Ko‘zqarash
15 aprel 2020

Kuchli immunitet – hayot, kuchsiz immunitet esa mamot

Havo bugun ham buzuq. Kechasi yana yomg‘ir yog‘di. Tuni bilan bezovta uxladim. Nam havoga oyog‘im og‘ridi. Ko‘rgan tushlarim esa esimda qolmadi. Kecha shomdan o‘tiboq uxlab qolgan edim. Uyquga to‘yib uyg‘onganimda yarim kechasi 3.30 edi. Ikki piyola na'matak damlab ichdim. Ayvonga chiqib sigaret tutatdim va tuyqus o‘limdan qo‘rmasligimni sezib qoldim. O‘lim eski lattaday to‘zigan tanadan xalos etadi-ku! Bilaman, boylar va tushkunlikka tushgan kimsalar o‘limdan hayiqadi. Men bo‘lsam boy emasman va ko‘nglimga tushkunlik begona. Bir paytlar uzoq vaqt tushkunlikka tushib yurganman. U paytlar yosh edim, orzu va niyatlarim mo‘l edi, atrofdagi go‘zalliklar qalbimni qizdirardi, hatto yuragimda sevgi bor edi. Lekin orzuga yetib bo‘lmasdi, niyatlarim mustajob bo‘lmasdi, sevgim rad etilgandi. Daraxtday chaman gullaydigan yoshimda iztirob o‘chog‘ida o‘tinday yongandim.

Yoshlik o‘tdi. O‘zi bilan orzu-havaslarni ham olib ketdi. Endi nechun o‘limdan qo‘rqay, tushkunlikka tushay.

Shunday. Bugun ham havo buzuq. Nam. Kechasi bilan oyog‘im og‘rigandi.

O‘tgan kungi shamol ekinlarimizga bir muncha zarar keltirdi, hatto paxtani buzib boshqatdan ekdik. Sovuq shamol yerdan endi bosh ko‘targan g‘o‘za nihollarini go‘yo olovday kuydirib yubordi. Aprel seryog‘in oy.

Quyosh charaqlab chiqishni boshlasa, loviyalarimni ekib olardim. Loviya jiyda gullaganda ekiladi.

Bir pushta erta pishar sariq qovun ekaymikin, deyapman. Pishganda maza qilib yeb yuraman.

Bugundan ko‘chamiz jonlangandekmikin…

Ertalab soat sakkizga yaqin orqa oynasiga «Tekstil» degan yozuv qistirgan oq «Otayo‘l» avtobus ichi to‘la ayollar bilan shahar tomonga ketayotganiga ko‘zim tushdi. Yo‘lda u yoq-bu yoqqa «g‘izillab» o‘tayotgan yengil moshinalar ham yetarli, velosipedchilar va piyodalar ham oz emas. » Karantin tugadimikin, men bexabar qoldimmikin», degan oniy o‘y o‘tdi xayolimdan.

Karantinda ko‘chani, bozorni emas, insonni, inson bilan dildan suhbatni sog‘inarkansan. Hozirgi sharoitda hatto onang bilan ochilib gaplasholmaysan. Ko‘chada yaqin do‘stlaringga ko‘zing tushsa ham uzoqdan:» Qalaysiz? Karantin! Omonmisiz?» deb to‘xtamay o‘tib ketasan.

Hech kimning uyiga yo‘qlab bormaysan, senikiga ham birov kelmaydi.

Lekin dehqonchiliklarimiz to‘xtagani yo‘q, ekish kerak bo‘lgan narsani ekyapmiz. Oshinlarimiz ishlayapti. Keng dalada karantin sezilmaydi.

Shu oy oxirida kartoshka va tut pishadi. Mayskiy gilos ham bozorlarda ko‘rinib qolar. May oyi o‘rtalaridan bulutsiz osmon, charaqlagan quyosh mavsumi – yoz boshlanadi.

Hozircha bahor, yomg‘ir va karantin.

Qaerdan paydo bo‘ldi ekan shu tojo‘latlaring?!

Men juda ko‘p postlarimda kimyoviy qo‘shimchalar yordamida qayta ishlangan, GMO mahsulotlardan tayyorlangan, texnik ishlov berilgan oziq-ovqatlarni tanqid qilganman. Avvalo, tilga olganim nopob yeguliklarning zarari haqida mutaxassislarning bir qancha tavsiya-maqolalarini o‘qiganman, shuningdek, bunday mahsulotlarning tanamizga, hujayralarimizga begona ekanligini o‘z tanamizda sinab ko‘rganmiz.

Demak, yemishdan qon yaraladi. Yemishingiz qanchali sifatli va tabiiy bo‘lsa, undan yaraladigan qon shunchalik toza bo‘ladi.

Sifatli qon kuchli immunitet degani.

Aksincha, kimyo zavodining chiqindisiga o‘xshash ovqat va shirinliklarga ruju qo‘ysangiz, ulardan sifatsiz qon yaraladi.

Sifatsiz qon kuchsiz immunitet degani.

Shu kunlarda bilyapmizki, kuchli immunitet – hayot, kuchsiz immunitet esa mamot ekan.

Ya'ni tanangning kasalliklarga qarshi kurashi kuchli bo‘lsa, virus yuqmaydi, aksincha bo‘lsa, osongina kasal yuqtirasan va tuzalishing ham qiyin bo‘ladi.

