Asosiy mavzular
11 sentyabr 2020

Hamma bug‘doy bo‘lsa, somoni menman

«Biz tomonlargayam koronavirus infektsiya yetib keldi. Qishlaxta o‘n beshta odamda o‘sha kasallik bor ekan»,- dedi bugun ertalab qishloqdoshlarimdan biri. «Qizilmishdayam, Tegirmonboshidayam o‘sha kasallikka chalinib banisada yotganlar borakan,»- dedi yana biri. Men ulardan:» Kim virus yuqtiribdi, qaysi oiladan ekan?- deb so‘rasam: » Bilmimiz. Odamlar gapiryapti»,- dedi.

Oshinlarim esa: «Bizdi qishlaqtagi maktab o‘qituvchilaridan virus aniqlanibdi,»- deb gapirdi. Qizig‘i shuki, qishloqlarimizda Kovid-19 tarqalgani haqida gapirayotganlar niqob taqmagan, birov bilan gaplashganda masofa saqlamaydi. Hech bir odamda virus yuqtirib olishdan qo‘rquvni sezmadim, go‘yo bu dunyoda pandemiya, koronavirus yo‘q, bo‘lsa ham bizdan juda uzoqda…

O‘lim haqida

» O‘limdan qo‘rqish ahmoqlik. Xotinlar har kuni «patir-putir» tug‘yapti, dunyoga yangi mehmonlar kelyapti, eski mehmonlar joy bo‘shatishi kerak-ku! Mashoyixlar bu dunyoga besh kunlik mehmonmiz, deb aytib ketgan. Mehmonning kelishi qanchalik go‘zal bo‘lsa, vaqtida ketishi ham go‘zaldir. Suv bir tomondan kirib, ikkinchi tomondan chiqib ketmasa, o‘rtada achiydi,»- deb tushuntiradi qo‘shni fermerning suvchisi Abdug‘affor. Men unga koronadan uncha qari bo‘lmaganlar ham o‘layotganini gapirgandim.

Bizda korona vahimasi yo‘q, olomon ishga, bozorga bemalol borib kelyapti.

Mening o‘zim ham bugun Yangibozorni aylanib keldim. Bozorda odam har doimgidek ko‘p. «Koronaga chalinsam-a, o‘pkam chirib vafot etsam-a!»- degan o‘y menda ham bor. Lekin ko‘nglimda o‘limdan qo‘rquv sezmadim.

Internetda:» Virus o‘chog‘i Toshkondan vodiyga ko‘chdi,»- degan gaplarni o‘qidim. O‘z bilganimcha virus yuqtirmaslik tadbirini qilib yuribman.

(Sovqotishdan, sovuq suv ichishdan ehtiyot bo‘ling. Tananing sovqotishi va tomoqdan sovuq suvning o‘tishi immunitetni pasaytirib yuboradi va virus tez yuqishi va tez o‘ldirishi (o‘lmang,uzoq yashang) mumkin).

Boshqa ishlarimiz yaxshi.

Olmalarni uyga tashib bo‘ldik. Moshlarimiz tez orada pishadi.

Bugundan qo‘shni fermerda paxta terimi boshlandi. Aksari oshinlar paxta terimga o‘tadi. Oshin kamaygach, ularning narxi ham oshadi. Sovuqligim oshdimikan, oyog‘im og‘rib, tinimsiz uxlagim kelyapti.

Faqat bizda

Millatni uyg‘otishi kerak bo‘lgan yozuvchining uxlashi- bu faqat bizda bo‘ladigan holat.

Faqat bizda bo‘lishi mumkin bunday g‘alati holat. Masalan, maktab direktoridan maktab qorovuli aqlliroq bo‘ladi.

Faqat bizda bo‘lishi mumkin bunday holat. Masalan, hokimdan ko‘ra uning haydovchisi to‘g‘ri qaror chiqarishi mumkin.

Faqat bizda bo‘lishi mumkin bunday g‘alati holat! Masalan, oddiy dehqon qishloq xo‘jaligida qanaqa islohot kerakligini qishloq xo‘jaligi vaziridan yaxshi biladi.

