Milliy g‘ururi sokin ufurib turardi…
Xotiralarimda o‘tgan asrning 70-yillari aurasiga kirib qoldim, chiqish oson bo‘lmayapti…
G‘arb she'riyati haqida yozilgan turkum maqolalarga jahli chiqqan, o‘zini fatvo maqomi deb bilgan shaxslardan bir-ikki kibr to‘la xat oldim. Ular mening san'atga «ruju qo‘yganim» uchun musulmonligimga, taqvomga shubha bildirib, «nasihat»lar qilibdi.
Ham ularga javob, ham savob degandek, yaxshilarni yana san'at orqali eslashni niyat qildim va quyidagi matnni yozdim. Ertagacha omon bo‘lsak, inshaAlloh, musiqa haqda yozish niyatim bor.
Buyuk rassom Chingiz Ahmarni eslayapman. Rahmatli o‘z hayot tarzi va xhatti-harakati bilan bizga adabdan dars bergan bir muallim edi.
Uning «Rossiya» mehmonxonasiga yaqin bir so‘lim ko‘chada ustaxonasi bor edi. O‘zi ham bir qavat tepada turar edi yanglishmasam.
Shogirdi rassom Temur Sa'dullaev va qo‘lyozmalar instituti aspiranti Ahmad A'zam bilan bu makonga tez-tez borib turar edik.
U soxta iltifotdan yiroq, chizgan portretlaridagi qahramonlar chehrasidagi nimtabassumga mengzar bir ifoda bilan yuzlanardi insonga. Tavozesi bilinmagan tavoze sohibi edi. Hazil ham qilardi. Kinoya ham. Ammo bu harakatlarining hammasi tug‘ma adab ichida sodir bo‘lardi.
Yoshlar bilan ham, kattalar bilan ham ayni tavozeda suhbatlashardi.
Stolida G‘.G‘ulom nashriyotida chiqqan «Yoshlik bayozi»ni ko‘rib hayratlanganim esimda.
Bu kitobda mening ham katta turkum she'rlarim bosilgandi.
Chingiz Ahmar adabiyotni kuzatib borardi, faqat katta shoirlarni emas, yosh ijodkorlar faoliyatini ham kuzatib borardi. Yoshlarni o‘ziga teng ko‘rib gapirardi.
Yetmishinchi yillarda biz hamon yosh sanalardik.
Chingiz Ahmar kaminaga qarab, «Muhammadsolih, sizning bo‘yingiz uzun, Xudoga bizdan yaqinroqsiz», deya hazillashardi rahmatlik.
Yoki bir kuni «Siz nima hisobiga yashaysiz, Ahmadboydan eshitdik, G‘afur G‘ulom nashriyotidan ham ishdan quvilibsiz..», deb qoladi.
Men «qoraqalpoq xalq shoirlarining she'rlarini o‘zbekcha qilyapman, gonorari bizga yetadi», deyman. Va Ustaga bu ishning juda oson ekanligini tushuntirgan bo‘laman. Masalan, bu ish rassomlarning ishidan ancha oson, deyman dabdurustdan.
Nega oson, deb so‘raydi Chingiz og‘a.
Men ham ilhomlanib, qora yumor bilan anglata boshlayman: Masalan, bir shoir urushdagi hayotini tasvirlayotib bunday satr yozadi: «Shivindey «shiv» uchib o‘tdi o‘q», men bu satrni aynan «chivindek «chuv» etib uchib o‘tdi o‘q», deb o‘zbekcha qilaman. Va satr tayyor, 55 tiyin ishladim demak. Bunday satrlardan bir kunda qancha «tayyorlashim»ni nashriyotdagilar bilishadi va «tarjima istamasin», deb mendan qochib yurishadi, deyman biroz mubolag‘a qilib.
Keyin urushdagi nemis o‘qining chivin kabi lallayib, erinchoqlik bilan parvoz qilayotganini qo‘l harakatlari bilan ko‘rsatib beraman.
Chingiz og‘a samimiy qah-qaha otadi. Siz satira yozing, qobiliyat bor, deydi.
Keyin birdan jiddiy tortib (yoki quvlik qilib), Muhammadsolih, siz nega she'rlaringizni qisqa yozasiz, siz boymisiz?
Davlat she'rning har satriga falon tiyin beraman deb turganda, mana Barot Boyqobilov kabi turkum dostonlar yozib tashlasangiz bo‘lmaydimi, deydi Buyuk Usta.
Men tanbalman, buning ustiga original she'rlarni chiqarish tarjimalarni chiqarish qadar oson emas, deyman.
Buyuk Usta bu bahonaning qisqa yozishga aloqasi yo‘qligini yaxshi bilgani uchun hikmatli nimtabassumi bilan javob beradi.
Chingiz og‘a muhofazakor an'anadan kelishiga qaramay, bizning uzun sochli «xippi» ko‘rinishimizga qarab, aslo kinoya qilmagan. Holbuki, 1973 yilda universitet talabasi ekan, rahmatli domlamiz Ochil Tog‘aev «sochingizni Politbyuro a'zolari «pricheska»si standartida oldiring», degan amriga bo‘ysunmaganim uchun meni imtihoniga olmagan edi.
Chingiz og‘a bizni borlig‘imizcha qabul etar va tengdoshlari kabi nasihatgo‘ylikka ehtirosi kuchli emas edi.
U mening san'at idealimga yaqin bir rassom emas edi.
U zamonlarda bizni Edvard Munk kabi mistik, irratsional tafakkur sohiblari ko‘proq jalb etardi. Lekin Chingiz og‘aning portretlari o‘z naivligi, soddaligi bilan oydin bir kayfiyatga turtki bo‘la olardi.
Har safar uning ustaxonasini ziyorat etar ekan, bu kayfiyatni yaqqol his etardim o‘zimda.
Chingiz Ahmar o‘z ishlarida ba'zan sotsialistik tuzum hayotini mavzu olgandi. Biz yomon ko‘rgan tuzum mavzularini. Hatto Stalin davrida mukofot ham olgandi rassom. Ammo uning bu tarjimai holi ham biz kabi antisovet tomiri qabargan milliyatchi yoshlarni o‘zidan uzoqlashtira olmadi.
Uning sof kishiligi, soxtalikdan uzoq tabiati bizni o‘ziga tortgandi.
Uning o‘sha sotsrealizm chorcho‘pi ichida ishlangan asarlari ham rassomning musiqiy chizgilari tufayli tortishmasiz bir qiymat kasb etgandi biz uchun.
Chingiz Ahmar Sharq miniatyurasini monumental formatga ko‘chirgan nodir shaxsiyat edi.
Uning freskalarini kattaytirilgan miniatyuralar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ularda nur-soya perspektivasi yo‘q. Xuddi miniatyuralardagi kabi kompozitsiyaning pastida yaqin plan, yuqorida – uzoq plan. Va suldorlar (siluetlar) ko‘rinishda (vizual) katta bo‘lsa ham xuddi miniatyura kabi muhtasham bir hafiflikka g‘arq bo‘lgan!
Bu hafiflikni avval rang garmoniyasi, keyin rassom mo‘yqalamining mayin chizgilari yaratar edi.
U bizga italyon rassomlari Mazachcho va Jottoni madh etardi.
Aslida, u o‘zi sevgan miniatyura san'atini madh etardi.
Jotto va Mazochcho Chingiz og‘a nazdida Sharq miniatyura uslubini eslatganliklari uchun buyuk edilar.
Uning san'atdagi milliy g‘ururi shunday sokin ufurib turardi.
Alloh muborak ruhiga g‘ani g‘ani rahmat aylasin.
Muhammad Solih
2020