Demak, tojdor virus xurujidan birinchi xulosamiz shuki, yeyayotgan oziq-ovqatimizga e'tiborli bo‘lishimiz, kimyoviy ozuqalardan parhez qilishimiz darkor.

Asli immuniteti kuchli odamga hech qachon gripp yuqmaydi, yuqsa ham yengil kechadi. Koronavirus ham immuniteti kuchli kishilardan nari bo‘lishini mutaxassislar yozyapti.

Nima qilmog‘imiz kerak?

Birinchi navbatda, aholi do‘kon va supermarketlar rastasini to‘ldirgan GMO mahsulotlar, rangli ichimliklar, texnik ishlovdan o‘tgan yeguliklarni sotib olishni kamaytirishi kerak.

Ikkinchidan esa mutaxassislarimiz tilga olganim nobop mahsulotlar zararini aholiga tushuntirishi kerak.

Uchinchidan shuki, aholining immuniteti mamlakat mudofaa tizimining muhim bir qismi, deb hisoblanishi kerak.

Bog‘larni ko‘paytiringlar, daraxtlarni kesishni bas qilinglar!

Sharbat deb ichayotgan zaharlaringni neandertal kimsa ham ichmaydi.

Bolalikda itimizga pechene, qog‘ozli qand berardik. Yerdi. Suyunib yerdi. Hozirgi qand va pechenelarni it yemayapti, desam ishonavering.

Haliyam havo bulut. Quyoshdan darak yo‘q. Bunaqa havoda dalayam to‘xtab turadi. Yerlar nam, loy bo‘lsa, ketmon ko‘tarib bir ish qilib bo‘larmidi. Havolar yaxshilansa, loviyamni ekib olardim.

Kartoshkalarim – ogorodimda – ko‘zga ko‘rinib qoldi, shu oy oxirida pishib qolar. Qizim pyureni yoqtiradi. Pyurega uy saryog‘i qo‘shilsa, g‘oyat totli bo‘ladi. Deyarli hamma taomni pishirishni bilaman. Har qanday og‘ir sharoitda yashab keta olaman. Qizim: «Dada, siz kimsasiz o‘rmonda ham o‘zingizga sharoit yaratib yashab keta olasiz!» deydi. O‘g‘lim esa meni eskicha fikrlashda ayblaydi. Lekin o‘zining yangi fikri yo‘q. O‘g‘lim Toshkon markazida ulg‘aydi, balki shu bois hayotda boylikni birinchi o‘ringa qo‘yar. Men unga inson hayotida puldan muhimroq qadriyatlar borligi haqida ko‘p gapiraman.

Demak, bizda havo tund. Ammo yomg‘ir yo‘q. Ertalabdan bolalarim uchun elektr pechda nonsoldi pishiryapman. Noyob taom. Ustiga ko‘kat sepilib, ozroq tuyulgan qizil qalampir qo‘shilsa, yanayam shirin
bo‘ladi. Qizimga suvi qochgan nonlarni qalamlab to‘g‘rab, oftobda quritib, so‘ng dasturxonga tugib ayvonning ustuniga osib qo‘yishni o‘rgatdim. Bizda non isrof bo‘lmaydi. O‘ylab ko‘rsam, to‘g‘ri yo‘lda yashab o‘tibman. Masalan, hech qachon nonni isrof qilmaganman; ota-onani e'zozlashni yuksak qadriyat deb bilganman; qo‘shnilar bilan urishmaganman; ijodkor o‘laroq yolg‘ondan, maddohlikdan yiroq bo‘lganman.

Shu kunlardagi asosiy diqqatim tojvirusda. Internetda e'lon etilayotgan shu mavzudagi xabarlarni kuzataman. Bu kitayo‘latning yuqish qobiliyatini chamalayman. Ba'zan SVAning do‘xtirlaridan: «Bizlarning hudud tinchmi?»deyman. «Tinch», deydi ular. «Yaxshi», deyman.

Demak, shu kunlardagi asosiy vazifamiz oilamizni, yaqinlarimizni va o‘zimizni virus yuqishidan ehtiyot qilishdir.

Oziq-ovqat judayam muhim emas. Uyda beish o‘tirgan odam ovqatniyam ko‘p yemaydi.

Nonsoldiyam pishib qoldi. Bolalarim uyg‘ongani yo‘q. Uy issiq. Gazimiz gurillab yonyapti. Chiroq o‘chmayapti. Tefalda choyim ham qaynadi.

Rahimjon Rahmat
muallifning feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
9 mart 2020
Koronavirus: Men ham kirsam maylimi? Eshikbon: Prezidentimiz koronavirusni kiritmanglar, deb buyurgan! Rassom Kirpi Eltuz.com
10 sentyabr 2018
Keskin qarashlari bilan ijtimoiy tarmoqda tanilgan jizzaxlik tadqiqotchi Rafael Sattorov «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistondagi tuzumni «arxaik neofeodal jamiyat», ...
26 may 2021
26 may kuni soat 11.00 atrofida 20 chog‘li shallaqi erkak va ayol Toshkentda Jahongir Otajonovning «erkchi»lar uchrashuvi rejalangan xonadoniga ...
31 avgust 2016
Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan pensionerlarga pensiya pullarini berish uchun maktab direktorlariga “Agrobank»ka 100 ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...