Bunaqa paradokslarni yuzlab keltirish mumkin!

O‘g‘lim bilan suhbat

Endi e'tiboringizga o‘g‘lim bilan suhbatni havola qilsam.

– O‘g‘lim, imtihonlarni topshirdingmi? Nima bo‘ldi? – Manimcha kontrakt bo‘ldi, byudjet qimoqchiydim. Yigirma oltita aniq topdim. – Kontrakt bo‘sa ham roziman. Byudjetga pora bergan haromxo‘rlarning o‘g‘il-qizlari kiradi. Keyinchalik ular darsgayam kelmaydi, dollar ko‘tarib keladi. O‘zim necha marta ko‘rganman, fakultet dekanlari darsga kelmaydigan talabalarning sinov daftarchasini ko‘tarvolib o‘qituvchilarga baho qo‘ydirib yurgan. Asli domlalarga o‘qishga pora bilan kirgan, darslarga kelmaydigan talabalardan foyda, shular oraliq sinovdan o‘tib olay deb domlaga dollar uzatadi. Sen yaxshi o‘qiysan va domlalar uchun hech qanday foyda keltirmaysan. Esingdan chiqmasin, bolam, buzuq, aynigan jamiyatda yashayapmiz. Olimlarimiz savdogarga aylanib ketgan, ilm sotib yashaydi. – Siz aytgan gaplarning hammasini bilaman, dada. – Bilsang, yaxshi. Uyga qachon qaytasan? – Ballarni bilib qaytaman. – Kelaver, bolam, osh qilib beraman. Aslida bir yillik hosilimni sotib pora evaziga seni allaqachon o‘qishga olib kirgan bo‘lardim, lekin men zamonga boqmaydigan odamman, hamma bo‘q yesa, hamma yeyapti, deb men ham bo‘q yemayman, sizlarni ham bo‘q yemaydigan qilib o‘stirdim. Kontraktingni eplaymiz. Mosh va olmalarni sotamiz. Asli sendek bilimdon yigit byudjetda o‘qishing kerak edi. Mayli, byudjetni haromxo‘rlar yaxshi ko‘radi. Mayli, o‘g‘lim, tezroq qishloqqa qaytaver. Sog‘liq yaxshimi. Yo‘tal-po‘tal yo‘qmi? -Bo‘pti, dada. – Bo‘pti, o‘g‘lim. O‘zingni ehtiyot qil.

Umr haqida

Umrim kambag‘alning ancha yillardan buyon bitmagan chala imoratiga o‘xshaydi, desam to‘g‘ri bo‘larmikan. Bunaqa imorat bir tomoni bitmayoq ikkinchi tomoni eskirib, nurab, zaxlab ulguradi.

Demak, umrga qiyos axtarishda davom etamiz.

Shundoq ortimga – yashab o‘tgan umrim tomonga o‘girilib bir yomon manzarani ko‘rib ko‘nglim buzildi. Nimani ko‘rib mungli bo‘lib qolding, deb so‘rang, aytaman. Ortimga o‘girilib bir g‘arib ekinzorni ko‘rdim: ko‘chatlar siyrak, ola, hosili nochor, barglari shira bosgan. Bunday manzara ko‘ngilni tushkunlikka soladi, dilingni xufton aylagay.

Umrga yana qiyoslar axtaramiz.

Umrim ortib qoldi, deb yozaymi? Bir tentak shamol esib daraxtning pishmagan, g‘o‘r mevalari bitta qo‘ymay yerga to‘kib ketdi. Endi daraxt nima qilsin? Barglari yam-yashil, kuz kelishiga ancha bor, lekin uni mazmundan – mevasidan mahrum etishdi. Qayta gullay olmaydi bechora, chunki gul fasli o‘tib ketgan.

Umrni yana nimalarga qiyoslash mumkin?

Umrimni qimorda yutib olingan pul kabi behudaga sarfladim deymi? Odatda qimorda yutib olingan pul bema'ni va bemaza ishlarga sarflanadi.

