni 34 yoshida Moskvada xalq dushmani deya otib o‘ldirilgan Botu (Mahmud Hodiev) Turkiston modern she'riyatining ...
13 noyabr 2018
O‘zbekistonda shu yilning 16 noyabridan elektr narxi 44,79 foiz oshirildi. Bu haqda xabar bergan «O‘zbekenergo» aktsionerlik jamiyati rasmiy saytiga ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...