Ko‘zqarash
25 may 2020

Mirziyoev Rusiyaga nimalarni va'da bergan edi?

“Bi-Bi-Si” radiosi o‘zbek xizmati jurnalisti Muhammad Solihga: “Koronavirus pandemiyasi payti shunday chiqish qilishingiz o‘rinlimi? Buning mavridimi hozir?” qabilidagi savollar berdi.

Intervyu e'lon qilinganidan so‘ng Muhamad Solih mavzuni tarmoqda davom ettirib, bir necha chiqishlar qildi va savol egalariga quyidagi savollar bilan yuzlandi:

“Bunday tuturuqsiz savollarga shu savol bilan javob qaytaraman: O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi avj olayotgan paytda Toshkentda rus bosqinchilari sharafiga butxona tiklashning mavridi edimi?

Mirziyoev hech narsaga qaramay, butxona tikladi-ku!

Bu savolingizni nega yangi “ota”ngizga bermaysizlar?

Pandemiya paytida Toshkentda sovetlarga bag‘ishlab “G‘alaba” parki qurish va u yerga minglab odamlarni to‘plab, “G‘alaba” bayramini nishonlashning mavridi edimi?

Pandemiya paytida Mirziyoev o‘zi chiqargan karantin qoidalarini buzib, tibbiy niqob taqmasdan, mashvaratga to‘planganlar ham niqob taqish va masofa saqlash qoidalarini buzib, shodu xurramlik qilishning mavridi edimi?

Bu tantananing vabo paytidagi ziyofatdan nima farqi bor?!

Yoki Shavkat Mirziyoevning kichik kuyovi Otabek Umarov tug‘ilgan kunini oddiyroq nishonlasa bo‘lmasmidi? 650 ming dollarlik sovg‘ani rad etsa bo‘lmasmidi?!

“O‘zbekistonda rasmiy til rus tili bo‘lishi kerak!” ma'nosidagi haqoratli bayonot bilan chiqqan Mariya Zaxarova ham O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi tugashini kutib o‘tirmasadan bizga hujum qildiku !

Yangi “doda”ngiz Shavkat Mirziyoevning himoyasiga otlanarkan, ozgina o‘ylanglar, hukumatparast trollar!

Endi Shavkat Mirziyoevning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bergan va'dalarini ochiqlayman.

Avvalo, shuni aytish kerak. Mirziyoev bu va'dalarini 2015-2016 yillarda, ya'ni hali Bosh vazir bo‘lib ishlayotganda bergan.

Bu va'dalarning eng kattasi agar Kreml Mirziyoevga prezident Islom Karimovning taxtini egallashda ko‘maklashsa, O‘zbekistonni Rossiyaga to‘la bo‘ysundirib berish edi.

Bu va'daning oltita moddasi bor:

  1. O‘zbekiston davlat idoralarining nomlari va ishlash tizimlarini to‘la-to‘kis Rossiya nomlari va tizimiga uyg‘unlashtirish;
    Mirziyoev bu va'dasini qanday bajarayotganiga avvalgi chiqishimda misollar keltirgandim. Ichki ishlar idoralari, prezident devonining nomlarini Rossiyadagi analogik idoralar nomlariga moslab o‘zgartirganini aytib o‘tgandim.
  2. O‘zbekistonda rus tilini ikkinchi davlat tiliga aylantirish; Bu va'dasining ustidan chiqish yo‘lida Shavkat Mirziyoev Toshkentda yana ikki rus oliy o‘quv yurtining filialini ochdi.
    Faqat hali rus tiliga ikkinchi davlat tili maqomini bera olmayapti. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi spikeri Mariya Zaxarova o‘zining haqoratomuz bayonotida “o‘zbek tarafining va'dalari” deganda, aynan shu va'dani nazarda tutgan edi. Aniqrog‘i, bu va'daning bajarilishi cho‘zilib ketayotganiga norozilik bildirdi.
  3. O‘zbekistonni Rossiya hukmronligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga olib kirish;
    Shavkat Mirziyoev bu va'dasining ustidan chiqish uchun qanday jon kuydirayotganini bugun hamma ko‘rib turibdi. Xalq va faollar u yoqda tursin, hatto iqtisodchi ekspertlarning va shu iitifoqdan jabr chekayotgan Qirg‘izistonning ogohlantirishlarini ham bir tiyinga olmayapti. Chunki Volodya akasiga va'da berib qo‘ygan.
  4. O‘zbekistonda Rossiya atom elektr stantsiyasini qurish; Bu yo‘lda Shavkat Mirziyoev Putin bilan birga qurilish ishlari boshlanganligini bildiruvchi ramziy tugmani ham bosdi. Volodya akasiga bergan va'dasining ustidan chiqish uchun Shavkat Mirziyoev xalqning qarshiligiga parvo qilmayapti.
  5. Rossiya atom elektr stantsiyasini qurish bahonasida go‘yoki “xavfli qurilish ob'ektini va bitkazilgan AESni qo‘riqlash maqsadida” O‘zbekistonda Rossiya harbiy bazasini joylashtirish va'dasi;
    Shu yerda muhim bir gapni aytib o‘tishim kerak.
    Mirziyoevning ham, Putinning ham AES qurishdan ko‘zlagan asosiy maqsadlari bu ob'ektni qurish emas, uning bahonasida, ya'ni go‘yoki uni qo‘riqlash uchun O‘zbekistonga Rossiya harbiy kontingetini olib kirish va joylashtirishdir. Boshqacha qilib aytganda, Rossiya O‘zbekistonda AES qurmasligi ham mumkin, lekin shu qurilish bahonasida harbiy bazasini joylashtirishi aniq.
    Agar Mirziyoev ana shu xoinona niyatiga yetishsa, u nafaqat O‘zbekiston, balki Tojikistonni ham, Turkmanistonni va Qozog‘istonni ham Rossiyaning rahinasiga aylantiradi.
    Chunki AES qurilishi mo‘ljallanayotgan Jizzax viloyatidagi Forish tumani Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘istonga yaqin hududda joylashgan. Bu bo‘lga Rossiya harbiylari uchun tojiklarga, turkmanlarga , qozoqlarga qurolli tahdid qilish bobida strategik ahamiyatga ega .
    Kremlning “kukla”si bu rejasini amalga oshirsa, nafaqat O‘zbekistonni, balki butun Markaziy Osiyoni Rossiyaga qaram qilib beradi.
  6. O‘zbekistonda Rossiyaning harbiy bazasini joylashtirib bo‘lgach, respublikani yangi formatdagi SSSRga, ya'ni yagona davlatga kiritish.
    Putin hukumatining asosiy maqsadi shu. Kreml Mirziyoevni aynan shu siyosiy avantyurani amalga oshirish uchun Islom Karimovning o‘rniga iqtidorga olib keldi.
    O‘lgan “ota”si va “doda”si Karimovni unutib, Mirziyovni o‘ziga yangi “ota” va “doda” qilib olganlar “Mirziyoev Putinga shu va'dalarni berganda Siz ustida turganmidingiz?!” deyishlari mumkin.
    Odam biror voqea haqida xabar berishi uchun o‘sha voqeaning ustida turishi shart emas.
    Qo‘limda yetarli dalillarim bor.

Lekin sizlar ularni ham soxtaga chiqarishingizni bilaman. Chunki sizning toifangiz Payg‘ambar oyni ikkiga bo‘lib ko‘rsatganda ham ishonmagan toifa.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi spikeri Mariya Zaxarovaning o‘zining haqoratomuz bayonotida: “O‘zbek hukumati rus tili maqomini oshirish haqida Rossiya vakillari bilan muzokaralar olib borgan” , deb ochiq aytayapti.

Mariya Zaxarova qanday muzokaralarga sha'ma qildi? U nazarda tutayotgan va'dalarni o‘zbek hukumatidan kim bergan?

Bugun Putin bu jasorati uchun Zaxarovani orden bilan mukofotladi!!!!

“O‘zbekistonda rus tilining rasmiy maqomini oshiramiz”, degan va'dani rus hukumatiga prezident Shavkat Mirziyoev berdi. Chunki bu masalalar faqat uning vakolatiga kiradi.