Umr nima ekanligini tushunib olish uchun hali ko‘p qiyoslar axtaramiz….

Qari tut haqida

Uyimdagi tut shu bahor yuz yoshni qarshiladi.

Agar qishda o‘tindan qiynalganlar kesib ketmasa, u yana 900 yil yashaydi.

Bolaligimda shu tutning kovagida ajina ko‘rgandim, tumshuqchasini chiqarib turgandi. Qo‘limga kesak olib bir otovdim, boyoqish ajina boshini kovakka tiqib yashirinib olgandi, men bo‘lsam kovakka qo‘limni tiqib uni ushlamoqchi bo‘lgandim. Kovakka qo‘limni tiqsam, yumshoq narsaga tegdi. Ana, ajinani ushladim ,deb ilkis qo‘limni tashqari chiqarsam… ilon biltanglab turibdi. Tezlikda ilonni bir yonboshga otdim. O‘yladim: ajina ilon ko‘rinishiga kirib oldimikan. Boshqa gaplar ham ko‘p. Tut hijron va ayriliq kunlarim guvohi. Yana boshqa gaplar ham bor. Dadam rahmatli shu tutning gavroni bilan oyog‘imga savalagani ham yodimda. Ko‘p gaplar esimdan chiqqani yo‘q.

Elim, yaradorman, himoyang qani?!

Ko‘plar meni yozuvchi deydi, ammo boshimga dard kelganida shoir ham bo‘lganman. Mana bu satrlar o‘sha dardli kunlar mahsuli.

Tinglangiz, bir g‘alat gapni aytaman,

Iso emasman, lekin qaytaman.

Zolimni toshbo‘ron qilgan kunlaring

Eng katta xarsangni o‘zim otaman.

… Vatanim, haqgo‘yga ozor bermagin,

Sotqinni quvlagin, guzar bermagin.

O‘ligin itlarning poyiga tashla,

Vatanim, zolimga mozor bermagin. …

Elim, yaradorman, himoyang qani?!

Erk deb qalqimaysan – kifoyang qani?!

Qashshoqlik dardiga nechun chalinding?!

Oltining, kumushing- sarmoyang qani?! …

Aslida o‘zbekning yomoni menman,

Hamma bug‘doy bo‘lsa, somoni menman.

Va lekin baringiz omon-omonsiz,

Ozodlik yo‘lida qurboni menman.

Rahimjon Rahmat ijod daftaridan namunalar edi.

Tag‘in o‘qing
4 oktyabr 2022
4 oktyabr kuni ertalabki soat 08:30 larda Chirchiq shahrida joylashgan “Maxam CHIRCHIQ” AJ korxonasi sintez sexida portlash sodir bo‘ldi. ...
23 may 2018
O‘zbekistonda 2017 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnatidan foydalanish juda sezilarli darajada kamayganiga qaramay, majburiy mehnatdan foydalanish ko‘lami kengligicha ...
6 iyul 2019
«Eltuz» nashri jamoasi bir hafta davomida Germaniya poytaxti Berlinda yangi rejalarni belgilab oldi va navbatdagi treningdan keyin uch haftalik ...
31 oktyabr 2023
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani Xonobod shaharchasida yashovchi yigit jasadi Qo‘rg‘ontepa tuman Sultonobod shaharchasidagi temir yo‘l o‘tish joyi atrofidagi ko‘prikka ...
Bloglar
18 iyun 2025
«O‘zbekcha fikrlash»ni musorga otvormasak dunyoga razil bo‘lishda davom etamiz.Nima o‘zi «O‘zbekcha fikrlash»?Masalan O‘zbekiston qonunida «jins ...
16 iyun 2025
Teatr zamon yuziga ko‘zgu tutishi kerak. Lekin o‘zbek teatri buni eplay olmayapti. Drama yozadigan birorta ...
9 iyun 2025
Qadimgi turk bitiklari qisqa va chuqur ma'noli bo‘lgan. «Tashingdan barcha kishi kabi ko‘rin. Iching go‘zal ...