Aziz Nesin shogirdidan maktub
Kun.uz professionallarni ishga qabul qilar emish. Katta maosh, ikki mahal ovqat. Sihatgohning o‘zi-ya! Bunday ishxonani qaerdan topasiz! Orzuga ayb yo‘q. Bu xabarni Salomat Vafo Xorazmiydan eshitib, darrov ish beruvchilarga mecsenjer va telegram orqali murojaat qildim.
Sizni-ku ishga olishmabdi. Bilaman, aslida bu ishxona Sizga munosib emas. Chunki Siz kamina kabi lag‘monchi emassiz, romanlar yozib, jurnalistika janrlarini unutib qo‘ygandirsiz. Faqat Siz bilan bizning itoatgo‘y emasligimiz yomon. Ammo… Men ham to‘g‘ri kelmas ekanman. Nega endi, axir shov-shuvli, oldi-qochdi, tik-tok maqolalarni yozishga juda ustaman-ku?!
Hujjatlar tayyorlashni Aziz Nesin, Said Ahmad va Orif Farmonov o‘rgatgan. Dimlom ishimga professor Muxtor Xudoyqulov rahbarlik qilgan. Arang to‘rt baho olganman. Professor Ochil Tog‘aevdan uch. Mirtojiev domlamiz tildan a'lo baholagan.
Lekin televideniega diktor-suxandon vazifasiga tanlovdan o‘tmadim. Rus tilida aktsenting bor, deyishdi. Bugun esa ingliz va xitoy tilini talab qilishyapti. Ona tilimni mukammal bilmayman-u, lotin-kirillda yozaverib charchab ketdim. Kun.uz da kirillda yozish ham mumkin ekan, deb o‘ylagan edim.
Yozdim, ma'lumotnoma yubordim. O‘tgan yili ham shunday o‘yinlar bo‘lgan. Xususiy axborot vositalari o‘zgalar to‘nini kiyib olganga o‘xshaydi. To‘ni, aniqrog‘i, tankasi borga o‘xshaydi. Bu to‘nlar yechilgach, asl aft-angor ko‘rinadi. Tahririyat talablariga yuz foiz javob berishim mumkin ekan, deb o‘ylagan edim. Afsus, yaqinlashtirishmadi…
Mayli, unvonimga qo‘shimcha pul berishmasin, mayli, maoshni ham ozroq to‘lasin, faqat ish bersin, ilojini topsam, har oy pensiya pulimdan Kun.uz ga maosh to‘lab ishga borishga tayyor bo‘laman. Aniqrog‘i, yonimdan maosh to‘lab ishlayman. Muxlislarimning barchasini Kun.uz ga a'zo qilaman. Gazeta va jurnal ham, hujjatli filmlar ham yaratishga harakat qilaman. Bo‘sh paytimda muharrir va boshqa korchalonlarning oilaviy ishlariga ham qarasha olaman.
Dastyorlik qilishga ham tayyorman. Yaqinda zamonaviy fanlar yaratib, doktorlik dissertatsiyasi yoqlayman. Dizayn va texnologiyalar bo‘yicha ekspertlik, muharrirlik, videotasvirchilik, kompyuter texnologiyalari bo‘yicha dasturlar yaratish, media, montaj, nutq madaniyati, jonli efirda ko‘rsatuvlar olib borish, she'riyat, musiqa, grafika, yana IT, pedagogika va psixologiya sohalarida yutuqlarim bor.
Hatto oqsoqollar va qariyalar uchun kiyimlar dizayneri va modeli sifatida ish yuritishim mumkin. Unvonlarim bor. Davlat mukofotlarim ham bor. Hech bo‘lmasa, farroshlik, qorovullik, bog‘bonlik, korrektorlik, diktorlik ham qilishim mumkin.
Jurnalistika sohasida 50 yillik tajribam bor. 26 soat jonli efirda bir o‘zim ko‘rsatuv olib borganman, uzluksiz telemarafon.
Siyosatda ham eplayman. Vazir qilib ishga olmasangiz ham bironta ish topib berarsizlar. Hech bo‘lmasa, oshpazlik qilaman. Karim Mahmudov ustozim edi. Kun.uz va Zo‘rTV, O‘zA mening orzuim.
Ko‘plar kino artisti bo‘lishni, estrada yulduzi bo‘lishni orzu qiladi, men esa allaqachon bu marralarni egallaganman. Menga maosh zarur. Balki ishlasam, dori-darmon va elektr isitg‘ichlariga to‘lar edim.
Hozircha mardikor bozorida yuribman. Hozir aholi kanalizatsiyaga ulangan ekan. O‘ra qazish kasbi yo‘qolib ketibdi. Boshqa joyda, xudo saqlasin, qazish ishlari ko‘payib ketibdi.
Ammo jizzaxlik quruvchilar kabi ishlay olmayman. Namanganga bormadim, duradgorlik qilaman deb ko‘prik uzilib ketib, cho‘kib ketmay tag‘in. Andijonda-ku truba ulovchi chilanganlar ko‘p. Ammo hokimlik jurnalistlarga katta mukofot pullarini tarqatar ekan, deb eshitganman. Vazirliklar tanlovlarida esa bir guruh tanish- bilishlar ishtirok etadi. Ba'zi jurnalistlar har yili tanlov g‘olibi bo‘ladi-ya! Ularning ishi naqd, mukofoti ham. Bizda har ikkisi ham nasiya.
Kirakashlik qilay desam, har qadamda avariya. Haydovchilik guvohnomasi yo‘q kirakashlar-ku mayli, «Mersedes» avtobuslarda poyga o‘ynaydigan yigitchalar qo‘rqoq deb ustimdan kulishdi.
Haykaltaroshlik qilay desam, bunday katta kalish haykaliga mahsi topa olmadim. Yuzlab oliygohlar, o‘qituvchilari bisyor. Jurnalistika sohasida qarib qoldim, deb ilmiy ishga o‘tirdim. Kasbimni almashtirdim. Dizayn oliygohi dizayn ta'limiga muhtoj emas ekan. To‘g‘ri, qariganman. Ammo tajribam borga o‘xshaydi. Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin, degan maqol bor. Raj Kapur, Chaplin bobolarim kabi kir yuvadigan idorada ishlamoqchi edim, ammo bunday idoralar ham kamayib ketibdi. Tirnoq, kiprik o‘stirish ishlarini eplay olmasam kerak. Gilam, mashina yuvish og‘irlik qilyapti… Ammo hammaning uyida kir mashina bor ekan.
Kun.uz, adolat qiling! Men ham ishga yarayman, axir. Hech bo‘lmasa, lag‘mon osib, arizachilaringizni rozi qilishni ham uddalayman. Biror bir yumushingizni bajarib berishga tayyorman. Ikki mahal ovqatingiz ham kerak emas. Karantinda onlayn o‘tiraverib semirib ketdim. Bir oz vazn tashlash, salomatlikni mustahkamlash zarur. Sihatgoh bo‘lmasa ham mayli.
Salom bilan ish qidirib, telefonda dunyo sog‘liqni saqlash idorasi vakili sifatida onlayn ekspertlik vazifasida ish olib borayotgan, koviddan balki tuzalib, yosharib ketgan pensioner, professional deb tan olinmagan yarim jurnalist, yarim shoir, yarim quruvchi, elektrik, yarim mardikor, yarim bekorchi, tekinga ishovchi yarim yorti mutaxassis
Salom va ariza bilan kamina
Dadaxon Yoqubov