Mariya Zaxarova aynan Shavkat Mirziyoevga “va'dangni bajar”, deb hayqirdi.

Esingizda bo‘lsa kerak, 2019 yil dekabr oyida Rossiyaning boshqa bir mulozimi Valentina Matvienko Toshkentga qilgan safaridan so‘ng Moskvaga borib: “O‘zbekiston 2020 yilning fevral oyida Yevroosiyo ittifoqiga a'zo bo‘ladi! O‘zbek hukumati shunga va'da berdi”, degandi.

O‘zbek hukumati nomidan bunday siyosiy va'dani kim berishga qodir?

Tashqi siyosatni belgilash va yuritish vakolatlari Shavkat Mirziyoevning qo‘lida. Va bu va'dani Mirziyoev berdi.

Yana bir muhim xusus: 2017 va 2018 yillarda prezident Shavkat Mirziyoev xorijiy safarlarga chiqqanida Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Tashqi josuslik xizmati raisi Sergey Narishkinlar Toshkentga safar qilishdi.

Safar paytida bu ikkalasi Toshkentga kelishib, O‘zbekiston Xavfsizlik kengashining yig‘ilishlarini o‘tkazib, o‘zbek kasbdoshlariga ko‘rsatma berib ketishdi. Ha, aynan ko‘rsatma berishdi!

Bu tashriflar va sharmandali majlislar ham prezident Shavkat Mirziyoevning itoatkorona ijozati bilan amalga oshirildi.

Bir mamlakat rahbari xorij safariga chiqqanida ikkinchi bir mamlakat josuslik xizmati yoki xavfsizlik idorasi rahbarlarining birinchi mamlakatga kirib kelishini kaerda ko‘rdingiz?

Bu intsident o‘zini suveren deb atagan bir o‘lka uchun sharmandalikdir!

Bu xatti-harakatlari bilan Mirziyoev nafaqat O‘zbekiston hukumatini, balki o‘zbek davlatini ham dunyoga sharmanda qildi!
Xalqning vassalga yalinishi befoyda.

Chunki vassal xalqning emas, uni taxtga o‘tqazib ketgan xo‘jayinining aytganini qiladi.

Xalq bu vassalni ketkazib, o‘rniga xalqning dardiga davo topadigan shaxsni iqtidorga keltirsagina, o‘lka bu og‘ir vaziyatdan chiqib ketishi mumkin. Buning uchun xalq keyingi saylovlarda o‘zi istagan odamning saylanishiga erishishi kerak.

Men sobiq bosh vazir, bugun O‘zbekiston hukumatini boshqarayotgan Shavkat Mirziyoevning Putinga bergan asosiy olti va'dasiga to‘xtaldim.

Mirziyoevni shunday va'dalarni berishga nima majbur qilgan edi?

Nega u Kremlning butun shartlariga rozi bo‘lgandi?

Bu xususda yanagi chiqishlarimizda gapiramiz inshaAlloh. «

Muhammad SOLIH

muallifning Feysbukdagi sahifasidan olindi

Tag‘in o‘qing
13 fevral 2020
Anvar Obidjonning 1983 yil yozilgan «Ey, yorug‘ dunyo!» kitobi mazmuni ba'zi jihatlari bilan shu bugungi O‘zbekistonda yuz bergan voqealarga ...
29 sentyabr 2016
O‘zbekistondagi ayrim mahalliy internet nashrlari, jumladan, «Kun.o‘z» sayti mamlakat Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmatining xabarini chop etdi. Bu xabarda ...
11 dekabr 2024
O‘zbekiston antsemitizm chaqiriqlar va nafrat propgandasi jazosiz qoladigan platformaga qachon aylandi? Tamal savodi bo‘lmagan, Yevropa ilm dunyosida hech qachon ...
29 iyun 2018
«Nonkesar» nonni bo‘laklarga ajratish bilan band, yonida sut chelagi va yana allambalo narsalar… «Yo‘qot ashqol-dashqolingni! Tezlat, jallab! Nega immillaysan, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...